Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


29.05.2026 | 10:55

img1274

SIYRAT SUVRATLARI

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, fotojurnalist Abdug‘ani JUMA bilan suhbat

– Abdug‘ani aka, Sizning ilk ijodga kirib kelgan davringizdagi fotoapparatlar bilan hozirgilarining o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Hozir fotosan’atkor uchun texnik qulayliklar bisyor. Shunga qaramay, bu sohaga ko‘ngil bergan ijodkor yoshlar oz. Tutib olingan va tarixga muhrlanayotgan lahzalar ko‘pincha avvalgidek yurakni qalqitmayapti yoki suratlarda yurak urib turgani sezilmayapti…

– Fotograf malakali rassom va badiiy didi baland shaxs bo‘lishi kerak. Bu yumush – chin ma’noda ijodkorlik. Fotograf so‘zi mazmunan ham rassom, ya’ni “nur bilan chizaman” degani. Tasavvur qiling, fotograf uch oyoqli kamerani yelkasiga olib, manzara kompozitsiyasini suratga olish maqsadida birgina “chiq” tovushini chiqarish uchun qancha yo‘l bosib, qancha fursat poylashiga to‘g‘ri keladi. Badiiy obrazda ruhiy holatni (tabiat, arxitektura manzarasi, portretda) “ushlab olish” uchun ijodkorning o‘zi ana shu holat ichida yashashi lozim. Shunda kadr uchun zarur barcha ranglarni ko‘ra oladi, soya va nur mutanosibligining bor nazokatini his qiladi va asar yaratishning texnik yechimini to‘g‘ri topadi.

Fotografiya o‘zining tug‘ilishidayoq tasviriy san’at qonuniyatlari asosida yaratilganini fotograf esdan chiqarmasligi lozim. U o‘zining ijodkorligini his etsa, suratga olayotgan lahzadagi hayajonini tomoshabinga yetkaza oladi.

Fotojurnalist, avval aytib o‘tganimizdek, talab qilinadigan barcha mezonlar asosidagi yechimga lahza ichida nuqta qo‘yib, “chiq”ni amalga oshirar ekan, xuddi ana shu “chiq”da uning iqtidori, dunyoqarashi, bilimi, tajribasi, ma’naviyati, madaniyati, badiiy saviyasi aks etadi. Boshqacha aytganda, fotograf o‘ylab, kadrning ham texnik, ham badiiy yechimini hal qilayotgan lahzada qanchalik hayajon, ehtiros sezsa, u olgan tasvir shunchalik ta’sir kuchiga ega bo‘ladi. Ba’zan fotograf tasvirga ola turib, hali yuvib ochilmagan kadr negativida texnik jihatdan nima qanday aks etganini aniq bilib turadi. Bu, albatta, professional fotograflarga xos bo‘lgan xususiyat.

XX asr boshiga kelib fotoplastinkalar, sezgirligi ancha yuqori bo‘lgan ko‘p kadrli fotolentalar kashf qilinishi munosabati bilan dinamik harakatdagi “stop-kadr”larni tutib qolish imkoniyati yaralgach, fotoreportaj janriga asos solindi. Bu esa mavjud bo‘lgan janrda ijod qilish imkoniyatlarini kengaytirdi. Ijodiy fotografiya tasviriy san’at bilan umumiy o‘xshashliklarini saqlab qolgan holda, aynan fotografiyani ajratib turadigan xususiyatlarni ham kasb eta boshladi. Natijada fotografiyaning qo‘llanish ko‘lami kengayib, uning yangi-yangi janr va yo‘nalishlari paydo bo‘ldi.

Bundan yigirma besh yillar avval raqamli fotokameralarning paydo bo‘lishi munosabati bilan suratkashlikka qiziqadiganlar soni ko‘paya boshladi. Boz ustiga, qo‘l telefonlari ham “raqobat”ga kirishdi. Bunday matohlar butunlay dasturlangani bois, kishidan hech qanday malaka talab qilmaydiganday ko‘rinadi. Ko‘p kuzatgansiz, fotograf suratni oladi-yu, darhol monitorga qaraydi. Avval kadr olinadi, keyin o‘ylanadi. Xohlasa, bir sekundda o‘nta kadr olishi mumkin, o‘ylashga esa vaqt yo‘q, intuitsiya, hissiyot zarurmas. Bora-bora barcha, hatto ijodkor shoir-u adiblar ham suratning mazmunli bo‘lishiga emas, chiroyli chiqishiga o‘rganib qoldi. Raqamli fotokameraning juda ko‘p afzalliklari bor, albatta. Ammo ijodkor fotograflarning ko‘pchiligi fototasma asosidagi kameralarda ishlashni ma’qul ko‘radi. Kamina ham shular jumlasidan.

