Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


24.04.2024 | 14:40

img2381

INSHO HAQIDA INSHO

Insho omili. Maktab ta’limidagi insho degan nihoyatda muhim nazorat usuli unutilgani yo‘qmi? Unutilmagan bo‘lsa ham, hozir u ta’lim jarayonining bir chetiga surib qo‘yilgani aniq: “Nima hojat? Vaqtni testga tayyorla­nishga sarflash kerak”. Holbuki, insho millat taraqqiyoti uchun zarur omillardan biridir.   Insho o‘quvchilarda so‘z boy­li­gini orttirish, imlo qoi­da­larini bi­lish, xotirani mus­tahkamlash (badiiy asarlardan iqtiboslar), o‘z fikri­ni to‘g‘ri ifodalay olish, katta hajmdagi matnni tizimga sola bilish (rejalashtirish) kabi sifatlarni tarbiyalaydi. Insho – kitob o‘qish, uqish, o‘qilgan asar ustida fikrlash va tahlil qilishga undaydi. U yangilikka intilish (kreativ­lik – badiiy asar yoki ilmiy maqola sifatida chop ­etish mumkin bo‘lgan insho­lar yozilgan), assotsiativ tafakkur (o‘xshatish, istiora, mubolag‘a kabi so‘z san’ati unsurlaridan foy­da­lana bilish), mantiqiy fikrlash, o‘z xatolarini aniqlash va tuzata olish, yozganini tahrir qilish, takomillashti­rish kabi qobiliyatlarni mustahkamlaydi. Bularning barchasi esa mamlakat miqyosida bo‘lg‘usi kadr­­larning sifatini, ayniqsa, dav­lat lavozimlarida ish­lay­digan xodimlarning mala­ka­sini shakl­lantirishda be­qiyos o‘rin tutadi. Insho – o‘quvchidan kitob o‘qish­ni talab etar ekan, shu orqali uning ruhiy va emotsional dunyosini boyitadi, xarakterida mard­lik, oli­janoblik, jo‘mardlik, vafo­dorlik, sadoqat, halollik, ado­latparvarlik, xalq­parvarlik, insoniylik, xolislik, burch­dorlik, sami­miylik, oriyat kabi fazilatlarni tar­biya­laydi. Bugun bun­day fazilatlar Abdulla Oripov­ning “Qo‘riqxona” she’rida zikr etil­ganiday noyob bo‘lib bora­yotgani­ning sababi, yaxshi­lab o‘ylab ko‘­ril­sa, inshosiz ta’limga ham borib taqaladi.   Insho maktab ta’limida, albatta, alohida o‘ringa ega bo‘lishi lozim. Buning uchun esa yuqori bosqichlarda muntazam insho yozdirilishi, mak­tab­ni bitirish imtihonlarida ham, oliy o‘quv yurtlariga qabul imtihonlarida ham inshodan sinov bo‘lishi shart. Afsuski, hozirgi test sinovi inshoga, umuman, yozma imtihonga ko‘ndalang. O‘sib kelayotgan avlodlar­ning tafakkurini shakllantirishda insho “hayot va mamot” masalasi, ta’lim­da inshoni tiklash esa mamlakat taraqqiyoti uchun strategik ahamiyatga molik muam­modir. “Nuridiyda” emas, “nuri diy­da”. Insho umumiy ta’lim tizimiga XIX asrda Yevropaning ilg‘or pedagoglari tomonidan kiri­tilgan. Buyuk Britaniya maktablarida hozirgacha nafaqat adabiyot, hatto tarix va geogra­fiya fanlaridan ham esse yozdi­rib kelinadi – bu vatanparvarlikni tarbiyalaydi. Ingliz tilida u “yozma ijod mahsuli” (written composition) deb ata­ladiki, vositaning mohiyatini rav­shan ko‘rsatadi: yozishga va ijodga o‘rgatish! O‘zbekiston tarixida insho XX asrning 20-yillarida joriy qilinib, to 50-yillargacha o‘z funksiyasini a’lo darajada uddalab keldi. Bu asrning o‘rtalaridan mamlakatda fan va madaniyat, ayniqsa, adabiyot va jurnalistika yuksali­shida ana shu omilning roli katta bo‘lgani shubhasiz. Xo‘sh, nega endi 1950-yillargacha? Un­­dan keyin ham insho yozilgan-ku! To‘g‘ri, ke­yin ham yozilgan, ammo oliy o‘quv yurtlariga ki­rib o‘qish degan tushunchada g‘aro­yib mayishish (deforma­tsiya) bosh­­langan. Uning mohiyati: bi­lim bo‘lishi shart emas, shpargal­ka, tanish-bilish, pora berish kabi yo‘llar bilan o‘qishga kirib, dip­lomli bo‘linsa kifoya. Mana shu deformatsiya oqibatida insho ijodiy sinov emas, balki baho olish predmetiga aylana bordi. Baho esa imtihon topshiruvchining taqdiriga – oliy o‘quv yurtiga kirish-kirmasligiga ta’sir qiladi. Demak, nima qilib bo‘lsa ham ijobiy, imkon qadar yuqori, “prestijniy” ixtisosliklarga