Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


05.03.2026 | 15:37

img1700

UZUN YO‘LNI YORITGAN CHIROQ

Bu lavhalar hayotda qanday ro‘y bergan bo‘lsa, aynan yozildi.
Muallif

1927-yil.

Tojinisa aya bir necha kundan beri yegani ichiga tushmas, xotirjam tortmas, eng yomoni – nimadan xavotirlanayotganini ham bilmas, bu dardini birortasi bilan baham ko‘rishni-ku, hay-hay, Xudoning o‘zi asrasin, og‘iz ochib, siringni doston qiladigan zamon emas. Birdan bir ishongani farzandlarining otasi, afsus, ayani bosh-keti yo‘q o‘ylovga solgan, jonini jodiga solib qiynayotgan ham – eri, to‘g‘rirog‘i, erining so‘nggi kunlarda kamgap bo‘lib qolgani, xayolchanligi edi. Ikki-uch bor jazm etdi, so‘ramoq qasdida og‘iz juftladi ham, biroq bu oilada erning gapi – gap, undan avval ayol kishining yo‘sinsiz mavzulardan so‘z ochishi odobga sig‘mas, andisha zo‘r edi.

– Gap bunday, – dedi to‘satdan Mirahmad aka, xotinini ro‘parasiga o‘tqazib olib, – zamon qaltislashdi. Sho‘rodan umid yo‘q. Men juda uzoq o‘yladim, qattiq o‘yladim.

Mirahmad aka jim bo‘lib qoldi. Chamasi, u o‘ylab qo‘ygan gaplarini unutib qo‘yganday, unutmagan bo‘lsa, yana qaytadan xayolida pishitib olayotgandek edi. Tojinisa aya bosh ko‘tarib, erining yuziga termildi. El-yurt orasida tadbirkorligi, omilkorligi bilan obro‘-e’tibor qozongan, do‘konlari, bog‘-u choyxonalari nazarga tushgan, o‘ziga to‘q, saxovati bilan hurmat topgan odam chorasizlikdan bu qadar boshi qotganini ko‘rmagandi. Tilini tishlaganicha kutdi.

– Ketish kerak.

– Voy sho‘rim-m! – deb yubordi Tojinisa aya. – Kim ketadi? Qayoqqa ketadi?

– Men, yakka o‘zim. Afg‘onga ketaman.

– Men… biz-chi?!

– Sizlar sabr qilasizlar.

Mirahmad aka “Sabr qilasizlar” deganda xotini, o‘n ikki yoshli to‘ng‘ichi Hojinisani, egizak tug‘ilgan, olti yoshli o‘g‘il-qizi Hasan-Zuhrani nazarda tutayotgan edi.

Davom etdi:

– U yerga borib boshpana hozirlayman. So‘ng sizlarni olib ketaman. Olloh yurtimizni, qorako‘zlarimizni bolshovoyning zulmidan xalos etadi, inshoalloh.

– Bolshovoy… siz bolshovoyga yomonlik qilmagan bo‘lsangiz?..

Mirahmad aka tovushini xiyol ko‘tardi, bu uning avzoyi buzilgani belgisi edi.

– Bolshovoy uchun boy odam – yomon odam. Men boyman, demak, yomonman. Xullas, ro‘zg‘oring but, quyma oltinlardan qoldirib ketyapman, sandiqda. Muhtojlik ko‘rmaysan. Bolalarni asra. Allohning panohida bo‘laylik, jonimiz omonlikda diydor ko‘rishaylik, omin!

Mirahmad aka shunday deb yuziga fotiha tortdi-da, o‘zi tug‘ilib o‘sgan hovli sahnidan yana bir qur nigohini uzolmay qoldi. So‘ng esiga tushgan yumushni ado etmoqqa tutingandek, qiyg‘os ochilgan rango-rang gulzorga kirdi. Qip-qizil ochilgan atirguldan uch dona qirqib oldi-da, uning bittasini onasiga, ikkinchisini Tojinisa ayaga, uchinchisini esa kenja qizi Zuhrabonuga tutqazdi.

– Naqadar go‘zal! Hidiga to‘ymaysiz. Hidlanglar-da, to‘yib-to‘yib duo qilinglar. Ardoqli duolaringiz menga madad bo‘lsin!