– Raqamli fotokamera va fototasmali kamera o‘rtasidagi farqni xuddi kitob va elektron kitob o‘rtasidagi farqqa qiyoslagim keldi. Yo biz, yoshi kattaroq avlod vakillari o‘z ko‘nikmalarimizdan voz kecholmayapmizmi, zamonga moslasha olmayapmizmi? Bugun insonning insonligi uning qalbi, tuyg‘ulari bilan emas, biz tushunmaydigan boshqa mezonlar bilan o‘lchanayotganmikan?

– Men adabiyotni sevguvchi, ozmi-ko‘pmi tushunguvchi insonga kitobning qog‘ozi, muqovasi, bezagi, shrifti ham kayfiyat berishini, uni qo‘lga olarkan, ochmasdan oldin hidlab ham huzurlanish mumkinligini qo‘shimcha qilsam, albatta, qo‘shilasiz, deb o‘ylayman. Fototasmali va raqamli fotokamerani ham shunday qiyoslash mumkin. Suratga olish jarayonida texnik jihatdan farq yo‘q, deb o‘ylovchilar hozir ko‘p topiladi. Hamma gap ana shunda. Ya’ni, hozirgi raqamli kamera bilan ishlaydigan zamonaviy suratkashlar fototasmada ishlagan va ishlayotganlarning har bir kadr bilan bog‘liq bo‘lgan, faqat ungagina zarur omillarini, ta’sir vositalarini xayoliga keltira olmaydi.

Obraz yaratishda fototasmaning bir qarashda yashirin, ammo juda muhim xususiyati borki, go‘yo shoir matnni qog‘ozga yozganidek gap. Bu materialning strukturaviy tuzilishi bilan bog‘liq. Gap shundaki, fototasma rangli sezuvchan kimyoviy to‘rt qavatdan tashkil topgan, fotoijodkorning eng nozik his va sezimlar orqali anglashiladigan badiiy obrazning ko‘z ilg‘amas unsurlari tufayli yaraladigan badiiyat ana shu qavatlarning mutanosib muvozanati natijasida ro‘yobga chiqadi. Bilmadim, ehtimol, buni hamma ham payqamas, lekin professional fotograf bundan voz kecholmaydi. Aslida, haqiqiy ijodkorlik ko‘z ilg‘amas va tushuntirib bo‘lmaydigan jihatlari bilan sharhlanadi, shu jumladan, ijodiy fotografiya ham.

Raqamli fotokameraga kelsak, bu yangi texnika va elektron texnologiyaning so‘nggi so‘zi, deb ta’riflash mumkin. Keyingi paytlarda uni mukammallashtirish jarayonida analog fotokamera sifatini bera oladigan darajaga yetkazishga intilishmoqda. Bunda texnik jihatdan eng sifatli fotosuratlar yaratish uchun resurs imkoniyatlari juda keng. O‘zim shunday kameraga ega bo‘lgan paytimda “Bunyodkorlik epopeyasi” loyihasi ustida olti yil ishlaganim ham bejiz emas. Shuning uchun ham uning afzal tomonidan unumli foydalanayotgan hamkasblarimiz hech bir muammosiz ishlashmoqda. Talab ham o‘zgarib, odamlar texnik jihatdan mukammal, chiroyli fotosuratlarga o‘rganib bormoqda. Shunga qaramay, klassik fotografiya klassikligicha asil bo‘lib qolaveradi. Sizni xavotirga solayotgan qalb, tuyg‘u muammolari ham zamon tezligiga moslashsa kerak, deb o‘ylayman.

O‘zimning ijodiy ishlarimning sakson foizi negativ tasmalarda saqlanayotganidan ko‘nglimda qoniqish sezaman. Shu narsa umid baxsh etadiki, yuksak badiiylik uxlayotgan har qanday qalbni uyg‘ota olish qudratiga ega bo‘ladi. Adabiyot va san’atning mumtoz yaratiqlaridan insoniyat o‘zining ma’naviy ehtiyoji uchun ham voz kechmasa kerak.