kirish uchun “a’lo” (“besh”) bahoga erishish kerak. Buning natijasida oliy o‘quv yurtlariga qabul imtihonlari, alal-oqibat funk­siyasi­ga ko‘ra o‘zining ziddiga – bilimlilarni emas, ayrim toifadagilarni sa­ralash vositasiga aylandi. Bu hodisani yorituvchi yorqin bir misol keltirishni lozim topa­miz. Ushbu satrlar muallifi o‘tgan asrning 80-yillari boshida bir marta apellyatsiya komissiyasi a’zosi bo‘lgan edi. Bu juda yengil yumush chiqdi. Chunki yildan yil paxta rejasi ortib borishi, kol­xoz-sovxozlardagi qal­­­­­lobliklar sa­babli maktab o‘quvchilari paxta yetishtiruvchi asosiy kuchga ay­langan, umrining yarmi dalada o‘tar ediki, buning oqibatida abituriyentlarning bilim darajasi keskin tushib ketgan. Matematikadan imtihon, ayniqsa, yozma ish qabul qilinadigan ixtisoslik­larga qabul rejasi ko‘pincha to‘lmay qolar edi. Hatto qo‘zi-yu buzoqning tug‘ilishigacha rejalashtirilgan tuzumda qabul rejasi bajarilmay qolsa, dakki yeydigan rektorlar baholarga talabni susaytirishni talab eta boshlagan. Xususan, mate­ma­tikadan imtihonda baho qo‘yish o‘ta liberallashgan. Aniqroq ayt­ganda, yozma ish beshta masaladan tuzi­lib, aslan kamida uchtasini ishlagan abituriyent ijobiy baho olishi lozim bo‘lsa, fizika-matematika ixtisoslik­larida ikkita, geologiya, psixologiya kabi ixtisosliklarda bitta masala uchun qoniqarli baho qo‘yilgan. Ustiga ­ustak yil o‘tgan sayin masalalar soddalashtirib borilgan. Shuning uchun matematika imtihonining bahosidan norozi abituriyent deyarli bo‘lmas edi. Inshodan esa… olgan bahosidan norozilar juda ko‘p bo‘lib, ona tili va adabiyot fani bo‘yicha apellyatsiya komissiyasi a’zo­si bo‘lmish filolog domlaning ishi boshidan oshib yotar, buning ustiga, ayrim da’vogarlar bilan uzoq bahs qilishiga to‘g‘ri kelar edi. Shunday voqea xotiramga mixday qoqilgan – inshodan “to‘rt” baho olgan bir abituriyent kirib kelib domlaga ro‘baro‘ bo‘ldi. Uning odobi, ko‘zlaridagi ilm­ga ishtiyoq, ayni paytda kutganidan pastroq baho olganidan taajjubni ifodalovchi qiyofasi hamon ko‘z oldim­da. Domla inshoni varaqlar ekan, peshonasi terlay boshladi. Daftarga ko‘z qirini tashladim – bitta orfo­grafik xato, ikkitadan tinish belgilari va stilistik xato degan yakun bilan “to‘rt” baho qo‘yilgan ekan. Bola ruhan ezilib “Orfografik xato qilibmanmi?” deya so‘radi. “Ha, o‘g‘lim, – dedi domla ham o‘zidan o‘zi norozi ohangda, – “nuri diyda” degan iborani qo‘shib yozibsiz”. Bolakayning kiprik­lari namlandi. Bosh­qalarga o‘xshab u bahslashmadi, chamasi, tarbiyasi bunga yo‘l qo‘ymadi, sekin o‘rnidan turib eshikka yo‘naldi.  Tabiiy e’tiroz tilga keldi: – Buni orfografik xato demasa ham bo‘ladi-ku. Imlo lug‘atini suv qilib ichib yuborgani ko‘rinib turibdi – besh sahifa inshoni xatosiz yozibdi, hatto ancha-muncha romanda uchramaydigan nodir so‘zlarni ham qo‘llabdi. Husnixati ham havas qilgudek. – E, uka, – dedi domla yig‘laguday bo‘lib, – agar filfakka topshirganida, hech ikkilanmay “besh” qilib berar edim. Tekshirgan domla ham “to‘rt” qo‘ymagan bo‘lar edi. Afsuski, u baland dorga osilgan, medalist ekan, inshodan “besh” olsa, bitta o‘rinni yulib ketadi. – Yaxshi emasmi? Domla ko‘rsatkich barmog‘ini ko‘tarib, yuqoriga nuqidi: “Har bir o‘rin ozg‘ingina xonimingizning hisobida, agar “besh”ga to‘g‘rilasam, ishdan haydalaman. Meni ham tushuning, uka”. (Kesatiq bilan ozg‘ingina atalgan xonim – amalda universitetni boshqargan prorektor.) Domlaning so‘nggi gapi ana shu fakultetga faqat yuqorining ro‘yxatidagi bolalargina kirishi lozimligiga ishora edi. Bunga ko‘ra, ismi-familiyasi “ro‘yxat”ga kirganlarning inshosi har bir so‘zida xato bilan yozilgan bo‘lsa ham “besh”, ro‘yxatga kirmagani uchun, u iqtidorlining iqtidorlisi bo‘lsa ham, qabul