Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


18.06.2026 | 12:24

img1658

“BORSA KELMAS” YO‘LLARIDA

Uch og‘a-ini botirlar. Ularning oldida uch yo‘l bor edi: borsa kelar, borsa xatar, borsa kelmas… Bu ertak ham emas, cho‘pchak ham. Bir oila bag‘rida kamol topgan uch aka-uka – Sultonma’sud, Shohrux va Sultonmahmud Xolbotirovlarning taqdir yo‘li, qismati haqidagi mudhish haqiqatdir.

Oradan qariyb bir asrga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, aka-ukalar boshdan kechirgan fojia yuraklarni hanuz larzaga soladi. Ular ko‘zlagan manzil va yo‘l qanday edi?

Sultonma’sud Xolbotirov 1888-yili Andijon shahrida tug‘ilgan. Otasi Ro‘zadorbiy Xolbotir o‘g‘li suv inshootlari bo‘yicha nazoratchi, keyinchalik Andijon shahrida bosh oqsoqol bo‘lgan. Xolbotirbek asli buxorolik bo‘lib, amir Muzaffarxon davrida bek maqomida xizmat qilgan. Amir tomonidan vazifa berilib, Qo‘qon va Andijonga yuborilgach, oila shu yerda muqim qolgan.

Ro‘zadorbiy 1898-yilgi Andijon qo‘zg‘olonidan keyin qirg‘in va jazolar avj olgan pallada xalq tomonida turgan yovqur kishilardan edi. Fozilbek Otabek qozi o‘g‘li “Dukchi Eshon voqeasi” asarida uning mahalliy aholi boshiga tushgan kulfatni yengillatishga, begunoh odamlar qoni to‘kilmasligiga uringanini yozadi. Turgan gapki, chor ma’murlari bunday munosabatni kechirmaydi: u oqsoqollikdan chetlatiladi va ko‘p o‘tmay vafot etadi. Undan Sultonmuhammad, Sultonma’sud, Shohrux va Sultonmahmud ismli o‘g‘illar qoladi. Aka-ukalar rus-tuzem maktablarida tahsil ko‘rib, zamonasining ilg‘or bilimlarini egallashga intiladi.

Sultonma’sud 11 yoshida otadan ajrab, o‘qishni to‘liq davom ettira olmay, mehnat qilishga majbur bo‘ladi. 16 yoshidan Uchqo‘rg‘onda mirzalik, so‘ng Izboskan pristavosida tilmochlik (1905–1910) qiladi. 1911-yildan “Vladimir Alekseyev” firmasida mirza vazifasini bajaradi. Keyinchalik Ko‘gart irrigatsiya tizimida, Norin, Haqqulobod suv xo‘jaliklarida ishlaydi. U o‘z tarjimayi holida: “Yanada rus tilini o‘rganish va amaliyotda savodxon, ma’lumotli bo‘lish maqsadida men uchun uch-to‘rt yil Izboskan jabha pristani devonxonasida xat tashuvchi, mirzachilik qilishimga to‘g‘ri keldi”, deb yozadi.

1917-yilgi fevral inqilobidan so‘ng Turkistonda uch hokimiyat vujudga kelib, yurt kelajagi masalasi kun tartibiga chiqadi. Ana shu pallada Sultonma’sud Xolbotirov ham jamoat ishlarida faol ko‘rina boshlaydi. Shahar dumasiga saylanadi, Andijon shahar boshqarmasida sog‘liqni saqlash mudiri yordamchisi bo‘lib ishlaydi. Bolsheviklar tajovuz yo‘li bilan hokimiyatni qo‘lga kiritgach, boshqalar qatori Sultonma’sud ham sovet idoralarida xizmat qilishga majbur bo‘ladi. Tez orada Turkiston respublikasi Sovetlarining VI syezdiga delegat qilib saylanadi. Andijon Soveti ijroiya komiteti ma’muriy bo‘limini boshqaradi. Ayni paytda Farg‘ona vodiysida “dashnoqlar”ning qirg‘inlari, bosmachilik harakatlari, siyosiy beqarorlik avj olgan og‘ir bir muhit hukm surardi. U 1919-yil mayida Andijonda tashkil etilgan inqilobiy qo‘mitaga rais o‘rinbosari etib saylanadi.

