Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


24.09.2026 | 13:28

img1166

HARIR PARDA

Bolalik xotiralari ko‘hna suratlarga o‘xshaydi. Yillar o‘tgani sayin ularning rangi o‘chmaydi, aksincha, zamirida yashiringan teran ma’nolar bo‘y ko‘rsatadi. Bugun ellik yil avvalgi so‘lim va osuda o‘zbek hovlilarini eslasam, eng avvalo, ko‘z oldimda darvozaxonadagi oppoq, harir parda gavdalanadi. Bolalik nigohi bilan qaraganda, bu shunchaki oddiy bir mato edi. Biroq bugun o‘sha xotiralarni ruhiyat tarozisiga solib, zamonamiz voqeligiga boqsam, u sharqona turmush tarzining nafis bir chegarasi, oila qo‘rg‘onining ma’naviy qalqoni bo‘lganini anglayman.

Inson ruhiyati hamisha o‘z shaxsiy hududini himoya qilishga ehtiyoj sezadi. Tarixda bu mahramlik masalasi nihoyatda nozik va go‘zal tarzda hal etilgan. Unda ham taqiq, ham samimiy ochiqlik mujassam edi. Pardaning shaffofligi – xonadonning sof niyatli mehmonga ochiqligidan dalolat berardi. Ichkarining elas-elas ko‘rinishi esa “to‘xta, bu yog‘i oilaning muqaddas hududi” degan ichki bir madaniyatni anglatardi. Bu haqiqat milliy ruhiyatimizdagi hayo va andisha tuyg‘usi bilan chambarchas bog‘liq edi. Bugun esa shaxsiy hayot daxlsizligining yo‘qolishi ortidan kelgan katta axloqiy inqirozga guvoh bo‘lyapmiz. Kecha darvozaxonalarga oq pardalar tutgan momolarning nabiralari bugun oshxonasidan tortib yotog‘igacha, baxtidan tortib fojiasigacha “jonli efir” sahnasiga olib chiqmoqda. Bu ichki ma’naviy bo‘shliqni tashqi dunyoning soxta va aldamchi olqishi – layklari bilan to‘ldirishga urinishdan boshqa nima? Inson uyida osoyishtalikni topa olmasa, begonalarning izohlaridan qidira boshlaydi. Ammo ekran ortidagi minglab “do‘stlar” oilaviy muhit o‘rnini bosa olmaydi, aksincha, ichki bo‘shliqni yanada chuqurlashtiradi.

Insonning siri, jozibasi qolmasa, u qadrsizlanadi. Oila chegarasi buzib o‘tilgan joyda andisha ham, hayo ham zavolga yuz tutadi. Axir, bu axloqiy chegaralar osmondan tushmagan edi. Ularning asosida sof qadriyatlarni millat qoniga singdirgan, hayot maktabini o‘tagan donishmand bobolarimiz va duogo‘y momolarimiz bo‘lgan. Momolarimiz kelinlarga: “Uyning gapi ostona hatlab o‘tmasin”, deya uqtirishardi. Oilada biror muammo tug‘ilsa, kattalar vazminlik bilan vaziyatni yumshatib, uni ichkarida hal qilishgan. Ular jahl ustida aytilgan so‘z ham xuddi harir parda singari donolik bilan yashirilishi kerakligini yaxshi bilgan. Oilada hal bo‘lmagan ish mahallaga, elning dunyo ko‘rgan oqillariga olib chiqilgan. Lekin duv-duv gap qilinmagan.

Bugungi kunda esa oilaning yashirin va muqaddas sirlari media makonda eng xaridorgir tovarga aylandi. Ommaviy axborot vositalari va internetdagi turli tok-shoularni kuzating: odamlar bir-birining sirini ochishdan, oilaviy muammolarni butun el ko‘z o‘ngida muhokama qilishdan uyalmay qo‘ydilar. Momolarimiz uqtirgan andisha bugun reyting va pul ilinjida toptalmoqda. Muammolar katta sahnalarda, millionlab odamlarning g‘iybati ostida muhokama qilinmoqda. Yechimdan esa darak yo‘q.

Pardaning yo‘qolishi jamiyatda ruhiy yalang‘ochlikni boshlab berdi. Biz ichki dunyomizni tashqariga shu qadar sochyapmizki, natijada oila degan tushunchaning siri qolmayapti. Bugun arzimagan sabablar bilan buzilayotgan minglab oilalar, sudma-sud yurgan yoshlar, Internetda bir-birini haqorat qilayotgan er va xotinlar, o‘zaro oqibatsizlik – mana shu fojianing achchiq mevalaridir. Chunki ularning hayotida nafs va g‘azabni jilovlaydigan o‘sha “harir chegara” endi yo‘q. Biz aynan mana shu nafis himoya qobig‘ini yo‘qotganimiz uchun ham bugun falokatli axloqiy to‘fonlar qarshisida ojiz qolyapmiz.

Muammo texnologiyada yoki Internetdan foydalanishda emas, balki me’yor va madaniyatning yo‘qolishida. Biz farzandlarimizga nafaqat ko‘chada o‘zini tutishni, balki raqamli dunyoda ham “raqamli andisha” va chegaralarga amal qilishni o‘rgatishimiz shart. Raqamli pardalarni o‘zimiz tortmasak, kelajak avlod oila muqaddasligini butkul unutib yuboradi. Bugun o‘sha harir pardalar o‘rnini hashamatli, baland beton devorlar, temir darvozalar va qulflar egalladi. Dunyo moddiy tomondan mustahkamlandi, lekin ruhan va axloqan nazokatini, xavfsizligini yo‘qotdi. Biz uylarimizni temir eshiklar bilan berkitdik, ammo shaxsiy hayotimiz eshiklarini butun dunyoga lang ochib qo‘ydik.

Biz baland devorlarni emas, qalbimizdagi o‘sha nafis pardalarni – hayo va chegara tuyg‘usini, kattalarning dono o‘gitlarini qayta tiklashimiz shart. Aks holda, bu fojia bizni milliyligimizdan butkul ayiradi.

Yorqin INOGʻOMOV,
jurnalist

“Jadid” gazetasining 2026-yil 18-sentyabrdagi 38-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605