Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


24.08.2026 | 13:04

img2616

AYBSIZ AYBDORLAR QISSASI

Yigirmanchi asrdan bizga ko‘p saboq qoldi. Ikkita jahon urushi xunrezliklari, Stalin boshchiligida 1937–1953-yillari amalga oshirilgan qonli repressiya oqibatlari hamon necha ming-ming oilaga bitmas yaraday azob beradi. Odamzod shunday qirg‘inlarga duchor bo‘lsa-da, adolatli zamonlar kelishiga ishonib yashaydi. Bu ishonch bundan keyin ham so‘nmaydi.

1937-yilning 31-iyulida SSSR Ichki ishlar vazirligi narkomi N.I.Yejovning “Sobiq quloqlar, sovetlarga qarshi jinoyatchi unsurlar va boshqa yot elementlarni xalq dushmani sifatida repressiya qilish operatsiyasi to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilinadi. Bu mash’um hujjatga ko‘ra, siyosiy qatag‘on O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmanistonda shu yilning 5-avgustidan, Uzoq Sharq, Krasnoyarsk o‘lkalari va Sibirda 10-avgustdan boshlanishi belgilab qo‘yilgandi. Shunday bo‘ladi ham. Favqulodda komissar – chekistlar, NKVD xodimlari taniqli diniy arboblar, o‘qimishli ziyolilar, tadbirkorlar bilan birga, ro‘zg‘orini amal-taqal qilib tebratayotgan oddiy kasb egalarini sudsiz-so‘roqsiz qamoqqa ola boshlaydi. Madrasada ta’lim olganlar, uyida Qur’oni Karim, arab alifbosida yozilgan kitoblarni saqlaganlar, omborchi, savdogar, kunbay ishlaydigan mardikor, choyxonachi, mirob, hisobchi, tabelchi, kosib, duradgor, do‘kon egasi, pochta xodimi, tug‘ilgan qishlog‘idan boshqa joyga hatlab chiqmagan dehqonlarga “chet el razvedkasining agenti”, “inqilobga qarshi targ‘ibotchi”, “sovet tuzumini ko‘rolmaydigan yot unsur”, “xalq dushmani” degan tuhmat tamg‘alari  bosiladi.

Qamoqqa olishning kunlik, oylik rejasini bajarmaganlar jinoyatchilarga yon bosganlikda ayblanadi. Shu yovuzlikning faol ishtirokchilaridan birining boshida qatorasiga ikki oy “xalq dushmanlari”ni fosh qilishda sustkashlik qilgani (belgilangan rejani bajarmagani) uchun “qora bulut” paydo bo‘ladi. Jonini asrash uchun u… tug‘ishgan akasini sotadi. Komsomol o‘g‘il otasiga tuhmat qiladi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi yuz mingdan ortiq mahkumlar orasidan 1030 nafar nohaq jabrlangan yurtdoshlarimizni oqladi.

* * *

Yaqinda Bishkek shahrida xizmat safarida bo‘lganimizda, “Ata Beyit” memorial kompleksi rahbari, tarix fanlari doktori Bolot Abdurahmonov yozuvchi Begijon Ahmedov bilan birgalikda nashrga tayyorlagan noyob xotira kitobini bizga sovg‘a qildi. Ushbu kitob qatag‘on domiga tortilgan o‘zbek millatiga mansub mingga yaqin qirg‘izistonlik qurbonlar xotirasiga bag‘ishlangan. Kitobni varaqlar ekanman, o‘zim tug‘ilib o‘sgan, avvalgi nomi Mazor, hozir Safed Bulon deb ataladigan qishloqda 1938-yil 3-mart kuni qamoqqa olinib, shu kuniyoq hukm o‘qilgan besh mulla va yana uch qishloqdoshimizning ism-familiyasiga ko‘zim tushdi:

Arxiv №10936

Akunbayev Teryubay (To‘raboy bo‘lsa kerak). 1864-yili Qirg‘iziston SSR Karavon rayon, Mazor qishlog‘ida tug‘ilgan. Shu qishloqda yashagan. Millati o‘zbek. Mulla. 1938-yil 3-mart kuni qamoqqa olingan. Shu kuni axloq tuzatish lagerida 8 yil ishlashga hukm qilingan. 1989-yil 27-aprelda oqlangan.

