25.05.2026 | 11:17
1389
NAVOIYDAN ULGI OLIB…
Olimlar bor, faqat ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanadi. Olimlar bor, kashfiyotlar barobarida rahbarlik ishi va ilm tashkilotchiligida mahsuldor faoliyat ko‘rsatadi. Filologiya fanlari doktori, professor, ikki karra Abu Rayhon Beruniy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Abduqodir Hayitmetov ham ulug‘ olim, ham mohir rahbar edi. Kamina 17 yil (1977–1994) mobaynida Abduqodir Hayitmetov rahbarlik qilgan O‘zR FA Til va adabiyot instituti O‘zbek adabiyoti tarixi bo‘limida ishladim. Ustozning bir yigit umrichalik faoliyati ko‘z o‘ngimda kechgan. U kishi ishga juda talabchan, intizomsizlikka, ko‘zbo‘yamachilikka, ilmga xiyonatga nisbatan ayovsiz, ayni paytda, insoniy munosabatlarda o‘ta mehribon va g‘amxo‘r edi.

* * *
Besh jildlik “O‘zbek adabiyoti tarixi” tadqiqoti bo‘lim tarixida yaratilgan eng katta ilmiy ish edi. Bu ulkan tadqiqotning maydonga kelishida Abduqodir Hayitmetov juda katta matonat va mahorat ko‘rsatgan. Tadqiqot eng qadimgi davrdan to 1917-yilgacha bo‘lgan o‘zbek adabiyoti tarixini qamrab olgan. Ushbu murakkab qamrovdagi qomusiy asarda har bir davr va ijodkorning birortasi chetda qolmasligi, hammasiga joriy ilm nuqtayi nazaridan baho berilishi, adabiy merosining mazmun-mohiyati yoritilishi lozim edi. Ayni paytda, ularning ko‘pi hali ilmda yetarlicha o‘rganilmagan, merosi hatto matniy jihatdan tadqiq etilmagan edi. Bu – ishni ancha murakkablashtirardi. Aksariyat hollarda birlamchi qo‘lyozma manbalar asosida ish yuritishga to‘g‘ri kelardi. Bunday uslubda ishlash uchun mutaxassis yetishmasdi. Binobarin, bu sermashaqqat ulkan tadqiqotni birgina O‘zFA Til va adabiyot instituti intellektual salohiyati bilan amalga oshirish imkonsiz edi.
Tadqiqotning muvaffaqiyatli amalga oshishi uchun ustoz butun respublika va hatto Ittifoq miqyosidagi ilmiy jamoatchilikni hamkorlikka chaqirgan. Ulardan, albatta, o‘z vaqtida va sifatli ilmiy mahsulot olish ham oson bo‘lmagan. Buning uchun Abduqodir Hayitmetov o‘z diplomatlik va tashkilotchilik salohiyatini ishga solgan. Natijada, ellikdan ortiq yetuk olimlarning boshi qovushtirilib, haligacha ilmiy qiymatini saqlab kelayotgan ulkan tadqiqot yuzaga kelgan.
Besh tomlikning 2-jildi Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan. Natijada, o‘zbek adabiyotshunosligi tarixida birinchi marta 30 bosma taboqdan iborat navoiyshunoslik qomusiy tadqiqoti yaratilgan. Ushbu “O‘zbek adabiyoti tarixi” tadqiqoti mualliflari Abu Rayhon Beruniy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldilar.
Ustoz “O‘zbek adabiyoti tarixi” nashr etilishining xursandchiligi va shukronasiga o‘z hovlisida rosmana to‘y qilib bergan. U qutlug‘ to‘yning shodiyonasi unutilmasdir. Institutning deyarli barcha erkak-ayol ilmiy xodimlari, biz yosh olimlar ham ustozning xonadonini to‘ldirganmiz. Boshqa biror olim jamoatchilik tadqiqotini nishonlash uchun o‘z uyida, o‘z hisobidan shunday katta ziyofat berganini keyin ko‘rmadik-eshitmadik.
* * *
Bo‘limimizda tugallangan rejali tadqiqotlar va dissertatsiyalarning muhokamalari juda qizg‘in o‘tardi. Ustozlar ilmiy tadqiqotlarni qilni qirq yorgandek tahlil etishardi. Muhokama avjida, ayniqsa, Abduqodir Hayitmetov, Suyima G‘aniyeva, Abdurashid Abdug‘afurov, Yoqubjon Is’hoqov ishtirokidagi bahs-munozaralar “qiyomat-qoyim” bo‘lardi. Ba’zan bahs-munozara haddan tashqari qizib ketib, jangovar tus olar, lekin maqsad bitta – ilmiy haqiqatni yuzaga chiqarish bo‘lardi. Muhokamadan keyin hech kim bir-biriga nisbatan gina-kudurat saqlamasdi. Fikriy qarama-qarshiliklar, ziddiyatli, hatto, kelishib bo‘lmas nuqtayi nazarlar muhokamada qolib ketardi. Muhokamadan keyin yana do‘stona munosabatlar, hazil-mutoyibalar bilan qizg‘in jamoaviy mehnatga kirishib ketilardi. Bu chinakam olimona madaniyatdan biz yosh olimlar o‘rnak olganmiz. Bu bizga dars, katta ilmiy maktab bo‘lgan.