eshiklari berk bo‘lgan. Albatta, bundan istisnolar yo‘q emas – boshiga qilich kelsa ham, to‘g‘ri baho qo‘yadigan domlalar uchrar edi. Ammo ular yo imtihon komissiyasi tarkibiga kiritilmagan, yo ishdan bo‘shatilgan. Ro‘yxatlar ro‘yxati. Aslida ro‘yxatlar ko‘p bo‘lar edi: eng yuqorida “rektor ro‘yxati” turgan, so‘ng prorektorlar, part­kom, mestkom, qabul komissiyasi rah­barlari, predmet komissiyalari rais­lari, dekanlar ro‘yxati va hokazo. Yuqoriroqning ro‘yxatidagi abituriyentlar hamma imtihondan sip-silliq o‘tar, pastga tushgan sari raqobat, turli ro‘yxat sohiblari o‘rtasida “sen – menga, men – senga” qabilida savdo bo‘lar edi. Xullas, yil o‘tgan sayin ro‘yxatkashlik oqibatida o‘ta prestijli ixtisoslarga “yuqori”ning ro‘yxatidagilar soni ajratilgan o‘rinlardan ortib keta boshlagan. Bu­ning oqibatida kelib chiqadigan kolliziyalar yozilsa, yaxshigina tragikomediya bo‘ladi. Oliy o‘quv yurtlariga qabul paytidagi ro‘yxatbozlik asli jinoyat, kadrlar siyosatining ildiziga bolta urish edi. Shunga qaramay, biror rektor buning uchun ishdan olingan emas. Aksincha, biror oliy mansabdor­ning arzandasi “rektor ro‘yxati”ga kiritilgani holda, nimadir sabab bo‘lib, o‘qishga kirolmay qolsa, rektorga chora ko‘rilgan. Hatto akademik S.H.Sirojiddinovday buyuk olim va fidoyi vatanparvar yetmishga yetmay vafot etib ketishining sabablaridan biri shu bo‘lgan – alloma so‘ng­gi marta rektor etib tayinlanganda, ro‘y­xat-po‘yxat degan narsaga yo‘l qo‘ymagan. Bu­ning oqibatida “yuqori”dagilarning e’tiboridan mosuvo bo‘l­gan, Anishchev-Satin tandemi domlaga tashlanganida, himoya qilish o‘rniga, tomoshabin bo‘lib turishgan. (Balki qarsak ham chalishgandir). “Biz ham anoyi emasmiz”. To test tizimi joriy qilinguncha qabul imtihonlaridagi g‘irromlik quyi­dagilar­ning ijodkorligi, tadbirkorligi bilan ham “gullab-yashnagan”. Bu borada qilingan ixtirolarning sanog‘i yo‘q. Gap nimadaligi haqida tasavvur berish uchun namunalar keltiramiz. 1. Shpargalka. Bu usul taraqqiy qilib industriya darajasiga yetgan – maxsus shpargalka ishlab chiqarish “kasbi” paydo bo‘lgan. 2. Abituriyent o‘rniga imtihonga a’lochi talabani kiritish (pasportdagi rasm almashtirilgan). 3.Abituriyent bilan birga a’lochi o‘quvchi yoki student hujjat topshirishi va bitta xonaga kirib o‘tirishi. 4. Abituriyent imtihon xonasining derazasi tagiga o‘tirib, insho mavzusi yoki yozma ishni ipga bog‘lab, tashqariga tushirishi, so‘ng shpargalkani tortib olishi. 5. A’lochi ekanligi qirtillatib yozishidan ko‘rinib turgan qo‘shni abituriyentdan ko‘chirish. 6. Imtihon nazoratchisini sotib olishga urinish. 7. Qabul komissiyasi a’zosi orqali yozma ish yozilgan daftarni kiri­tish. 8. Inshoning sarlavhasini boshqacha yozish. 9. Daftarning birinchi sahifasining oxiri­ga oldindan ke­li­shib olingan so‘z yozish. (So‘nggi ikki usulda imtihon komissiya­sining a’zosi kerakli inshoni shifr­langan daftarlar ichidan ajratib olgan.) 10. Dotsent X.Jumayev shunday voqeani so‘zlab bergan edi: “Fizfak podvalidagi o‘quv zalida yozma imtihon boryapti. Shu zalning kiraverishida hojatxona bor. Abituriyentlar hojatxonaga chiqib kelishni so‘rashadi. Rahmdillik qilib ruxsat beramiz. Negadir hojatga chiquvchilar ko‘p. Bundan taajjubga tushib, borib qarasak, hojat­xona devorlari qistirilgan qog‘ozlar bilan yulduzli osmon­day. Ochib ko‘rsak, yangi qistirilganida variant, avvalroq qis­ti­ril­ganining o‘rnida tayyor shpargalka. Ma’lum bo‘lishicha, abituriyent birinchi safar yozma ish variantini qistirib qo‘yar, uning bu qog‘ozini binoga kirish, demak, hojatxonaga ham tushishga ruxsati bor xodim­lar olib, shpargalkaga almashtirar, so‘ng abituriyent ikkinchi marta chiqib uni olar ekan”. Va hokazo. Nima uchun test? 1991-yilning