Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


09.09.2026 | 10:04

img1203

IZDOSH YOXUD TAFAKKURNI TAHRIR QILGAN ALLOMA

Ibrohim Mo‘minovni ko‘pchilik faylasuf olim, jamoat arbobi sifatida biladi, taniydi. Lekin u kishining muharrirlik faoliyati ham salmoqli kechgan. Muharrir deganda, ko‘pchilik matnning imlo xatosini tuzatadigan, uni qisqartiradigan, jimjimador sarlavha qo‘yadigan odamni tasavvur qiladi. Aslida, muharrir maqolalar orqali jamiyatning kun tartibini shakllantiradi, ijtimoiy fikr o‘zanini yaratadi. Kuchli nashr ortida nafaqat mualliflar va tahririyat, balki muharrir va u yaratgan tahrir maktabi turadi.

Akademik Ibrohim Mo‘minov afsonaviy o‘zbek muharrirlari orasida alohida mavqe kasb etadi. U shunchaki ilmiy matnlarni tahrir qilgan olim emas, balki O‘zbekistonda ilk ilmiy jurnal, milliy ensiklopediya, fan targ‘iboti, akademik tahrir madaniyati va ilmiy muharrirlik institutini shakllantirgan buyuk ma’rifatparvar shaxs hisoblanadi.

Alohida ta’kidlashni istardimki, Ibrohim Mo‘minov hodisasini, qaysidir ma’noda, jadidlar g‘oyasining realizatsiya bosqichi sifatida ham baholash mumkin. Jadidlar millatni ilm bilan uyg‘otish, maktabni yangilash, xalqni dunyo ilm-faniga yaqinlashtirish, o‘z tilida zamonaviy bilimlar tizimini yaratishni orzu qilgan edi. Behbudiy, Fitrat, Avloniylar avlodi bu orzuni matbuot, maktab, darslik, teatr va publitsistika orqali ilgari surdi. Ibrohim Mo‘minov esa ana shu ma’rifatparvarlik orzusini sovet davrining ziddiyatli sharoitida ilmiy muassasa, jurnal, qomus, broshyura, atama va ilmiy muharririyat darajasiga ko‘tardi.

Bu bog‘liqlik tasodifiy emas. Ibrohim Mo‘minov Samarqand ilmiy-adabiy muhitida shakllandi. U yerda Sadriddin Ayniy, Abdurauf Fitrat, Hamid Olimjon, Bahrom Soliyev, Yahyo Gʻulomov kabi ziyolilar bor edi. Fitratdek ma’rifatparvar bilan bir muhitda bo‘lish, undan saboq olish, ustozlar boshlagan ilm, til, tarix va milliy o‘zlik haqidagi bahslarni ko‘rish Ibrohim Mo‘minov dunyoqarashida chuqur iz qoldirganini anglash qiyin emas. Shu ma’noda, u jadid ma’rifatparvarligi bilan sovet davri ilmiy muassasalari o‘rtasidagi ko‘prik edi.

Yana bir muhim jihatni alohida ta’kidlash kerak. Yaqin-yaqinlargacha o‘zbek matbuotida bosh muharrirdan tashqari “ilmiy muharrir” degan mas’ul shaxs ham bo‘lgan. Jurnalist – qomusiy olim emas. Murakkab ilmiy, tarixiy, falsafiy, tibbiy yoki texnik mavzularni xalqchil tilda yoza oladigan olimlar esa har davrda ham sanoqli bo‘lgan. Shuning uchun ilmiy muharrir matbuotda juda muhim vazifani bajargan. U akademik ilmiy tilda yozilgan maqolalarni xalqchil bayon qilishda tahririyatlarga ko‘maklashgan. Afsuski, bugun ham zamonaviy ilmlar, xususan, IT sohasida yozadigan ixtisoslashgan jurnalistlar, ilmiy muharrirlarga katta ehtiyoj bor. Matbuotdagi iqtisodiy qiyinchilik yillarida “ilmiy muharrir” degan maktab yo‘qolib ketgan.

