Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


01.04.2026 | 15:11

img635

ZIYORAT

Falakning ishlari qiziq, umr yo‘llaringizni kutilmagan tomonlarga burib yuboradi.

Talabalik davrimiz – Samarqand davlat universitetida o‘qib yurgan kezlarimiz har yili kuzda paxta terimiga chiqamiz. Borar manzilimiz asosan Oqdaryo tumanidagi “Dahbed” sovxozi dalalari bo‘lardi.

Buni qarangki, 1983-yilda, banogoh, kamina tug‘ilib-o‘sgan Payariq tumaniga borib qoldik. Yana deng, o‘zim o‘n yil ta’lim olgan maktab, ne-ne go‘zal hissiyotlar-u xotiralar qolgan tanish o‘quv xonasi biz uchun yotoqqa aylandi. Daf’atan odam ishongisi kelmaydi.

Charxi kajraftor ustimdan kulganimi yoki siylaganimi bu – bilolmay boshim garang. Qadrdon qishlog‘im bir odim narida.

 Lekin muqaddas go‘sha – uyimga, Makka-yu Madinam – onajonim huzuriga borib yotolmayman. Paxta – siyosat, paxta – ota, paxta – ona. O‘zim bilgan, devorlariga sersoqol dohiylarning portretlari, ko‘rgazmali vositalar osilgan xona bor-budi bilan kamina va uning do‘stlari ixtiyorida.

Ey falak, sinfni-ku, qaytarib berding, lekin beg‘ubor yoshlik, oqko‘ngil do‘stlarim qani? “Yorsiz ham bodasiz… eski do‘konni na qilay?” (Mashrab)

O‘ylab qarasam, hayotimdagi bunday evrilishga birov hayron ham bo‘lmabdi. Men esa tanish-bilishdan uyalib, o‘zimni chetga tortishga urinaman – ko‘rgan nima deydi?

E, qay birini aytasiz, SSSR degan zulm saltanatida ne-ne ko‘rgiliklar, adolatsizliklar bo‘lmagan. Diydalar qotib ketgan. Qay biriga hayron qolsin bechora mardum. Boshiga nima kelsa, “partiya-hukumat bir baloni bilmasa qilama”, deydi-qo‘yadi-da.

O‘n-o‘n besh kuncha tanish tepaliklar oralab “oq oltin” terganimiz, qarindoshlar xonadonida mehmon bo‘lganimizdan so‘ng partiya-hukumat “siying bitdi” degandek, biz – talaba askarlarni boshqa manzilga – bepoyon dalalari Imom Buxoriy bobomiz ziyoratgohiga tutashib ketadigan Ernazarqo‘rg‘on qishlog‘iga qarab koptok kabi irg‘itdi.

Dahriylik zamoni emasmi, muqaddas qadamjoning shundoq biqiniga kelib qolibmiz, deb birov o‘ylagani ham yo‘q. Bamisoli ong-u tafakkurimiz oddiy mantiq sarhadidan chekinib, o‘zga bir noma’lum kengliklar uzra tentirab yurardi…

1983-yil 31-oktyabrda O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidov vafot etdi. Yurtimizga qariyb 25 yil yetakchilik qilgan buyuk insonni xotirlab aqalli yig‘in ham o‘tkazilmadi. Barchaning dard-u xayoli faqat bir narsada – plan o‘lgur qachon to‘ladi-yu shaharga qachon qaytamiz?

Inson shu qadar mukammal yaratilganmikan, har qanday vaziyatda ham qon-qoni, suyak-suyagining botiniy bir burjida tarixiy xotira tuyg‘usi, ajdodlar oldidagi burch hissi, oqilona fikrlashga chorlab turadigan sog‘lom hujayra saqlanib qoladi?!

Dekabr oyi ham oyoqlab borar, dalada tosh qotgan qorako‘sakdan boshqa hech vaqo qolmagan. Doimiy darddoshim Xurram aka bilan qadimiy qo‘rg‘onning qarshisida joylashgan bolalar bog‘chasiga kirib borganimizda hovlining ko‘shksimon shiyponchasida hamsaboqlarim Sabohat, Gulchehra, Lola, Ahmad nimanidir zo‘r berib muhokama qilishardi. Sabohat partiya a’zosi bo‘lgani uchun hushyorlik bilan gapirar edi:

– Hech kim bilmasligi kerak. Shomga yaqin yo‘lga chiqamiz. Bu yerga kelishni butun dunyo musulmonlari orzu qiladi, bilyapsizlarmi, butun dunyo musulmonlari orzu qiladi. Shuncha tuzini yedik, shu yerginaga kelib, Buxoriy bobomizni ziyorat qilib ketmasak, kim degan odam bo‘lamiz?

