18.05.2026 | 14:39
1020
AVVAL IQTISOD…
Gʻoyalar evolyutsiyasi
Ma’lumki, iqtisodiyot nazariyasi insoniyat tarixining deyarli har bir davrida yangi g‘oya va qarashlar, yangi yondashuvlar bilan boyib kelgan. Iqtisodiy fikrning rivojlanishi faqat akademik muhokamalar doirasida qolmay, balki davlatlar siyosatiga, jamiyat tuzilishi va odamlarning kundalik hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatib kelgan. Klassik iqtisodiyotdan tortib zamonaviy xulq-atvor iqtisodiyotigacha bo‘lgan yo‘l – bu insoniyat aqlining uzluksiz izlanishi va kashfiyotlari tarixi hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, bu maktablarning birontasi mutlaq to‘g‘ri yoki mutlaq noto‘g‘ri ham emas. Har biri o‘z davri muammolarini hal etishga uringan, o‘z davri sharoitiga mos javoblarni izlagan. Aynan shu sababli zamonaviy iqtisodchilar ko‘pincha turli maktablarning g‘oyalarini sintez qilib, aralash yondashuvlardan foydalanadilar.
Iqtisodiy fikrning zamonaviy tarixi shotlandiyalik mutafakkir Adam Smitning 1776-yilda nashr etilgan “Xalqlar boyligi” asari bilan boshlanadi, deb hisoblanadi. Smit birinchi bo‘lib iqtisodiyotni mustaqil fan sifatida tizimlashtirdi va “ko‘rinmas qo‘l” nazariyasini ilgari surdi. Uning ta’limotiga ko‘ra, har bir inson o‘z manfaatini ko‘zlab harakat qilganida, bozor mexanizmi resurslarni samarali taqsimlash imkonini beradi. Klassik maktabning vakillari David Rikardo, Tomas Maltus, Jon Styuart Mill bu g‘oyalarni yanada rivojlantirdi. Rikardoning qiyosiy ustunlik nazariyasi xalqaro savdoning asosini tushuntirib berdi. Erkin bozor, raqobat, narx mexanizmi va davlatning iqtisodiyotga minimal aralashuvi klassik maktabning asosiy tamoyillari edi.
XIX asrning ikkinchi yarmida iqtisodiyot nazariyasida muhim o‘zgarish ro‘y berdi: “marjinal inqilob” deb atalgan bu o‘zgarish iqtisodiy tahlilga matematikani olib kirdi. Uilyam Stenli Jevons, Karl Menger va Leon Valras bir-biridan mustaqil ravishda narx qiymatini ishlab chiqarish xarajatlari bilan emas, balki so‘nggi (marjinal) foyda bilan tushuntiruvchi nazariyani ishlab chiqdi.
Neoklassik maktab iste’molchining ratsional xulq-atvori, talab va taklif muvozanati hamda bozor narxlarining tabiiy muvozanat nuqtasiga intilishini matematikaviy tarzda ifodaladi.
Alfred Marshall esa bu g‘oyalarni birlashtirib, neoklassik sintezni yaratdi va bugungi kunda ham darsliklardan joy olgan talab-taklif egri chiziqlarini ishlab chiqdi.
XX asrning eng muhim iqtisodiy hodisasi – 1929–1933-yillardagi Buyuk Depressiya neoklassik maktabning “bozor o‘zi barcha muammolarni hal qiladi”, degan qoidasini shubha ostiga qo‘ydi. Aynan shu tarixiy kesimda britaniyalik iqtisodchi Jon Meynard Keyns sahnaga chiqdi va 1936-yilda nashr etilgan “Bandlik, foiz va pul bo‘yicha umumiy nazariya” asarida mutlaqo yangi yondashuv taklif qildi. Keyns ta’limotining mohiyati shundan iboratki, bozor o‘z-o‘zini tartibga solishga har doim qodir emas; retsessiya davrida yig‘ilib qolgan talabni rag‘batlantirish uchun davlat xarajatlarini oshirish va soliqlarni kamaytirish zarur. Ushbu “fiskal siyosat” vositasi orqali hukumat iqtisodiyotni depressiyadan chiqarishi mumkin.
Ikkinchi Jahon urushidan keyingi davrda keynschilik g‘arbiy mamlakatlarda hukmron iqtisodiy mafkuraga aylandi. “Farovonlik davlati”, ijtimoiy kafolatlar tizimi, davlatning investitsiya dasturlari – bularning barchasi keynschilik tamoyillarida o‘z iqtisodiy asosini topdi. 2008-2009-yillardagi global moliyaviy inqiroz va COVID-19 pandemiyasi davrida hukumatlarning keng ko‘lamli iqtisodiy rag‘batlantirish dasturlari aynan keynscha yondashuv asosida amalga oshirildi.
