22.07.2026 | 16:52
1448
PARIJDAGI MEROSIMIZ
Ayni kunlarda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori, filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov Fransiyada ilmiy tadqiqot olib bormoqda. U Parij shahrida joylashgan Insonshunoslik fanlari fondining “Taklif etilgan professor” dasturi stipendiyasini qo‘lga kiritgan. Hurmatli olimimizning xorijdan yo‘llagan maqolasi mushtariylarimizni bee’tibor qoldirmaydi, deb ishonamiz.
TAHRIRIYAT

E’tibor oshmoqda
Keyingi yillarda O‘zbekistonning xorijdagi merosi, ayniqsa, qo‘lyozma merosimizni o‘rganishga keng miqyosda kirishildi. Masalan, 2019–2022-yillar mobaynida “O‘zbekistonga oid xorijda saqlanayotgan madaniy boyliklar reyestrini yaratish, nodir qo‘lyozma asarlarning faksimilesini nashr etish” loyihasi doirasida xorijda saqlanayotgan 3000 dan ortiq qo‘lyozma asarlarning qisqa ro‘yxati – reyestri tuzildi va uch jild kitob shaklida chop etildi. Alisher Navoiyning “Badoyi’ ul-bidoya” devonining Istanbulda saqlanayotgan nodir qo‘lyozmasining faksimil nusxasi Turkiyada joylashgan Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqot markazi (IRSIKA) tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Taxminiy hisoblarga ko‘ra, xorijdagi qo‘lyozma merosimiz bundan o‘nlab barobar ko‘proq bo‘lib, endilikda ular haqida ma’lumotlar jamlanmoqda.
Albatta, olimlarimiz tomonidan bu masala bo‘yicha hozirga qadar ham muayyan ishlar amalga oshirilgan. Hamma gap shundaki, ayni davrda bu masala yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Birgina O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi, kuni kecha bu yerda I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining o‘tkazilishi mamlakatimizda madaniy merosga davlat miqyosida katta ahamiyat berilayotganini ko‘rsatadi.
Nodir qo‘lyozmalar
O‘zbekistonga oid madaniy boyliklar dunyoning qaysi mamlakatida bo‘lmasin, o‘zbek ziyolisini qiziqtirishi tabiiy hol. Parijga ilmiy safarim doirasida o‘sha kutubxonalardagi O‘zbekistonga oid qo‘lyozmalarga e’tibor qaratdim. Shahardagi sharqshunoslik yo‘nalishidagi kitoblar jamlangan ikki muhim ma’naviy markaz – Fransiya milliy kutubxonasi hamda Tillar va sivilizatsiyalar universiteti kutubxonasida yurtimizga oid qo‘lyozmalar saqlanar ekan. Ushbu yo‘nalishdagi kichik qadam sifatida mazkur dargohlarga yo‘l oldik.
Mumtoz o‘zbek, arab va fors tillarida arab yozuvida o‘lkamizga oid ko‘plab asarlar bitilgan. Shaxsan meni turkiyshunos olim sifatida eski turkiy tilidagi qo‘lyozmalar ko‘proq qiziqtiradi. Shunday qilib, izlanishlarni Tillar va sivilizatsiyalar universitetidan boshladim. Mazkur ilm dargohi, mohiyatan, Sharqshunoslik universiteti degan nomga to‘g‘ri keladi hamda unda bizning mintaqa tillari, jumladan, o‘zbek tili ham o‘qitiladi. O‘quv dargohi kutubxonasida turkiy tillarda 282 ta qo‘lyozma saqlanib, shundan taxminan ellikta atrofidagi qo‘lyozma mumtoz o‘zbek tilida yozilgan ekan.
Afsuski, bu yerda ushbu manbalar uchun alohida fond mavjud emas. Yevropadagi ko‘plab qo‘lyozma to‘plamlarida bo‘lgani kabi mumtoz o‘zbek tilidagi asarlar an’anaviy ravishda “turk qo‘lyozmalari” nomi ostida keladi va ayni atama bilan mumtoz o‘zbek tili, usmonli turkcha hamda boshqa turkiy tillar birlashtirib berilaveradi. Shu bois, bu asarlarning muallif va mazmunini aniqlash uchun har bir qo‘lyozmani alohida ko‘rib chiqish talab etiladi. Bunga esa imkoniyat cheklangan. Mazkur universitet kutubxonasida Alisher Navoiy, Mirzo Bobur, Abulg‘oziy Bahodirxon kabi mashhur mualliflar asarlarining qo‘lyozmalari mavjudligini bildik, albatta, ular o‘z tadqiqotchilarini kutmoqda.