qabul kampaniya­sida mamlakatning yetakchi universitetlaridan birida ajoyib bosh­qotirg‘ich vujudga kelgan – “pres­tijniy” fakultetga hujjat topshirib, hamma imtihondan “besh” baho olganlarning soni ajratilgan qabul rejasidan ancha ortib ketgan! Qabul masalasi osilib qolganidan xavotirga tushgan ota-onalar prezident idorasiga borib, shikoyat qilishgan. Holatni bilgan prezidentning boshi qotib, masalani hal qilishni o‘sha paytda vazirning birinchi o‘rinbosari M.Qoraboyevga topshiradi (Alloh rahmat qilsin). U g‘alvani topqirlik bilan tinchitgan. Xuddi shu kunlari O‘zbekiston mus­taqilligi ­e’lon qilinadi. Uni birinchilar qatorida Turkiya Res­publikasi tan oladi. Yil oxirida rasmiy hay’­at Anqaraga tashrif buyuradi. O‘zbekiston-Turkiya muzokaralarida ushbu mamlakat Bosh vaziri Sulaymon Demirelning Nomiq Kamol Ziyobek ismli yordamchisi (bizdagi o‘rinbosarga to‘g‘ri keladi) ham qatnashadi, albatta. U o‘zi asli shoir bo‘lib, ta’lim sohasiga mas’­ul ekan. Tomonlar­ning kengaytirilgan uchrashuvlaridan birida O‘zbekis­ton prezidentining yodiga yozdagi g‘alva tushib, “Afandim, sizlarda universitetlarga qabul qay tarzda o‘tadi? Shikoyatlar ko‘p bo‘ladimi?” deya qiziqadi. Nomiq afandi Turkiyada universitetlarga qabulni OSYM degan markaz test usuli bilan amalga oshirishi­ni, bu tizim joriy qilinganiga yigirma yildan oshgani, har yili millionlab yoshlar test topshirsa ham, hozirgacha olgan balidan birorta norozi ham, shikoyatchi ham bo‘lmaganini aytadi. O‘sha yerning o‘zida Turkiyaning universitetlariga qabul jarayonini o‘rganish va O‘zbekistonda joriy qilishga kelishib olinadi. Shunday qilib, 1992-yilda oliy o‘quv yurtlarning bir qismida tajriba tariqasida, 1993-yildan barchasida qabul test sinovlari vositasida amalga oshiriladi. Test sinovdan o‘tdimi? Xo‘sh, oliy o‘quv yurtlari­ga qabul uchun test tizimini joriy qilish o‘zini oqladimi? Shubhasiz, dastlabki bir necha yil ichida test sinovlari ulkan ijobiy rol o‘ynadi – ich-ichidan chirib bit­gan imtihon tizimiga nisbatan beqiyos darajada xolis va ob’yektiv o‘tib, aholining e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Albatta, test tizimining ham kamchiliklari oz emas. Muallif “O‘zbekis­ton adabiyoti va san’ati” gazetasi­ning 1994-yil 21-sonida bu haqda maqola e’lon qilgan, unda avvalgi va yangi qabul usullari qiyosiy tahlil etilgan, test usulining o‘nta ijobiy tomoni va o‘nta kamchiligi ko‘rsatilgan edi. Ijobiy tomonlaridan eng asosiy­si – xolis o‘tkazish imkoniyati, kamchiliklaridan eng asosiysi – u yozma imtihon o‘rnini bosolmasligida.  Afsuski, test sinovlarining xolisligi uzoq davom etmadi. “Farzandim bilimli bo‘lsin” emas, “diplomli bo‘lsin” degan tamoyil test deb atalgan “qal’a”ning bir u joyidan, bir bu joyidan qo‘pora boshladi. Test sinovlaridagi noxolislikning bosh sabab­laridan biri – ularning oliy o‘quv yurtlarida o‘tkazilishi bo‘lgan (to 2017-yilgacha). Qisqa muddat ichida “bunker” degan g‘irromlik ishga solindi. Yillar o‘tishi bilan ahvol shu darajaga yetdiki, yirik universitetlardan birida grant asosida qabul qilinganlarning bali bilan navbatdagi abituriyentning bali o‘rtasidagi farq 50 dan yuqori bo‘lgan. Bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda rosa shov-shuv keltirib chiqargan edi. Zotan, bunday farq mazkur universitetda grant o‘rinlariga qabul rejasi 100 foiz “bunker”dagilar bilan to‘ldirilganini bildiradi. Beixtiyor xalq iborasi yodga keladi: “O‘g‘ri bo‘l, g‘ar bo‘l – evi bilan bo‘l”. Darvoqe, quyidagilar ham mudrab o‘tirgani yo‘q. Bilimi nol bo‘lgan abituriyent ham yuqori bal olishini ta’minlaydigan shpargalkalar o‘ylab topildi. Mana shunday “eshik qolib, teshikdan kirish” tamoyili oqibatida oliy o‘quv yurtlarida deyarli chalasavodlar o‘qigan yillar hali mudarris-domlalar yodi­da. Muqobil yechim namunasi. Xullas, 2010-yillarga kelib test tizimi fasodlab bo‘lgan edi. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti etib saylanganidan keyin qabul qilgan dastlabki qarorlaridan biri – test sinovlarini oliy o‘quv yurtlaridan ajratish, ularni imkon qadar oshkora, ulkan zallarda o‘tkazish to‘g‘risi­da bo‘ldi. Garchi bu qaror jurnalistlar va blogerlar hamjamiyatining e’tiborini deyarli o‘ziga tortmagan bo‘lsa-da, uning ahamiyati o‘sha yillari qabul qilingan boshqa qarorlar: pul va valyuta muomalasini tartibga solish, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni ili­tib, chegaralarni kesib o‘tishni qulaylashtirish, kuch ishlatar tizimlardagi islohotlar to‘g‘risidagi qarorlar­ning ahamiyatidan kam bo‘lmagan. U test sinovlari­da xolis­lik, adolat masalasini deyarli to‘liq hal etdi. Natijada yoshlardagi bilim olishga intilish tuyg‘usi tiklana boshladi, ota-onalar ham yaxshi ta’lim va tarbiya beradigan maktablarni izlay boshladilar, malakali o‘qituv­chilarning qadri ko‘tarildi, repetitorlar va xu­su­siy ta’lim markazlariga ehtiyoj kuchaydi. Og‘ir muammoning bunday yechimi umid­vor taj­riba bo‘ldi: mayishgan mentalitetni o‘nglash u qadar ko‘p vaqt talab etmasligini ko‘rsatadi. Muammoning ildizi. Test sinov­laridagi adolat tiklandi, ammo testning mazmuni bilan bog‘liq boshqa muammo ochiqligicha qolmoqda: imtihondan farqli, test bilan sinaluvchidagi bilim va qobiliyatning faqat ayrim turlarinigina aniqlash mumkin. Holbuki, inshoning ijtimoiy-gumanitar ixtisosliklarga, matema­tikadan yoz­ma imtihonning aniq va tabiiy fanlar, barcha texnika ixtisosliklariga qabulning sifatiga ta’siri katta. Shuning uchun “Test bo‘lmaydi, an’anaviy imtihon uslubi bilan qabul yaxshi edi” degan fikr tez-tez quloqqa chalinib turadi. Biroq hozirgacha insho imtihoni qanday o‘tkazilishi kerak, degan savol qo‘yilganini eslay olmaymiz. To u qo‘­yil­mas, muhimi, unga adolatni ta’minlay oladigan javob topilmas ekan, qisqa fursatda “ro‘yxat”bozlik illati yana huruj qilishiga shubha yo‘q.   Tabiiy savol tug‘iladi: “Insho muammosi sun’iy tabiatli emasmi? Agar insho ta’limda shu qadar muhim o‘rin tutar ekan, bitta qaror bilan qayta tiklash mumkin-ku?” Muammo shundaki, insho qay tarzda o‘tkaziladi? Bunda birinchi planga adolat masalasi qo‘­yil­mas ekan, har qanday yechim reaksion tabiatli bo‘ladi. Insho yozuvchilarning halol yozish­lari, tekshiruv­chilarning halol baho qo‘yishlari, imtihonni tashkil etuvchilarning o‘z vazifalariga halol yondashuvi – bular bari jamiyatdagi muhit bilan chambarchas bog‘liq: agar vijdon ustuvor bo‘lsa, hamma abituriyentga bir xil imtihon varianti beraverish mumkin – hech kim ko‘chirmaydi – nomusi yo‘l qo‘ymaydi, tekshiriladigan daftarlarni domlalar uyda tekshirib kelishlari mumkin – hech kim “ikki” o‘rniga “uch” yoki “besh” o‘rniga “to‘rt” qo‘ymaydi – vijdoni yo‘l bermaydi. (Tasavvur qiling-a, o‘tgan asrning 50-yillarigacha yozma ishlar shunday tekshirilgan!)  Ajib bir savol: inson uchun halollik, vijdonlilik – tabiiy holat emasmi? Albatta, tabiiy. Faqat bu pok chashmadan chiqqan jilg‘a noto‘g‘ri tarbiya sababli bulg‘anadi. Avlodlarni halol va vijdonli qilib tarbiya­lashning vositalari ko‘p. Ulardan eng samaralisi ibratdir. Ibrat manbai ikki toifa bo‘ladi: hayotdagi ibrat va adabiyotdagi ibrat. Afsuski, hayotda ijobiy ibrat yonida salbiy ibrat ham ilakishib yuradi. Jamiyatning ma’naviy holati­ga qarab, birda unisi, birda bunisi kuchliroq ta’sirga ega bo‘lishi mumkin. Birgina Beh­budiyning ibrati o‘z davrida jadidlik degan ommaviy harakatni keltirib chiqargani ijobiy ibratning o‘chmas namunasidir. Korrupsiya illatiga qarshi kurashning murakkab­ligi