Mavzuga qaytib aytganda, Ibrohim Mo‘minov ana shu muqaddas missiyani institutsional darajaga ko‘targan shaxs edi. U 1957-yilda “Fan va turmush” oynomasining asoschi bosh muharriri, 1957–1974-yillarda “O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar” jurnali bosh muharriri, 1958–1974-yillarda “Bilim” respublika jamiyati raisi bo‘lgan. Shuningdek, u O‘zbek qomusi bosh tahririyatining tashkilotchisi va birinchi bosh muharriri sifatida ham tarixda o‘chmas iz qoldirdi.

Shu yerda sovet davrida yashagan katta ziyolilar qismatiga xos juda nozik va murakkab nuqta bor. “Bilim” jamiyati sovet mafkurasi doirasida ishlagani, u orqali ilmiy ateizm, sotsializm g‘oyalari va partiyaviy qarashlar ham targ‘ib qilingani haqiqat. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Ammo Ibrohim Mo‘minovning buyukligi shundaki, u ana shu mafkuraviy cheklovlar ichida turib ham, ilm-fan, milliy tafakkur va buyuk tarixiy xotira targ‘ibotiga imkon topgan. U “Bilim” jamiyati imkoniyatlari orqali xalqchil ma’ruzalar, risolalar, broshyuralar, ilmiy-ommabop nashrlar chop ettirdi. Ilm-fan sohasidagi yangiliklar maktab, kutubxona, chekka tumanlar, madaniyat uylarida o‘qilgan ma’ruzalar orqali xalq shuuriga kirib bordi. Odamlarda fanga nisbatan qiziqish kuchaydi. O‘sha davrda kichik bir broshyura ham ba’zan gazeta va jurnallardan qolishmaydigan ta’sir kuchiga ega bo‘lardi. Undagi maqola, ma’ruza matni, ilmiy-ommabop risola o‘quvchini tarix, falsafa, adabiyot, tabiiy va ijtimoiy fanlar haqida o‘ylashga undardi. Bugungi internet davrida bu ta’sirni tasavvur qilish qiyin. Ammo o‘sha paytda broshyura, jurnal, qomus va ma’ruza jamiyat tafakkurini tarbiyalaydigan katta maktab edi.

Ayniqsa, olimning o‘zbek qomusi bilan bog‘liq xizmatlarini alohida baholash kerak. Ensiklopediya tuzish – faqat ma’lumot yig‘ish emas. Bu millatning bilim xaritasini yaratishdir. Qomus orqali xalq o‘z olimi, tarixi, shaharlari, daryolari, adabiyoti, san’ati, qahramonlari haqida tizimli tasavvurga ega bo‘ladi. Shu ma’noda, kengroq qaralsa, ensiklopediya tahririyatining tashkil topishi mustaqil davlatchilik ruhi, orzusi yashab qolishi uchun muhim zaruriy voqea edi. Har qanday millatning saviyasi faqat shoirlari yoki siyosatchilari bilan emas, o‘zini qanday tushuntirishi bilan ham o‘lchanadi. Ensiklopediya – millatning o‘zini o‘zi tushuntirish maydoni. Unda tarix ham, geografiya ham, adabiyot ham, san’at ham, iqtisod ham, tibbiyot ham, texnika ham, falsafa ham yaxlit bir tizimga tushadi.

Shu bois, O‘zbek qomusi bosh tahririyati oddiy nashriyot emas, milliy tafakkur laboratoriyasi edi. Bu laboratoriyada faqat maqolalar tahrir qilinmagan. U yerda hozirgi o‘zbek ilmiy, siyosiy, badiiy va media tilining muhim qatlamlari shakllangan. Qaysi atamani qanday berish, qaysi tushunchaga qanday o‘zbekcha muqobil topish, ruscha yoki baynalmilal terminni qanday moslashtirish, xalqchillik bilan ilmiy aniqlik o‘rtasida qanday muvozanat saqlash – bularning barchasi muharririyatning kundalik, ammo tarixiy ahamiyatga ega ishlari edi.