1927-yil, Mirahmad aka naq 47 yoshga to‘lgan, ayni saraton kunlari edi…

1930-yil.

Mirahmad aka o‘zi o‘ylaganday, Afg‘on yurtida uy-joy qilish, mol-mulk orttirish, so‘ngra ona yurtga borib xotini va farzandlarini chegaradan olib o‘tish uchun emas, yo‘q, muxtasar aytganda, o‘z jonini asrash uchun ne kunlarni boshidan o‘tkazmadi. Do‘kondorlik qildi, ziroatchilikka tutindi, qoramol ko‘paytirdi, qora mehnatdan qaytmadi – kun sanadi, oy sanadi. Bahorga umid bog‘ladi – yoz o‘tdi, kuzdan umidvor bo‘ldi – qish o‘tdi. Sho‘roning sarhadlaridan xufiyona o‘tib kelganidan buyon uch yil ortda qoldi deganda, necha yillar muqaddam qiblagohi haj safarida Makkaga borgani, u yerda bir yil yashab qolgani va oila qurib bir qiz farzand ko‘rgani haqida bot-bot o‘ylay boshladi. Musofirchilik-sarsongarchilikda qora tortib boradigan bir xeshing bo‘lsin ekan!

Afg‘onda amallab uch yil jon saqlagan Mirahmad aka, qaydasan Makkai mukarrama, deya olis yo‘lga ravona bo‘ldi.

1964-yil.

Yunusobod deparasidagi Mirzayusuf jome masjidi imomi Minhojiddin qori kimdir qo‘liga tutqazib ketgan maktubdan ko‘z uzolmay qoldi. Maktub kimdan, qay manzillardan, qay yo‘sinda yetib keldi, ne sababdan aynan unga berishdi – noma’lum. Bu yetmaganday, imom kaftida turgan jajjigina yashil baxmal xaltachani ochib ichiga qarash u yoqda tursin, uning bog‘ichiga qo‘l cho‘zishga jur’at topolmay, mutaassir ahvolda qoldi. Biroq bo‘lar ish bo‘ldi, maktubni o‘qimaslik ham, xaltacha ichiga nigoh tashlamaslik ham yo‘q yerdagi balolarni boshlab kelishi hech gap emas.

Minhojiddin qori “Bismillahir rohmanir rohiym” kalomi bilan boshlangan xatning avval-bosh unvoniga ko‘z yugurtirdi. Ko‘z yugurtirdi-yu, turgan joyida hushini yo‘qotib qo‘yayozdi. Ko‘ziga, dam ichida, dam tovush chiqarib o‘qigan so‘zlariga ishonmadi.

Xat tug‘ishgan og‘asi, bundan 37 yil burun Afg‘on sari yo‘l olgan, o‘shandan buyon na xat, na xabar kelgan jigargo‘shasi Mirahmad akaning qo‘li bilan yozilgan edi! Akasi Saudiya Arabistonining Toif shahrida istiqomat qilishi, u yerda asli marg‘ilonlik Jamilaxon Hakimjon qizi bilan oila qurgani, besh nafar o‘g‘li va bir nafar qizi borligini qisqacha ta’riflagan, xaltachadagi ikki juft tilla baldoq Toshkentda qolgan qizlari Hojinisa va Zuhrabonuga atalganini yozgan edi. 

1990-yil.

Shoahror uyga odatdagidan ertaroq qaytdi. Qaytdi-yu, uning yo‘liga ko‘z tikib o‘tirgan onasi Zuhraxon ayaning yig‘layotganini ko‘rdi.

– Nima gap, ona? Tinchlikmi?

– Tez, tez otlan, o‘g‘lim, Minhojiddin amakinikiga boramiz, bo‘la qol!

– Nima gap, o‘zi, ayta qoling oyi? – qayta so‘radi Shoahror xavotirlanib.

– Aytsam ham ishonmaysan, Arabistondan tog‘ang kelibdi!

– Arabistondan? Tog‘am?!

– Boraylik, ko‘rasan! Ukam kelibdi, lekin o‘zim ham ko‘rmaganman uni. Ismi Muhammad Umar!