– Qaysidir ma’noda fotografiya ham odamzodning mumtoz yaratig‘i bo‘lmish tasviriy san’atga soya solgan soha emasmi?

– Fotografiyaning kashf etilishi bir necha asrlardan buyon rivojlanib kelayotgan dastgohli rangtasvir san’atining har jihatdan rivojlanishiga juda katta inqilobiy ta’sir ko‘rsatdi. Parij fanlar akademiyasining kotibi Dominiku Fransua Aragoning qo‘liga ilk fototasvirni berishganida, u ta’sirlanib, yangilikni taniqli rassom Pol Delaroshga ilinadi. Rassom surat olishning bu qadar aniq realistik uslubi bilan tanishib, beixtiyor tutaqib ketadi va: “Bugundan rangtasvir o‘ldi!” deya xitob qiladi. Lekin vaqti kelib, “Bu kashfiyot rassomlarga ko‘p asqotadi”, deya tan oladi. U haq bo‘lib chiqdi, tez orada fotoapparat har jabhada, xususan, ilm-fanning deyarli barcha sohalarida qo‘llana boshladi.

Ko‘rinib turibdiki, fotografiya avval-boshdan san’at sifatida dunyoga kelgan. XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib, Yevropa rangtasvirida har xil avangard usullardagi “izm”lar – kubizm, ekspressionizm, syurrealizm, abstraksiya kabi realizmdan uzoqroq yo‘nalishda izlanadigan ko‘plab rassomlar paydo bo‘ldi. Akademik maktab asosida yetarli mahoratga ega bo‘lgan iqtidorli rassomlar yangilik yaratishga kirishdilar.

Gap shundaki, fotografiya kashf qilingunga qadar ko‘plab rassomlar asosan sarmoyadorlar tomonidan beriladigan portret buyurtmalarini bajarib, tirikchilik qilganlar. Bundan tashqari, akademik texnikaga asos solinib, realistik uslubda uyg‘onish davri boshlandi. O‘sha asrning qirqinchi yillaridanoq ilk fotopavilonlar paydo bo‘ldi. Badiiy didi yaxshi shakllangan fotograflar tomonidan olingan portretlar, albatta, rangtasvir asoslariga qurilgan. Fotografiyaga qiziqish va ishonch nihoyatda baland bo‘lgach, rassomlarda ham undan iloji boricha uzoqlashish zarurati tug‘ildi. Buning natijasida Eduar Mane, Van Gog, Salvador Dali, Pikasso, Mark Shagal (ro‘yxatni davom ettiraverish mumkin) kabi uslub va texnikada mashhur rassomlar paydo bo‘ldi.

Mana, fotografiya san’ati kashf etilishining ijobiy ta’siri! O‘sha asrning elliginchi yillaridayoq ilm, fan, adabiyot, san’at, texnika sohasining deyarli barcha mashhur namoyandalarining fotosuratlari tayyorlangan va ular endilikda qimmatbaho tarixiy ashyolar sifatida qadr topgan. Buni “soya solish”ning olamshumul ijobiy ta’siri, deyish mumkin.

Shu o‘rinda bir gapni aytib o‘tsam. Hozirgi zamon rassomlarimizning aksariyati ko‘pincha o‘zlari oladigan portret, manzara va boshqa janrdagi fotosuratlar asosida rangtasvir kompozitsiyalarni ishlaydilar. Ularning deyarli barchasida professional fotograflik malakasi yo‘q. Shu tufayli xolstga o‘girilgan ishlari ham ko‘pincha “salonbop” bo‘lib qolmoqda. Ajablanarlisi shundaki, ulardan ba’zilari mahoratli fotorassomlarni nazarga ilmaslikka harakat qiladilar-u, eng yaxshi ishlarni imi-jimida ko‘chirib ham qo‘yishadi.

– Fotomuxbirning ijtimoiy hayotdagi o‘rni haqida fikringiz?

– Shu o‘rinda o‘zbek fotografiyasining birinchi namoyandasi, asoschisi, o‘z zamonida misli ko‘rilmagan jasorat ko‘rsatgan, 1938-yilda Qodiriylar bilan bir kunda Yunusobodda otib tashlangan xorazmlik Xudoybergan Devonov,  Toshkentda tug‘ilib voyaga yetgan Georgiy Zelma, o‘z ishining fidoyisi Ravil Albekov, tug‘ma fotograf Sodiq Mahkamov nomlarini hurmat bilan esga olmasam bo‘lmas. Ularning ijodi va hayot yo‘li fotomuxbirning ijtimoiy hayotdagi o‘rnini ko‘rsatib turibdi.