– E, o‘ joyginaga shunday boreb bo‘lmaydo‘, rasm-ruso‘mini taxlash kerak, bildingizme? – dedi buxorolik Ahmad do‘stimiz odatdagidek yer shoxlash qilib po‘ng‘illar ekan.

– Bu yog‘i har kimning o‘ziga tan. Bir soatdan so‘ng dalaning roshida, o‘qariq ustida ko‘rishamiz. Salimboy aka hech narsani bilmasin, – dedi Sabohat.

Salim aka – brigadirimiz. O‘qish masalasida haminqadar bo‘lsa-da, tashkilotchiligi bor. Paxta terimi boshlanishini intiq-intizor bo‘lib kutadi. Bir ishning ortidan tushsa, qiyomiga yetkazmasdan qo‘ymaydi. Kechalari o‘n-o‘n besh chaqirim yo‘l bosib, tuman markaziga ham borib keladi. Kim kasal, kimning uzrli ishi chiqib qolgan, kimga qanday yordam zarur – barchasini hal qiladi. Rektorning oldiga ham, tuman rahbarlari huzuriga ham tortinmasdan, bir tomonga egilgan ko‘yi, odobligina bo‘lib, kirib ketaveradi. Yomg‘irli kunlar ust-boshining shalabbosi chiqib ketsa ham yelib-yugurishdan to‘xtamaydi. Talabalar “haqiqiy chekist”, “Dzerjinskiy”, “Andropov” degan madh-u sanolarni yog‘dirib, do‘stimizni rosa shishiradi. Bu borada, ayniqsa, Xurram og‘aga teng keladigani yo‘q. “Lenin va Stalinning sadoqatli shogirdi, metin safdoshi, otashqalb inqilobchi, Andropov ishining davomchisi”, deb ta’riflaydi og‘amiz sobit irodali do‘stini. Kimdir “Marshal Ustinovniyam qo‘shing”, deydigan bo‘lsa, “E, ko‘tar Ustinovingni, bizning po‘latdek toblangan dohiymiz oldida u kim bo‘libdi, hozirgilardan faqat Andropov bir safda tura oladi, bildingmi”, deya maqtov gulxaniga o‘t qalaydi darvesh shoirimiz. Maqtov kimga yoqmaydi, Salim og‘a zavqi tarang tortib, qornini changallagancha qotib-qotib kuladi.

Paxta tugashi bilan do‘stimizning sharafli missiyasi ham xotima topadi. Yana avvalgidek kamtargina bo‘lib, oddiy talabalar qatoriga tushib qoladi, boyaqish.

Zimmasidagi vazifasini chin dildan ado etadigan bu saboqdoshimiz ko‘p yillar Zarafshon shahrida hokim o‘rinbosari bo‘lib ishladi. Taqdir ekan, koronavirus davrida bandalikni bajo keltirdi. Oxirati obod bo‘lsin!

Birovga yomonligi yo‘q, ko‘ngli pok inson edi. Faqat soddalik qilib, og‘zidan gullab qo‘ymasin, degan maqsadda bo‘lg‘usi ziyoratimizni u kishidan sir tutdik.

Paxta dalasining sharq tarafidagi o‘qariq ustida to‘plandik. Domlamiz Qarshiboy aka Usmonov po‘stinini yelkaga tashlagancha kim bilandir suhbatlashib turardi. Tut daraxtlari qator ekilgan ariqning narigi tarafi boshqa xo‘jalik – “Payariq” sovxozi. Sekingina, bitta-bitta o‘sha paxtazorga o‘tdik. Go‘yo ko‘rak terayotgan bo‘lib, g‘o‘za qatorlari oralab egilgancha ketaverdik. Har-har joyda odam qorasi – baqir-chaqir qilib yotgan qiz-juvonlar ko‘zga tashlanadi. Nihoyat, dalaning adog‘iga yetdik. Qamish, shumg‘iya bosib yotgan zovurga o‘xshash joyga keldik.

– Men hozir, – dedi Ahmad va butazor oralab, ko‘zdan pana, nishabroq joyni ko‘zlab to‘xtadi.

Tahorat olishga shaylanganini sezdik. Xurram aka ikkalamiz unga ergashdik.