1920-yilda Turkiston komissiyasi a’zolari Kuybishev va Frunze Andijonga kelganida Sultonma’sud Xolbotirov ham bir guruh milliy rahbarlar qatori hibsga olinadi. 1920-yil 5-maydan 9-avgustga qadar Toshkentda qamoqda saqlanadi. Qamoqdan chiqqach, yana davlat ishlariga jalb qilinadi. Sirdaryo viloyati maorif bo‘limida, Turkiston respublikasi xalq maorifi komissarligi huzuridagi o‘zbek ilmiy hay’atida, keyin Kampirravot suv ombori qoshidagi inqilobiy komitetda rahbarlik vazifalarida ishlaydi. Andijon dehqonlarini suv bilan ta’minlash kabi og‘ir va mas’ul ishlar uning zimmasiga yuklatiladi. Keyin mahalliy xo‘jalik bo‘limi mudiri (1922–1923), uyezd-shahar ijroqo‘mi raisi o‘rinbosari, paxta zavodi rahbari (1925–1926) vazifalarida xizmat qiladi.

Zamondoshlari uni vazmin, xalq dardi bilan yashaydigan rahbar sifatida e’tirof etadi. Fuqarolar urushi, ocharchilik va beqarorlik yillarida boshqaruv idoralarida ishlab, vodiyda hayotni izga tushirishga urinadi. Turkistonning eng tahlikali yillarida mas’uliyatdan qochmay, og‘ir vazifalarni zimmasiga olgani ham uning fe’l-atvoridagi matonat, jasoratdan dalolat beradi. Biroq 1937-yil qatag‘onlari Sultonma’sud Xolbotirovni ham ayovsiz sindirdi. 11-oktyabr kuni u hibsga olinib, uyida tintuv o‘tkaziladi. Tergovchilar uning faoliyatini “Sho‘royi islom” va “Milliy ittihod” tashkilotlari bilan bog‘lashga urinadi. Keyin ayblov xulosasi va “uchlik”ning hukmi bilan ham tanishtirilmay, Buryatiyaning Ulan-Ude shahriga qamoqqa yuboriladi. “Uchlik”ning 1937-yil 17-noyabrdagi hukmi bilan esa shu joydagi turmada tanishtiriladi. Shunda u O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissariga ariza bilan chiqadi, tuhmat qilinganini asoslashga urinadi. Natija bo‘lmaydi.

So‘ng SSSR Ichki ishlar xalq komissariga ariza yo‘llaydi: “Qanday tahrir qilingan holda mening javoblarim so‘roq bayonnomasiga kiritilganini bilmayman. Badiiy tahrir qilish tergovchilar va xususan Voyloshnikov tasarrufidagi ish edi, u o‘zi yozgan va meni imzolatib olgan so‘roq bayonnomasini o‘qish uchun bermagan. Bu haqda men ikkinchi tergovchi Chaliyga murojaat qildim, ammo u hech qanday e’tibor bermadi. Tergovchi Chaliy 5-noyabr kuni kechasi soat 12 da menga “Qamalganlar uchun anketa”ni imzo qo‘yish uchun berdi. Uni avvaldan o‘zi to‘lg‘azib qo‘ygan ekan, ko‘plab tuzatishlar va yozuvlar bilan buzilgan, noto‘g‘ri anketani imzolash uchun meni “majbur qilishdi”.

Arizaning keyingi satrlarida u o‘zining aynan nima uchun qamoqqa olingani, nega turmada o‘tirganini hanuz tushunolmasligini bildirib, butun hayotini himoya qilib chiqadi: “Agar 1917-yili shahar Dumasiga saylanganim uchun bo‘lsa, u holda men rus tilini bilgan, mas’uliyatli kishi sifatida saylanganman…” va hokazo va hokazo.

Barcha murojaatlar besamar ketib, bu xat ham javobsiz qoladi. Sultonma’sud Xolbotirov ming bir azoblar iskanjasida Ichki ishlar xalq komissarligining Amur lagerida halok bo‘ladi.

* * *

1924-yilning 8-yanvar kuni Toshkentning o‘sha vaqtdagi Sverdlov nomidagi teatr binosi Turkiston respublikasi Sovetlarining XII syezdiga kelgan 400 ga yaqin vakillari bilan to‘la edi. Turkiston fronti qo‘mondoni S.Pugachyov syezd minbarida turib, Butunittifoq Markaziy Ijroiya Komiteti nomidan 34 yoshli Shohrux Xolbotirovning ko‘kragiga “Qizil Bayroq” ordenini taqqanida yangragan qarsaklar sadosi butun zalni gumburlatib yubordi.

Shohrux Xolbotirov mehnat faoliyatini 1911-yili Andijon uyezdi Qo‘qonqishloq sudida mirzalikdan boshlagan. Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng Baliqchi volostida ariq oqsoqoli bo‘lib ishlarkan, uni sovetga a’zo qilib saylashadi. Keyinchalik u Jalolobod va Haqqulobod inqilobiy qo‘mitalarida rahbarlik vazifalarini bajaradi.

