12.03.2026 | 12:14
1619
“HIDOYAT” LIBOSIDAGI JAHOLAT
Inson ilm bilan bugun fazoga chiqdi, agar jaholat to‘sqinlik qilmaganda edi, barcha xalq va millatlar taraqqiy etib, Yer kurramiz nurga burkanar edi. Minglab yillardan beri boqiy obidalar qurish, farovon turmushga erishish, ilg‘or ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, axborotni boshqarish, uzoqni yaqin qilish, samoga egalik qilishdan tortib, boshqa jabhalarda ham ustunlikka erishish uchun odam bolalari o‘zaro raqobatda. Bu holat faqat harbiy yoki iqtisodiy sohalar bilan cheklanmaydi. Kalom, siyosat, ruhiyat, jamiyatshunoslik singari sohalarda ham qat’iy namoyon bo‘ladi.

Ayrim hollarda bu kurash yashirin yo oshkora tarzda, mafkuraviy bosim yoki diniy-radikal g‘oyalar tahdidi shaklida yuz ko‘rsatadi.
Negaki, bunday xatti-harakat oqibatida neft, gaz va suv kabi strategik resurslar ustidan nazoratni qo‘lga kiritish, shu bilan birga, iqtisodiy manfaatlarni ta’minlash, o‘zga xalqlar ustidan hukmronlik qilishga erishish mumkin. Qolaversa, radikal kuchlarni nazorat ostida ushlagan tomon ularni zarur paytda o‘ziga raqib bo‘lgan davlatlarga qarshi ishlatishi yoki muayyan harbiy-siyosiy strategiyalarda qo‘llashi mumkin. Buning yaqqol misoli aksar Yaqin Sharq mamlakatlarida sodir bo‘layotgan voqealarda ham ko‘rinadi.
Jahonda biror davlat yo‘qki, zo‘ravon ekstremizmdan, terroristik aktlardan, radikal g‘oyalarning turmushdagi aks sadosidan aziyat chekmagan bo‘lsa. Shuning uchun yoshlarni radikal, ekstremistik va terroristik g‘oyalar ta’siridan asrash masalasiga jiddiy e’tibor qaratish shart. Negaki, bu xalq va davlat taqdiriga daxldor masala.
Misr Arab Respublikasidagi Ekstremizmga qarshi kurash “Al-Azhar” observatoriyasi direktori Reham Abdullah Salama o‘z yurtidagi radikal g‘oyalarga qarshi kurashishning amaliy tajribasi haqida shunday deydi:
– Dunyo musulmonlarining katta qismi arab tilida so‘zlashmaydi, shu bois, islom haqidagi ma’lumotlarni turli vositalar – veb-saytlar, imomlar yoki “Google” orqali oladi. Shuning uchun ularga turli tillarda tarqalayotgan yot va mutaassib fikrlarni aniqlab, o‘sha tillarda javob berishga harakat qilamiz. Radikal g‘oyalardan, eng avvalo, yoshlar himoyaga muhtoj.
Yaqinda shunday voqea sodir bo‘ldi. 15 yoshli o‘smir ota-onasi bilan birga markazimizga keldi. U ekstremistik g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan ekan. Unga oddiy o‘yin – PUBG orqali murojaat etishgan. O‘yin payti unga avval video, keyin xabarlar yuborishgan. U bilan shaxsiy aloqa o‘rnatilgach, Telegram orqali uzoq va kuchli ta’sir o‘tkazishgan. Otaning aytishicha, farzandi ijtimoiy hayotdan chetlashgan, hatto, o‘ziga yaqin ayol qarindoshlari bilan ham salomlashishni istamay qo‘ygan, uzoq vaqt yotoqxonada o‘tiradigan bo‘lib qolgan. Biz tekshiruv o‘tkazib, masala jiddiy ekanini aniqladik. Bola bilan ishlash oson bo‘lmadi. Chunki unga juda ko‘p yolg‘on va bir tomonlama kontentlar ko‘rsatilgan ekan. Unga kitoblar berdik, muloqot qildik, bahs-munozara ham bo‘ldi. Keyin uni “Al-Azhar” universitetiga va “Al-Husayn” jome’ masjidiga ekskursiyaga olib bordik. U avvaliga o‘z qarashlarini qat’iy himoya qildi. Lekin vaqt o‘tib, o‘zgardi. Unda to‘g‘ri fikrlash jarayoni boshlandi. Endi u foydali shaxs. Agar bu jarayon bo‘lmaganida, u terrorchi tashkilotlar safiga kirib ketishi mumkin edi.