Umuman olganda, bu o‘lkada arab yozuvidagi qo‘lyozmalar miqdori katta ekani ma’lum bo‘ldi. Masalan, Fransiya milliy kutubxonasi Yevropada arab yozuvidagi qo‘lyozmalarning dunyodagi eng yirik kolleksiyalaridan biriga ega. Garchi qo‘lyozmalarning aniq soni yangi kelib tushayotgan asarlar va kataloglardagi tuzatishlar sababli o‘zgarib tursa-da, kutubxona va sohaga oid akademik kataloglar ma’lumotlariga ko‘ra, arab yozuvidagi asosiy fondlar hajmi taxminan quyidagicha: arab tilidagi fondda 7 ming 280 ta, fors tilida 2 ming 600 ta, turkiy fondda taxminan 2 ming 40 ta qo‘lyozma saqlanadi. Shunday qilib, arab yozuvidagi qo‘lyozmalarning umumiy soni taxminan 12 mingga yaqin.
Tabiiyki, Fransiya milliy kutubxonasida o‘lkamizga oid bir qator nodir qo‘lyozmalar mavjud. Ular haqida ma’lumotlar berilgan. Masalan, “Me’rojnoma”ni qayd etish mumkin. Alisher Navoiyning 1481-yili ko‘chirilgan “Badoyi’ ul-bidoya” devoni, Husayn Mirzoning 1485-yili Hirotda mashhur xattot Sultonali Mashhadiy tomonidan ko‘chirilgan devoni hamda 1836-yili Qo‘qon xoni Muhammadalixonga atab maxsus ko‘chirilgan she’riy to‘plamning ahamiyatli jihati shundaki, bu uch qo‘lyozma mualliflar hayotligida qog‘ozga tushirilgan.
Yana ta’kidlash kerakki, “Badoyi’ ul-bidoya”ning nodir nusxalaridan biri Parijdagi milliy kutubxonada “Supl. turc 746” raqami ostida saqlanmoqda. Nusxaning tarkibidan debocha va devon o‘rin olgan. Ushbu nusxaning ko‘chirilish sanasi hijriy 885-yil shavvol oyiga (1480-yil dekabr – 1481-yil yanvar oylariga) to‘g‘ri keladi. Ko‘chiruvchisi noma’lum. O‘lchami: 25×18 sm. Matnning o‘lchami: 16×11 sm. Dastlab Edvard Bloshening katalogida tavsiflangan ushbu qo‘lyozma o‘tgan asrning 60-yillarida professor Hamid Sulaymonov tomonidan jiddiy tahlilga tortilgan va “Badoyi’ ul-bidoya” devonining eng qadimiy nusxasi sifatida fanga ma’lum qilingan.
O‘tgan yillarda navoiyshunos olima Oysara Madaliyeva ushbu qo‘lyozma xususiyatlari borasida “Adabiy meros” jurnalida maqola e’lon qildi. Muallifning sinchiklab o‘rganishi natijasida mazkur nusxaning ko‘chiruvchisi Alisher Navoiyning shaxsiy kotibi Abduljamil bo‘lishi mumkinligi faraz qilingan. Shuningdek, maqolada manba hozirgacha ma’lum bo‘lgan boshqa qadimiy nusxalari tarkibi bilan qiyosiy o‘rganilayotgani ayon bo‘ladi. Shunisi quvonarliki, 2025-yili olima Fransiya milliy kutubxonasiga maxsus kelib, qo‘lyozmani sinchiklab o‘rgandi va doktorlik dissertatsiyasi yozishga kirishdi.