Aripov Abdurahmon. 1881-yili Qirg‘iziston SSR Karavon rayon, Mazor qishlog‘ida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. Shu qishloqda yashagan. Mulla. 1938-yil 3-mart kuni qamoqqa olingan. Shu kuni axloq tuzatish lagerida 10 yil ishlashga hukm qilingan. 1989-yil 27-aprelda oqlangan.

Zakirov Zait. 1886-yili Namangan shahrida tug‘ilgan. O‘sh oblast Karavon rayoni, Mazor qishlog‘ida yashagan. Millati o‘zbek. Mulla. 1938-yil 3-mart kuni qamoqqa olingan. Shu kuni axloq tuzatish lagerida 10 yil ishlashga hukm qilingan. 1989-yil 27-aprelda oqlangan.

Zaripov Abduaziz. 1890-yili Karavon rayoni, Mazor qishlog‘ida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. Shu joyda yashagan. Mulla. 1938-yil 3-mart kuni qamoqqa olingan. Shu kuni axloq tuzatish lagerida 10 yil ishlashga hukm qilingan. 1989-yil 27-aprelda oqlangan.

Normirzayev Abduhaydar. 1868-yili Mazor qishlog‘ida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. Mulla. 1938-yil 3-mart kuni qamoqqa olingan. Shu kuni axloq tuzatish lagerida 8 yil ishlashga hukm qilingan. 1989-yil 24-aprelda oqlangan.

Ormonov (O‘rmonov) Mulla Jayir. 1895-yili Mazor qishlog‘ida tug‘ilgan. 1938-yil 3-mart kuni qamoqqa olingan. Shu kuni axloq tuzatish lagerida 10 yil ishlashga hukm qilingan. 1989-yil 27-aprelda oqlangan.

Arxiv №11949

Mamatxonov Saidahmad. 1881-yili Kosonsoyda tug‘ilgan. Millati o‘zbek. Mazor qishlog‘ida yashagan. Imom. 1930-yil 8-dekabrda qamoqqa olingan. 1931-yil 11-fevralda “troyka” O‘sh shahrida otuvga hukm qilgan. 1989-yil 26-aprelda oqlangan.

Xamitov Sodiq. 1925-yili Olabuqa rayon Mazor qishlog‘ida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. Shu qishloqda yashagan. Kolxozchi. 1942-yil 29-yanvar kuni qamoqqa olingan. 1942-yil 11-noyabr kuni 5 yil muddat axloq tuzatish lagerida ishlashga hukm qilingan. 1989-yil 30-mart kuni hukm bekor qilingan.

Uch-to‘rt jumlalik bu uzuq-yuluq ma’lumotlarni o‘qir ekansiz, umri xazon bo‘lganlarning aybi nima edi, degan savol tug‘iladi. Bitta qishloqdan bir vaqtning o‘zida bir necha kishini qamoqqa olishga nima sabab bo‘lgan? Ular chindan ham “axloq tuzatish lagerlari”ga jo‘natilgan bo‘lsa, yillar davomida birortasidan nega “yilt” etgan xabar kelmagan? Lagerlarning nomi nega yashirilgan? Bu savollar hanuz javobsiz qolmoqda.

* * *

Xotira kitobidagi “Zakirov Zait” degan nomga duch kelganimda vujudim titrab ketdi. Ha, bu mahkum ilmli, saxovatli, bugungi ibora bilan aytganda, xalq orasidan chiqqan diplomat mulla Zokirning o‘g‘li – Zoit xalfa.

Mulla Zokirdan el-yurtda yaxshi xotira qolgan. Qishlog‘imizdagi “Shoh Fozil maqbarasi” Safed Bulon qishlog‘i tasarrufida bo‘lishi uchun u kishi Oxunboboyevning oldiga borib, tegishli hujjatga qo‘l qo‘ydirib kelgan ekan. Ba’zi keksalar mulla Zokir avval ham ayni shu masalada Qo‘qonga borib, Xudoyorxon qabuliga kirgan, deyishadi. Bu gaplarni men mulla Zokirning o‘g‘li Eshonxon buvadan ham eshitganman.

