Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


08.05.2026 | 16:04

img1312

EGIZ QAHRAMON

May oyining boshlanishida nafaqat qoraqalpoq va o‘zbek, balki turkiy dunyo adabiyotining ulug‘ namoyandalari, O‘zbekiston Qahramonlari Ibroyim Yusupov va To‘lepbergen Qaipbergenov tavallud topgan. Ikkalasi ham bir yilda – 1929-yili beshinchi va yettinchi may sanasida dunyoga kelgan.

Xalqimizning ardoqli farzandlariga aylangan bu ikki ulug‘ ijodkorning unutilmas xotirasi va adabiy merosi muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yuksak e’tibori tufayli Yangi O‘zbekiston zamonida chinakam qadr topdi. Milliy bog‘ hududidagi Adiblar xiyobonida adabiyotning buyuk namoyandalari qatorida har ikki adibga muhtasham yodgorlik o‘rnatildi, Nukusda Ibroyim Yusupov ijod maktabi tashkil etildi, To‘lepbergen Qaipbergenov xotirasi abadiylashtirildi, 2019-yili tavalludlarining 90 yilligi mamlakatimiz miqyosida keng nishonlandi, yuksak noshirlik san’ati asosida “Tanlangan asarlar”i nashr etildi. “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli yuz jildlik kitoblar jamlanmasining 35-jildi Ibroyim Yusupov, 36-jildi To‘lepbergen Qaipbergenovning eng sara asarlaridan tarkib topgan.

To‘lepbergen og‘a bilan Ibroyim og‘a bamisoli egizakdek yashadi, ijod qildi, adabiyot sharafini ko‘klarga ko‘tardi. Mustaqillik yillarida badiiy ijod ostonasiga qadam qo‘ygan bizning avlod vakillari bu ikki ustoz bilan uchrashish, suhbatlashish, ularning mahorat saboqlaridan bahramand bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lganmiz. O‘sha davr gazeta-jurnallari sahifalarida ularning asarlaridan o‘girgan tarjimalarimiz, umumxalq bayramlari munosabati bilan tashkil etilgan suhbatlarimiz e’lon qilingan. Bu unutilmas adabiy suhbatlar bizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

To‘lepbergen og‘aning “Sovuq bir tomchi” nomli ilk qissalaridan birini zamonaviy o‘zbek adabiyotining ulug‘ namoyandasi Abdulla Qahhor o‘zbek tiliga tarjima qilgan va qoraqalpoq yosh ijodkorini amaliy qo‘llab-quvvatlagan. 2003-yili Nukusda “Bilim” nashriyotida chop etilgan “Yo‘l-yo‘lakay uchrashganlarning hozirgacha faqat 999 savoliga yo‘l-yo‘lakay bergan javoblarim” nomli kitobidagi suhbatida muxbirning: “XX asr atoqli o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qahhorni ustoz sifatida tan olasizmi? Agar shunday bo‘lsa, ustozingizning qanday nasihatlari esingizda qolgan?” – degan savoliga To‘lepbergen og‘a shunday javob bergan:

“Birinchidan, shuni bilib qo‘yingki, o‘tmishdagi ulug‘ shoirlar yaratgan o‘zbek adabiyoti – butun jahon yozuvchilari uchun betakror ustoz! Ana o‘sha betakror ustozning asarlaridagi badiiy mahorat sirlari o‘tida qaynab toblanish bilan Yevropa adabiyotining tiniq qaymoqlarida obdon cho‘milgan Abdulla Qahhorni bir men emas, hatto o‘z tengdoshlari ham ustoz deb tan olar edilar. Savolingizning ikkinchi qismiga kelsak, ustoz Abdulla Qahhorni ko‘proq hayron qoldiradigan bir holat – turkiyzabon xalqlar adabiyotlari o‘rtasidagi bordi-keldining ko‘ngildagidek emasligi edi. Shularni hisobga olgani uchunmi, ba’zi uchrashuvlarimizda: “Adabiyot atomdan kuchli, lekin uning kuchini o‘tin yorishga sarflamaslik kerak”, deb qo‘yar edi. Shu bilan birga, u adabiyotimiz kelajagi haqida jon kuydirib, O‘lmas Umarbekov, Uchqun Nazarov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayevni o‘zbek adabiyotining og‘ir kemasini buyuk kelajakka qarab eltadigan darg‘alar sifatida ayricha mehr bilan ta’riflar edi. U kishi: “Men aytgan iste’dodli yoshlar bilan qalin do‘st bo‘l”, deganlarini hech qachon unutmayman”.

To‘lepbergen Qaipbergenov ustozi Abdulla Qahhor ishonchini oqlab, katta yozuvchi bo‘lib yetishdi. Yirik romanlar yozib, qoraqalpoq va o‘zbek adabiyotini boyitdi. Ustoz Abdulla Qahhordan so‘ng yozuvchining asarlarini Ilyos Muslim, Otauli, Muzaffar Ahmad va boshqa ijodkorlar o‘zbek tiliga o‘girdi.

