Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


31.03.2026 | 12:26

img1106

SHOIR BILAN HAMNAFAS

1970-yillar boshida universitetda o‘tkazilgan yig‘inlar hamon xotiramda. O‘sha paytlar o‘zbek va rus filologiyasi bitta bo‘lim tarkibida edi. Talabalarning o‘zaro munosabatlari iliq, suhbatlari soz edi. Biz o‘zbek guruhidagilarga Aleksandr Faynberg she’rlarini o‘qib berardik, ular esa rusiyzabonlarga Abdulla Oripovdan o‘qishardi. Shunday mushoiralarning birida eshitganim – “O‘zbekiston – Vatanim manim” she’ri keyinchalik ijodim naqoratiga aylandi. O‘sha vaqtlardayoq bu shoir o‘zbek madaniyati rivojida katta o‘rin tutadigan ulug‘ shaxsga aylanishi, ushbu satrda tizilgan so‘zlar mening tilimda ham samimiy jaranglashi mumkinligi ehtimolini ichki sezgi bilan his qilgandim.

U paytlar kun kelib o‘zbekning buyuk shoiri tarjimonlaridan biriga aylanishim, adabiyot haqidagi purma’no fikrlarini o‘z og‘zidan eshitishim, tarjimonlik faoliyatim haqida mulohazalarini tinglashim mumkinligini tasavvurimga sig‘dirolmasdim. Ustoz hamisha menga nisbatan hayratlanarli darajada mehr ko‘rsatar, bag‘rikenglik bilan shirin muomalada bo‘lardi. Uning o‘zi ham shogirdlik vaqtida ustozlari bilan bo‘lgan munosabatlarni yaxshi eslardi. Bu hol “Ustoz Mirtemir saboqlari” she’rida yaqqol namoyon bo‘ladi:

Ustoz Mirtemirni eslayman hanuz,
Rahmdil, bag‘rikeng, ayovli, tanti.
Yuz bor qalamida qayralardi so‘z,
Yuz bor o‘zgarardi she’rning har bandi.
Muloyim boqardi Ustoz doimo,
Tegrasida bizlar – uzoq-yaqinlar:
Qarshidan, Nukusdan, Sirdaryodan yo
Xorazmdan kelgan o‘smir oqinlar.
– Ishlang, – derdi
Ustoz, –  she’r bo‘lsin ravon,
Mehnatdan qochmasin ijodkor xalqi.
Lekin kamsitmasdi bizni hech qachon,
Ustoz shuning uchun Ustozdir, balki.

* * *

Abdulla Oripov suhbatlarida uning kuchli ruhiy qudrati bilan birga, oddiy va samimiy inson sifatidagi muloqot mahorati ham sezilib turardi. Bu xususiyat “Oddiy odam” she’rida juda yorqin ifodalangan:

...Lekin qo‘limda bor na qudrat, na dov,
Oddiy odamdirman, bilsangiz agar.
Aslo ajablanmang kimligim ko‘rib,
Kuchim yetar balki she’riy nidoga.
Men faqat siz bilan yonma-yon turib,
Iltijo qilishim mumkin Xudoga.

Abdulla Oripov she’riyatida o‘z g‘oyalariga, ustoz va murabbiylariga, insoniy fazilatlarga sadoqat shaxs qadr-qimmatining asosiy mezonlaridan biriga aylanadi. Ma’naviy qadriyatlar tizimining markazida insonning axloqiy mavqeini mujassam etgan ixlos tushunchasi joylashgan:

Ixlosni sen to‘g‘ri tushungin, bolam,
Topshiriq emas u, yumush emas u.
Faqat samimiyat unda mujassam,
U inson qavmiga hamrohdir mangu.

Yaxshilikni yodda tutish, g‘amxo‘rlik va e’tibor uchun minnatdor bo‘lish, tabiiyki, inson fazilati hisoblanadi:

Qirq yillik adovat unutilar sekin,
Unutilar hatto yurakdagi darz.
Yaxshilarning mehri unutilmas lekin,
Unutilmas ular oldidagi qarz.