shundaki, unga qarshi “dorilar”ga nisbatan ibrat “zahar”i kuchliroq. Mana shu sababga ko‘ra ijobiy ibratning bosh manbai – bu adabiyotdir. Tarixda kimki el ozodligi uchun o‘zini qurbon qilgan bo‘lsa, Shiroq kabi qahramonlardan ibrat olib voyaga yetgan. “O‘tkan kunlar” romani bosilganda, minglab tug‘ilgan chaqaloqlarga Otabek ismi qo‘yilgan. Holbuki, u fojiaviy obraz. ­Bunga nisbatan uning mard va jasurligi kuchliroq ta’sir quvvatiga ega. Prosper Merimening “Matteo Falkone” degan novellasi bor. Unda korsikalik ovchi Falkonening o‘smir o‘g‘li partizanlardan birining yashirinishiga yordam beradi, ammo bosqinchilar izlab kelganda kumush soatni deb uni sotib qo‘yadi. Shu voqeaning ustiga Falkone kelib qoladi. Uning xotini partizanga suv tutganda, u xiyonatchining uyi­dan suv ichmayman, deydi. Nomusga qolgan Falkone o‘g‘lini otadi. Novella grotesk asosiga qurilgan – hayotda bunday bo‘lishi mumkinmi – aytish qiyin. Ammo u yoshlarni sotqinlikdan, xiyonatdan nafratlanish ruhida tarbiyalashda o‘ta ta’sirchan ibrat manbai namunasidir. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.  Adabiyotning tarbiyaviy qudrati jamiyat ma’na­viyatini yuksaltirishga ish­lashi uchun adabiyot dars­larining o‘zi yetarli emas. (Qolaversa, adabiyot muallimlarining ichida o‘quvchilarni kitobdan bezdiradiganlari ham ancha-muncha bor). Bu borada eng to‘g‘ri yo‘l – yoshlarda badiiy adabiyotga mehr uyg‘otish. Bunga erishishning eng samarali vositasi – bu insho. Paradoksal holat: jamiyatda halollik, vijdon kabi prinsiplarni ustuvor qilish uchun inshoning rolini kuchaytirish lozim, buning uchun oliy o‘quv yurtlariga qabulga inshodan imtihon kiritish va uni halol o‘tishini ta’minlash kerak, buning uchun esa jamiyatda o‘sha halollik va vijdon ustuvor bo‘lishi talab etiladi. Bunday zanjir mantiq fanida “yopiq davra” deyiladi (inglizcha vicious circle, ruscha “замк­нутый круг”. Google translator o‘zbek tiliga “ayovsiz doira” deb o‘girdi.) Muammo – bu zanjirni uzishdan iborat. Mentalitet, mentalitet. Shogirdlardan biri yil-o‘n ikki oy yoz bo‘ladigan mamlakatlardan birida ko‘p yillar dars berib keldi. Uning aytishicha, 200 kishilik guruhga ma’ruza o‘qigan. Taomilga ko‘ra, har haftaning oxirida yozma ish olish lozim ekan. Matematikadan yozma ish – bu bir necha masaladan iborat variant, degani. Qo‘shni o‘tirganlar bir-biridan ko‘chirishi­ning oldini olish uchun, shunday yozma ish 10 tacha variantdan tuziladi. “Har hafta o‘ntadan variant tuzish o‘ta og‘ir-ku?” degan savolga shogird shunday javob qildi: “Har yozma ishga bitta variant tuzamiz, xolos. Chunki biror talaba yonidagi qo‘shnisining ishiga ko‘z qirini ham tashlab qo‘ymaydi. Bu ular uchun uyat sana­ladi”. “Shu ham mentalitet bo‘ldimi?” devora­san. Hozir bu mamlakat musulmon davlatlarining ichida zamonaviy ishlab chiqarish sohasida eng yuksak rivoj­lanayotganidir. Beixtiyor o‘yga botasan: mabodo bizda bitta va­riant tuzilsa, butun guruhning yozma ishi ham bir xil bo‘lishi naqd. Mentalitet shunday. Mentalitet, albatta, murakkab voqelik. Uning tarkibida mehmondo‘stlik bilan isrofgarchilik, elga dasturxon yozishday ezgu an’ana bilan dabdababoz­lik, to‘y-marakalardagi mehr-oqibat bilan davlat idoralari­dagi ta’magirlik, xushmuomalalik bilan kattazanglik, samimiyat bilan riyo, fidoyilik bilan xushomadgo‘ylik, masjidga borganda mo‘minlik bilan savdo-sotiqdagi g‘irromlik kabi bir-biriga zid unsurlar qorishiq. Demakki, milliy mentalitetni takomillashtirish ustida tinmay ishlash eng dolzarb muammolardan biri. Ayniqsa, millatparvar ziyolilar bu jabhada o‘z hayotini qurbon qilgan jadid bobolar xotirasi qarshisida burch­dor. Agar biz oliy o‘quv yurtlariga qabul sinovlariga inshoni kiritib, u mutlaq adolatli