Ushbu voqea misolida biz barcha ota-onalarga murojaat qilamiz: farzandingizga e’tiborli bo‘ling. Agar unda qandaydir o‘zgarish sezilsa – qiziqishlarini yo‘qotsa, o‘zini olib qocha boshlasa – aslo beparvo bo‘lmang!
Reham Abdullah Salama haq. Har bir ota-ona farzandini kuzatib borishi shart. Chunki hozirgi davrda har bir bola ekstremizm nishoniga aylanishi ehtimoli juda yuqori.
Aleksandriya kutubxonasi direktori Ahmad Abdulloh Zayd fikriga ko‘ra, bizning eng muhim vazifalarimizdan biri – yoshlarni ekstremizmdan himoya qilish, ularni madaniy va ilmiy dunyoga jalb etish, shu bilan birga, ma’rifat, bag‘rikenglik, boshqalarga hurmat va ishonch qadriyatlarini singdirish:
– Masalan, faqat mening dinim to‘g‘ri, faqat mening millatim yaxshi, faqat mening tilim ulug‘, deyish yoki faqat zamonaviy madaniyatnigina ma’qul deb hisoblash ham mutaassib qarashdan boshqa narsa emas. Yoshlarni turli davrlardagi falsafa, ilm, din va san’at namoyandalari bilan tanishtirish lozim, toki, ular anglasinki, insoniyat sivilizatsiyasi hech qachon faqat bir xalq yoki bir millat ishi bo‘lmagan, balki u doimiy ravishda bir-birini boyitib borgan Mesopotamiya, Misr, Hind, Xitoy, Yunon, Finikiya, Iskandariya, Movarounnahr, islom va zamonaviy G‘arb sivilizatsiyasi madaniy meroslaridan tashkil topgan.
Diniy va dunyoviy ilmlar o‘rtasida ajralish bo‘lishi mumkin emas. Islom faqat oxirat haqida emas, balki bu dunyo hayoti haqida ham g‘amxo‘rlik qilishni buyurgan. Iymon faqat namoz, ro‘za va boshqa ibodatlar bilan cheklanmaydi. Iymon to‘liq jarayon: u ibodatni ham o‘z ichiga oladi, bir vaqtning o‘zida dunyoviy hayotga ham e’tibor berishni talab qiladi. Shuning uchun musulmon kishi dunyoviy ilmlarni o‘rganishi shart. Chunki islom olami faqat dunyoviy ilmlar egallanganida rivoj topadi.
Diniy radikalizm islom dini belgilagan muvozanatga daxldor emas. Bir necha o‘n yillardan beri biror yurtni istilo etish, itoatda tutish, davlatning hududiy yaxlitligiga raxna solish, mustaqilligidan qisman yo to‘la judo etishda diniy radikalizmdan ustamonlik bilan foydalanilayotgani jiddiy hushyorlikni talab etadi. Bunday g‘arazli harakatlarning mavjudligini tadqiqotchi-olimlar allaqachon isbotlagan. Bundan yigirma bir yil muqaddam fransuz sharqshunosi, siyosatshunos va yirik dinshunos ekspert Olive Rua diniy radikallashuv hodisasini o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlaridan so‘ng, shunday istehzoli savolni o‘rtaga tashlagan edi: Islom radikallashayaptimi yoki radikallashuv islomlashayaptimi? Ushbu hodisa bilan bog‘liq jarayonlarni diqqat bilan kuzatgan har bir kishi, diniy radikalizmni zamonaviy dunyoning istilochilik borasidagi yangi fenomeni, degan bo‘lardi.
Siyosat, san’at, texnologiya, sanoat, su’niy idrok va farovonlik borasida ilgarilab ketgan mamlakatlarda, shubhasiz, ilm taraqqiy etgan. Buning aksi hukm surayotgan makonlarda esa, afsuski, jaholat ildiz otganini ko‘ramiz. Ilmga loqaydlik, hunar egallashga beparvolik bugun ham ko‘plab mamlakatlarni yer sharining zulmatga burkangan puchmoqlarida yashashga mahkum etgan. Buning yana bir sababi bor. U geosiyosatdir.