“Badoyi’ ul-bidoya”ning Alisher Navoiy hayotligi davrida ko‘chirilgan, hozirgacha aniqlangan qo‘lyozmalari soni sakkizta bo‘lib, Parij nusxasi ilk qo‘lyozma hisoblanadi. U mazkur devonning debocha matni bilan ko‘chirilgani, shuningdek, tarkibida g‘azal janridagi she’rlarning miqdori ko‘pligi bilan alohida ahamiyatga ega. Parij nusxasi tarkibida 1480-yildan keyin ko‘chirilgan “Badoyi’ ul-bidoya” qo‘lyozmalariga ko‘ra beshta janrdagi she’rlarning uchramasligi esa Navoiy she’riy laboratoriyasi tadrijiyligi haqida tasavvur qilish imkonini beradi, deyish mumkin.
2000-yillar boshida Fransiya milliy kutubxonasida saqlanayotgan, 1836-yili Qo‘qon xoni Muhammadalixon saroyida ko‘chirilgan, uning va Abdurahmon Jomiy, kotib Dabirning she’rlari kiritilgan qo‘lyozma bilan tanishgandim. Bu haqda fransuz va o‘zbek tillarida bir nechta maqola e’lon qildim. Mazkur qo‘lyozma Muhammadalixon davridagi o‘zbek mumtoz adabiyoti va Qo‘qon xonligida Temuriylar adabiy muhitiga taqlid qilishga urinish hamda ayni saroy madaniyati haqida ma’lumot berish jihatidan muhim ahamiyatga ega edi.
Oradan yigirma yil o‘tib, Parijda bo‘lganimda mazkur “qadrdon” qo‘lyozmani yana bir ko‘rishni istadim. Ammo bu safar Muhammadalixon qo‘lyozmasiga nodir manba sifatida o‘ziga xos munosabatda bo‘lishdi: tanishish uchun uni menga berishsa-da, uni o‘ta noyob hisoblab, meni alohida stolga o‘tkazishdi. Qo‘lyozmani bo‘lim xodimi nazorati ostida o‘qidim. 20 yil avval qo‘limga bemalol tutqazishgan bu qo‘lyozma endi o‘ta nodir nusxaga aylanganidan xursand bo‘ldim. Kutubxonaning mazkur qo‘lyozmaga munosabati jiddiylashishiga balki mening maqolam sabab bo‘lgandir? Shunday bo‘lsa, xursand bo‘lardim. Lekin dunyoda, jumladan, o‘zimizda ham qo‘lyozmalarga, umuman, xalqimiz merosiga e’tibor ortib borayotgani bor gap.
“Musofir” merosimiz kelajagi
Ilmiy safar doirasida Fransiya milliy kutubxonasi fondidagi o‘lkamizga oid qo‘lyozmalar haqida batafsil ma’lumot olishga urindik. 2024-2025-yillarda turkiy tildagi qo‘lyozmalar tarkibini batafsil o‘rganish, qayta identifikatsiya qilish bo‘yicha maxsus loyiha boshlangan. Mazkur kutubxona turkiy qo‘lyozmalar bo‘limi ilmiy xodimi, turkiyshunos doktor Lamin Tamssaout hozirda kutubxonadagi turkiy qo‘lyozmalar fehrestini tuzish ustida ish olib bormoqda. U avval mumtoz o‘zbek tilida deb hisoblanmagan oltmishga yaqin qo‘lyozmani aniqlagan. Tamssaout kutubxona fondlarida saqlanayotgan sharqiy turkiy, ya’ni, mumtoz o‘zbek tilidagi qo‘lyozmalarni aniqlash va ilmiy kataloglashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli ilmiy loyihani amalga oshirmoqda. Olim Fransiya milliy kutubxonasidagi mumtoz o‘zbek tilidagi qo‘lyozmalar tarkibi haqida shunday deydi:
“Fransiya Milliy kutubxonasi o‘z fondlarida 2 ming 40 dan ortiq turkiy qo‘lyozmalarni saqlab kelmoqda. Ushbu boy majmua turkiy tillar tarixining turli davrlari va geografik hududlarini qamrab oluvchi dialektal xilma-xillikni yaqqol namoyon etadi. To‘plam tarkibiga g‘arbiy turkiy (o‘g‘uz) lahjalarida hamda sharqiy turkiy lahjalarda bitilgan qo‘lyozmalar kiradi. Ayniqsa, sharqiy turkiy deb ataluvchi mumtoz o‘zbek tilidagi qo‘lyozmalar o‘zining adabiy, tilshunoslik va badiiy qiymati bilan milliy kutubxonamizning turkiy fondida alohida o‘rin egallaydi. Shu nuqtayi nazardan, bo‘limning eski kataloglarida mumtoz o‘zbek tilida yozilgan atigi 76 ta qo‘lyozma qayd etilgan edi. Biroq tadqiqotlar natijasida arab, fors va turkiy fondlar orasida tarqoq holda saqlanayotgan jami 160 dan ortiq sharqiy turkiy qo‘lyozmalar aniqlangan.