o‘tishini ta’minlay olsak, savodxonlik sifati keskin oshadi, ijtimoiy tafakkur yuksaladi, iste’dod tarbiyasi kuchayadi, ayni payt­da mentalitetni pok­lash ishiga ham salmoqli hissa bo‘ladi. Aksincha, imtihonlardan halol baho olmay oliy o‘quv yurtiga kirgan talaba uni bitirguncha halol bahoga o‘qishiga ishonch yo‘q. Bunday yo‘l bilan oliy ma’lumot olgan chalamulla mutaxassis xalq xo‘jaligi­ning qaysi sohasida ishlamasin, halol faoliyat yuriti­shiga ham kafolat yo‘q. Qay turdagi bo‘lmasin, imtihonlar o‘z-o‘zidan ha­lol o‘tadigan muhit yaratilmas ekan, mentalitet tako­miltalab bo‘lib qolaveradi. Bir jumla bilan aytganda, imtihonlarning qay darajada halol o‘tishi millat mentalitetining ko‘zgusidir. Insho – iste’dod barometri. Iste’dod turfa tarzda namoyon bo‘lishi yaxshi ma’lum. Xususan, favqulodda iste’dodlilar ko‘pincha xotirasi parishonroq, fikrlashi g‘ayrioddiy bo‘ladi. Bundan yarim asr muqaddam Moskva davlat universitetiga qabul qilinuvchilarning sifati tahlil qilinganda, matematika bo‘yicha yozma va og‘zaki imtihondan yuqori baho olgan o‘quvchilar­ning anchagina qismi inshodan “ikki” olib, o‘qishga kirolmay qolgani aniqlangan. Shu sababli, hukumatga murojaat yo‘llab, to‘rtta imtihondan asosiy ikkitasini “to‘rt” va “besh” bahoga topshirganlarni qolgan ikki imtihondan ozod etish so‘ralgan edi. Murojaat inobatga olinib, qabul qoidalariga tegishli o‘zgartirish kiritilgan. Chin­dan, filologiya, jurnalistika kabi ixtisosliklarga hujjat topshirib, inshodan “besh” olgan iste’dodli o‘quvchi tarix yoki chet tili imtihonidan “ikki” olishi hech gap emas. Imtihonlardaki, shunday bo‘lishi mum­kin ekan, test sinovlari aslida o‘ta iste’dodlilardan ko‘ra bilimi o‘rta­miyonalarga ko‘proq muvofiq tizimdir. Bu holat ham insho naqadar muhim omil ekanligiga yana bir dalil. Insho va intellekt. Bugungi ayqash va chalkash dunyoda ogohlik naqadar muhim. Qarangki, jamiyat taqdiri uchun bir tiyinlik qadri yo‘q xabarlar, aytaylik, biror estrada yoki futbol yulduzining hayoti bilan bog‘liq shov-shuv ko‘z ochib yumguncha tarqaladi, ammo o‘sha taqdirni ag‘dar-to‘ntar qilib yuborishi mumkin bo‘lgan o‘ta muhim xabar hech kimning e’tiboriga tushmasligi mumkin. Buning izohi osondan oson: birinchi turdagi xabarlar odamlardan hech narsa talab qilmaydi, ikkinchi turdagi xabarning mohiyatini anglab yetishga esa anchayin chuqur bilim va o‘tkir aqliy salohiyat zarur. So‘nggi turdagi xabarlardan eng dolzarbi, bizningcha, sun’iy intellekt sohasidagi yangilik­lardir. Bu soha yil emas, oy sa­yin ulkan odim­lar bilan rivojlanmoqda, unda dunyoni mutlaqo o‘zgartirib yuboradigan yangiliklar qilinmoq­da. Sun’iy intellekt muayyan ijobiy tatbiqlarga ega bo‘lishi ta­yin, ammo salbiy oqibatlari bir necha barobar ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda. Hatto sun’iy intel­lekt xuruji qarshisida yadroviy qurol xavfi hech narsa bo‘lmay qoladi degan fikr­lar bildirilmoqda. Birgina misol: istalgan odamning raqamli nusxasi yaratilib, u orqali o‘sha odamni istalgancha komprometatsiya qilish mumkinligi aytilmoqda. Xo‘sh, inshoning sun’iy intellektga nima aloqasi bor? Sun’iy intellektni inson intellekti yaratadi, uning qudrati va oqibatlarini inson intellekti ang­lab yetadi, ijobiy tomonlarini inson intellekti amaliyotga qo‘llay oladi, salbiy oqibatlarini ham inson intellekti anglab, qarshi turish choralarini izlaydi. Buning uchun inson intellekti tayyor bo‘lishi, ya’ni yetarlicha tarbiyalangan bo‘lishi lozim. Tabiiy, birinchi navbatda oliy ma’lumotli mutaxassislarning, ziyolilarning intellekti. Buning uchun maktab va oliy o‘quv yurtlarining o‘quv dasturlari mutanosib tarzda tuzilishi ke­rak. Yengillashtirilishi emas, balki og‘irlashtirilishi kerak. Test