02.09.2026 | 12:24
520
VAHSHAT
To‘qson yil avval sovetlar o‘z fuqarolariga nisbatan o‘tkazgan va tarixga “katta terror” nomi bilan kirgan qatag‘onning surati va siyratidan qay darajada xabardormiz? Eshitganlarimiz, o‘qiganlarimiz aksari zudlik bilan yasalgan “jinoiy ish”lar, qisqa, bir yoqlama tergov bayonnomalari va “uchlik” besh-o‘n daqiqada chiqargan hukmlar, va nihoyasida dahshatli qotillikka ilova shaklida “sho‘rpaxta” o‘rnida bosilgan yarim varaqlik “oqlov”lardan iborat. Yana har bir hududdan necha nafar kishi otilgani, necha nafari “o‘n yil yozishmaslik sharti bilan” ittopmas joylardagi hibsxonalarga yuborilgani va baxtli tasodif tufayli ularning ayrimlari yurtiga qaytib kelgani (ozod qilingach ham, o‘lgunicha nazorat ostida bo‘lgani) haqidagi raqamlar.

Tergov bayonnomalari, hukmlar va oqlov qog‘ozlari davr siyosatiga mos va xos uslubda bir xil qolipda tuzilgani, yozilgani o‘quvchiga o‘sha davrda ro‘y bergan ulkan fojia ko‘lamini ko‘rsatib bera olmaydi. Otilganlar gapira olmagani kabi guvohlar ham sukutga ketgan. Shu jarayonda yaqinlari va hatto umrida biror marta ko‘rmagan odamlarga tuhmat qilganlar, ya’ni, sotilganlar, mozorga kirguncha tillarining yetti joyiga qulf urishga majbur bo‘lgani mavzu o‘zanini boshi berk ko‘chalarga olib ketadi – somon uyumi orasidan igna izlashdek gap. Ammo… Mashhur yozuvchi F.Kuperning “Qo‘rquv aqllilarni tentak, kuchlilarni ojiz qiladi”, degan fikrida jon bormi, degan gumonda sanoqli guvohlar ko‘rsatmalariga suyangan holda, vahshat siniqlarini ming mashaqqat bilan to‘plab, bugungi va kelgusi avlodga yetkazish majburiyatini yelkamizga olamiz.
Xorazm viloyat teatrining mohir sozandasi, maqom bilimdoni Matyoqub xarrot yozgi teatrda kechki tomosha payti tasodifan chiroq o‘chib qolganida, osmonni yoritib turgan to‘lin oyga qarab, beixtiyor: “Xudoyimning oyinnan qo‘ymag‘ay”, deb yuboradi va ertasi kuniyoq sakson yashar go‘yanda hibsga olinadi. Keksa sozanda qiynoqlarga dosh bera olmay, 1939-yili Urganch hibsxonasida jon taslim qiladi. Vahshiy tergovchilar “aybiga iqror bo‘lishi uchun” avval sozandaning tirnoqlarini sug‘urib olgan, so‘ng barmoqlarini sindirgan, “Endi bu yerdan tirik chiqolsang ham, hech qachon maqom chala olmaysan. Senga o‘sha Xudoying ham yordam bera olmaydi”, deb ustidan kulgan.
Qatag‘on avjiga chiqqan davrda Xorazmda “Aynak” laqabli rus zobiti NKVD boshlig‘i bo‘lgan. “Aynak” forsiy so‘z bo‘lib, bir ko‘zli durbin degani. Ma’lumki, o‘sha vaqtda har kuni tepadan necha kishi qamalishi va nechasi otilishi bo‘yicha reja-topshiriq berilgan. Bir kuni tepadagi boshliqlarga yaxshi ko‘ringisi kelgan, unvoni oshishini istagan o‘sha kimsa telefonda tepadagi xo‘jayinlariga: “Nega hibsga olinadigan odamlar sonini Samarqanddan kamroq berasiz? Bizlarning ulardan kam joyimiz bormi?” deb norozi bo‘ladi. Tepadagi rahbari shuni kutib o‘tirganday, “kunlik reja”ga yana bir yuz ellik kishini qo‘shib beradi. “Aynak” “qo‘shimcha rejani” zudlik bilan bajarish uchun Gurlan tumani NKVD boshlig‘iga “yetmish beshlik” reja yuklaydi. Vaqt ancha kech bo‘lgani sababli, Gurlan NKVD boshlig‘ining boshi qotadi – yuz ellik kishini qaydan topsin? Shunda xodimlaridan biri: “Bugun Bog‘olonda qishloq kengashi saylovi bor. Rejaga yetarli odam bir joyda tap-tayyor!” deydi. Bu gap joniga ora kirgan boshliq yoniga ikki qurolli xodimini olib Bog‘olonga kelganida, saylov yakunlanayotgan bo‘ladi. NKVD boshlig‘i yangi saylangan qishloq kengashi raisiga: “Zalda o‘tirgan ilg‘orlardan yetmish besh kishini ro‘yxat qil! Ularni tumanga olib ketamiz, boshliqlar mukofot bermoqchi”, deydi. Ro‘yxat tuzilib, o‘qib bo‘lingach, zalda norozilik boshlanadi: “Nega falonchi boradi, men undan kam ishlayapmanmi?”, “Falonchi aravakash uch kun kasallanib ishga chiqmadi, uning o‘rniga men ishladim. Mukofotni endi u oladimi?” Qishloq kengashi raisi: “Qolganlarga ham navbat keladi”, deb zo‘rg‘a tinchitadi. Ro‘yxatga kirganlar o‘n besh chaqirim uzoqlikdagi Begovot cho‘liga poyi-piyoda olib boriladi va chala-chulpa hukm o‘qib, otib tashlanadi.