Ayni vaqtda Ibroyim Yusupov she’rlarini ilk bora yigirmanchi asr she’riyatimiz darg‘alari Mirtemir, Zulfiya o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Alloma shoir G‘afur G‘ulom yosh ijodkorga duo bergan. Ushbu ibratli ustoz-shogirdlik munosabatlari va ijodiy hamkorliklarni Ibroyim Yusupov she’rlarida takror-takror ta’kidlab o‘tgan.

Har bir ko‘chasida mehmon bo‘lganman
Shayxontohur, Qo‘yliq, Eski Jo‘vasin.
So‘zin tinglab, necha marta olganman
G‘afur, Oybek, Mirtemirlar duosin…
Zulfiya yaratsa shohona baytlar,
Tinglaganmiz, go‘zalligin sezganmiz.
Abdulla Oriflar, Erkin Vohidlar
Bilan pastqam qolmay, birga kezganmiz.

Ibroyim og‘aning she’r-u dostonlarini Shuhrat domla, Jumaniyoz Jabborov, Aziz Abdurazzoq, Barot Boyqobilov, Husniddin Sharipov, Normurod Narzullayev, Abdulla Oripov, Ma’ruf Jalil, Muhammad Ali, Oydin Hojiyeva, Omon Matjon, Muzaffar Ahmad, Yangiboy Qo‘chqorov kabi ko‘plab ijodkorlar o‘zbekchaga tabdil qilgan. Og‘aning she’rlarini bugungi yoshlar ham ona tilimizga o‘girayotgani quvonarli holdir.

Ibroyim Yusupov “Toshkentlik do‘stlarimga”, “Mening yigit vaqtim, sening qiz vaqting”, “Men Toshkentni sog‘inaman ko‘rmasam”, “Mustaqillik maydonidan o‘tganda” kabi she’rlarida do‘stlik, vatanparvarlik, og‘zibirchilik, mustaqillikka sadoqat tuyg‘ularini yuksak badiiy mahorat bilan tarannum etgan.

Men Toshkentni sog‘inaman ko‘rmasam,
Yozda Anhor bo‘ylarida yurmasam,
Shirinzabon o‘zbek shoirlaridan
G‘azal tinglab, men she’r o‘qib bermasam,
Men Toshkentni sog‘inaman ko‘rmasam.

To‘lepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupovning taqdiri bir, ijod yo‘li bir, kuylagan mavzulari bir, orzu-maqsadlari mushtarak. Bir yurtda, bir yilda, bir oyda tug‘ilib, yuraklari bir-biriga hamohang urgan ulug‘ ustozlarning asarlarini bugun qayta-qayta o‘qiymiz, ibrat olamiz.

To‘lepbergen Qaipbergenov O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga serqatnov edi. Samimiy va oqko‘ngilligi, ayniqsa, yoshlarga mehribonligiga ko‘p guvoh bo‘lganman. Bir safar shogirdi Allanazar Abdiyevni ergashtirib keldi. Uning “Eran Saxiy” nomli qissasini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mas’ul kotibi, nasr kengashi adabiy maslahatchisi, taniqli adib Rahimjon Otayevga tarjima qilish uchun tavsiya qilganida o‘ta muhim yumushni ado etganday qoniqish hosil qilganini sezganman. Asar “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilib, Allanazar kitobxonlar mehrini qozondi.

Ko‘pchiligimiz To‘lepbergen og‘aning o‘gitlarini, savollarimizga bergan javoblarini hamon eslab, bir-birimizga gapirib yuramiz. Ustozning chechanlik bilan aytgan fikrlari, tesha tegmagan iboralari, topqirligi bizni hayratlantirardi. Bir gal kimdir To‘lepbergen og‘aga: “Hammualliflikda yozilgan asarga qanday qaraysiz?” deb savol berib qoldi. Unga shunday javob bo‘ldi: “Hammualliflikda yozilgan asar xuddi bir mashina rulini ikki kishi boshqarganga o‘xshaydi. Agar mashina halokatga uchrasa, kimni ayblab, jazoga tortishni bilmaysiz”.

Ustoz yana bir suhbatda hayot va ijod yo‘lini sarhisob qilib: “Mustaqillik hayotimdagi eng quvonchli, eng muhim voqeadir!” degan edi. “Vatanparvarlik nima?” degan savolga esa shunday javob bergandi: “Vatanparvarlik – bu birinchi navbatda, xalqiga, Vataniga chin ma’nodagi muhabbat. Rus yozuvchisi Aleksey Nikolayevich Tolstoyning so‘zlari bilan aytganda: “Vatanparvarlik – bu o‘zingni vatanning ajralmas bir bo‘lagi sifatida his etish, uning o‘tida yonish, suvida qaynash. Nafasing uzilgandan keyin uning muqaddas tuprog‘iga singib ketishni orzu etib yashash”.

Ibroyim Yusupovning Vatanga, el-yurtga xizmat qilish g‘oyalari bilan sug‘orilgan she’rlari hamisha dolzarb bo‘lgan. Shoir she’rlari qanotli iboralarga, falsafaga boy.