Geosiyosat, oddiy qilib aytganda, turli mamlakatlar o‘rtasidagi “katta shaxmat o‘yini”. Unda har bir hudud, daryo, tog‘, dengiz yo‘li yoki gaz quvuri ham alohida ahamiyat kasb etadi. Bu o‘yinda geosiyosiy raqibni zaiflashtirish, uning iqtisodiy va siyosiy salohiyatini susaytirish, strategik hudud va resurslar ustidan nazoratni qo‘lga kiritish yoki boshqa g‘arazli maqsadlar ko‘zlangan holda turli nayranglar qo‘llaniladi. Aholini radikallashtirish, jamiyatni mafkuraviy yoki diniy bo‘linishlarga undash, yoshlarga nomuvofiq ta’lim berish yoki diniy mutaassiblikni dastaklagan holda dunyoviy ilmda rivojlanishiga yo‘l bermaslik shunday nayranglardan sanaladi. Nega yo‘l berishmaydi? Chunki harbiy, iqtisodiy, siyosiy, texnologik jihatdan qoloq xalqlar va mamlakatlarni boshqarish, ular egalik qilib turgan yer osti va yer usti, inson resurslarini qo‘lga kiritish oson. Shuning uchun ularning rivojlanishiga turli yo‘llar bilan to‘siq qo‘yiladi.
Xalq va davlat rivojiga g‘ov bo‘lajak o‘sha to‘siqlarning biri aholini radikallashtirishdir. Ijtimoiy hodisa hisoblangan bu fenomen birorta davlat uchun xayrli bo‘lmagan. Keling, tarixiy dalillarga murojaat qilaylik.
IX-X asrLAr, Xuroson. Abbosiylar davri. Nishopur, Marv, Balx singari buyuk ilm markazlarida dastlab ilm-ma’rifat gullab-yashnadi. Ammo diniy radikal oqim hisoblangan xorijiylar, g‘ulot firqalari, “mutaziliylar” ta’sirida jamiyatda ixtilof va bo‘linishlar yuzaga keldi. Oqibatda ilm rivoji to‘xtadi, olimlar quvg‘inga uchradi. Mintaqa esa G‘aznaviylar va Saljuqiylar tomonidan bosib olindi. Ilm va din o‘rtasidagi muvozanatning buzilishi oxir-oqibat davlatning yemirilishiga olib keldi.
XIII-XVII asrlar. Yevropa – Inkvizitsiya davri. Katolik cherkovi vakillari dunyoviy ilm egalarini cherkov ta’limotiga qarshi chiquvchilar deb ta’qib qildi. Oqibatda faylasuf, astronom, shoir va ilohiyatshunos Jordano Bruno gulxanda yoqildi, astronom, fizik, matematik, muhandis va faylasuf Galiley uy qamog‘iga tashlandi. Dunyoviy ilm-fan tarafdorlari bo‘lgan yuzlab, ehtimol, minglab kishilar boshiga ham shunday qismat tushdi. Oqibatda Yevropada ilmiy inqirozga sabab bo‘lgan “Qora asrlar” boshlandi. Jaholat ilmdan ustun kelib, taraqqiyot to‘xtadi.
XX-XXI asrlar. Afg‘oniston. 1970-yillardan keyin tashqi ta’sir va ichki qarama-qarshilik natijasida jamiyat ichida diniy-radikal fikrlar ustuvor bo‘la boshlagani oqibatida tinch aholi urush girdobida qoldi, ta’lim tizimi vayron bo‘ldi, ayollar huquqi cheklandi, intellektual salohiyat tubanga yuz burdi. Diniy radikalizm davlatni ham, xalqni ham xonavayron qildi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: radikallashuv, xalq uchun ham, davlat uchun ham yaxshilik olib kelmas ekan, unda nega bu ijtimoiy hodisaga qarshi turilmagan yoki bu tashqaridan boshqariladigan ulkan loyihami?
Bu savolga O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori Habibulla Sadibaqosev shunday javob beradi:
– Radikallashuvga ilm-hunarga beparvolik va yoshlar ta’limiga loqaydlik ham sabab bo‘lishi mumkin. Tarixda ham, zamonaviy siyosiy jarayonlarda ham aholini radikallashtirish maxsus rejalashtirilgan “geosiyosiy texnologiya” sifatida qo‘llanilgan holatlar bor. Buni ba’zan “idorali radikallashuv” deb ham ataymiz.