Shohrux Xolbotirov 1923-yil may-sentyabr oylarida Andijon uyezdi bo‘yicha och qolganlarga yordam ko‘rsatish komissiyasini boshqaradi. Tez orada respublika miqyosidagi rahbar kadrlardan biriga aylanadi. O‘zSSR Yer-suv ishlari xalq komissarligida suv xo‘jaligi boshlig‘i etib tayinlanadi. 1930-yili Respublika poytaxti Samarqanddan Toshkentga ko‘chirilgach, Zarafshon vodiysi suv xo‘jaligi boshlig‘i bo‘lib Samarqandda qoladi.

Hamkasblaridan biri uni shunday eslaydi: “Nihoyatda oqko‘ngil va mehribon inson. Odamlarni o‘ziga jalb etadigan qandaydir jozibali kuch sohibi edi. Uni sevib, hurmat qilmaslikning iloji yo‘q edi. O‘sha og‘ir kunlarda u har doim o‘z xodimlarining moddiy ahvoli bilan qiziqardi, muhtojlarga yordam berish, qo‘llab-quvvatlash haqida ko‘rsatmalar berardi”.

1936-yili Asakada bo‘lib o‘tgan ilg‘or paxtakorlar slyotida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Ijroiya Komiteti birinchi kotibi Akmal Ikromov uning nomini alohida tilga olib, respublika suv xo‘jaligi rivojiga qo‘shayotgan hissasini e’tirof etadi.

1937-yil boshlariga kelib, u ham NKVDning asosiy nishonlaridan biriga aylanadi. Bu damda u Zarafshon vodiysi suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i sifatida yirik irrigatsiya ishlariga rahbarlik qilayotgan edi. Yanvar oyida O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissarligi davlat xavfsizligi boshqarmasi kichik leytenanti Rezyapov 3-bo‘lim materiallarini ko‘rib chiqib, Shohrux Xolbotirov ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atish haqida qaror tayyorlaydi. Unda “sovetlarga qarshi kayfiyatdagi unsurlarni to‘plagan”, “O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti rahbariyatiga qarshi terrorchilik kayfiyatidagi shaxslar bilan aloqada bo‘lgan”, kabi ayblovlar mavjud edi. Shu bilan birga, Ravotxo‘ja plotinasi qurilishi uchun ajratilgan 160 kub dumaloq yog‘och, 126 kub taxta, bir yarim tonna temir, 54 tonna sement va 100 ming so‘m mablag‘ni o‘zlashtirgani haqidagi bo‘htonlar ham ishga qo‘shib yuboriladi. Qo‘l ostidagi 330 xodimning 470 ming so‘m qarzi borligi asos qilib olinib, uni Toshkentda hibsga olish haqida hujjat tayyorlanadi.

1937-yil 11-yanvarda respublika Ichki ishlar xalq komissari Zagvozdin mazkur qarorni tasdiqlaydi. Shohrux Xolbotirov O‘zSSR Jinoyat kodeksining 63- va 67-moddalari bilan ayblanib, hibsga olinadi. Uning pasporti va guvohnomasi musodara qilinadi. Shu kuni Samarqand shahri Nekrasov ko‘chasidagi 4-uyda tintuv o‘tkaziladi. Tintuv chog‘ida 16 yashar qizi Oyimchaxon ham qatnashadi. Uydan 36 ta fotosurat, 29 ta yozuv bloknoti, Zarafshon vodiysi suv xo‘jaligi sxemasiga oid ikki xarita, 1933–1935-yillar suv taqsimoti hujjatlari, 1936–1942-yillarga mo‘ljallangan tadbirlar rejasi, albom, turli yozishmalar hamda ov miltig‘i uchun pistonlar olib qo‘yiladi. Tergov anketasida uning oilasi – rafiqasi Shahrixon, qizlari Oyimchaxon, Jo‘raxon, Umidaxon hamda Mamlakatxon haqida ma’lumotlar ham birma-bir qayd etilgan.

Tergov davomida turli guvohlardan ko‘rsatmalar olinadi. Ulardan birida Shohrux Xolbotirovning: “Biz ruslar rahbarligida ishlay olmaymiz… Endi hammamiz birlashishimiz, o‘zimizga tarafdorlarni jalb etishimiz kerak, shu yo‘l bilan rahbarlikni qo‘lga olib, ruslarni haydab chiqarishimiz kerak”, degan so‘zlari qayd etilgan. Yana bir ko‘rsatmada esa u paxta siyosati haqida norozilik bildirib, “Paxta ekishni kamaytirish, boshqa ekinlarni ko‘paytirish lozim”, degani yozib olinadi.