Qo‘lida fotokamera tutgan, biror gazeta yoki jurnalda faoliyat olib borayotgan xodimni ko‘pincha fotojurnalist martabasi bilan siylashadi. Aslida, bu darajaga erishish hammaga nasib etavermaydi. Fotojurnalist – bu ijtimoiy faol shaxs. U keng dunyoqarashli, fuqarolik pozitsiyasidan kelib chiqqan holda, atrofda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga shaxsiy munosabatini bildira oladigan, o‘z sohasining ustasi, ijodkorlik qobiliyatiga ega shaxs bo‘lishi kerak. Aytish mumkinki, teran fikrlovchi, badiiy mushohadaga moyil, izlanuvchan kishidagina fotojurnalist martabasiga erishish salohiyati bo‘ladi. Dunyoda tan olingan fotoreportyorlar orasida bu talabga javob beradiganlar ko‘p. Bizning esa bu borada kamchiliklarimiz, hal qiladigan muammolarimiz bor. Fotografiya, fotojurnalistika mutaxassisligini egallashga intilayotgan bir qancha yoshlar bo‘lsa-da, ammo universitetda berilayotgan fotojurnalistika saboqlari hali mukammal emas. 

– Bu muammolarni bartaraf etish uchun nima qilish kerak, deb o‘ylaysiz?

– O‘zMU va O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakultetlarida mening mahorat maktabim tashkil etilgandi. Har ikkalasida ham bu fanni o‘qitishga munosabat achinarli darajada bo‘lgan. O‘zJOKU ochilishi bilan holat nisbatan o‘zgardi. U yerda birinchi bor mutaxassislikdan ta’lim berish uchun ma’lum darajada sharoitlar yaratildi. Resurslar ajratildi. Ammo o‘quv dasturi barcha uchun umumiy. Mutaxassis tayyorlaydigan fakultet yoki bo‘lim hali ochilgani yo‘q. To‘laqonli ta’limga erishish uchun resurs va sharoitlarni bir necha barobar oshirish zarurati bor.

Matbuotda ishlayotgan fotomuxbirlar qaysidir tajribaga tayanib, o‘z holicha o‘rganib kelmoqdalar. Axir, professional fotojurnalistika fani juda katta nazariy bilimlar majmuasiga tayanadi. Ana shu nazariy bilimlardan bexabar qolayotgani uchun ham gazeta yoki jurnallarda bir umr ishlab kelayotgan suratkashlar orasidan fotojurnalist darajasiga yetganlari kam.

Men shu sohaga kirib kelgan chog‘larda, sovet davrida “yetakchi” fotograflar milliy kadrlarning ro‘yobga chiqishiga har tomondan monelik qilishardi. “Fotografiya o‘zbeklarning ishi emas”, degan gap yurardi. Mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab ularning ko‘pchiligi tahririyatlarda o‘z ishini nari-beri qila boshlagan yoki umuman tashlab qo‘ygan. Esimda, shunday kunlarning birida Mayorov degan “mutaxassis” markaziy fotolaboratoriyada menga: “Sizlar endi mustaqilsizlar, endi aravalaringni o‘zlaring tortinglar”, degandi. Bu menga qattiq tegdi, oriyatim kelib, qaysi jurnal tahririyati nimani so‘rasa, bajarib berish uchun yelib-yugurib ishlay boshladim. Shuning uchun ham, 1992-yilning boshidayoq milliy kadrlar masalasini yuqori idoralarga olib chiqqanman. Shukrki, bularning hammasi endi tarixga aylandi. Bugun intiluvchan yoshlar safimizga qo‘shilmoqda.

– Fotojurnalist bo‘lishni maqsad qilgan yoshlarga aytadigan gapingiz bormi?

– Xalqning tarixini, dard-u armonlarini qalban his qila olgan kishigina haqiqiy fotojurnalist bo‘lib yetisha oladi. Unutmang, olingan har bir surat shu lahzadan boshlab tarixga, zamon ruhini o‘zida ortmoqlagan qimmatli ma’naviy xazinaga aylanadi.

Oydin YO‘LDOSHEVA suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2026-yil 22-maydagi 21-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605