Aziz o‘quvchi, bu ojiz bandani ma’zur tutgaysiz, harchand urinmay, voqealar davomi qanday bo‘lganini hanuz eslolmayman. Paxtazor oralab, shoshilinchda yiqilib-surinib, entikib-emaklab peshonamiz bilan dalaning tuproq devoriga borib urilganimizni xotirlayman, xolos. O‘sha onda beixtiyor hushimdan ketdimmi, Yaratganning irodasi ila butunlay boshqa dunyoga tushib qoldimmi – bu yog‘i menga qorong‘i.

Boshimizda ateizm qilichi o‘ynab turgan o‘sha og‘ir zamonda yurak yutib, “sovet studentiga yarashmaydigan ish”ni amalga oshirganimiz – Imom Buxoriy bobomiz maqbarasini ziyorat qilganimizni o‘ylasam,  ko‘nglim yorishib ketadi. Shu ezgu ishda tashabbuskor bo‘lgan do‘stlarimdan minnatdorman. Aslida, tashabbuskor men bo‘lishim kerak emasmidi?

Nimasini aytasiz, sovet davrida barcha yo‘llar, hatto buyuk tariximiz va madaniyatimiz, ajdodlarimiz xotirasi tomon boradigan manzillar ham paxtazor oralab o‘tardi. Paxta zulm va taqiq, qullik va mutelik timsoliga aylanib ketgandi. Paxta ishi har qanday muqaddas ishdan ham muqaddasroq edi.

O‘tgan yil yozda ayolim bilan birga shu tarafga yo‘limiz tushdi. Dastlab, Jomboy tarafdan kirib borishda Imom Buxoriy yodgorligidan ikki-uch chaqirim beridagi Mani qishlog‘iga qo‘ndik. Sersoya daraxt ostida o‘tirib, o‘tganlar haqiga tilovat qildik. 1971-yil 26-avgustda rahmatli qiblagohim – Buxoriy bobomizning otdoshi Muhammadqul otam ayni shu joyda mashinadan qulab, omonatini topshirgan…

Xayol bilan bo‘lib, Imom Buxoriy majmuasiga qarab buriladigan chorrahadan o‘tib ketibmiz. Darhol ortga qaytib, azim yong‘oq daraxti ostida to‘xtadik. “Niliy gumbazlari ko‘k ichida – ko‘k, lojuvard osmonda chiniy kabutar” (G‘afur G‘ulom satri) yanglig‘ tovlanib turgan yangi majmuaning muazzam va billurdek tiniq binosi qarshisida cho‘k tushib, duoga qo‘l ochdik. Yodgorlik bitib, ishga tushib ketsa, albatta, ziyoratga kelamiz, deb niyat qildik.

Bugun – muborak Ramazon oyi oxirlab, ulug‘ ayyom kunlari yaqinlashayotgan munavvar damlarda butun xalqimiz ana shu muqaddas qadamjoning ochilishini ajib bir havas va hayajon bilan kutib olmoqda.

Beixtiyor o‘sha olis talabalik yillarimni, misoli azmi Haram qilib, ziyoratga otlangan hamsaboq do‘stlarimni eslayman. Buyuk Alisher Navoiy bobomizning mashhur satrlari yodga tushadi: “Ko‘yining ehromidin ko‘nglimni man etmang yana // Kim, anga azmi Haram avvalgilarg‘a o‘xshamas”.

Albatta, bu tabarruk maskanni qurshab turgan paxtazorlar endi yo‘q. Ularning o‘rnida ko‘zni quvontiradigan manzaralar – yorqin ranglar bilan shu’lalanib, ajib nur taratayotgan muhtasham obida, zamonaviy turar-joylar, ma’rifiy maskanlar, keng va ravon yo‘llar, muxtasar aytganda, butun bir shaharcha qad rostlagan.

Qirq uch yil oldingi taqiqlar, man etishlar allaqachon tarix ummoniga g‘arq bo‘lgan. Qariyb yarim asr oldin qalbimizda zaifgina tebrangan g‘urur tuyg‘usi bugun mana shu ulug‘vor obida kabi ko‘kka yuksalmoqda.

Tabiiyki, bizning ziyoratimiz, buyuk ajdodlarimiz ruhi poklariga atab qiladigan duolarimiz ham endi boshqacha.

Murtazo QARSHIBOY

“Jadid” gazetasining 2026-yil 20-martdagi 12-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600