Xonqaning Madir qishlog‘ida kechqurun yig‘ilish bo‘layotgan vaqtda zalga qurolli xodimlar bostirib kiradi, xonaning barcha deraza va oynalarini tashqaridan mixlashadi. Nima gapligini bilmagan odamlar yarim tungacha qo‘rquv bilan qorong‘i zalda taqdirlarini kutib o‘tiradi. Tungi soat uchlarda “Bugun reja bajarilibdi, uylaringga tarqalinglar!” degan buyruqdan so‘ng hamma oyog‘ini qo‘liga olib tashqariga chopadi. Ichkarida qo‘rquvdan yuragi yorilgan ikki odamning jasadi qoladi. Bu dahshatli voqeani keksa pedagog Nurulla aka oshkoralik zamonida so‘zlab bergandi. U o‘sha vaqtda o‘n bir yoshda bo‘lgan, qiziquvchanligidan otasiga ergashib mash’um majlisga borgan ekan.
Mana bu voqea bizning qishloqda bo‘lgan. Kechqurun kolxoz idorasida faollar yig‘ilishi bo‘layotgan vaqtda bir xodim “polutarka” mashinasida kelib, “O‘n besh faolni tumandagi yig‘ilishga olib borishim kerak!” deb mashinaga mindirgan. Shu yerdan tasodifan o‘tib borayotgan o‘n uch yashar o‘smir, umrida mashinaga minib ko‘rmagani havasidan, boshqalarga qo‘shilib kuzovga chiqib olgan. NKVD xodimi qorong‘ida uni ham “o‘n besh mahkum” qatorida sanagan. Yo‘lda ketayotganlarida xodimning ko‘zi odamlar orasida o‘tirgan bolaga tushadi va rahmi kelganidan uni yo‘lda tushirib qoldiradi. Mahkumlarni to‘g‘ri Begovot cho‘liga olib borganida boshliq sanab ko‘rsa, rejadan bir odam kam. “Rejani barbod qilgan” xodim boshqalarga qo‘shib otib tashlangan.
Urganch shahri chekkarog‘ida o‘sha yillari NKVD xodimlari uchun dam olish maskani qurishgan. Keyinchalik bu yer “Ijroqo‘m bog‘i” nomi bilan tanildi. O‘sha davrda dam olish maskanida qorovul bo‘lib ishlagan Samandar aka umri poyonida bir umr ko‘ksini ezib kelgan voqeani farzandlariga so‘zlab bergan: “Ikki kunda bir tunda qorovullik qilganman. Ko‘pincha NKVD xodimlari tunda suyuqoyoq ayollarni olib kelib, tonggacha maishat qilardi. Mayli, gunohlari o‘z bo‘yniga. Ammo, tirik ko‘milganlar ustida maishat qilishganini Xudo kechirarmikan?.. Bir kuni tun oqqanda ikki yuk mashinasida kelib qolishdi. Darvozani ochib, ularni ichkariga o‘tkazib yubordim. Bir yarim soatlardan so‘ng mashinalar qaytib ketishdi. E’tibor berganim, mashinalardan birisi yo‘lovchilarsiz qaytib chiqdi. Kirib ketganlar ichkarida nimalar qilyapti, ertaga biror kor-hol bo‘lsa qamalib ketmay, deb darvozani bekitgach, bog‘ to‘ri tomonga bordim. Hamma yoq tinch, odam qorasi ko‘rinmaydi. Hayron bo‘lib orqaga qaytayotganimda yer tagidanmi, bog‘ ichidanmi, qandaydir ovoz eshitilgandek bo‘ldi. Birortasi mast bo‘lib qolib ketibdimi, deb daraxtlar tomon borayotib, nogoh oyog‘im yangi qazilgan tuproqqa botib ketdi. Kunduzi ham bu yerda o‘t-o‘lan o‘sib yotardi. Kim, nima uchun qazdi ekan, deb aniqlash uchun yerga egilganimni bilaman… yer ostidan odam tovushi keldi. U bo‘g‘iq tovushda ingrardi. Orqamga qaramay qochdim. Tongda qo‘rqa-pisa borib qarasam, uch kigiz o‘rnidek joy kovlangan va qayta ko‘milgan. Tunda olib kelingan mahbuslarni tirik ko‘mib ketishibdi… Bu yerda qadam bosishga qo‘rqib qoldim, kasalligimni bahona qilib, qorovulchilikdan bo‘shadim. Bo‘shayotgan vaqtda mendan: “Hech qachon hech nima ko‘rmadim”, mazmunida tilxat olishdi”.
