Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


25.03.2026 | 14:21

img1145

TARIXGA YANGICHA NAZAR

O‘zbek adabiyoti tarixida hukmdor-shoirlar sezilarli iz qoldirgan. Yaqin o‘tmishda ularning ijodi mafkura talablariga ko‘ra o‘rganilmadi yoxud bir yoqlama tadqiq qilindi. Bugun esa vaziyat tubdan o‘zgardi, bu merosni to‘laqonli o‘rganish uchun barcha imkoniyatlar eshigi ochiq. Manbashunos Otabek Jo‘raboyevning “Said Muhammad Alixon. Devon” kitobi ana shu bo‘shliqlarni to‘ldirishga qaratilgan. Kitobda “Xon” taxallusi bilan ijod qilgan Qo‘qon xoni Muhammad Alixon (1808–1842) devoni haqida gap boradi.

Muallif adabiy meros tahlilidan oldin xonlikdagi tarixiy-ijtimoiy vaziyat, adabiy hayot hamda hukmdorning siyosiy faoliyatini birlamchi manbalar asosida yoritadi. Shuningdek, bir qator tadqiqotchilarning ilmiy ishlarini e’tirof etadi, ularga hurmat bilan yondashadi va ayni paytda tanqidiy munosabatda bo‘ladi. Masalan, ayrim zamonaviy tarixchilar hukmdorni “ishratbozlik va axloqsizlik”da ayblagan bo‘lsa, olim ularga qarshi tarixiy dalillar keltiradi. Uningcha, Muhammad Alixon hukmdorlik davrida (1822–1842) xonlik hududi kengaygan, xalq nisbatan osoyishta hayot kechirgan, madaniyat taraqqiy topgan. Qo‘qon xonligining 1842-yildan 1876-yilgacha bo‘lgan davrida har besh-o‘n yilda xon almashib turgani, siyosiy vaziyat beqaror bo‘lganini hisobga olsak, olimning mulohazalariga qo‘shilish mumkin.

Bundan tashqari, adabiyotimiz tarixida o‘zining keskin hajviy she’rlari bilan shuhrat qozongan Maxmur xonga iliq munosabatda bo‘lgan. Olim Buxoroda yashab, ijod qilgan Qori Rahmatulloh Vozehning “Tuhfat ul-ahbob fiy tazkirat-ul-as’hob” kitobida (1817–1894) ham Muhammad Alixon faoliyati va ijodiga xolis baho berilganini qayd etadi. U o‘tmishning ziddiyatli tomonlaridan ko‘z yummaydi, xaspo‘shlamaydi, hukmdorga nisbatan keskin munosabatda bo‘lgan “Muntaxab ut-tavorix”ning muallifi Muhammad Hakimxon to‘ra fikrlarining sabablari haqida ham atroflicha to‘xtaladi: “Ajablanarlisi, asarning forsiy tilidagi nusxalaridagina shunday biryoqlama fikrlarni ko‘ramiz. Uning turkiy-o‘zbekcha nusxalarida bu taxlit salbiy yondashuv yo‘q. Ularda munosabat va talqinlar anchayin yumshatilgan va ijobiyroq”.

O‘tmishga nisbatan xolis munosabat bildirish, ziddiyatli, qarama-qarshiliklarga to‘la tomonlarini bo‘yamasdan, imkon qadar to‘liq va obyektiv ko‘rsatish kitobning ilmiy qiymatini oshiradi. Muhimi, bugungi avlod moziy haqidagi haqiqatni boricha bilishi shart. Shundagina, o‘tmish haqida tasavvurlar to‘liq bo‘ladi. Tarixdan saboq olish, tanqidiy idrok etish hamda bugungi kunlarning qadriga yetish va kelajakni aniq belgilash imkoni bo‘ladi. O‘tmish haqida so‘z yuritganda o‘tkinchi, siyosiy konyunktura talabidan kelib chiqib qalam tebratish o‘zini oqlamagan va oqlamaydi ham.

Muhammad Alixonning siyosiy faoliyati va mamlakat xavfsizligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari tarixiy, adabiy manbalar hamda zamonaviy xorijiy tadqiqotlarga tayangan holda chiziladi: “Muhammad Alixon shimol – chor Rusiyasi tomonidan kelayotgan xavfni to‘g‘ri ilg‘agan va mamlakat qo‘shinini mumkin qadar zamonaviy andozada shakllantirish harakatini boshlagan. U bu borada, ayniqsa, Usmonli Turk imperatorligi bilan bir necha diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘yadi. Shuningdek, 1830–1840-yillarda chor qo‘shinlariga keskin qarshilik ko‘rsatgan qozoq xoni Kenesar Qosimovni qo‘llagan holda, u bilan iliq munosabatlarni saqlab qolgan”.

