Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


04.03.2026 | 14:26

img1544

“TUGʻILGAN YER UCHUN HURMAT YAXSHIROQ”

O‘zbekiston xalq rassomi Jolliboy Izentayev qoraqalpoq tasviriy san’atining shakllanishiga ulkan hissa qo‘shgan yirik san’at arbobidir. Bugungi kunda rassom asarlari yurtimiz va dunyoning qator davlatlari kolleksiyalaridan munosib o‘rin egallagan. Ular o‘zining noyobligi va yuqori qiymati bilan katta ahamiyat kasb etib kelmoqda.

Jolliboy Izentayev 1943-yil 28-fevralda Qo‘ng‘irot tumanida tavallud topgan. Ilk ijodi o‘quvchilik chog‘ida cho‘l manzarasini aks ettirish bo‘lgan. Tasviriy san’at fani ustozi, taniqli haykaltarosh Aman Atambayev yosh Izentayevga rasm solish bo‘yicha ilk saboqlarni bera boshlagan. Keyinchalik rassom ustozi haqida shunday xotirlagandi: “Maktabda o‘qib yurgan kezlarimda hammada oddiy qalam ham bo‘lmasdi, urushdan keyingi qahatchilik, oilalardagi yo‘qchilik bilim olishga to‘sqinlik qiladigan og‘ir davr edi. Shunday bo‘lsa ham, ustozimiz ko‘pchilik o‘quvchilarga, menga ham o‘zi qalam berardi. Darsdan keyin qalamlarni yig‘ishtirib olardi. Har bir bolaning qalam ushlashiga qarab uning iqtidorini bilib olardi. O‘shanda mendan: “Bolam, senga qalamni ushlashni kim o‘rgatyapti?” deb so‘ragan edi”. Shunday qilib, shamchiroq yorug‘ida chizgan suratlari ustozda hayrat uyg‘ota boshlagan.

Ustyurt cho‘llaridan to Jayhun qirg‘oqlarigacha bo‘lgan tabiat chizgilari, Qo‘ng‘irot elining manzaralari, tabiatdan zavqlanish hissi uni P.Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtiga yetakladi. U yerda ko‘plab mohir ustozlardan professional rang-tasvir san’atining dastlabki sir-asrorlarini o‘rgandi. So‘ng A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik institutida o‘qishni davom ettirdi. Institutda dastlab mashhur rassom Rahim Ahmedov guruhida o‘qidi. Keyin unga Ne’mat Qo‘ziboyev va Mannon Saidov kabi tajribali rang-tasvirchi rassomlar saboq berishdi.

Izentayevning dastlabki ijod davrida erishgan eng asosiy yutug‘i barcha janrlarda – natyurmortdan tortib portretgacha, manzaradan tortib yirik tarixiy polotnolargacha chizish malakasini egallagani, ularda rang-tasvir va g‘oya mazmun bilan bog‘liq turli masalalarni yecha olish darajasiga ko‘tarilganida ko‘rinadi. Garchi dastlabki yillardagi rasmlarida keng miqyosdagi tasvirlar mukammal bo‘lmasa-da, qoraqalpoq elining turmushi, tabiati, odamlarning bir-biriga munosabatini beg‘ubor nigoh orqali ko‘rib, tasvirga tortgani bilan ajralib turadi. Bugun ko‘pgina darslik va adabiyotlarda o‘sha namunalarni uchratish qiyin emas.

Uning saqlanib qolgan qo‘lyozmalari, oila a’zolariga aytgan o‘gitlaridan bilishimiz mumkinki, ijodga havasi ilk qalam ushlaganidan emas, balki tabiatni sevganidan boshlangan. Rassomlik bilim yurtida, keyin institutda o‘zlashtirgan professional mahorati unga ijod yo‘lining keyingi bosqichlarida ajoyib turkum asarlar yaratishi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qildi.

1970-yillar oxiri – 1980-yillar boshiga tegishli “Qushinbay portreti”, “Ona portreti”, “Boranboy portreti”, “Qoraqalpoq ayoli”, “Baliqchi Amanbay”, “Askar maktublari” kabi turkum asarlar rassom mahorati o‘sgani va ijodi serjilo tus ola boshlaganini ko‘rsatadi. Ularda ijodkor o‘zgacha kompozitsion yechim, kolorit, rang va fakturalardan keng foydalangan.