Eng iqtidorli shaxs ham atrof-muhit bilan uzviy bog‘lanmas ekan, komillikka erisholmaydi. Abdulla Oripov she’riyatida inson va jamiyat, odam va uning vatani ajralmas yaxlitlik sifatida talqin etiladi. Shoirning ijtimoiy lirikasi ko‘p jihatdan O‘zbekistonning mustaqillikka erishish jarayonlari bilan bog‘liq. O‘z millati o‘rnini, o‘ziga xosligini, tarixiy boyligi va ma’naviy yuksakligini anglash uning ijodini qamrab olgan muhim mavzulardan biri. Shoir yurtdoshlarining ko‘zlariga tik qarab, shunday deydi:

Dunyoda eng noyob, eng tansiq so‘zdek
Bitta kalomimni aytaman senga.
O‘zbekiston desam, desam gar o‘zbek,
Ikkita qorako‘z ko‘rinar menga.

Bu ko‘zlar shodlikdan, g‘amdan ziyoda,
Unda pok yuraklar o‘qurlar vahiy.
Ma’nosiz nazarlar to‘liq dunyoda,
Bu ko‘zlar ilohiy, chindan ilohiy.

Abdulla Oripovning lirik qahramoni o‘z qiyinchiliklarini boshqalarning yelkasiga yuklashni istamaydi, shunday holatda haqiqiy insoniy fazilatlarni namoyon etadi, qiyinchilikni yengib o‘tish uchun tayanchni o‘zidan qidiradi va hayotiylik manbayini ichki kuchidan topadi:

Yuraging siqilsa,
Tiqilsa nafas,
Sen borliq qo‘yniga olib ketgin bosh.
Balki o‘zga diydor endi shart emas,
Balki kerakmasdir boshqa suhbatdosh.

O‘tmish fojiasi, hayot mashaqqatlarini chuqur anglab yetish odamni nafaqat sabr va matonatga, balki qismati og‘ir bo‘lganlarga mehr-shafqat ko‘rsatishga ham o‘rgatadi. “Munojot” kuyidagi mungli ohang va alamli iltijo shu nomdagi she’rda o‘zgacha ta’sirchanlik ruhi bilan jonlandi:

Eshilib, to‘lg‘anib ingranadi kuy,
Asrlar g‘amini so‘ylar “Munojot”.
Kuyi shunday bo‘lsa, g‘amning o‘ziga
Qanday chiday olgan ekan odamzod!

Abdulla Oripovning ijodiy merosini kuzatarkanmiz, bir qarashda juda oddiy tuyulgan misralar ulug‘ va boqiy qadriyatlarni – Ona Vatanni va vatandoshlarni sevishni, o‘z tarixi va madaniyatini hurmat qilishni, mehnatsevarlik, halollik, vafo va sadoqatni o‘rgatishiga amin bo‘lamiz. Oddiy va tabiiy narsalarni san’at darajasiga olib chiqish, aslida, har doim murakkab va mashaqqatli bo‘ladi. Bizning shoirimiz esa buni teran va o‘ziga xos tarzda uddalay olgan.

Eslasam, shoir ijodi nafaqat bugungi kunim, balki bolalik yillarimga ham daxldor ekan. Ayniqsa, “Avlodlar” she’rini o‘qib hayajonga tushganim yodimda. Chunki bu she’rda hayotimda ro‘y bergan voqeaga o‘xshash holat aynan tasvirlangan edi.

Bir muddat ijarada yashaganmiz. Mahallada bizning oilamiz rus millatiga mansub yagona oila edi. Ko‘chada o‘ynab yurgan mahalla bolalari bilan do‘stlashib ketdik, biz birgalikda daryo bo‘yiga sayohatga borardik, shaxmat o‘ynardik, to‘pning orqasidan chopardik, o‘sha o‘yinlarda “Klimov” (“Paxtakor” jamoasi darvozabonining ismi) degan faxrli laqabga sazovor bo‘lganman. Uzoq yillardan so‘ng, yaqinda bolaligim o‘tgan Toshkent davlat universiteti yaqinidagi o‘sha qadrdon mahallani ziyorat qilish uchun bordim, ancha vaqt ko‘chalarni sarson kezdim, qadrdon joylarni bazo‘r tanidim.

Mana, mening ko‘cham, qachonlardir o‘zim yasagan “Tinchlik ko‘chasi” degan g‘aroyib taxtacha osilgan pastqamgina uy. Xayolga cho‘mib borayotsam, ko‘zim to‘p tepayotgan bolalarga tushdi. Ulardan biri yonimga yugurib kelib “Aka, kimnidir yo‘qlab keldingizmi?” deb so‘rab qoldi. O‘sha pallada “Avlodlar” she’rining mashhur satrlari yuragimni titratib, qulog‘im ostida jarangladi:

Bolaligim o‘tgan u chekka qishloq
Ko‘chasin oralab kezaman tanho.
Yo‘l usti, so‘raydi bir bola shu choq:
– Kimning hovlisini izlaysiz, bobo?