1970-yillar stagflyatsiyasi bir vaqtning o‘zida iqtisodiy o‘sishning to‘xtashi va yuqori inflyatsiya – keynschilik nazariyasining qiyinchiliklarini ko‘rsatdi. Bu sharoitda Milton Fridman boshchiligidagi Chikago maktabi va Avstriya maktabi (Fridrix fon Xayek) o‘z g‘oyalari bilan old o‘ringa chiqdi.
Monetarizm asosiy g‘oyasiga ko‘ra, inflyasiya – bu har doim va hamma joyda pul hodisasi. Pul massasini nazorat qilish iqtisodiy barqarorlikning asosiy sharti hisoblanadi. Xayek “bilimlar tarqoqligi” tushunchasini ilgari surib, hech qanday markaziy organ bozor narxlari bergan axborotning to‘liq o‘rnini bosa olmasligini isbotladi. Bu g‘oyalar 1980-yillarda Reygan va Tetcher davrida amalga oshirilgan neoliberal islohotlar uchun nazariy asos bo‘lib xizmat qildi.
XX asrning oxiri – XXI asrning boshida iqtisodiyot nazariyasida inqilob ro‘y berdi: psixologiya va iqtisodiyot kesishuvi bo‘lgan xulq-atvor iqtisodiyoti vujudga keldi. Daniel Kaneman va Amos Tverski o‘tkazgan tajribalar shuni ko‘rsatdiki, odam neoklassik nazariya taxmin qilganidek to‘liq ratsional emas. Odam xato kognitiv qoliplar, his-tuyg‘ular va ijtimoiy me’yorlar ta’sirida qarorlar qabul qiladi. “Turtki” (Nudge) nazariyasi, yo‘qotishdan qo‘rqish, status-kvoga moyillik va boshqa tushunchalar iqtisodiy siyosatda ham qo‘llana boshladi. Bugungi kunda bir qator davlatlar aholini sog‘lom ovqatlanish, pensiya jamg‘armalari va energiya tejashga “majburlamay rag‘batlantirish” uchun xulq-atvor iqtisodiyotining kashfiyotlaridan foydalanmoqda. Institutsional maktab (Torsteyn Veblen, Jon Kommons, Duglas Nort) qonunlar, an’analar, ijtimoiy me’yorlar va institutsional tuzilmalar iqtisodiy rivojlanishga qanday ta’sir qilishini o‘rganadi. Nort o‘zining tadqiqotlarida tarixiy ma’lumotlar asosida institutlar turli mamlakatlarning rivojlanish yo‘llarini qanday farqlantirganini ko‘rsatib berdi.
XXI asrning eng dolzarb muammolaridan biri iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit degradatsiyasi yangi iqtisodiy yondashuvlarni talab qildi. Ekologik iqtisodiyot an’anaviy iqtisodiyot ko‘pincha e’tiborsiz qoldiradigan tashqi ta’sirlar (eksternaliyalar), resurslarning tugashi va ekotizim xizmatlarining qiymatini tahlil qilishga qaratilgan. “Ko‘k o‘sish”, uglerod soliqlari, emissiya savdo tizimlari – ekologik iqtisodiyotning amaliy natijalari.
Iqtisodiyot nazariyasidagi g‘oyalar evolyutsiyasini ko‘rib chiqar ekanmiz, bir muhim qonuniyat ko‘zga tashlanadi: har bir yangi maktab avvalgi maktabning kamchiliklariga javob sifatida vujudga kelgan va yangi tarixiy sharoitlarda yangi savollarni qo‘ygan. Klassik maktab bozor erkinligini asosladi, keynschilik bozor muvozanatsizliklarini ko‘rsatdi, monetarizm inflyatsiyani tushuntirdi, xulq-atvor iqtisodiyoti esa ratsionallikni sinab ko‘rdi. Zamonaviy iqtisodiy siyosat ko‘pincha bu maktablarning “kokteyli” hisoblanadi: iqtisodiy sikl boshqaruvida keynscha yondashuv, pul-kredit siyosatida monetarizm tamoyillari, soliq siyosatida taklif tomoni iqtisodiyoti va ijtimoiy dasturlarda xulq-atvor iqtisodiyotining kashfiyotlari birgalikda qo‘llanadi.
Ayniqsa, O‘zbekiston uchun bu maktablar qimmatli ahamiyatga ega. Mamlakatimiz bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonini davom ettirmoqda, yangi institutlar shakllanmoqda, iqtisodiy siyosat takomillashmoqda. Zamonaviy iqtisodiyot nazariyasining eng yaxshi yutuqlari va O‘zbekistonning o‘ziga xos xususiyatlari va imkoniyatlarini birlashtirgan yondashuv eng samarali natijalarni berishi mumkin. Bu o‘rinda shuni ta’kidlash joizki, g‘oyalar evolyutsiyasi to‘xtamaydi. Bugun biz sun’iy intellektning iqtisodiyotga ta’siri, kriptovalyuta va blokcheynning moliya tizimini o‘zgartirib yuborishi hamda iqtisodiy tengsizlikning o‘sib borayotgan muammolari bilan yuzma-yuz turibmiz. Iqtisodchilarning vazifasi – bu yangi muammolarga yangi, ijodiy yechimlar topishdir.
