Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


27.02.2026 | 09:00

img1729

QAHRAMON OLIMA

Yuzaki qaraganda, biror-bir olim hayot yo‘li haqida yozishning hech mushkul yeri yo‘qdek. Deylik, taniqli navoiyshunos Suyima G‘aniyeva (1932–2018) haqida ham…

1932-yilning 20-fevrali kuni Toshkent shahrida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. 20 yoshida O‘rta Osiyo davlat universitetining Sharqshunoslik fakultetini fors tili mutaxassisligi bo‘yicha bitirib, Leningrad davlat universiteti aspiranturasiga kirgan. 24 yoshida Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirasi bir qismining ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlash yuzasidan filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqlagan.

Agar navoiyshunoslikning mukammal bibliografiyasi tuziladigan bo‘lsa, bu adabiyotshunos amalga oshirgan ishlar ro‘yxati kitobning ko‘p sahifasini egallashi aniq. Chunki Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti chiqargan “Suyima G‘aniyeva” risolasida 600 ga yaqin ish haqida ma’lumot berilgan. Ular orasida 14 monografiya, 20 o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 350 ilmiy-nazariy maqola bor. Shu ishlari uchun unga 2012-yilda professor ilmiy unvoni ham berilgan. Bularning bari zahmatli mehnat mahsuli. Samarali mehnat esa opaning umri mazmuniga aylangan edi.

Mehnatlari davlat tarafidan ham yuksak qadrlangan. O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti, “El-yurt hurmati” (1999), “Buyuk xizmatlari uchun” (2008) ordenlari sohibi, O‘zbekiston Qahramoni (2015).

Lekin shu ma’lumotlarni qayd etish bilangina ish bita qolmaydi-da.

Olimaga “Buyuk xizmatlari uchun” ordenini davlat rahbarining o‘zi topshirdi. Opa ko‘p qatori so‘zga chiqdi. Albatta, shunga loyiq ko‘rgani uchun Prezidentga minnatdorlik bildirdi. Lekin shunday bama’ni, olimona, kamtarona nutq so‘zladiki, davlat rahbari ham, zaldagilar ham olqishladi.

1976-yili O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi hozirgi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining mumtoz o‘zbek adabiyoti tarixini o‘rganadigan bo‘limga ishga borganman. Ikkinchi yo uchinchi ish kunim. Qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Oldim. Bo‘limimiz mudiri Abduqodir Hayitmetov domla ekan. “Suyimaxon opangiz keldilarmi?”  deb so‘radi. “Aynan kim ekanliklarini aniq bilolmadim-u, lekin to‘rdagi stollardan biridagi opamiz kelganlar”, dedim. “Ana o‘sha kishi Suyima opangiz bo‘ladilar”, dedi domla ziyolilarcha muloyim kulib…

Men institutda bir keksa olimani ko‘rib, shu opa Suyima G‘aniyeva bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan edim. Chunki diplom ishi yozish jarayonida Alisher Navoiy “Asarlar”ining 15 jildligini yig‘ib, bir-bir ko‘rib chiqishga to‘g‘ri kelgan. Shu to‘plamning “Majolis un-nafois”dan iborat 12-jildini nashrga tayyorlagan, “Farhod va Shirin” o‘rin olgan 7-, “Mahbub ul-qulub”, “Munshaot”, “Vaqfiya” kiritilgan 13-, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Mezon ul-avzon”, “Tarixi muluki Ajam” asarlari kiritilgan 14-jildga muharrir bo‘lgan Suyima G‘aniyevani eski davr ta’limini olgan keksa olima deb o‘ylagan ekanman-da. Holbuki, kamina ko‘rgan keksa opa folklorshunos va shoira Muzayyana Alaviya ekan.

Bu borada adashgan bir kamina emas. O‘tgan asrning 60-yillarida olima Turkiyaga borganida, mashhur turk eronshunosi, professor Ahmad Otash opaning o‘zidan: “Suyima G‘aniyeva hali hayotmilar?” deb so‘ragan ekan.

Olima katta ilm maktabini o‘tagan. Jahonning ko‘p mamlakatlarida yozgan ilmiy ishlari, u nashrga tayyorlagan asarlar, ilmiy anjumanlardagi chiqishlari orqali o‘zbek fani yutuqlarini namoyon etdi. U matnshunoslikdan tashqari, Navoiyning nasriy asarlarini keng tahlil etgan tadqiqotchilardan. Besh jildlik “O‘zbek adabiyoti tarixi”ning XV asr ikkinchi yarmi adabiyotini o‘rganishga bag‘ishlangan ikkinchi jildidagi “Muhokamat ul-lug‘atayn” (A.Rustamov bilan birgalikda), “Lison ut-tayr”,  “Navoiyning prozaik va ilmiy asarlari”, “Mahbub ul-qulub”, “Majolis un-nafois”, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Vaqfiya”, “Munshaot”, “Nazm ul-javohir”, “Husayn Boyqaro” (“Kirish”da) qismlarini aynan shu tadqiqotchi yozgan.