Men-ku, erinmasdan kimligimni ham
Bolaga aytishim mumkin shu joyda,
U meni tinglar yo tinglamas, qaydam,
Buning barchasidan unga ne foyda.

* * *

Yolg‘iz jigarim – katta opam hayotdan ko‘z yumganida qattiq iztirobga tushdim. Keyin o‘zim ham og‘ir kasallikni boshimdan kechirdim. Bir qancha vaqt Yozuvchilar uyushmasining xushmanzara “Do‘rmon” ijod bog‘ida sog‘lig‘imni tiklashimga to‘g‘ri keldi. Har doimgidek erta tongda sayr qilib yurgan chog‘imda yonimga yoshi ulug‘ o‘zbek ayoli kelib so‘z qotdi:

– Siz Nikolay Ilinmisiz?

– Ha, – javob berdim men.

– Sizni taniyman. Men yaxshi biladigan rusiyzabon yagona ijodkorsiz. Abdulla Oripovning menga bag‘ishlab yozgan she’rini tarjima qilgansiz, esingizdami?

– Bo‘ritosh Nosirovna! – dedim baland ovozda, o‘zbek ayollari orasida kam uchraydigan bu ismni yaxshi eslab qolgan edim.

Biz shu tariqa tanishdik va shundan so‘ng tez-tez ko‘rishib, dildan suhbatlashadigan bo‘ldik, shunda men shoirimiz hayotidagi sinovli, tashvishli davrlarda bu ayol bilan nima uchun iliq munosabat o‘rnatganini angladim:

Kun-kecha ayrilmay yurgan do‘stlar ham
O‘ylab salomlashgan paytlar ko‘p bo‘ldi.
Faqat sendaylarni eslaganim dam,
Qalbimning qaysi bir kemtigi to‘ldi.

Bo‘ritosh hammaga mehribonlik ko‘rsatar, samimiyat bilan muomala qilardi. Qalbi toza, iymonli muslima bo‘lgan bu ayol hammaning ichki dunyosiga yo‘l topa bilar, yomonliklar, adolatsizliklar o‘tib ketishi, hammasi vaqti kelib iziga tushishi, Qodir Egam bu dunyoni yaxshilik, sabr-toqat va muhabbatdan iborat qilib yaratganiga ishontira olardi.

Biz u bilan menga singil emas, yo‘qotgan opam o‘rniga opa bo‘lishiga kelishib oldik. Men qalbimga malham bo‘lgan in’om uchun Abdulla Oripovga tashakkurlar aytaman.

* * *

Shoirning yubiley sanasi munosabati bilan chop etilishi rejalashtirilayotgan “Tanlangan asarlar”ini rus tilida nashrga tayyorlar ekanman, yuqori mas’uliyat bilan birgalikda, qalbimda shukronalikni ham his etyapman. Chunki menga ustozning she’rlarini chuqur mulohaza bilan qayta-qayta o‘qish, ijodini teranroq anglash, uning so‘zdan qurilgan ma’naviy qasriga hamda ko‘pgina ko‘zlardan yashirin bo‘lgan mahorat ustaxonasiga nazar tashlash imkoni berildi.

Abdulla Oripovni xotirlash, boy adabiy merosini o‘qish-o‘rganish uning hali hamon biz bilan bir davrda yashayotganidan, unga uzoq umr ko‘rish saodati nasib etganidan dalolatdir, shoir ijodi shu qadar poyonsiz ummonki, uning poyonini ko‘z ilg‘amaydi.

Abdulla Oripovning kitobini qo‘liga olgan odam borki, kitobxonga aylanadi, she’rlarini o‘qigan kishi adabiyot muxlisi bo‘ladi, ularning ma’nosini anglagan inson esa xuddi betakror asarlar muallifi bo‘lgan shoirning o‘zi kabi Vataniga jon fido qiluvchi farzand, daryodil va mas’ul shaxs bo‘lib kamolga yetadi.

Abdulla Oripovni, albatta, o‘qing!

Nikolay ILIN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Rus tilidan Dilfuza QARSHIBOYEVA tarjimasi

“Jadid” gazetasining 2026-yil 20-martdagi 12-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img76

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img592

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img590