ENG TEZ O‘SAYOTGAN SOHA
Iqtisodiyot inson faoliyatining eng tez o‘sayotgan sohalaridan biridir. Aholi soni o‘sishi va turmush darajasining yuksalib borishi iqtisodiyot oldiga bir qator muammolarni qo‘yadi. Iqtisodiy maktablar (qarashlar) bu muammolarga javob topishga turli tomondan yondashib keladi.
O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda deyarli barcha iqtisodiy maktablar ta’limotlarining o‘rni va ahamiyati bor. Hozirgi paytda neoklassika maktabining nufuzi baland bo‘lib, u “iqtisodiy meynstrim” degan nom ham oldi. Uning asosida individualizm va ratsionallik yotadi, resurslarni taqsimlash va baholash shaklida bozor mexanizmi muhim ahamiyatga ega, raqobat iqtisodiy o‘sish lokomotivi deb qaraladi.
Iqtisodiy va nazariy qarashlar jamiyat taraqqiyotining turli bosqichlarida iqtisodiy jarayonlarning xususiyati, iqtisodiyotni tartibga solish yo‘llari, ratsional qarorlar qabul qilish, xulq-atvor omillari, institutlar, qonunlar va ijtimoiy me’yorlar, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish muammolarini o‘rtaga qo‘yadi. Ayniqsa, iqtisodiy o‘sish, kambag‘allikni qisqartirish va rivojlanayotgan mamlakatlar uchun iqtisodiy-ijtimoiy siyosat ishlab chiqishga qaratilgan rivojlanish iqtisodiyoti (Development economics) mamlakatimizda iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
2021–2025-yillarda O‘zbekistonda YIM 81 foizga, jon boshiga YIM 65,3 foizga oshdi. 2023-yil 11-sentyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston-2030” strategiyasida 2030-yilga borib O‘zbekistonda YIM ishlab chiqarish hajmini ikki barobarga oshirish yoki 160 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan edi. 2030-yilda erishish mumkin bo‘lgan marraga 4 yil oldin – 2026-yilda erishmoqdamiz. 2024-yilda YIM 115 milliard dollar bo‘lsa, 2025-yilda 147 milliard dollardan oshdi, ya’ni bir yilda o‘sish 32 milliard dollardan yuqori bo‘ldi. Bunday yuqori sur’atda o‘sish ilgari kuzatilmagan edi. Buning qator sabablari bor, albatta. Birinchidan, iqtisodiy o‘sish mo‘ljallangan 6,5 foizdan yuqori bo‘ldi. Ikkinchidan, yashirin iqtisodiyotning 10 milliard dollari legallashtirildi, ya’ni YIMga kiritildi. Uchinchidan, YIMni hisoblash metodologiyasiga bir qator o‘zgarishlar kiritildi.
2024-yil va avvalgi davrlar uchun YIM Xalqaro valyuta jamg‘armasi tavsiyasiga ko‘ra qayta hisoblandi. Natijada 2024-yil uchun O‘zbekiston iqtisodiy holati 115 milliard emas, balki 121,4 milliard ekani qayd etildi. Demak, bu o‘sish metodologik o‘zgarishlar va hisobotlarni aniqlashtirish bilan bog‘liq holda amalga oshirildi. Chunki YIMga byudjetdan tashqari jamg‘armalar xarajatlari kiritiladigan, yangi xizmatlar va soliq organlari ma’lumotlari ham hisobga olinadigan bo‘ldi, ilgari faqat davlat byudjeti xarajatlari kiritilardi.
Gap shundaki, ishlab chiqarish jarayonidagi barcha xarajat va daromadlar birorta hisobot bazasida o‘z ifodasini topishi kerak. Albatta, bunday baza YIM hisoblanadi. Hisobga olinmagan zaxiralar sanoatda ham, qishloq xo‘jaligida, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida ham bor. Yangi xizmat turlari hisoblanadigan kuryerlik, keytering, ovqatlanish, advokatlik, yuridik xizmatlar, kargo, yuk tashish, vositachilik xizmatlari ilgari YIMga kiritilmagan yoki yashirin iqtisodiyot tarkibida bo‘lgan.
