Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


09.07.2026 | 14:47

img1062

MIRZOLAR FOZILI

O‘sh shahrida Mirzafozilbek hoji Qosimbekov degan bir odam o‘tgan. U ma’rifat qaldirg‘ochlaridan biri edi. “Turkiston viloyatining gazeti”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona” gazetalari, “Oyina” jurnalidagi xabar va lavhalar bilan tanishib, dunyoga teranroq nazar sola boshladi, sayohatga otlanib, Turkiya, Bolqon mamlakatlarini, Saudiya Arabistonini kezib chiqdi, islom va Sharq falsafasini teran o‘rgandi. Keyinchalik Sankt-Peterburg dorilfununining tinglovchisi bo‘ldi. O‘zi hamisha yozib yurgan sayohat kundaliklari asosida geografiyadan ma’ruzalar o‘qidi.

1863-yilda Badaxshonda tug‘ilgan Mirzafozilbek Marg‘ilondagi Sultonmurodbek madrasasini bitirgach, O‘shda yashagan. Rus-tuzem maktabida muallimlik qilgan, Mirzakalon Ismoiliy, Izzat Sultonlar ushbu maktabda ta’lim olishgan.

“Farg‘ona tong otguncha” romanida shunday lavha bor: “G‘ulomjon… O‘shga jo‘nadi. U yerda taraqqiyparvarligi bilan shuhrat qozongan Mirzo Fozil hojinikiga borib tushdi. U kishi o‘sha mahallar rus-tuzem maktabida dars berar, ilm va ma’rifat yo‘lida jonbozlik ko‘rsatib, musulmon bolalarini yangi usul maktablarda o‘qitish zarurligini charchamay targ‘ib etar edi.

Ayrim fikri tor, “usuli qadim”chi bo‘lgan ulamolar qizilbosh, shia deb badmazhablikka chiqargan bu zo‘r taraqqiyparvar olimning shuhrati G‘ulomjonni madrasadaligidayoq maftun etgan edi. G‘ulomjon musulmon domlaning rus-tuzem maktabida qanday dars berishini, nimalar o‘qitishini, qanday darsliklar qo‘llanishini bilishga orzumanda edi. Mirzo Fozil hoji G‘ulomjonni quchoq ochib qabul qildi. O‘zining tajribalarini aytdi, bir kun maktabga olib borib, ta’lim usulini ham ko‘rsatdi, programmlar bilan tanishtirdi va o‘qish-yozish, hisob hamda jo‘g‘rofiyaga oid darsliklar topib berib, dadil maktab ocha bering, o‘zimiz qarashib turamiz, deb jo‘natdi”… Bu maktabda Mirzafozilbek o‘zbek tilida dars bergan.

Bu taniqli olim geografik ekspeditsiyalarda ham qatnashgan. 1885-yilda u B.Grombchevskiyning ekspeditsiyasiga Farg‘ona-Qashqar chegara viloyatidan boshlab, janubiy Qashqardan to Xo‘tanga qadar hamrohlik qiladi. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Pomir, Hindikush, Qashqar, Tibet va Afg‘oniston bo‘ylab o‘tkazilgan mushkul ekspeditsiyalarda qatnashgan.

Bundan tashqari, Mirzafozilbek tarixchi Sangmuhammad Badaxshiyning XVIII asr tafsilotlariga bag‘ishlangan “Tarixi Badaxshon” asarini davom ettirib, tafsilotlarni XX asr boshlariga qadar yetkazib, tugallaydi. Bu tarixiy asarning yagona qo‘lyozmasi Sankt-Peterburgda saqlanadi. Rus olimlari tomonidan qisman tadqiq etilgan asarni professor Haydarbek Bobobekov chuqur o‘rgandi, ruscha tarjimasini sharh, izohlar, tahlil bilan 2015-yil Toshkentda chop ettirdi. Uning boshqa tarixiy kitoblardan farqi shundaki, voqealarni tashqi kuzatuvchi emas, balki aynan shu muhitda yashagan inson bitgan: Badaxshondagi siyosiy jarayonlarni bevosita guvoh yoki ishtirokchi tilidan bayon qilgan. Hududdagi turli etnik guruhlarning joyi va o‘zaro aloqalari tafsilotlari, ayniqsa, qimmatli.

XIX asr Badaxshonining bosh tarixchisi bo‘lgan Mirzafozilbek Qosimbekovning asarida Pomir tarixining eng murakkab davri: mahalliy hukmdorlarning o‘zaro nizolari, Afg‘oniston amirligining ekspansiyasi, shuningdek, chor Rossiyasining Pomirni egallashi jarayoni batafsil tasvirlangan. Bu kitobsiz ushbu davr mintaqa tarixining manzarasini tiklash nihoyatda qiyin bo‘lar edi.

Zamondoshlari Mirzafozilbekni ilg‘or qarashlarga ega inson, zakiy ma’rifatparvar, jamoat arbobi va sayyoh sifatida bilishar edi. Birgina misol: Ahmadzaki Validiy 1913-yilda Mirzafozilbek hoji Qosimbekov xonadoniga tashrif buyurib, bu yerda Qo‘qon xonligi tarixiga bag‘ishlangan muhim manba – Mullo Yunusjon Mushrif qalamiga mansub “Tarixi Shohruxiy” va boshqa bir qancha eng nodir qo‘lyozmalar bilan tanishgan.

