Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


31.03.2026 | 14:43

img1529

FAOLLIK FAZILATI

Bu dunyoda nima oson? Birovning tarjimayi holini bayon qilish oson. Sanalar-u lavozimlarni shart-shart aytasan-qo‘yasan. Ammo bugun so‘z yuritmoqchi bo‘lgan qalam sohibining faoliyatini shu ma’lumotlarning o‘zi bilangina to‘la holda ko‘z oldimizga keltira olmaymiz.

Ahmadjon Meliboyev – tug‘ma jurnalist, jamiyatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy hodisalarga befarq bo‘la olmaydigan publitsist. Kamina u kishining bir kunini ham sohadan ayri holda tasavvur eta olmayman. Hatto, xorijga xizmat safari bilan yoki dam olishga borsa ham, qalam-daftarini, keyingi paytlarda noutbukini olib ketadi. U yerdagi hayotni solishtiradi, nimaningdir bizda ham bo‘lishini istab, qiyosiy-tahliliy mulohaza yuritadi, jo‘yali-jo‘yali xulosalar chiqaradi.

Uni boshqa jurnalistlardan keskin ajratib turadigan muhim-muhim jihatlari bor. Birinchisi shuki, ko‘p yillik tajribalari asosida ketma-ket kitoblar yozib kelyapti. Ochig‘i, bu borada tayyor an’analar yo‘q darajada. Xurshid Do‘stmuhammad, Farmon Toshev va boshqa ba’zilarninggina ijodida shu hodisani kuzatamiz. Shunday ekan, yangi yo‘l izlab, an’anani o‘zing yaratib olishing kerak. Bu jihatdan Ahmadjon aka juda topqir. Birgina “Qirq beshinchi bekat” (2008) kitobini olib ko‘raylik. Nomini matbuotdagi 45 yillik faoliyatidan kelib chiqib qo‘ygan buni. Undan milliy matbuotimiz muammolari, uning jamoatchilik fikrini shakllantirishdagi o‘rni, jurnalist odobi, so‘z mas’uliyati, ijodkor mahorati va muharrir malakasi haqidagi fikr-mulohazalar, uzoq yillar davomida to‘plangan hayotiy tajribalar, o‘y-kechinmalar bayon etilgan maqolalar o‘rin olgan. Maza qilib o‘qiysiz: gap gapga, fakt faktga, mulohaza mulohazaga, tahlil tahlilga ulanib ketaveradi. Ko‘ngildan, bu kitob jurnalistika bo‘yicha quppa-quruq uslub bilan yozilgan ayrim dissertatsiyalardan ko‘ra foydaliroq, degan fikr ham o‘tadi.

Sobiq Ittifoqda qayta qurish va oshkoralik davri boshlangach, O‘zbekistonda ham ziyolilar uyg‘ondi. Matbuot demokratlashdi. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bu borada bayroqdor bo‘ldi. Avval Odil Yoqubov, keyin Ahmadjon Meliboyev bosh muharrir sifatida bu jarayonning boshida turgan. Mana, “Qirq beshinchi bekat”dagi shu bilan bog‘liq talqin: “…O‘sha kezlari “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining muharriri Odil Yoqubov Yozuvchilar uyushmasi raisi etib tayinlangan, oradan ancha vaqt o‘tganiga qaramay, u kishining o‘rniga munosib nomzod topilmayotgan edi. Bir emas, bir necha kishining nomzodini qayta-qayta taklif qilib ko‘rdik, ammo rahbariyatga ma’qul bo‘lmadi. Gap shundaki, saksoninchi yillarning oxirida gazeta o‘zining shiddatli chiqishlari bilan ancha dovrug‘ qozongan, adadi 240 mingdan oshib ketgandi. Bo‘lajak muharrir biroz beboshlashayotgan bu nashrni nisbatan “silliqlashi” zarurligi sir tutilmayotgandi. Muharrir topish yo‘lidagi navbatdagi urinishimiz samara bermagach, bu ishni menga topshiradigan bo‘lishdi. “Yo‘q” deydigan zamon emasdi. …1988-yilning 23-mart kuni meni tahririyat a’zolariga rasman tanishtirishdi”.