Bunday bahs-munozaralar ustoz Abduqodir Hayitmetovning bag‘rikengligi va demokratik xarakteri mahsuli edi. Institutning 20-25 ta bo‘limida 300 dan ortiq ilmiy xodim, 30 dan ortiq yosh olim ishlardi. Ilgari laborant va katta laborant lavozimidagilar rejali katta tadqiqot hamda dissertatsiyalar muhokamasiga o‘z fikr-mulohazalari bilan qatnashish huquqiga ega emasdi. Birinchi bo‘lib Hayitmetov ustoz yosh olimlar ham muhokamalarda faol qatnashishiga ruxsat berdi. Zotan, dissertatsiyani qanday yozish va qanday yozmaslik kerakligini hech qaysi fan amalda o‘rgata olmaydi. Buning oliy maktabi dissertatsiya muhokamalaridir. Bunday muhokamalarda dissertatsiya ham, dissertant ham, o‘qib muhokamada fikr olgan yosh olimlar ham pishib yetiladi.
* * *
Institutda har yili 9-fevral kuni an’anaviy navoiyshunoslik ilmiy anjumani o‘tkazilardi. U davrlarda hozirgidek hamma oliy o‘quv yurtlarida va barcha ilmiy tadqiqot institutlarida Alisher Navoiy tavallud sanasiga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy yig‘inlar o‘tkazish an’anasi shakllanmagan edi. Navoiyshunoslik kuchlari, asosan, Til va adabiyot institutida markazlashgan edi. Bo‘limda bu tadbirga astoydil tayyorgarlik ko‘rilardi. Akademiya olimlari bilan fikriy muxolifatdagi yirik olimlar ham bor edi, albatta. Abduqodir Hayitmetov ularga ham alohida e’tibor berar va maxsus taklifnomalar tayyorlatardi. Biz yoshlar u atoqli olimlarga yozilgan taklifnomalarni manzillariga ancha oldin yetkazib berardik. Bundan ustozning maqsadlari taniqli olimlar markazlashgan ilmiy anjumandan chetda qolmasligi, konferensiyada ham fikriy erkinlik va fikriy rang-baranglikni, munozaraviy muhitni shakllantirish bo‘lardi.
Konferensiya kuni institutda bayram ruhi hukmron, bo‘limimiz ilmiy bayramning qaynoq shaxobchasiga aylanardi. Tong sahardan poyezddan tushib, Samarqanddan akademik Vohid Abdullayev shogirdi Botirxon Valixo‘jayev bilan kirib kelardi. Vohid domla eshikdan baralla g‘azal aytib, fayz bilan kirib kelar, kostyumining keng cho‘ntaklaridan xasaki yong‘oq chiqarib, siqimida sindirib, lutfan bo‘limdagi mezbonlarga ulashardi. Tojikistondan Hayitmetovning to‘ng‘ich shogirdi professor Ergashali Shodiyev haybat va salobat, tabassum bilan kirib kelardi. Ozarbayjondan professor Jannat Nagiyeva, Rossiyadan professor Zoya Kedrina tashrif buyurardi. Konferensiya “osh”ini pishirgan Hayitmetov uni boshqarishga da’vogarlik qilmay, hay’atning bir chetida kamtaringina o‘tirar, anjumanga Navoiy qo‘mitasining raisi, akademik Vohid Zohidov raislik qilardi.
Anjumanga kelgan ma’ruzalar obdon saralanib, ilmiy yangiligi bor, eng yaxshi ma’ruzalargina dasturga kiritilardi. Atoqli jurnalist Mahmud Sa’diy barcha ma’ruzalarni diqqat bilan tinglab, eng yaxshilarini tanlab, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida chop etish uchun olib ketardi. Jami ma’ruzalar o‘nta atrofida bo‘lardi. Bu ham hozirgi ilmiy jamoatchilik uchun o‘rnak.
* * *
Abduqodir Hayitmetov boshchiligida bo‘limda Alisher Navoiyning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ilmiy to‘plamlar tayyorlanar, tavsiya etilgan maqolalarni ustoz zargarona tanlar va tahlil etardi. Shu bois, ilmiy to‘plamlar salmoqli va baquvvat chiqardi. Har biri bir ilmiy monografiya qudratiga ega bo‘lardi. Ular haqida matbuotda taqrizlar chop etilardi. Masalan, “Navoiy va ijod saboqlari” nomli to‘plam ana shunday ilmiy qiymatini yo‘qotmaydigan kitoblardandir.