Mirzakalon Ismoiliy “Farg‘ona tong otguncha” romanining bir o‘rnida bosh qahramoni – olg‘a surgan g‘oyalarining tajassumi bo‘lgan G‘ulomjon obrazi tasvirida aynan Mirzafozilbekni gavdalantirgandek. Bu fikr foydasiga yana bir dalil shuki, asar qahramoni G‘ulomjon ham Mirzafozilbek kabi, yangi usul maktab ochib, haq olmasdan bola o‘qitadi. Boz, G‘ulomjon tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i Qorabuloqqa kanal qazib suv keltirishga bosh-qosh bo‘lgan. Mirzafozilbek ham 1919-yil boshida O‘sh shahrida yangi kanal ochish ishiga kirishgan edi…

Biroq 1917-yil kuzidan mintaqamizga kirib kelgan izg‘irinli inqilob bo‘ronlari Mirzafozilbekning keyingi hayotini alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordi. Shuning uchun ham bu muhtaram zotning so‘nggi yillardagi ilmiy faoliyati haqida deyarli hech qanday ma’lumot yo‘q. Bilganimiz: Mirzafozilbekning Sanjar, Safdor, G‘azanfar, Anvar, Tal’at va Kozim ismli olti o‘g‘li, Surayyo ismli qizi, Behbud ismli jiyani, singlisi Oyim opa, kuyovi esa O‘sh o‘zbek teatri asoschilaridan biri Jo‘raxon Zaynobiddinov edi.

Mirzafozilbekning nevarasi Temur Jo‘raxon o‘g‘li Zaynobiddinov (hozir hayot, 92 yoshda)ning aytishicha, bobosi 1919-yil 14-fevral kuni o‘zini qo‘rboshi atagan shaxslardan biri tomonidan so‘roq qilinib, otib tashlangan. Shunday qilib, bu ilg‘or fikrli o‘zbek ziyolisi 56 yoshida – ilmi ayni kamolga yetgan bir pallada jaholat qurboni bo‘lgan. Zamon qo‘rqinchli ekani bois, ma’rifatparvar Mirzafozilbek dastlab o‘z hovlisiga ko‘milgan, oradan qirq yillar o‘tganidan so‘ng qabri ochilib, Sulaymon tog‘ining janubiy etagidagi qabristonga qayta dafn qilingan.

Hozir O‘sh shahridagi bir ko‘cha u kishining to‘ng‘ich o‘g‘li Sanjarbek Qosimbekov nomiga qo‘yilgan. Boisi, u o‘sha olovli yillarda shahar yoshlariga rahbarlik qilgan, 1917-yilda otasi Mirzafozilbek bilan birga “O‘quvchilar soyuzi”ni tashkil etgan. 1924-yilda – yigirma ikki yasharlik chog‘ida “bosmachi”lar tomonidan o‘ldirilgan.

Davr shunday edi. Bugungi avlod o‘sha zamonda u yoki bu kishining qaysi jabhada turgani haqida fikr yuritar ekan, kimningdir to‘g‘ri, kimningdir esa noto‘g‘ri yo‘l tanlagani borasida hukm chiqarishga shoshadi. Holbuki, bizda o‘sha zamonning zaylini bilish, qanday vaziyatlar yuz bergani, kishi nega shu yo‘lni tanlagani haqida mukammal ma’lumot olishning imkoni yo‘q.

Kenja o‘g‘li Kozimbek esa otasi izidan borib, tarixchi olim bo‘lib yetishgan, Andijon pedinstitutida ishlagan, 1966-yil nomzodlik dissertatsiyasi yoqlagan.

XX asr boshlarida O‘shdagi o‘zbek va qirg‘iz yoshlarining butun bir guruhi aynan Mirzafozilbek maktabida o‘qib, savod chiqargan. Hatto sovet davrida ham O‘sh ziyolilarining aksari shu inson tamal toshini qo‘ygan bilimga intilish ruhi bilan yashadi.

Mirzafozilbek sayohatlari haqida kundaliklar bitganini yuqorida aytib o‘tdik. Biroq ular saqlanib qolganmi, bo‘lsa,  kimlarning qo‘lida – bunisi qorong‘i. Bunday asarlar topilsa, u kishi yana qaysi olim-u adiblarga ustozlik qilgani kabilar oydinlashadi. Pedagogik faoliyati, etnografik tadqiqotlari, fojia bilan tugallangan jo‘shqin hayot yo‘li haqida kitoblar bitilsa, hujjatli filmlar olinsa, bu zotning o‘zbek ma’rifatchilik harakati ravnaqiga naqadar katta hissa qo‘shgani yaqqol namoyon bo‘ladi.

Zuhriddin ISOMIDDINOV

“Jadid” gazetasining 2026-yil 3-iyuldagi 27-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600