Qiziqki, jilovni tortib turish uchun “tepa”dan kompartiya markaziy qo‘mitasi mas’ul xodimi rahbar qilib yuborilgan. Lekin uning davrida gazeta battar demokratlashdi. Isboti shuki, 1990-yilga kelib, nashr adadi 886 mingtaga yetdi. Qariyb bir million degan gap!

U rahbar bo‘lgan davrda tahririyatda kuchli jamoa shakllangan, chinakam demokratiya muhiti yaratilgan edi. Qayta qurish yillari shunday murakkab jarayon bo‘ldiki, o‘zbekning ilg‘or publitsistlari o‘zlari bilibmi-bilmaymi, asosan, ikki narsaga qarshi maqolalar yoza boshladi. Birinchisi – mustamlakachilikdan qutulish, ikkinchisi – sotsializmdan voz kechish. Ahmadjon aka buni shunday deb ifodalaydi: “Mualliflarimiz hali shu chog‘gacha matbuotimizda deyarli qo‘l urilmagan mavzularni qalamga ola boshladilar. Yoqubjon Xo‘jamberdiyevning “Jazo”, “Ummat O‘zbekovning tirikchiligi”, Murod Abdullayevning “Xiyonat”, Xayriddin Sultonovning “Haqiqat jamoli”, Dadaxon Nuriyning “01 ga qo‘ng‘iroq”, Izzat Sultonning Fitrat va Cho‘lpon ijodiga bag‘ishlangan “Madaniyatimizning ikki siymosi” maqolalari ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Chunki bu maqolalarning aksariyatida tamomila yangi talqinlar mavjud edi”.

Bu davrda shunday qaltis masalalarni matbuotga olib chiqish silliqqina kechmaganini to‘la tasavvur qilib turibsiz, albatta. Umuman, dadillik Ahmadjon akaning fe’lida bor. Bu – jurnalist uchun birlamchi talablardan hisoblanadi. Ahmadjon aka o‘zi ishtirok etgan har qanday yig‘inda dadil bir fikr-mulohaza bildiradi.

U kishi qaysi lavozimda ishlamasin, ijoddan to‘xtamadi. 2010-yillar bir spektakl premerasida ko‘rishib qoldik. U kishiga ijoddagi muntazamligini maqtagan bo‘ldim. “Qalamkashning yozmay qo‘yishi o‘lgani emasmi?!” dedi bamaylixotirlik bilan. Aslida, bu bir shior.

* * *

Ahmadjon aka sovet davrida kamina bilan bog‘liq jiddiy anglashmovchilikda balogardon bo‘lgan edi. Bu yaxshiligini dilimga tugib qo‘ygan edim.

1997 yoki 1998-yil bo‘lsa kerak. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining “Axborot markazi”da ishlayman. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi kuratorligi kamina yetakchi konsultant bo‘lgan guruhga topshirilgan. Kutilmaganda shu gazetada testga e’tiroz ruhidagi bir maqola bosilib qoldi. Bu yo filologiya fanlari nomzodi Ne’mat Mahkamovning maqolasi, yo unga javob tarzida bitilgan material edi.

1995-yildan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish test tizimiga o‘tkazilgan, bu islohotning tashabbuskorlari rahbariyatga bu usulning adolatli, korrupsiyadan tamoman xoli tizim ekanini kafolatlashgan edi. Shunday vaziyatda maqolaning ta’lim tizimi mas’ullariga qanday ta’sir qilganini tasavvur qilsangiz kerak. Ulardan biri Axborot markazi rahbari Sa’dulla Hakimga e’tiroz bildiribdi. Sa’dulla aka kaminani xonasiga chaqirib, qat’iy topshiriq berdi:

– Bosh muharrir Ahmadjon aka Meliboyevni bu yoqqa chaqirib, vaziyatni aniqlashtirasiz! Tushuntirish xati olasiz!