Zuhraxon aya qachon duoga qo‘l ochsa, chehrasi es-es yodida qolgan otasini eslar, eslar ekan, “Otam bergan atirgulni isi kelyapti”, deb qo‘msab qo‘yar, padari  buzrukvorining diydoriga to‘ymagan onasining ushalmas armonlari haqi, Shoahror hayotda onasining gapini ikki qilmasdi.

U mashina tezligini oshirib, onasining amakisi bo‘lmish Minhojiddin qori dodaning uyiga yo‘l oldi. Yetib kelishdi. Yoshi bir joyga yetgan, lekin hayotda bir-birini ko‘rmagan, tanimagan opa-uka bir-biri bilan qanday ko‘rishadi? Qanday salomlashadi? Bir-birini qanday so‘zlar bilan alqaydi? Bu kabi savollar haqida o‘ylashga sabr yetadimi?! Qanoat yetadimi?!

Hayajonli lahzalar yaqinlashdi. Amakining xonadoniga kirib borgan Zuhraxon aya hovlida uzun oq libosda yurgan, tim qora soqoli bejirim kuzalgan Muhammad Umarga nigohi tushdi-yu, “Oh, otajon!” degancha o‘zini mehmon yigitning bag‘riga otdi. Izohlar ortiqcha, ta’rif ortiqcha, hayajondan til kalimaga kelmas, ko‘zlar shashqator yoshga to‘ldi. Yo Parvardigori olam, Zuhraxon ayaning nazarida bundan 63 yil muqaddam, so‘nggi marta olti yoshida ko‘rgan otasi qaytib kelgandek, tinmay, “Quyib qo‘yganday otamning xuddi o‘zi! Xuddi o‘zi!”dan boshqa so‘z topolmas edi!

Qariyb 70 yoshida ota bir – ona boshqa inisi bilan ilk bora diydorlashgan Zuhraxon aya xotirasida nima bo‘lsa, mehmon ukasiga to‘kib soldi.  Umr bo‘yi otasi keta turib tutqazgan qizil atirgulning sehrlarga to‘la jannatiy hidi dimog‘idan ketmaganini ta’riflab to‘ymadi.

– Otam yotgan yostiqqa bir marta bosh qo‘ysam, bu dunyodan armonsiz o‘tardim.

– Inshoalloh, buning chorasi topilajak, opajon, – deya unga tasalli berdi Muhammad Umar. – Orzu-umidlarimiz ro‘yobga chiqishiga Alloh  madad berajak!

1991-yil.

Ozmuncha oshkora va pinhona orzu-umidlar qora tuproqlarga ko‘milib ketmadimi?! Ozmuncha diydor ko‘rishishlar oxiratga qolmadimi?! Aylanayin, istiqlol, ko‘zlaringdan ozodlik! O‘rgulayin, hurlik-xurramlik! Qaynoq bag‘ringga singib ketay, onajon Vatan!

Istiqlol, hurlik, ozodlik ne-ne ko‘ngillarni munavvar ayladi! Taqdirning charog‘on ko‘chalariga ozmuncha umid bog‘ladimi?! Hisobiga yetib bo‘larmikan?!

– Qanotim bo‘lsa, uchib ketardim otam ketgan ellarga! – deya ozmuncha tavallo qilganmidi Zuhraxon aya.

– Onajon! Men katta bo‘lay, o‘zim sizni albatta olib boraman bobom ketgan yurtlarga, – deya va’dalar qilardi Shoahror.

O‘g‘li go‘dak chog‘laridan aytadi shu gapni, aya esa ishonmaydi-ishonolmaydi, lekin umidini uzmaydi, bu shoyon umid taqdirning boshi berk ko‘chalarida bayram-shodiyona kunlar kelishiga bo‘lgan ishonchsizlikdan zo‘r kelardi. Mana, nihoyat mo‘jiza ro‘y bermoqda, mo‘jiza: Shoahror o‘g‘li qirchillama yoshga yetgan bir damlarda beg‘ubor bolaligidan buyon berib kelgan va’dasining ustidan chiqmoqda – Moskva aeroportidan ko‘tarilgan samolyot Jidda shahri tomon parvoz qilmoqda!

