Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


19.10.2026 | 14:35

img827

TIL DILNI ANGLATSIN

Bola edim. Bir o‘rta yashar, qotma odamni eslayman. Sipo kiyinar, bozorga kelib, balandroq joyda turganicha, qo‘llarini siltab-siltab, hech kim quloq solmayotgan bo‘lsa ham uzoq gapirar, ammo gapini anglab bo‘lmasdi. Bugun ayrim “savodli jinni”larni ko‘rganimda, o‘sha odam xayolimga keladi. Bir farqi – u kishi nima degani balki o‘ziga ayon bo‘lgandir, biroq bu “yangi”lar o‘z gapiga o‘zi ham tushunmasa kerak. Ming yillar osha ong-tafakkurimizni biyron ifoda qilib kelgan tilimiz bugun g‘o‘ldir-g‘o‘ldir qilib qolayotgan shunday hollar borki, razm solgan kishi qo‘rqib ketishi turgan gap.

Yo‘g‘-e, unchalik emas, deysizmi? Unda, mana bu gaplarni tushuntirib bering-chi:

“…davlat tilini ravon bilishni o‘rnatish tartibi navbatdagi vakolat muddatiga nomzodi qayta ko‘rsatilgan amaldagi rahbarga nisbatan qo‘llanilmaydi”;

 “…o‘qituvchilarning kasbiy kompetentligini rivojlantirish refleksiv texnologiyalari pedagoglarning fasilitatsion harakatlari (motivatsion, tyutorlik, mentorlik)ni pedagogik amaliyotda o‘zaro transformatsiyalashuvi asosida takomillashtirilgan”…

Hoy, to‘xta, nima deyapsan o‘zi, deydigan odam yo‘q. Fikrni anglatmaydigan til – til bo‘ladimi? Tilimiz dilimizni tarjima qila olmay qolsa, bu nimaning alomati? Quyida bugungi kunda ommalashib ketgan, odamlar to‘g‘ri deb biladigan ayrim ifoda shakllarini sharhlab ko‘ramiz.

To‘lqinlanmoq. Ko‘l, dengiz to‘lqinlanadi, odam – hayajonlanadi, to‘lqinlanmaydi. Заволноватсяning o‘zagi волна bo‘lgani uchun to‘lqin+lanmoq tarzida sun’iy so‘z yasalgan (“радиоволна”ni “radioto‘lqin” deyish to‘g‘ri, chunki bunda muqoyasa bor).

“Qonun kuchga kirdi” yoki “ushbu qonun e’lon qilingan sanadan boshlab kuchga kiradi” degan gaplarga ko‘zimiz ko‘p tushadi.

Qonun… qanday qilib kuchga kiradi? Balki qonunga kuch kirar? O‘zbek tilida “kuchga kirdi” deb bemor kishi oyoqqa turganida aytiladi. Ruschaga hijjama-hijja to‘g‘rilayman deb tilimizning belini mayishtirmay, “qonun ishga tushdi” deyaversak-chi? Birov bizni urishadimi?

“Qaysi vazirga, rahbarga savol bermasangiz, oldindagi besh yilda mana shunday ishlarni qilamiz, deb aytadi”. Bu gapning “illati” – uni ruscha gaplashadigan o‘zbek yozgan. O‘zbek “qachon qaramasam, qachon kelmasam, qachon so‘ramasam” demaydi, “qachon so‘rasam, qachon harakat qilsam” deydi va shunday yozadi, ya’ni inkorni inkor shaklida ifodalab o‘tirmaydi.

“Har bir yumshoq jelatin kapsula quyidagilarni saqlaydi” (dori tarkibi). Bu o‘rinda  содержит – saqlamoq emas, balki tarkibida shular bor (содержание) degani. “Har bir yumshoq jelatin kapsula tarkibida quyidagi moddalar bor”, deyilsa, kifoya.

“Kitob K.M.Baypakov va A.N.Podushkinlar muallifligi ostida nashr etilgan”. Bu ruscha ifoda shakli (книга под редакцией) orqali kirib kelgan, ammo hamoqat shundaki, ruslarning o‘zi ham “под авторством” deb yozmaydi.