Olima ilmiy-ijodiy faoliyatining uchinchi yo‘nalishi – tarjimonlik. U qadim hind asari “Kalila va Dimna”ni tojikchadan o‘zbek tiliga o‘girgan. 1968-yili Alisher Navoiy tavalludining 525 yilligi sharofati bilan Toshkentda shoirning 10 jildli “Asarlar”i rus tilida chiqdi. 9-jildga kiritilgan “Majolis un-nafois”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad” asarlarini rus tiliga Suyima G‘aniyeva tarjima qilgan. Ma’lumki, bu uchala nasr yo‘lida bitilgan asarda ko‘plab she’riy parchalar keltirilgan. Tarjimon ular mazmunini ham rus tilida nasriy yo‘l bilan bayon qilgan.

Muallimlik olimaning yana bir sevimli faoliyati hisoblanadi. Garchi ko‘p yillar Fanlar akademiyasi institutida ishlab kelgan bo‘lsa-da, u oliy maktabdan aslo ajralgani yo‘q edi. Toshkent davlat konservatoriyasida, hozirgi Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida o‘zbek adabiyoti, matnshunoslik, manbashunoslik, sahna nutqi, aruz nazariyasi fanlaridan dars berdi.

Istiqlol yillarida opa yanada faol mehnat qildi. Har bir maqolasida, hech bo‘lmasa, bir matniy yangilik keltirishga intildi, boshqalar ko‘rmagan qay bir manbani tilga oldi. Xullas, u Navoiy dahosidan nima uqqan bo‘lsa, Ahmad Yassaviy ta’biri bilan ifodalaganda, “ani olamga aytib” keldi.

Suyima G‘aniyevaning shaxsiy kutubxonasida boshqa navoiyshunoslarda topilishi amrimahol bo‘lgan, xususan, xorijiy Sharq mamlakatlarida chop etilgan noyob kitoblar juda ko‘p edi. Bir kuni qo‘ng‘iroq qilib, Fariduddin Attor qalamiga mansub “Mantiq ut-tayr” dostonining Tehronda ilmiy izohlari bilan chop etilgan nashri kaminada bor-yo‘qligini surishtirib qoldi. Chunki “Lison ut-tayr”ni “Mantiq ut-tayr”ga qiyosan o‘rganayotganimni bilar edi. Boshqa matbaa nusxalari bor-u, bu mukammal nashri yo‘q edi. Shuni berib turdi. Nusxa ko‘chirib oldim. Rosti, kamdan kam odamda bunday saxovatni ko‘rasiz.

1987–2003-yillari navoiyshunoslik tarixida ilk bor buyuk shoir va mutafakkir asarlari to‘liq chop etildi. “Mukammal asarlar to‘plami” deb nomlangan 20 jildlik chiqdi. Muallifning biror asari u yoqda tursin, hatto biror so‘zi ham tushirib qoldirilmadi. Ana shu ulkan nashr jildlarining tahrir hay’ati a’zolaridan biri – Suyima G‘aniyeva. Bundan tashqari, jildlarni chop etishda uning katta hissasi bo‘ldi.

Bularning bari aytishgagina oson ishlar. Chunki arab yozuvi asosidagi qo‘lyozma matnini kirill yozuvi asosidagi alifboga o‘girishning o‘z mashaqqati mavjud.

Biz tengi navoiyshunoslar uchun oldingilar, ya’ni salaflarimiz juda katta poydevor qo‘yib ketishdi. Ular davrida bu buyuk zot asarlari zamonaviy alifboda to‘liq chop etilmagan edi. Ular shu ishni bajardi. Bu oson kechmadi, albatta. Chunki qo‘lyozmalardan erinmay, ya’ni harfma-harf transkripsiya qilish lozim edi.

“Olim bo‘lsang, olam seniki”, degan ajoyib maqolimiz bor. Chindan, opa ilmi tufayli Yer yuzining ko‘p mamlakatlariga borib keldi. Qadami qayerga yetmasin, milliy merosimiz namunalarini izladi, topdi va nusxalarini yurtimizga olib ham keldi. Masalan, Navoiy “Kulliyot”i uchun muqaddima tarzida bitgan “Munojot”, shoirning o‘zi ko‘chirgan qo‘lyozma devoni, uning shaxsiy muhri aynan shu olima tufayli ilmiy muomalaga kiritildi.

Bir narsa haqiqat: Navoiy ijodi ummoniga bir sho‘ng‘igan haqiqiy tadqiqotchi endi umrining so‘ngiga qadar o‘z-o‘ziga: “Bundan keyin nima ish qilishim kerak?”   deb savol berib o‘tirmaydi. O‘rganaveradi. Yangilik ustiga yangilik izlayveradi.

Suyima G‘aniyeva shunday yashadi. Uning mamlakatimizdagi qalamkashlar orasida O‘zbekiston Qahramoni bo‘lgan hozircha yagona ayol ekani ham bejiz emas.

Sultonmurod OLIM

“Jadid” gazetasining 2026-yil 20-fevraldagi 8-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605