Ko‘rinib turibdiki, xon imkoniyat doirasida mamlakat obodligi va yurt tinchligini, madaniyat rivojini ko‘zlagan. Uning davrida xonlik hududida 20 dan ortiq madrasa barpo qilingan. Xonning maxsus farmoni bilan “Xazoyin ul-maoniy” 300 dan ortiq nusxada ko‘chirilib, keng hudud bo‘ylab tarqatilgan va ulardan ayrimlari bizgacha yetib kelgan. “Xamsa”ning 40 dan ortiq miniatyura bilan bezatilgan nusxasi yaratilgan. Ulug‘ shoir asarlari asrlar osha ko‘plab nusxalarda ko‘chirilib, xalqimizning ma’naviy-adabiy ehtiyojini doimiy qondirib kelgan. Muhammad Alixonning maxsus farmoni bilan bu ishning amalga oshirilishi, shoir ijodining davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganidan dalolatdir.

Muallif xonlikning ijtimoiy-siyosiy, madaniy manzarasini yoritib, undan keyin adabiy meros tahliliga o‘tadi. Bunday yondashuv kitobxonga davr manzarasini yaxlit tasavvur etish imkonini beradi. Kitobning “Xon adabiy merosining manbalari” faslida bizchaga yetib kelgan, shoir she’rlari saqlanib qolgan yetti adabiy manbaning to‘liq ilmiy tavsifi berilgan. Tadqiqotchi har bir qo‘lyozmani diqqat bilan o‘rganib, ko‘chirilish sanasini hamda saqlanib qolgan she’rlarning adadini aniq ko‘rsatib, xonning ikki maktubini aniqlashga ham muvaffaq bo‘lgan: “Demak, shu kunga qadar aniqlangan Xon adabiy merosi: 85 g‘azal, 4 musaddas, 3 ruboiy, 1 fard va alohida 4 bayt. Jami 2307 misra she’r”. Adabiy merosining janriy jihatdan xilma-xilligi shoir iqtidoridan darak beradi.

Xon o‘z g‘azallarida Fuzuliy adabiy merosidan ta’sirlanib, hatto lisoniy tarafdan salafiga ergashgan. Tadqiqotchi kitobning “Fuzuliyga ergashishmi, tenglashish…” faslida har ikki shoir she’rlarini izchil chog‘ishtirib, javobiya g‘azallarda Xon betakror g‘azallar bitganini ko‘rsatgan: “Ya’ni qaysidir o‘rinlarda unga tenglashgan, hissiyotlarini yuqori pafos va yuksak badiiyat ila she’riy tizimga – fuzuliyona ohangga qo‘ya olgan. Aytish mumkinki, ijodiy musobaqada o‘zini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lolgan”.

Qo‘qon adabiy muhitiga mansub G‘oziy, Amiriy, Uvaysiy, Uzlat, Qoriy, Muqimiy, Furqat, Muhsiniy kabi shoirlar ham Fuzuliy g‘azallariga muxammas bog‘laganlar. Va bu holat ayni adabiy muhitda Fuzuliy ijodiga nisbatan ehtiyoj yuqori bo‘lganidan dalolat. Bundan tashqari, Xon she’rlariga zamondosh hamda keyingi davrda yashagan Ogahiy, Tabibiy singari shoirlar muxammas bitganlar. Ko‘rinib turibdiki, Muhammad Alixon adabiy muhitning yetakchi ijodkorlaridan biri bo‘lgan.

Kitobda Xonning manbalardan aniqlangan adabiy merosi bir yerga jamlanib, qiyosiy tadqiq qilinib, ilk marotaba to‘liq chop etilgan. O‘quvchiga yengillik yaratish maqsadida har bir she’rga lug‘at ilova qilingan. Qo‘lyozma matnidagi ayrim tushib qolgan so‘zlar maxsus belgi bilan ko‘rsatilgan. Shuningdek, kitobda foydalanilgan manbalar va Xon qurdirgan imoratlar suratlari hamda farmon, muhrning ilova qilinishi davr haqida yaxlit tasavvur berishga ko‘maklashadi.

Abdurasul ESHONBOBOYEV

“Jadid” gazetasining 2026-yil 13-martdagi 11-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605