Yoki qishloq xo‘jaligini olaylik. Birgina 2024-yilda 252 ming gektar yer maydoni auksion orqali sotilib, ijaraga berilgan. Bu yerlarni o‘zlashtirish uchun shudgorlash, sug‘orish, mineral o‘g‘itlardan foydalanishdan tashqari, urug‘lik va mehnatga haq to‘langan, yetishtirilgan mahsulot sotilgan. Demak, bu xarajat va daromadlar hisobga olinishi lozim. Bu to‘g‘ri, jahon tajribasida bor amaliyot.
O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 26-fevralda “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2023–2025-yillarda erishilgan ko‘rsatkichlar va o‘tkazilgan baholash asosida yangidan ishlab chiqilgan, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi tasdiqlandi.
Xo‘sh, kelgusi besh yilda milliy iqtisodiyotimiz hajmini 240 milliard dollargacha yetkazish imkoniyatlari bormi? Ha, bor. Buning uchun nima qilish kerak?
Buning uchun davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 26-dekabrda Parlamentga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, zamonaviy texnologiyalarga o‘tish, kadrlarni ilm-fan va innovatsiyalarga asoslangan zamonaviy kasblarga tayyorlash, sanoatda elektronika va elektrotexnika, biokimyo va polimerlar, farmasevtika, mashinasozlik kabi yuqori qo‘shimcha qiymat yaratadigan sohalarni rivojlantirish, IT, sun’iy intellekt, fintex, konsalting, transport-logistika kabi katta daromad keltiradigan servis sohalarini ko‘paytirish, qishloq xo‘jaligida bioinjineriyadan foydalanish, ilg‘or agrotexnika va suv tejaydigan usullarga o‘tish, ta’lim va tibbiyot sifatini yangi bosqichga olib chiqish, “yashil energetika”, chiqindisiz ishlab chiqarishga o‘tish talab etiladi.
Bular esa yangi iqtisodiy modellarga o‘tishni talab qiladi. Bugun innovatsion iqtisodiyot, yashil iqtisodiyot, kreativ iqtisodiyot, raqamli iqtisodiyot, sirkulyar iqtisodiyot, shering iqtisodiyoti kabi yangi ishlab chiqarish modellari yangi o‘sish nuqtalari bo‘lib maydonga chiqmoqda. Ular an’anaviy chiziqli iqtisodiyotga zid emas, balki alternativ (muqobil) yangi o‘sish omillaridir.
“SOYA”DAN QANDAY CHIQILADI?
Bugun yashirin (xufyona) iqtisodiyot bo‘yicha ham talablar o‘zgardi. Endilikda yashirin iqtisodiyot “kuzatilmaydigan iqtisodiyot” deb atalib, u norasmiy, yashirin va noqonuniy turlarga ajratiladigan bo‘ldi. Kuzatilmaydigan iqtisodiyotning xufyona deb atalgan turini alohida ajratib ko‘rsatish mumkin. Mamlakatimizda kuzatilmaydigan iqtisodiyot darajasi 45-50 foizdan 28 foizga pasaytirildi. Kelgusi besh yilda uning darajasi yanada qisqartiriladi va 23 foizga tushiriladi. Buning uchun naqdsiz to‘lov ulushi 75 foizdan oshadi. Rasmiy sektorda band bo‘lganlar hozirgi 8,5 milliondan 14 million nafarga yetkaziladi.
Norasmiy iqtisodiyot bu uy xo‘jaliklari yoki jismoniy shaxslar tomonidan ro‘yxatdan o‘tmagan holda amalga oshiriladigan ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish turidir. U oila a’zolarini mehnatga jalb qilish, bozorlarni to‘ldirish va raqobat muhitini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun uni legallashtirish, YIMga kiritish mumkin. Bu jarayon asosan tanlama kuzatuvlar o‘tkazish, soliq va moliyaviy tekshiruvlar, ro‘yxatga olish, litsenziyalar berish bo‘yicha ma’lumotlar asosida amalga oshirilishi mumkin. Noqonuniy faoliyat turining yo‘rig‘i boshqa. Uning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’sirining nisbatan past darajasi hisobga olinib, xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, uning darajasi rasmiy statistikada baholanmaydi, ya’ni YIM hajmiga kiritilmaydi. Yashirin iqtisodiyot esa hisobotda ataylab soliq bazasini yashirib ko‘rsatishdir. Bunday faoliyat turlariga nisbatan ma’muriy choralar ko‘riladi.
Demak, iqtisodiy o‘sishni baholashda turli ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish xarajatlari va daromadlari aniq hisobga olinishi lozim. Shundagina biz milliy iqtisodiyotimizning joriy holati, o‘sish tendensiyalari, imkoniyati va zaxiralari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lamiz. Ko‘rinib turibdiki, sohada hali to‘liq ishga tushirilmagan imkoniyat va omillar, zaxiralar mavjud.
Nurislom TO‘XLIYEV,
akademik
“Jadid” gazetasining 2026-yil 15-maydagi 20-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