Bu ishning qiymati beqiyos. Chunki atama – faqat so‘z emas, u – fikrlash vositasidir. Millat o‘z tilida ilmiy atama yarata olmasa, murakkab fikrni ham o‘z tilida to‘liq ifoda eta olmaydi. Demak, atamashunoslik ham milliy tafakkur uchun kurashning bir ko‘rinishi, deyish mumkin. Afsuski, matbuot tarixini yozayotganlar ko‘pincha nashr etilgan gazeta va jurnallarga qaraydi. Holbuki, ilk o‘zbek Qomusi ilmiy hay’ati yig‘ilishlarining stenogrammalari, tahrir muhokamalari, atamalar yuzasidan tortishuvlar – bugungi o‘zbek tili va matbuot tafakkurining shakllanish jarayonini anglash uchun bebaho manbalardir. Hozirgi siyosiy til, badiiy til, ilmiy til va media tilining muhim qatlamlari aynan shu muharririyatda, shunday bahslarda, shunday mas’uliyatli qarorlarda pishib yetilgan.

Bu tizimli sa’y-harakatlar besamar ketmadi. 1960–1970-yillarga kelib, O‘zbekistonda fanning qadrini tushunadigan, zamonaviy ilmiy matnni o‘qiy oladigan, o‘z tarixi, falsafasi, adabiyoti, arxeologiyasi va tilshunosligiga qiziqadigan, jon-jahdi bilan himoya qiladigan ziyolilar, olimlar avlodi yetishib chiqdi. Bu jarayon ortida, shubhasiz, Ibrohim Mo‘minov asos solgan ilmiy tahririyat, ommabop risolalar, jurnallar va qomuslar ham turardi.

O‘zbekistonda 1967-1968-yillarda Amir Temur shaxsiga munosabat tubdan o‘zgardi. Boshqacha aytganda, sovet ideologlari tomonidan balchiqqa botirilgan Sohibqiron nomi vataniga sharaf to‘nini kiygan holda mag‘rur qaytdi. Gap shundaki, 1967-yilda Alixon To‘ra Sog‘uniy tarjimasidagi “Temur tuzuklari” “Guliston” jurnalida e’lon qilindi. 1968-yilda esa akademik Ibrohim Mo‘minovning Amir Temur haqidagi maqolasi jurnalda chop etildi. Bu voqealar sovet davrida Amir Temur merosiga xolis qarash yo‘lidagi jasoratli qadamlar edi. Milliy ruh kuchayib borardi, jamiyat “Guliston”ni yutoqib o‘qiy boshladi, uyg‘onish kayfiyatining cho‘qqisi – 1968-yili jurnalda chop etilgan Erkin Vohidovning “O‘zbegim” qasidasi bo‘ldi. Gʻoya tez ommalashdi, ta’kidlash joizki, Abdulla Oripovning 1971-yili “Sharq yulduzi”da bosilgan “O‘zbekiston” qasidasi ham mana shu milliy uyg‘onish kayfiyati mahsuli edi.

Umuman, bu voqeliklarning mumtoz ahamiyati shundaki, u milliy ijtimoiy fikr taraqqiyotida tub o‘zgarishlar nuqtasi bo‘lib qoldi. Ibrohim Rahim, Ibrohim Mo‘minov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi oydinlar bu yo‘lda o‘z lavozimi, mavqeyi va xotirjamligi bilan badal to‘ladi. Ammo muhim missiya bajarilgan edi: jamiyatda tarixni qayta baholash, milliy davlatchilik merosiga boshqacha nazar bilan qarash kayfiyati kuchaya boshladi. Keyinchalik, 80-yillarga kelib milliy uyg‘onish, o‘zlikni anglash va ozodlik g‘oyasi keskinroq ravishda kun tartibiga chiqqani bejiz emas. Chunki bu davrga kelib yakkam-dukkam jasoratli ziyolilar emas, xalqning o‘zi ham tarixiy o‘zanlarga qaytish zaruratini his eta boshlagan edi.

Bilonihoya, Ibrohim Mo‘minov matnni tahrir qilgan olimgina emas, qaltis zamonlarda millat tafakkurini tahrir qilgan buyuk ma’rifatparvar shaxs edi.

Behzod QOBULOV

“Jadid” gazetasining 2026-yil 4-sentyabrdagi 36-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605