“Nasib” so‘zi naqadar totli! Aql bovar qilmas orzu-niyatlar Vatanimiz mustaqilligi sharofati bilan amalga oshmoqda! Vatan mustaqilligi necha o‘n yillar yuraklarni ezib yotgan armonlarga nur sochdi, nur!

…Zuhraxon aya, o‘g‘li Shoahror va yana uch-to‘rt yaqinlar hamrohligidagi toshkentlik mehmonlar Jidda shahrida zo‘r mamnuniyat ila kutib olindi. Mehmondorchilikdan-da azizroq-lazizroq diydorlashuv-tanishuv marosimlari Toifda davom etdi. Hikoyaga hikoya, xotiraga xotira ulandi. Ko‘z yoshlar o‘rnini bajonidil qah-qahalarga “bo‘shatib” berdi.

Mirahmad hoji doda 1973-yilda 93 yoshda bandalik qilgan, u kishidan besh o‘g‘il, bir qiz farzand qolgan. To‘ng‘ich farzand Muhammad Ali London universitetlaridan birida professor, Muhammad Siddiq, Muhammad Umar, Muhammad Usmon, Muhammad Amin shifokor, tijoratchi-hunarmand, qiz farzand Abbosiya hamshira o‘laroq tuz-nasibani terib yurib hayot kechirishar, qiblagohlaridan meros qolgan armon to‘la xotiralar aytgan bilan tugamas  edi. Zuhraxon aya qilgan iltijolari Allohga yetib borganidan adadsiz shukronalar aytar, o‘g‘li Shoahrorning go‘daklik chog‘laridan bergan va’dalarining ijobat bo‘lganidan taqdirning marhamatiga shukronalar o‘qir edi.

Shaharning muhtasham mavzelaridan birida qad rostlab turgan besh qavatli uy mehmonlar ixtiyoriga berildi. Muhammad Umar Zuhraxon ayaga yotoq bo‘lmasini tanishtirdi.

– Rahmatli padarimiz shul xonada istirohat qilar edilar. Joylari o‘shal, ko‘rpa-to‘shaklari o‘shal.

Zuhraxon aya oh tortdi, ota hovlida ochilgan qizil atirgulning hayotbaxsh isi taralgandek bo‘ldi xonada. Otasi bosh qo‘yib yotgan bolishga bosh qo‘ydi, betini momiq bolishga bosib, ushalmagan armonlari dog‘ida bu dunyoni tark etgan qiblagohining islarini to‘yib-to‘yib hidladi.

– Bu damlar men uchun – haj, otamning o‘rni men uchun haj maqomidan oz emas.

Yana bir kutilmagan voqea keyin yuz berdi. Muhammad Umarning aytishicha, mazkur besh qavatli uy emas – xonadonni otalari Mirahmad hoji Toshkentda sho‘rolar istibdodida qolgan farzandlari uchun atab qurdirgan ekanlar.

– Mazkur mulk sizlarga atalgan meros, – dedi Muhammad Umar. – Padarimiz vasiyatlarini ado etish bizga omonat. Istangiz, mulkning o‘zi, istangiz uning qiymati sizlarniki.

2026-yil.

Shoahror aka xotirlaydi:

– Onam rahmatli nihoyatda mag‘rur, g‘ururi baland ayol edilar. (“Nima qilsa ham, boyning qizi-da” deb kulib.) Mezbonlar tomonidan ko‘rsatilgan marhamatdan minnatdor ekanliklarini izhor qilgach, g‘oyatda vazminlik bilan javob qaytardilar: “Allohga beadad shukr, bizning ona vatan – O‘zbekiston, Toshkentda uy-joylarimiz bisyor, zarracha muhtojlik yerimiz yo‘q. O‘zimiz ham, qornimiz ham, eng muhimi, ko‘zimiz ham to‘q! Biz uchun og‘a-ini, opa-uka jigarlarimiz bilan topishganimizning o‘zi bebaho ne’mat, Allohning beadad marhamati, alhamdulilloh!..”

Xurshid DO‘STMUHAMMAD

“Jadid” gazetasining 2026-yil 27-fevraldagi 9-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604