Ahmadjon akaning “vertushka”larini yoddan bilaman: 62-93. Lekin… Bu 4 raqamning 3 tasini shart-shart teraman-u, lekin oxirgisini terolmay, go‘shakni joyiga qo‘yaman. Bir necha marta urinib ko‘rdim, bo‘lmadi. Yuz issiq, juda issiq, axir. Aka bilan bir fakultetda o‘qiganmiz. Bizdan 8 yosh katta. Domlalardek ko‘rardik akani. Vaqti-vaqti bilan gurunglarimiz ham bor edi. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasiga bosh muharrirlik qilgan yillari ko‘plab maqolalarim aynan shu nashrda bosilgan.

Har qancha yuqorining topshirig‘i bo‘lmasin, men u kishini chaqirib, tushuntirish xati yozdirib olsam, vaziyatni anglab turgan bo‘lsa ham, kayfiyatiga, ijodiy rejalariga salbiy ta’sir qilishi mumkin edi. Hammamiz ham insonmiz-da. Ayniqsa, qalami bor odamning ko‘ngli bilan hazillashib bo‘lmaydi. Bu yog‘i masala chuqurlashib ketsa, akaning haqiqat uchun oxirigacha kurashishini yaxshi bilaman. Tarang vaziyatda “salla olaman”, deb, kalla olib qo‘yish hech gap emas.

Xullas, Ahmadjon akaga qo‘ng‘iroq qilmadim. Agar Sa’dulla aka yana so‘raganda, chaqirtirishga majbur bo‘lar edim. Ertasiga so‘rasa, tushuntirish xati olganimni aytishim, qog‘ozlar ichidan topolmaganimni bahona qilib, so‘ng chaqirtirishimni dilga tugib qo‘ydim. Mana, oradan chorak asrdan ko‘proq vaqt o‘tdi, bu xatni hech kim mendan so‘ragani yo‘q.

* * *

Alisher Navoiyning yozishicha, X asrda Hirotda yashagan buyuk avliyo va shoir Abdulloh Ansoriy vaqtdan shu qadar unumli foydalanar ekanki, asti qo‘yaverasiz. Tong-saharlab qori huzuriga borib, qiroat o‘rganar, keyin kelib dars tayyorlar, olti varaq yozib uni yodlar, so‘ng piri xizmatiga borar ekan. Kunini shunday taqsim qilgan ekanki, hech bo‘sh vaqt qolmas, aksincha, unga fursat aslo yetishmas ekan. Vaqti tig‘izdan tig‘iz bo‘lganidan, hatto ilm yo‘lida ko‘pincha ovqatlanishdek majburiy ehtiyojdan ham voz kechar, xuftonga qadar och yurar ekan. Bu haqda uning o‘zi: “Kecha chirog‘ yorug‘ida hadis bitir erdim, ki non yemak farog‘atim (bo‘sh vaqtim) yo‘q erdi. Onam nonni tikka qilib, og‘zimg‘a solur erdi…”, deb yozgan. Ko‘rdingizmi, tug‘ma buyuk bo‘lgan odam uchun ham mehnat qanchalar zarur. Har qanday ulug‘lik zamirida ham, naqadar qattiq mashaqqat yotadi.

Bu ma’lumotni bejiz eslamadik. 80 yoshli Ahmadjon akaning kun tartibi ham xuddi shunga o‘xshaydi. Har oyda bir katta hajmli “Jahon adabiyoti” jurnalini nashrga tayyorlash ishiga rahbarlik qilish, talabalarga tahsil berish, tinimsiz ijodiy mahsulot yaratib, matbuotda dolzarb mavzulardagi materiallar bilan faol ko‘rinib turish, radio va televideniyedagi chiqishlar, turli ijtimoiy faoliyatlar tufayli izdihomlarda ishtirok etish… Bularning hammasiga ulgurish uchun kishida qattiq intizom, aniq-tiniq maqsad, puxta-pishiq reja, tinimsiz mehnat, albattaki, qat’iylik bo‘lishi kerak. Kuni Ahmadjon Meliboyevdek faoldan faol o‘tayotgan kishining yosh bilan hisoblashishga aslo-aslo vaqti yo‘q. Tilagimiz shuki, 100 yoshida ham shunday faol bo‘lib yursinlar!

Sultonmurod OLIM,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

“Jadid” gazetasining 2026-yil 20-martdagi 12-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img98

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img610

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img607