Zoit xalfa otasi yo‘lini tutgan, el-yurtga ma’qul kelmaydigan biror ish qilmagan, aksincha, halol mehnati bilan orttirgan mol-mulkini, yerini kambag‘allarga ulashib turgan ekan. Repressiyachilar uni “boy quloq” sifatida qamoqqa olgan. Qizlaridan biri Sharifa xola bu mash’um voqea qanday sodir bo‘lganini umrining oxirigacha aytib yurdi. Yodimda qolganlari: “Ikkita “chekis”, ikkita o‘zimiznikilar kutilmaganda uyimizga bostirib kirishdi. Uyni tintuv qilishdi, bor narsalarning hammasini xatlab olib ketishdi. Kiyim-kechak, sholcha, gilamlarni ham. O‘radagi bug‘doyni qoplarga joylashdi. O‘zimiznikilardan biri chaqaloq Ma’nixon yotgan beshikni bir tepgan edi, bola big‘illab yerga tushdi. Beshik yostiqchasi tagidagi taqinchoqlarimiz ham ketdi. Qo‘ramizdagi qo‘y-echkilarni bitta-bitta tashqariga sudray boshlashdi. Singlim Sobira yangi tug‘ilgan echki bolasini bag‘riga bosib, yig‘lay boshladi. O‘zimiznikilardan biri uloqchani undan yulqib olmoqchi bo‘lganida, bir chekis “ладно, остав” dedi. Shu uloqcha katta bo‘lib, ko‘paydi, sutini ichib, omon qoldik. Yog‘och darvozamizni buzib, aravaga yuklab olib ketishdi. Qo‘shni qishloqqa olib borib, hukumatning idorasiga o‘rnatishgan ekan, shu yerdan har o‘tganimda yuragim shuvillab ketardi. O‘sha ikki o‘zimiznikilarning biriga qarashli uyda bizning uydan olib ketilgan katta gilam osilib turganiga ko‘p bor ko‘zim tushgan…”

Yana bir xotira. Zoit xalfaning uyida, hovlisi-yu qo‘rasida qo‘lga ilingudek hech narsa qolmaydi. Shu bois, o‘sha “o‘zimiznikilar” hovlini uch marta sotuvga qo‘yadi. Zoit xalfaga yaqin qarindosh bo‘lgan Akbarali uch marta ham sotuv pulini yonidan to‘lab, hovlini saqlab qoladi.

Sharifa xola bu yog‘ini yig‘lab eslaydi, tinglash og‘ir: “Olti qiz, bir o‘g‘il mushtipar onamning qo‘lida qoldik. Boshimizga og‘ir kunlar keldi. Dadamizning daragi chiqar, deb ko‘p harakat qildik, ammo hech joyda bizni eshitishmadi. Bir yili voyenkomatda ishlaydigan bir odam qishloqqa kelib, Zoit xalfa bilan birga qamalganlarni O‘shdagi Sulaymon tog‘ining orqasiga olib o‘tib, tepalikdan pastga dumalatib otishgan, shu joyga ko‘mib tashlashgan”, degan gapni aytibdi…”

Zoit xalfaning rafiqasi Saidbibi farzandlarini o‘ksitmay katta qiladi, yetim-yesirlarga xalfa kabi qo‘lidan kelganicha yordam beradi. Dalada ishlayotgan traktorchilarga non yopib, tirikchiligini o‘tkazadi, ba’zi nonlar yopishtirilgan joyidan tushib, oqib ketsa, ularni och-nahorlar yeydi, deb tandir yelkasida turadigan yengcha ichiga yashirib qo‘yadi. Ularni qarovsiz qolgan bolalar yeydi. Saidbibi o‘z farzandidek ko‘kragini tutib, katta qilgan Matxoliq ismli bola yillar o‘tib serfarzand bobo bo‘ladi, Saidbibi olamdan o‘tganida, marhumani onam deb o‘zi tuproqqa qo‘yadi.

