Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


08.09.2026 | 12:47

img868

MUSA JALILNING QARSHILIK DO‘STI

Tatar xalqining ulug‘ shoirlaridan Musa Jalilning jasoratga yo‘g‘rilgan hayoti va ijodiy faoliyatidan xalqimiz yaxshi xabardor. Ayniqsa, shoirning Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tutqunlikda yozilgan “Maobit daftari” kitobiga kiritilgan quyidagi satrlar el orasida juda mashhur bo‘lib, hofizlar tomonidan kuylangan:

Senga mendan xabar bersalar,
“U yiqildi charchab”, desalar,
Yo‘q, ishonma, bag‘rim!
Bu so‘zni –
Do‘stlar aytmas, yaqin ko‘rsalar.

Taqdir deganlari qiziq-da, 1906-yilda olis shimolning Mustafin qishlog‘ida tug‘ilgan Musa va 1919-yilda Qarshi shahrining Chaqar mahallasida tug‘ilgan Habibning hayot yo‘li kesishadi, deb kim o‘ylabdi.

* * *

1939-yilda yigirma yoshli Habib Fayzullayev harbiy xizmatga chaqiriladi. Burchini o‘tagan askar uyga qaytishiga sanoqli oylar qolganida mash’um urush boshlanadi. Ularning harbiy bo‘linmasi dushman bilan Tripolida to‘qnashadi. Omonsiz janglarning birida snaryad parchasi Habibning o‘ng oyog‘ini majaqlab tashlaydi, hushiga kelganida esa asirga olinganini ko‘radi. U va boshqalar Lvov shahridagi harbiy lagerga olib kelinadi. Bu yerda guvohi bo‘lgan ilk manzara – xuddi o‘tin kabi taxlab qo‘yilgan jasadlar edi… Keyingi yillarda ularning ham o‘liklardan farqi qolmaydi, faqat nafas olardi, xolos. Mahbuslarni 1943-yilning qishida Berlin yaqinidagi Vistrau lageriga ko‘chirishadi. O‘sha yerda Habib Muso Gumirov bilan tanishadi. Keyinroq uning lagerdagi yashirin tashkilot rahbari va asl ismi Musa Jalil ekanini biladi. Mashhur shoir familiyasini fashistlardan yashirgan edi.

Habib she’riyatning shaydosi bo‘lgani bois, o‘zining yangi mashqlarini Musa Jalilga ko‘rsatadi. Shoir quyidagi she’rini tahrir qilib beradi:

Kulma, ey dushman! Uzoq cho‘zilmas
Boshimga tushgan baxtsiz kunlarim.
Haqiqat ustuni hech qachon qulamas,
Yorug‘likka chiqar zulmatli tunlarim..

Eng og‘ir damlarda Musa Jalil yosh Habibni ruhan sinmaslikka undar va uni “inim” deb chaqirardi. Ming afsuski, kunlarning birida ayg‘oqchilar tashkilotdan xabar topadi. Musa Jalil 1945-yil fevral oyining oxirlarida lagerdan olib ketiladi va qiyin-qistovlardan keyin qatl etiladi. Do‘sti va ustozining o‘limi haqida Habib Fayzullayev faqatgina urushdan so‘ng eshitadi…

* * *

AQSH qurolli kuchlari lagerda omon qolgan mahbuslarni ozod etib, Frankfurt shahridagi sovetlarning maxsus bo‘lim xodimlariga topshiradi. Maxsus vagonlarga joylangan mahbuslar uzoq shimoldagi Komi o‘lkasi Kochles posyolkasiga olib kelinadi. Qiynoq va xo‘rliklar qaytadan boshlanadi. 1948-yilda “uchlik” harbiy tribunali Habib Fayzullayevga 25 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini berdi. Aybi – urushda asir tushgani edi. Hukmdan so‘ng yana uch oy umumiy turmada saqlanadi. So‘ngra Inta shahriga, maxsus og‘ir rejimli lagerga jo‘natiladi. Asirlarni 250 metr chuqurlikdagi ko‘mir konida ishlatadilar.

U bir necha bor yuqori idoralarga “men sotqin emasman” mazmunida shikoyat xati yozadi. Lagerdan xat jo‘natish azob edi. Mahbuslarning uylariga yozgan xatlari ham yo‘q qilib yuborilardi. Ammo kunlarning birida unga “Kuting, ishingizni qayta ko‘rib javob yozamiz”, degan xat keladi. Stalin o‘limidan so‘ng ishi qayta ko‘rilgan Habib Fayzullayev muddatidan ilgari ozodlikka chiqdi.