Yerga xizmat qilmay po‘lat paznalar
Yuzlari yaltirab ochilmas zinhor.
Elga xizmat qilmay kuchli yigitlar,
O‘zni erkak sanab kerilsa, bekor.

Hikmatli so‘zga aylanib ketgan ushbu misralarida inson hayotining mohiyati nimadan iborat ekani yorqin ifodalangan. Omochning yerni shudgor qiladigan temir tishi qoraqalpoqchada “pazna” deyiladi. Ekin ekib, dehqonchilik qilgan kishi yaxshi biladi: ketmon yerni qanchalik ko‘p chopsa, temir yuzi shuncha yaltirab ochiladi. Pazna ham qanchalik ko‘p shudgor qilsa, uni tuproq shuncha yarqiratib yuboradi. O‘z navbatida yer mehnat qilgan kishidan saxovatini ayamaydi. Hosil mo‘l bo‘lsa, xalq to‘q bo‘ladi. Ishlatilmay, bekor yotgan mehnat quroli esa zanglab qoladi. Pazna-omochlar, ketmon-u belkuraklarni doimo ishlatib turadigan zahmatkash insonlar kerak el-yurtga. Shoir hayotdagi ana shu misoldan kelib chiqib, yigitlar qanchalik zo‘r va barvasta bo‘lmasin, agar o‘z el-yurtiga, xalqiga xizmat qilmasa, ular erkak sanalmaydi, degan teran mazmunli fikrni ifodalaydi. Tashxis, parallelizm, istiora san’atining yorqin namunasi Ibroyim Yusupovning she’rida olmosday jilolanadi.

Cheksiz dashtlar, bepoyon kengliklar tabiati, u yerlarda yashayotganlarning beg‘ubor ko‘ngli, mardona fe’li qanotli so‘zlar, ko‘p qatlamli iboralar bilan ifodalanadi.

Odamning sillasini quritadigan issiq ob-havo, saroblarni mavjlantirib, ko‘zni tindirib yuboradigan quyosh shoir she’riyatida chiroyli, mehribon, saxiy qiyofada tasvirlanadi. Yurakdan chiqqan so‘zlar jonajon Vatanga otashin muhabbat izhori bo‘lib yangraydi. Vatanni sevgan odam, uning oftobini ham, cho‘lini ham, bo‘stonini, jazirama issig‘ini ham, qahraton sovug‘ini ham sevadi.

Chumchuqdan kim qo‘rqsa ekmaydi tariq,
Issiq-sovug‘iga ko‘nikdik butun.
Olmasi choynakday To‘rtko‘l bog‘lari
Kunsiz axir qanday pishmog‘i mumkin?

Issiq-sovuq degan sifatlar fizik hodisanigina anglatmaydi. Ular ruhiy holatni, azob-uqubat, g‘am-u shodlik kabi tushunchalarni ham bildiradi.

Mana, quyoshning yana bir sifatini shoir qanday ranglar bilan beradi:

Bug‘doyrang bolalar yuzidan bu dam
Amu suvi bilan tomar kun nuri.

Bu daryoda cho‘milayotgan bolalarning oddiygina surati emas. Amudaryo bo‘yida tug‘ilgan, o‘tdan chiqib suvga kirib, suvdan chiqib o‘tga kirib yashayotgan elning timsoli chizilgan bu she’rda. Ona daryoda badanlaridan suv tomchilab cho‘milayotgan bug‘doyrang bolalar. Quyosh nurida yuzlaridan ter oqib yugurayotgan bug‘doyrang bolalar…

Ibroyim og‘a “Ayt sen Ajiniyoz qo‘shiqlaridan” nomli she’rida mumtoz shoirlarning so‘z san’atida yaratgan sinoatlarini, so‘zning qudratini betakror timsollar vositasida tasvirlaydi:

Yulduzlarni yerga qaratmoq bo‘lsang,
Yomon shoirlarni uyaltmoq bo‘lsang,
Agar men o‘lganda tiriltmoq bo‘lsang,
Ayt sen Ajiniyoz qo‘shiqlaridan.

Shoirni qayta tiriltiradigan kuch – she’r, Ajiniyoz kabi shoirlarning o‘lmas va umrboqiy she’ri.

Ibroyim Yusupov va To‘lepbergen Qaipbergenov ham ana shunday umrboqiy hayot, umrboqiy ijod sohiblaridir. Ikki ulug‘ ijodkordan bizga ulkan adabiy meros qolgan. Ularning asarlarini tarjima qilish, o‘rganish va targ‘ib etish davom etadi. Uchinchi Renessans maqsadini ko‘zlab ahillikda mehnat qilayotgan xalqimiz uchun ikki qahramon adibimizning hayot va ijod maktabi saboqlari muhim ahamiyatga ega.

Rustam MUSURMON,
Qoraqalpog‘iston xalq shoiri

“Jadid” gazetasining 2026-yil 8-maydagi 19-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605