Bir muhim gap shuki, hamma zamonlarda, hamma joyda ham yurt boshiga kulfat tushganda, tashqi dushmanlar ichki dushmanlar yordamidan g‘oyat unumli foydalangan. Uzoqqa bormaylik, Gdlyan-Ivanov qirg‘inida ham shunday bo‘lgan. Ularga “Senlar O‘zbekistonga borib, falon viloyatning falon qishlog‘idagi paxtakor dehqonni qamoqqa olasan”, deyilmagan. Kimni hibsga olishni ko‘p hollarda “o‘zimiznikilar” hal qilgan.

* * *

1953-yilning bahori. Stalinning o‘limidan so‘ng tirik qolgan odamlar lagerlardan qayta boshlaydi. Kimlardir Sibirdan yoki shimoldan oilasiga xabar jo‘natgani to‘g‘risidagi “mish-mish”lar tarqaladi. Tirik qolganlar lagerlardan abgor holda, ammo ozod bo‘lib qaytishadi. Bu to‘g‘rida otasi To‘raqul Aytmatov repressiya qilingan Roza Aytmatova (Chingiz Aytmatovning singlisi) quyidagilarni eslaydi:

“Bu holat onamga kuch bera boshladi. Uning ko‘zlarida umid uchqunlari paydo bo‘ldi. Biz unga qarab, hayron qolardik: onam bolalarining ko‘zi oldida o‘zgarib borayotgandi. Yanoqlari qizarib, ko‘zlari chaqnadi, harakatlari ishonchli va dadil bo‘lib qoldi. Avtobusda otam to‘g‘risida biror xabar bormi, deya NKVDga borar ekanmiz, onam menga: “Bilasanmi, Roza, otalaringizni ehtimol Sibir yoki Uzoq Sharqqa yuborishgan bo‘lishi mumkin. Hozir o‘sha taraflardan ko‘pchilik qaytyapti. U tirik bo‘lsa, bas. Hatto, boshqa oilasi bo‘lsa ham – ahamiyati yo‘q. Asosiysi, u tirik bo‘lsin… Senlarni ko‘rib qanchalar quvonishini bir tasavvur etib ko‘r. Afsuski, qanday voyaga yetganlaringni ko‘rmadi”, dedi.

NKVD binosiga yaqinlashgach, onam umidga to‘lgan holda ichkariga kirdi, men esa uni kutib, tashqarida qoldim. Birozdan so‘ng eshik ochilib, ostonada rangi devorday oqargan onam ko‘rindi… Onam indamay, titroq qo‘llari bilan menga ikki varaq qog‘oz uzatdi. Bu otamning o‘limidan so‘ng oqlangani to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va uning o‘limi haqidagi shahodat xati edi. Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, NKVDchilar bizni uzoq yillar davomida aldab kelgan, otamni o‘sha 1938-yiliyoq otib tashlashgan ekan.

Onam: “Uyga borgach, Chingizning ko‘nglini cho‘ktirmaslik uchun yig‘lamaymiz. Xudo asrasin, u butunlay yotib qolishi mumkin”, dedi. Bechora onam o‘zini tutishga urinar, biroq buni nechog‘lik qiyinchilik bilan uddalayotgani ko‘rinib turardi. Umrining oxirigacha umid bilan yashadi, “To‘raqul tirik, u bir kuni qaytib keladi va biz yana oldingiday baxtli yashaymiz”, degan ishonchni ko‘nglida ardoqlab keldi…”

Vaqt hamma narsani joy-joyiga qo‘ydi. Begunohlarning nomi oqlandi. Farzandlar, nabiralar, ulardan keyingi avlodlarning yuziga yorug‘lik indi. Davlatimiz rahbari aytganidek, “mushtarak tariximizning yorqin sahifalarini tashkil etadigan ma’rifatparvar ajdodlarimizning ibratli faoliyatini, ularning o‘z qimmati va ahamiyatini hamon yo‘qotmasdan kelayotgan boy merosini hamkor davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, taniqli xorijiy olimlar bilan birgalikda teran tadqiq va targ‘ib etish” endigi muhim vazifamizdir. Bu borada ibratli ishlarni amalga oshirayotgan zahmatkash olimlardan yangi tadqiqotlar kutib qolamiz.

Ahmadjon MELIBOYEV

Toshkent – Bishkek – Toshkent

“Jadid” gazetasining 2026-yil 14-avgustdagi 33-sonida


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img113

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img143

KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT

O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]

13.11.2026 | 14:43

img333