sinovlariga yo‘naltirilgan ta’lim intellektni o‘stirish vazifasini uddalashga qodir emas, chunki test sinovlari minutlarda javob berishga mo‘ljallangan savol va masalalardan tuziladi, shunda ham sinov tayyor javoblardan birini topishdan iborat bo‘ladi. Intellekt esa soatlab, haftalab, oylab, kerak bo‘lsa, yillab izlanadigan savol va masalalar ustida bosh qotirish yo‘li bilan taraqqiy qiladi. Oliy o‘quv yurtlariga qabul sinovlarida insho va matematikadan yozma ish shu­ning uchun ham kerak. Insho – intellektni o‘stirishning muhim omilidir. Oshkoralik + IT = yechim. Xullas, insho muammosini hal etishimiz shart. Bitta qaror bilan test sinovlarida adolat o‘rnatilgani bu borada ham muammoni muqobil tarzda hal etishga ishonch uyg‘otadi. Shu bilan birga, testning ijobiy xususiyatlaridan biri – bu tekshirish va baholashning avtomatlashtirilgani bo‘lib, uni inshoda qo‘llashni hozircha imkoniyati cheklangan. Albatta, imloni tekshiradigan kompyuter dasturlari bor, yaqin orada punktuatsiya va stilistikani tekshiradigan takomil dasturlari ishlab chiqilsa kerak. Ammo inshoning mazmunini baholashni kompyuter dasturiga topshirib bo‘lmaydi. U hatto eng kuchli sun’iy intel­lekt bilan ta’minlangan bo‘lsa-da. Bu ­yumush malakali filolog­lar tomonidan qilinishi lozim. Demak, yozma imtihonlarni inson omilisiz o‘tkazish ilojsiz. Inson esa manfaatsiz bo‘lmaydi. Bir qarashda masala boshi berk ko‘chaga kirib qolganday ko‘rinadi. Ammo yechim mavjud. U quyi­dagi prinsiplar asosida topilishi mumkin: Birinchi, eng asosiy prinsip – yozma imtihonning barcha bosqichidagi to‘liq oshkoralik. Nafaqat insho yozish jarayoni, balki daftarlarni yig‘ib olib, shifrlash, tekshirib baholash, deshifrovka va baholarni e’lon qilish va apellyatsiya jarayonlarining barcha-barchasi videokuzatuv ostida o‘tkazilib, onlayn rejimda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatib turilishi shart. Ikkinchi prinsip – ommaviylik. Insho imtihoni ko‘pmingkishilik zallarda o‘tkazilishi, uni tekshirib, baholashga ham, apellyatsiyaga ham yuzlab muta­xassislar jalb etilishi darkor. Uchinchi prinsip – himoyalanganlik. Bu prinsipga ko‘ra abituriyentlar istagan joylariga emas, balki tasodifiy tartibda o‘tqazilishi, shifrlangan daftarlar tekshiruvchilarga ham taso­difiy tartibda tarqatilishi kerak, toki manfaat aralashuviga imkon qolmasin. To‘rtinchi prinsip – operativlik. Bunga muvofiq – insho to‘rt soat davomida o‘tkazilishi, ularni shifrlash, tekshirish, deshifrlash va baholarni ­e’lon qilib, apel­lya­t­­­siya ham to‘rt soat davomida o‘tkazilishi, butun jara­yon bir ish kunida amalga oshirilishi, yakuniy natija­lar ham shu kunning o‘zida e’lon qilinishi lozim. Bu prinsiplar matematika olimpiadalarini o‘tkazishda qo‘llangan va kamida 99% obyektivlikni ta’min­lashi amalda sinab ko‘rilgan. Bir foiz noqislik baho­lashdagi subyektivlik bilan bog‘liq: tekshiruvchilardan biri o‘ta talabchan, biri yumshoqko‘ngil, biri­ning kayfiyati xush, boshqasiniki noxushroq va hokazo bo‘lishi bahoga ta’sir qilishi ma’lum. Ammo bu nisbatan yengil, hal etilishi mumkin bo‘lgan masala. Muhimi – bu bizning irodamiz, iymon-­e’tiqodimiz, niyatimiz, mamlakatning buguni va ertasi, avlod­larimiz­ning kelajagi haqida qayg‘urish tuyg‘usi.  Ta’lim sifatini ta’minlash yo‘lidagi sa’y­-harakatlar mam­lakatning qudratini yuksaltirishga, jamiyatning intellektual kuchlarini harakatga keltirishga xizmat qilajak. 

Abdulla A’ZAMOV,

O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, akademik

“Jadid” gazetasi 2024-yil 19-aprel 17-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img98

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img610

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img607