Masalan, XIX asr oxiri – XX asr boshlaridan Buyuk Britaniya Hindiston va Afg‘onistonda “diniy radikallashuvni boshqarish” loyihasini olib borgan. O‘zining imperialistik hukmronligini saqlash uchun aholini hind-musulmon ziddiyati asosida bo‘lib tashlagan. Bu borada madrasalar va diniy jamoatlar orasida tor fikrli, sof e’tiqod da’vosidagi qarash egalari rag‘batlantirilgan, millatchilik va konfessiyaviy kurash kuchaytirilgan, ayrim radikal qanotlardan geosiyosiy manfaatlar uchun foydalanilgan. Bu nayrang natijasida Hindiston ikkiga bo‘lindi, Afg‘onistonda esa doimiy ziddiyat muhitiga zamin yaratildi.
1979–1989-yillar mobaynida sobiq SSSR va AQSHning “Afg‘oniston jang loyihasi”ga guvoh bo‘ldik. Kommunizm kengayishiga qarshi AQSH, Pokiston, Saudiya Arabistonining mahalliy guruhlar ishtirokidagi “jihodiy” harakatlarni qo‘llab-quvvatlashi, madrasalardagi yoshlar ongiga “jihodiy g‘oyalarni” singdirishi Afg‘oniston, Pokiston va Markaziy Osiyoda radikal g‘oyalarning ildiz otishiga sabab bo‘ldi.
Mavzu yuzasidan yana bir ekspert – O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti direktori Husniddin Ahmedov o‘z mulohazalarini quyidagicha bayon etadi:
– 2010–2020-yillari Yaqin Sharqda sodir bo‘lgan “Arab bahori” inqiloblarini yodga oling. Bu chetdan turib boshqarilgan radikallashuv hodisasining bir ko‘rinishi, g‘arazli davlatlarning turli razvedka tizimlari tomonidan ma’naviy bo‘shliqni radikal g‘oyalar bilan to‘ldirishga bo‘lgan urinishning bir qismi edi. Natijada Liviyada Qaddafiy rejimi yiqilgandan keyin, “Ansor ash-Sharia” va boshqa jangari guruhlar uchun maydon ochildi. Suriyada turli davlatlar qo‘llagan “qo‘zg‘olonchilar” keyinroq “ISHID” terroristik tashkilotini shakllantirdi.
Xalqlarni radikallashtirish harakatlari hech qachon to‘xtamagan. Qariyb uch asrga yaqin vaqt mobaynida targ‘ib etib kelinayotgan soxta salafiylik g‘oyalari ham bugun aholini radikallashtirishdagi eng ulkan loyiha sifatida yashab kelmoqda. Go‘yoki “sof islom” g‘oyalarini keng targ‘ib etish, xalqaro ta’lim grantlari orqali yosh avlodni shu yo‘nalishga jalb qilish, mahalliy diniy an’analar o‘rniga chetdan kirgan va qotib qolgan qarashlarni qaror toptirishga urinish hanuz kuzatiladi. Bunday holatlar faqat islom dini doirasida emas, aksar din vakillari orasida uchraydi. Afrika va Lotin Amerikasida, Kolumbiya va Venesueladagi diniy va etnik da’vodagi “ijtimoiy guruhlar” bugunga kelib allaqachon geosiyosiy ta’sir vositasiga aylangan. Bu hodisalar g‘irromlik bilan sahnalashtirilayotgan juda katta spektakldir. E’tiqod bilan bog‘liq aksar oqimlar, harakatlar, guruhlar – ayrim yovuz kuchlarning, ya’ni uchinchi tomonning o‘ylab topgan fitnasidagi shunchaki ishtirokchidir.
Shu o‘rinda o‘quvchiga ravshan yetkazish lozim bo‘lgan bir haqiqat bor: radikallashish aslo hidoyat emas, aksincha, “hidoyat” libosidagi jaholatdir. Radikallashuv insonni ilmga emas – tor fikrga, bag‘rikenglikka emas – nafratga, bunyodkorlikka emas – buzg‘unchilikka yetaklaydi. Ekstremizmga qarshi kurash nafaqat huquq-tartibot organlarining, balki butun jamiyatning, har bir ongli insonning oldida turgan dolzarb vazifadir.
Abdulhamid MUXTOROV,
“Ziyo” media markazi direktori
“Jadid” gazetasining 2026-yil 6-martdagi 10-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