Begovot Urganch shahridan o‘n chaqirimlar masofadagi kimsasiz cho‘l bo‘lib, qatag‘on davrida aksar mahkumlar shu yerda tunda o‘qqa uchgan. Hukm ijrosi uchun mas’ul guruh omonat qurilgan chaylalarda yashagan. Cho‘lda quyon ko‘p bo‘lgani uchun ovga qiziqqan xodimlar beshotar o‘qlarini quyon otishga sarflagan va kechqurun otishga olib kelingan mahkumlarni qilich bilan qatl qilgan. Chunki o‘qlar har bir mahkumni otishga bir donadan sanab berilgan. Xodim hayajondan mo‘ljalda adashsa, hayfsan olgan, o‘q puli oyligidan chegirib qolingan. Arxivda o‘sha jarayonda ijrochi guruh tarkibida bo‘lgan NKVD xodimlari yozgan “Tushuntirish xat”lari saqlanadi. O‘qni quyon otishga sarflagan xodim o‘zini shunday oqlagan: “Ba’zida yigirma kishilik guruhimiz uchun oziq-ovqat kelishi kechikardi. Ikki-uch kunlab ovqatimiz uchun go‘sht berishmasdi. Shunda bizlar qumlikdan quyon otib yeyishga majbur bo‘lganmiz”. Bu qotillar guruhi a’zosining “tavbasi” – u odam otgani uchun emas, quyon otgani uchun kechirim so‘rayapti.
Ana shunday “Tushuntirish xat”lari orasida bir dahshatli iqrorga ko‘zim tushdi. NKVD xodimi yozadi: “Bizlar kunduzi o‘qlarni quyon otishga sarflagach, olib kelingan mahkumlarni qator tizib qo‘yib, boshlarini qilich bilan uzardik. Bir-birimiz bilan “kim bir zarbada mahbusning boshini uzish va u qancha masofaga uchib ketishi” bo‘yicha musobaqa o‘ynardik. Hayron qolardik, qilichni bir serpaganda uzilgan bosh toki yerga tushganicha nimadir deb gapirib boradi…”
To‘xtadik. Bu yog‘ini yozishga asabimiz chidamaydi…
Gollivudda ma’lum bir tomoshabin qatlami uchun “vahshat” kinolari ishlashadi. Bu kinolarni yolg‘iz ko‘rishga qo‘rqadi odam. Mabodo, majburan tomosha qilsangiz ham, voqealar rivoji qay yo‘singa burilishini kuzatib, tanangiz muzlab o‘tirasiz. Qatag‘on zamoni vahshati mazmunan shunga o‘xshab ketadi. “Qama-qama”, “ot-ot”lar avjiga chiqqan zamonda bechoralar tunlari chala o‘lik holida uxlashgan. Tomda ikki mushuk quvlashgani sasi yuraklarini yorib yuborgan. Yarim tunda nogoh eshik taqillashidan ko‘plarning joni o‘rnidan turmasidan chiqib ketgan…
Bu vahshat sahnasini nega esga oldik? Kinochilarimiz nega qatag‘on davri dahshatlari to‘la aks etgan birorta “vahshatfilm” ishlashmadi? Shunday kinolar kerakmi, dersiz? Qonli o‘tmishni unutmaslik, bu vahshatlar takrorlanmasligi uchun kerakdir balki? Shundagina hali-hamon “gugurt bir tiyin edi, Stalin eng adolatli hukmdor bo‘lgan”, qabilida davralarda gap sotib o‘tiradigan manqurtlarning tili boylanar? Bugunimiz va ertangi kunimiz o‘z-o‘zidan kelmagani, kelmasligi, bugungi tinch va farovon hayotimiz poydevori ming-minglab shahidlarning pajmurda tanlari uzra barpo etilgani, vahshat siniqlari ustida yashayotganimizni eslarmiz hech bo‘lmasa!
Ro‘zimboy HASAN
“Jadid” gazetasining 2026-yil 21-avgustdagi 34-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600