Mazkur qo‘lyozmalar mavzularining rang-barangligi bilan sharqiy turkiy xalqlarning intellektual va madaniy merosini aks ettiruvchi noyob ilmiy mozaikani tashkil etadi. To‘plam tarkibiga IX asrga oid eski uyg‘ur tilidagi Pelliot fondining eng qadimiy matnlari, XIII-XIV asrlarga mansub Xorazm turkiysida yozilgan “Muqaddimat ul-Adab” va “Kitob al-Afol” kabi asarlar, shuningdek, Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro, Muhammad Xoyi, Muhammad Vajih ad-Din, Ahmad Yassaviy, Umar Boqiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur singari yirik mutafakkir va adiblarning asarlarini o‘z ichiga olgan mumtoz o‘zbek tilidagi qo‘lyozmalarning boy majmuasi kiradi”.
Doktor Tamssaoutning tadqiqotlari ko‘rsatishicha, Fransiya milliy kutubxonasining Sharq qo‘lyozmalari fondlari islom va turkiy dunyoning turli hududlari o‘rtasidagi qo‘lyozmalar almashinuvi va tarqalishi natijasida bosqichma-bosqich boyib borgan. Bu holat ayrim qo‘lyozmalarga mutlaqo noyoblik xususiyatini bag‘ishlagan. Eng muhim kashfiyotlar qatoriga Xorazmiyning “Muhabbatnoma” asarining hozircha ma’lum bo‘lgan eng qadimgi parcha nusxasi, Bobur xatida bitilgan avtograf izohlar hamda 1542-yilga mansub “Abushqa” lug‘atining eng qadimgi nusxasi kiradi.
Sharqiy turkiy qo‘lyozmalarning Fransiya milliy kutubxonasi fondlariga qachon kelib tushgani yoki dastlabki xarid sanalarini aniq belgilash hozircha mushkuldir. Shunga qaramay, eng qadimgi qo‘lyozmalarning kutubxona fondlariga XVII asrda kelib tushganini taxmin qilish mumkin. Jumladan, 1642-yilda sayyoh Raviusning Istanbulda bo‘lgan davrida amalga oshirilgan xaridlar eng qadimgi manbalar sirasiga kiradi. Keyinchalik Denis de La Haye-Vantelet (taxminan 1650-yil), sayyoh va olimlar Marsel Alepensis, Ankuyetil-Duperronning Hindistonga safarlari davomida to‘plagan qo‘lyozmalari hamda Charlz Sheferning nihoyatda boy kolleksiyasi ushbu fondlarning sezilarli darajada kengayishiga xizmat qilgan.
Shunday qilib, bugungi kunda Fransiya milliy kutubxonasida saqlanayotgan mumtoz o‘zbek tilidagi qo‘lyozmalar sonini an’anaviy ravishda ko‘rsatilgan yuzga yaqin qo‘lyozma bilan cheklab bo‘lmaydi. Doktor Tamssaout ta’kidlaganidek, yangi qo‘lyozmalarni aniqlash uchun kutubxonaning barcha Sharq fondlarini tizimli ravishda qayta ko‘rib chiqish zarur, chunki ularda hali aniqlanmagan ko‘plab sharqiy turkiy qo‘lyozmalar mavjud bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Aynan mana shu yondashuv doktor Lamin Tamssaout tadqiqotlarining eng muhim va o‘ziga xos jihatlaridan biri bo‘lib, Fransiya milliy kutubxonasi Sharq qo‘lyozmalari fondlarini har tomonlama o‘rganish orqali sharqiy turkiy xalqlarning yetarlicha tadqiq etilmagan til, adabiyot va intellektual merosini ilmiy muomalaga kiritishga xizmat qilmoqda.
Aftondil ERKINOV,
filologiya fanlari doktori
Parij, 2026-yil.
“Jadid” gazetasining 2026-yil 17-iyuldagi 29-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



