20.04.2026 | 14:21
1301
“LAYLINING GANJIDAN GAVHAR KELTIRDIM…”
* * *
Halima, uyg‘ongin, Halima, uyg‘on!
Men senga yarim tun qamar keltirdim.
Xudo tomondagi darichani och,
Mashrabdan qadimiy daftar keltirdim.
Gʻamginsan,ma’yussan,
parishondursan,
Gʻamni o‘ldirguvchi zahar keltirdim.
Xazinam yo‘q deding,
nochorman, deding,
Laylining ganjidan gavhar keltirdim.
Kel deding, kelmadi, endi o‘zing bor,
Bolalik tomonga safar keltirdim.
Qushlar ovozida sog‘inching qolgan,
Bulbullarga to‘la sahar keltirdim.
Ruhingni kuzlarga o‘g‘rilatganding,
Senga yangi ruhi dilbar keltirdim.
O‘zingni zulmatdan ajratib ol, deb,
Uning nigohidan nazar keltirdim.
Hijron achchiqligin sezmaysan endi,
Majnun do‘konidan shakar keltirdim.
Gʻam yema, ey mening
Zulayho ko‘nglim,
Oshiq Yusufingdan xabar keltirdim.

* * *
Meni payvand qiling, toki ko‘karay,
Osmonning zabardast novdalariga.
To‘fonni sog‘ingan buyuk dengizday
Bir ishq tug‘yon urar ko‘nglim qa’rida.
Bag‘rim qoni bilan boqdim umidni,
Goh chumoli bo‘ldim, gohi bolari.
Uzoq qarindoshman daryolar bilan,
Dunyoga boqaman to‘lqin singari.
Bibim aytar edi:
– Soyamiz miskin,
Garchi ko‘ksimizda ulkan qoyalar…
O, naqadar mening jonimga tegdi,
Soyadan ajralib chiqqan soyalar.
Sulaymon bog‘ining uzumlariday
Umidim g‘arq pishgan go‘yo musallas.
Ruhimga bostirib kirar har lahza
Adashgan bo‘ronday ilohiy nafas.
To‘fonni sog‘ingan buyuk dengizday
Bir ishq ko‘zlarimda qaynatadi may.
Osmonning zabardast novdalariga
Meni payvand qiling, toki ko‘karay.
* * *
Yashasa bo‘ladi, hali quyosh bor,
Daraxtlar qonida mavj urar hayot.
Mayli-da, qush bo‘lish istagi bilan
Xazonlar tinmasdan qoqqanda qanot.
Yashasa bo‘ladi, garchi daryolar
Ovozi eshtilar olis-olisdan
Va shodlik butasin chirmovuq misol
O‘rab, ishqni izhor etar ekan g‘am.
Yashasa bo‘ladi, ilohiy farrosh –
Tong qalblar sinig‘in supurarkan jim.
Ostonangda juda yaqin do‘st kabi
Turarkan jilmayib mehribon o‘lim.
Yashasa bo‘ladi, vayrona ko‘ngil
Ichida o‘ynarkan zaharolud nur.
Gʻurbat dengiziga cho‘kyotib kimdir
Gʻamgin shivirlarkan: “Xudoga shukur…”
Yashasa bo‘ladi, bemalol tinglab
Faryodi jontalash kuzgi gullarni.
Yashasa bo‘ladi,
Qadim mayxo‘r kabi paydar-pay ho‘plab,
O‘tmagan kunlarni, o‘tgan kunlarni
Yashasa bo‘ladi…
* * *
Shopir meni, shopir, kuzning shamoli,
Bilay donim qayda, somonim qayda?!
Ruhimdagi katta dardim oldida
Dunyoing buncha tor, bunchalar mayda.
Jahannam ichidan o‘tib kelganman,
Garchi jannat isi dimog‘imda bor!
Qalbim g‘oridagi ulkan ganjimni
Na bir do‘st topoldi, na biror ag‘yor.
Shopir meni, shopir, kuzning shamoli,
Bilay zerim qayda, zabarim qayda?!
Ishqning bozorida bir pulga sotgan
Mahbubim anglasin, gavharim qayda?!
Boshoqlar tiliga o‘girdim dilni,
Necha fasllar-u va necha oylar.
Ruhim dalasida yetilib yotar
Bahorgi bug‘doylar, kuzgi bug‘doylar.
Ko‘nglim yorug‘ edi, yo‘lga tushganman,
Kelganman bog‘larning xilxonasidan.
Shopir meni, shopir, toki qaytadan
Yaralay tiriklik afsonasida.
* * *
Mezon suvlarida oqayotgan bulut
Ko‘ksida ko‘raman yomg‘ir tig‘ini.
Sayrga olib chiqqum gohi-gohida
Xonada zax tortgan yolg‘izligimni.
Odamlar o‘tadi nigohi bo‘m-bo‘sh
Va yo yuqtirilgan begona charchoq.
Loqayd kuz shamolin panjalarida
Zerikkan daraxtlar esnaydi uzoq.
Sarg‘aygan umidim g‘ijimlab pinhon,
Osmonni chaqirgan ko‘ngillariga
Kapalak izidan entikib boqqan
Rahmim kelib ketar xayrigullarga.
Za’faron bag‘rida hali nurlar bor,
Yuragimga botar quyosh sinig‘i.
Bilmadim, umidmi, umidsizlikmi
Qalbimda qalqigan notanish yig‘i?
Parishon izlayman shodlik ovozin,
Tinglagayman tag‘in sovuq sukutni
Va so‘ngra xonamga olib qaytaman,
Mezon suvlarida oqqan bulutni.
* * *
Qushlar uchib ketdi quyosh tomonga,
Ko‘zlarim chaqirdi o‘lgan yomg‘irni.
Og‘ir qadamlarin botirib jonga,
Shamol ermaklaydi keksaygan yerni.
Qaysi bir savdoda adashdim, toldim,
Ismimga kim ekdi azob urug‘in?
Huv-v-v eski nurlarning ortida qoldim,
Kim yamar, kim yamar umid yorig‘in?!
Hayot tishlanmagan olmaday shirin,
Qon ichra o‘ynarkan shaffof talvasa.
Qismatda qandaydir qo‘rquv yashirin,
Cho‘chitar tunning labidagi qorong‘i bo‘sa.
Ilinib turibman nur zarrasida,
O‘zimni o‘zimga aylabon takror.
Nima bor tiriklik hujayrasida,
Xudojon, nahotki hammasi bekor?
Oy ruhiday sovuq manglaydagi ter,
Ishqmi u, ruhimni qamchilayotgan?!
Yolvoraman, faqat menga aytib ber,
Kim u yuragimda sanchilayotgan?!
Halima AHMEDOVA
“Jadid” gazetasining 2026-yil 17-apreldagi 16-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604