Nobel mukofoti sovrindori A.Soljenisinning “GULAG arxipelagi” va O‘zbekiston xalq shoiri Shukrulloning “Kafansiz ko‘milganlar” asarlarini o‘qib chiqqan Habib Fayzullayev: “Biz ko‘rgan azoblar bundan battar edi. Tirik qolish uchun o‘lgan odamlarning go‘shtini yeganlarni, sovuqqa chidolmay, kafansiz ketgan minglab odamlarni ko‘rdim. Jonim temir ekanmi, uch yillik tergov azoblaridan omon chiqdim. Tergovda menga xoin degan tamg‘ani bosmoqchi edilar. Lekin biror-bir xiyonatni isbotlay olmadilar”, degan ekan.

* * *

Habib “yurtga qaytdim, endi Vatan uchun, xalqim uchun xizmat qilaman”, deb o‘ylagan edi. Afsuski, uning qaytishi ayrim “hushyor”larni xursand qilmadi va qayerga ish so‘rab borsa, “vatan xoini” sifatida qaradilar. Shundan so‘ng u Arxangelskiy harbiy mahkamasiga xat yozishga majbur bo‘ldi. Xatda uni hech qayerga ishga qabul qilishmayotgani, barcha eshiklar u uchun yopiq ekani bayon qilingan edi. Ko‘p o‘tmay Arxangelskdan Qashqadaryo viloyatiga javob keladi. Xatda H.Fayzullayevning aybsiz ekani, unga nohaq ayblov qo‘yilgani yozilgan edi. Bu xat Habibga ishga joylashishi uchun asos bo‘ldi. U urushdan oldin ishlagan maktabda o‘qituvchilik kasbini davom ettirdi. Keyin esa naq 40 yil savdo sohasida faoliyat ko‘rsatdi.

* * *

Habib Fayzullayev hayotida atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov bilan uchrashuv unutilmas voqea bo‘lib qoladi. 1976-yil paxta yig‘im-terimining qizg‘in pallasi edi. “Qarshistroy” boshqarmasi boshlig‘i Sulaymon Murodov unga qo‘ng‘iroq qilib, Birinchi kotib cho‘lquvarlar bilan uchrashish uchun kelayotgani, tayyorgarlik ko‘rib qo‘yish lozimligini aytadi. Kech soat sakkizlarda Sharof Rashidov viloyat rahbarlari bilan birga dasturxon atrofiga o‘tiradi. Habib xizmatda edi. Sulaymon Murodov Habib haqida Sharof Rashidovga aytgan ekan. Sharof aka uni yoniga chaqiradi. “Siz Musa Jalil bilan fashistlar konslagerida birga bo‘lganmisiz?” – deb so‘raydi. Habib Fayzullayev boshidan o‘tgan dahshatli kunlarni qisqa qilib gapirib beradi.

Sharof Rashidov fashistlarning o‘lim lageridan tirik qolib Vatanga qaytish, to‘qqiz nafar farzandning otasi bo‘lish, Qarshi cho‘lini o‘zlashtirishda hissa qo‘shish – bularning o‘zi bir qahramonlik, deya hurmat ko‘rsatadi. Shu tariqa, yaxshi insonning sharofati tufayli, hali ham unga bo‘lgan “ishonchsiz”lik muammolari yechim topadi. U yillar o‘tib nafaqaga chiqqach, bir necha yil o‘zi voyaga yetgan Chaqar mahallasi raisi vazifasida faoliyat olib boradi.

U o‘tmishini, boshidan o‘tkazgan mudhish kunlarda yonida yelkadosh bo‘lgan do‘sti Musa Jalilni unutmadi. Shoir yashagan yurtga bir necha marotaba bordi. Uning yaqinlarini ziyorat qildi. Shoirning singlisi Xadicha opa bilan aka-singil tutinib, do‘stona munosabat o‘rnatdi. Bir necha yillar davomida oilaviy bordi-keldini uzmadi. Musa Jalilning turmush o‘rtog‘i va qizi Cho‘lpon bilan tanishdi. Musa Jalilning 70 va 80 yillik tavallud kunlariga qatnashib, Qozon va Orenburgdagi tadbirlarda shoir haqidagi xotiralarini so‘zladi. Tatar xalqini shoirning so‘nggi kunlaridagi voqealardan xabardor qildi.

Habib Fayzullayev O‘zbekiston mustaqillikka erishgan, ozod va obod yurtning qaddi yuksalgan kunlarga guvoh bo‘ldi, 1994-yil “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. 88 yoshida vafot etdi. Uning “Sabr bilan yengdim o‘limni” kitobidagi ijod namunalari urush va qatag‘on iztiroblaridan so‘zlaydi.

O‘rolboy QOBIL

“Jadid” gazetasining 2026-yil 28-avgustdagi 35-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605