Shuningdek, tarixiy mavzudagi “Umid yo‘lida”, “Begjar fojiasi”, manzara janridagi “Xiva. Changli kun”, “Qo‘hna Urganch. Bozor”, “Bahorda Nukus”, “Qoraqalpog‘istonda kuz”, “Yashil hovli”, “Qumg‘onli natyurmort”, “Niqobli natyurmort” va boshqa natyurmortlari, Orol muammosiga bag‘ishlangan “Mo‘ynoq. Qumdagi saksovul”, “Kemalar qabristoni”, “Mo‘ynoq”, “Chekinayotgan dengiz tubi” asarlari yurtimiz tasviriy san’atining sara namunalariga aylandi.

Jolliboy Izentayev ijodining cho‘qqisi – Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat bayrog‘i va gerbini yaratgani bo‘ldi. Rassom “Shoir T.Jumamuratov portreti” va “Poskan zamini” manzarasi uchun Berdaq nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Uning portret janridagi asarlari XX asr oxiri – XXI asr boshi Qoraqalpog‘iston rang-tasvirida milliy ruhni aks ettirishga samarali ta’sir ko‘rsatdi. Misr, Bolgariya, Fransiya, Rossiya, Sloveniya, Germaniya kabi ko‘plab davlatlarga qilgan ijodiy safarlari natijasida yaratgan asarlarida o‘ziga tanish bo‘lmagan joylar manzarasining nozik qirralarini mohirlik bilan aks ettirgani kishini hayratga soladi.

Izentayevning ijodiy faoliyati qanchalik sermahsul va boy bo‘lsa, uning davlat va jamoat arbobi sifatida olib borgan ishlari ham shuncha salmoqli bo‘ldi. U uzoq yillar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi sifatida ish olib bordi. Uning jonbozligi bilan 1992-yilda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Rasm va chizmachilik” kafedrasi ochildi va u yerda Izentayevning o‘zi ham yosh avlodga tasviriy san’at sirlarini o‘rgatdi. 1997-yilda esa iqtidorli bolalar ixtisoslashtirilgan maktab-internatining ochilishida ham Izentayevning sa’y-harakatlari muhim rol o‘ynadi.

Ayni paytda, iste’dodli rassomning nomini abadiylashtirish maqsadida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Qoraqalpog‘iston ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatiga Jolliboy Izentayevning nomi berildi, maktabda haykali o‘rnatildi, hayoti va ijodiga bag‘ishlab albom-katalog chop etildi. Ustoz yuzlab shogirdlar tarbiyaladi. Ular orasida o‘g‘lining ham rassom sifatida faoliyat olib borayotgani avlodlar an’anasi davomiyligidan dalolatdir.

Jolliboy Izentayev san’at ravnaqiga qo‘shgan salmoqli hissasi va samarali ijtimoiy-siyosiy faoliyati uchun davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan. Unga O‘zbekiston xalq rassomi, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi faxriy unvonlari berilgan. “Qoraqalpog‘iston – mening Vatanim” turkum kartinalari uchun vafotidan keyin 2013-yilda O‘zbekiston Davlat mukofoti berildi.

Akademik Jolliboy Izentayev o‘zining noyob ijodi va fidokorona ijtimoiy faoliyati bilan qoraqalpoq milliy madaniyati va san’ati ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shdi. Uning ajoyib asarlari O‘zbekiston tasviriy san’atining ajralmas qismi bo‘lmish Qoraqalpog‘iston milliy tasviriy san’atining oltin fondidan munosib o‘rin egalladi.

Jolliboy Izentayev o‘z hayoti va ijodini, ulug‘ shoir Berdaq yozganiday, “tug‘ilgan yer uchun hurmat yaxshiroq” degan g‘oya asosiga qurdi. Vatan va xalq uning mehnatlarini hech qachon unutmaydi, uning xotirasiga hurmat hamisha bardavomdir.

Saida SHERBOYEVA,
O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari Milliy arxivi bo‘lim mudiri

“Jadid” gazetasining 2026-yil 27-fevraldagi 9-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605