Hozir kafedralarda o‘tkazilayotgan ilmiy anjumanlar materiallari asosida yostiqday ilmiy to‘plamlar chiqarilyapti. Bu ilmning rivojidan deysizmi? 900-1000 betlab hajmda chop etilayotgan bu ilmiy to‘plamlarning savlatidan ot hurkadi. Lekin ichida barmoq bilan sanarli ilmiy maqolalar bor, xolos.
Darvoqe, keyingi paytlarda matbuotda ilmiy taqrizlar e’lon qilish taomili to‘xtadi. Bu borada ham Hayitmetovlar tutumi ibratlidir. Taqriz ham o‘ziga xos janr, ayniqsa, ilmiy kitobga taqriz yozish oson emas. Buning uchun muallifda uzluksiz ilmiy jarayondan boxabarlik, ilmiy yangiliklarni idrok etish, tahlil va umumlashtirish qobiliyati bo‘lishi lozim. Abduqodir Hayitmetov bizni shu sohaga ham jalb etgan va topshiriq berib bo‘lsa ham, taqriz yozishga o‘rgatgan.
* * *
Professor Abduqodir Hayitmetov ilmiy tashkilotchiligining eng yuqori cho‘qqisi Alisher Navoiy ensiklopediyasining yaratilishi bo‘ldi.
1985-yildan qayta qurish va oshkoralik davri e’lon qilindi. Shu munosabat bilan jamiyatning hamma jabhalarida jonlanish paydo bo‘ldi. Tubdan yangilanish harakatlari kuchayib ketdi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga akademik Po‘lat Habibullayev prezident etib tayinlandi. Yangi rahbar akademiyaga qarashli hamma ilmiy tadqiqot institutlari faoliyatini talabchanlik bilan tekshirib chiqadigan bo‘ldi. Navbat Til va adabiyot institutiga yetib keldi. Prezident institutni aylanib, bo‘limlar faoliyatini o‘rganib chiqqach, jamoaning umumiy yig‘ilishi chaqirildi. Ustoz Hayitmetov doim yangidan yangi g‘oyalarga to‘lib yurardi. U umumiy yig‘ilishdan oldin bo‘lim majlisini chaqirib, 4-5 ta yirik ilmiy tadqiqot rejalarini muhokamadan o‘tkazib oldi. Ammo u akademiya rahbariga qaysi ilmiy tadqiqot loyihasini taqdim etishi sirligicha qoldi. Ustoz vaziyatga qarab, mo‘ljallab turib, nishonga aniq urishni yaxshi ko‘rardi.
Abduqodir Hayitmetov akademiya prezidenti huzurida keyingi besh yilda bo‘lim ilmiy xodimlari kuchi bilan “Navoiy ensiklopediyasi”ni yaratish va uni 1991-yili Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligiga nashr etish rejasini ilmiy asoslab berdi. Reja tasdiqlandi.
“Navoiy ensiklopediyasi” loyihasi katta tavakkal bilan o‘rtaga tashlangan bo‘lsa ham, bunday yangi hamda ulkan tadqiqotga tabiiy zaruriyat va ehtiyoj bor edi. Chunki sobiq ittifoq miqyosida “Pushkin ensiklopediyasi”, “Lermontov ensiklopediyasi” tajribalari mavjud bo‘lsa ham, hali Markaziy Osiyoning birorta mamlakatida adabiy qomus yaratilmagan, “Navoiy ensiklopediyasi” bu mintaqada birinchi adabiy qomus bo‘lishi mo‘ljallangan edi. Qisqa muddatda “Navoiy entsiklopediyasi so‘zligi” tuzilib, nashr etildi. Besh yil mobaynida bo‘lim xodimlarining keng navoiyshunoslar jamoasi hamkorligida, ustoz Hayitmetov rahnamoligida “Navoiy ensiklopediyasi” matni maydonga keldi.
* * *
Professor Abduqodir Hayitmetov yuqoridagi singari jamoaviy ilmiy tadqiqotlar bilan birga, o‘nlab o‘z mustaqil ilmiy monografiyalarini yaratdi, Alisher Navoiy va boshqa o‘zbek mumtoz adiblari adabiy merosining nashri bilan shug‘ullandi, ko‘plab yosh tadqiqotchilarning dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik qildiki, ularning bari hozir ilm-fan taraqqiyoti xizmatidadir.
Ustozning ham ilm, ham tashkilotchilik, ham insoniy fazilatlari aynan Alisher Navoiy hazratlariga bemisl havas va muhabbat hosilasi edi. Ulug‘lardan ulgi olib, o‘zi ham ustozga aylangan domlamizning oxirati obod bo‘lsin!
Nusratullo JUMAXO‘JA,
filologiya fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2026-yil 15-maydagi 20-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
603