1937-yil mart-iyul oylariga oid saqlanib qolgan so‘roq bayonnomalaridan ma’lum bo‘lishicha, Xolbotirov “ayblar”ni tan olmaydi. Biroq oylab davom etgan bosim va qiynoqlardan keyin 15-iyuldagi so‘roqda u tergovchilar talab qilgan ko‘rsatmalarni imzolashga majbur qilinadi. Shu asosda tergovchi ishni yakunlab, prokuror orqali sudga topshirish uchun ayblov xulosasini tayyorlaydi va sudga taqdim qiladi.

1937-yilning noyabrida Samarqandda respublika Oliy sudi maxsus kollegiyasining yopiq sudi bo‘lib o‘tadi. Shohrux Xolbotirovga avval otuv hukmi chiqariladi. So‘ng bu jazo 20 yillik qamoqqa almashtiriladi. U 1938-yilning dekabrida og‘ir xastalikdan vafot etadi.

* * *

Ro‘zadorbiyning to‘rtinchi o‘g‘li Sultonmahmudni Andijon shahri, Kengash mahalla 9-uydan 1937-yil 2-oktyabr kuni Ichki ishlar xalq komissarligi Andijon sektori 3-bo‘limi xodimlari hibsga olib, shahardagi Latazavoddagi turmaga tiqishadi. U haqdagi ma’lumotlarni asosan mahbus anketasidan o‘qiymiz.

Hujjatda uning 1890-yili tug‘ilgani, hibsga olingan paytda Norin tumani Sho‘rariq qishloq matlubotida magazin mudiri bo‘lib ishlagani yozib qo‘yilgan. Shuningdek, Sultonmahmud Xolbotirovning 1918-1919-yillarda qizil gvardiya safida xizmat qilgani ham alohida qayd etilgan. U hibsga olingan paytda rafiqasi Arofatxon 25 yoshda, o‘g‘li (birinchi turmushidan) Nasibxon o‘n yettiga kirgan, qizlari hali yosh edi.

Sultonmahmud Xolbotirov hayot yo‘lining bugungacha yetib kelgan manzarasi sarg‘aygan tergov jildlari, mahbus anketalari va so‘roq bayonnomalarida aks etadi. Uning nomi tobora “Milliy ittihod” tashkiloti bilan bog‘lab ko‘rsatila boshlaydi. 1937-yil 2-noyabrda Hasanxon Niyozovdan olingan ko‘rsatmada u va Sultonma’sudning mazkur tashkilotga aloqadorligi haqida aytilsa-da, biror aniq ma’lumot keltirilmaydi. Biroq bunday noaniq va isbotsiz ko‘rsatmalarning o‘zi katta terror malaylari uchun yetarli edi. Arxiv hujjatlarida NKVD xodimi Chaliy bu jarayonning asosiy tashkilotchilaridan biri sifatida tilga olinadi.

Oqibatda qahramonimizning “aksilinqilobiy faoliyati”ni “asoslash” uchun 1934-yili berilgan ko‘rsatmalar ishga tirkaladi. Unda Sultonmahmud Xolbotirovning: “Birodarlar, biz kimmiz o‘zi? Biz turonlar avlodimiz, shuning uchun bu panturkchilik tarafdori bo‘lishimiz kerak… Garchand bizlar sovet xodimlari bo‘lsak ham, lekin bu holat doimiy emas, oxir-oqibatda bir kun kelib bu davr o‘tib ketadi”, degan so‘zlari uni “millatchi” va “panturkizm tarafdori”, “aksilinqilobchi” sifatida baholashga kifoya qilardi. Kenja farzandning ishi O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissarligi qoshidagi “uchlik” muhokamasiga yuboriladi. 1937-yil 13-noyabrda u ham 10 yil qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Yillar o‘tib, Sultonma’sud, Shohrux va Sultonmahmud Xolbotirovlar ishi qayta ko‘rib chiqiladi. 1957–1958-yillarda qo‘yilgan ayblovlar asossiz ekani tan olinib, ular oqlanadi. Qizig‘i shundaki, uch og‘a-ini taqdirini hal qilgan Chaliy, Voyloshnikov, Berg kabi NKVD xodimlari ham bu vaqtda o‘zlari xizmat qilgan qatag‘on mashinasining o‘tkir tig‘lari domida qiymalanib ulgurgandi.

* * *

Uch og‘a-ini botirlar. Ularning oldida uch yo‘l bor edi: borsa kelar, borsa xatar, borsa kelmas… Bu ertak ham emas, cho‘pchak ham, bir oila bag‘rida kamol topgan uch aka-uka – Sultonma’sud, Shohrux va Sultonmahmud Xolbotirovlarning taqdir yo‘li, qismati haqidagi mudhish haqiqatdir.

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2026-yil 12-iyundagi 24-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599