“Bu mamlakatda chetdan kelganlar har oyda 500 dollargacha pul ishlashi mumkin”. Pul ishlash degan so‘zni til tuyg‘usi o‘lmagan o‘zbek pul ishlab chiqarish deb tushunadi, uning “pul topish” ekanini hazm qila olmaydi. Bu ifoda “заработать” so‘zining o‘zagida “работа” – “ish” yotishidan kelib chiqqan. Bunaqa yozish – shunday fikrlash natijasi, albatta. Bu mualliflarning til tuyg‘usi, lisoniy begonasirash hissiyoti o‘lib bo‘lgan.

Xuddi shu turdagi xato tarjima ruscha “свой”ni hijjalib o‘girish orqali kirib keladi: “освоить степей” – “cho‘l yerlarni o‘zlashtirish” deb taqdim etiladi. Tili aynimagan odam “cho‘lni o‘zlashtirish”ni cho‘lni egallab olish, deb tushunadi. Cho‘l… o‘zlashtirilmaydi, obod qilinadi. “Bilimlarni o‘zlashtirish” ifodasi zamirida ham shu “свой” turadi (освоить знания).

Hijjalab o‘girishga berilib, tilimizda ming yildan beri qo‘llangan muallim degan qutlug‘ kalimani chetga uloqtirib, rus tilidan учитель  so‘zini o‘qituvchi deb harfxo‘rlarcha oldik-qo‘ydik. Holbuki, ko‘p qishloqlarda hali ham maktab va institutda saboq beruvchi kishilarni “ma’lim” (muallim) deb atashadi, shunday chaqirishadi. Aslan, o‘qituvchi grammatikada ot emas, sifatdoshdir, eshituvchi, chopuvchi kabi bir kalima.

“Xon Saroy kompaniyasi 2025-yil natijalari bilan bo‘lishdi”, deyiladi bir xabarda. Nimani… nima bilan bo‘lishdi, desangiz, javob yo‘q. Pulni bo‘lishdi, desa o‘zbekcha bo‘ladi. Ammo “xushxabarni bo‘lishdi” yo “yangilikni bo‘lishdi” – “поделиться”ning harfma-harf o‘girmasi.

Shunga yaqin yana bir qusur “bilan” orqali yuz beradi. Masalan, “davlatlar o‘zaro mutaxassislar bilan almashadi”. Mutaxassislar bilan… nimani almashadi, siz tushundingizmi? Ma’lum bo‘lishicha, mutaxassislar o‘zaro almashtirilar, lo‘nda aytganda, mutaxassislarni almashishar ekan.

“Voqea joyiga yetib kelgan politsiya o‘ramlarda geroin borligini o‘rnatgan”. Qayerga o‘rnatgan, u simyog‘ochmidi, deb savol berging keladi.

Xalq – tili bilan xalq. Tili ketsa, yo‘qoladi. Qirilib bitmaydi, ammo boshqa xalqlar tarkibiga qo‘shilib, bu dunyo sahnidan millat sifatida yitadi. Buning ilk nishonasi o‘lik tilda gaplashish, yozishdir.

Masalan, ruslar uchun “в текущем году” deyish oddiy so‘zlashuvga xos ifoda. Ammo o‘zbek shuni aniq tarjima qilib, “joriy yilda” deb aytsa, til murda tusiga kiradi. “Bu yilda” yoki “shu yilda” de, vassalom!

“Mahallani obodonlashtirish maqsadida ko‘chalarga asfalt yotqizildi”, deydi radio. Qaysi o‘zbek shunaqa gapiradi? Shu axborotni tayyorlagan muxbirning o‘zi ham, gaplashsangiz, “maqsadida” deb buramagajak gap tuzmaydi, “obodonlashtirish” emas, obod qilish deydi, vassalom. Asfalt jonivor odam emaski, yotqizilsa. Asfalt bosiladi!

Tilni boyitadigan, gullatib-yashnatadigan narsa – tarjima. Uni xarob qiladigan, o‘lik tilga aylantiradigan narsa ham o‘sha. Shuning uchun biron matnni, har bir jumlani o‘girib bo‘lgach, shu gap o‘zbekchami, o‘zbek shunaqa deydimi, degan nazar bilan bir qur ko‘zdan o‘tkazilsa, ko‘p illat bartaraf bo‘ladi. Afsuski, ko‘plar “aniq tarjima” tarafdori. Chunonchi, biz murch, qalampir deydigan ikki xil ziravorni ruslar bitta qilib “перец” deydi. Farqlash uchun “черный перец” (murch), “красный перец” (qalampir) deb aniqlovchi qo‘shishadi. Shovvoz mutarjimlar esa murchni “qora murch”, “qizil qalampir”, sedanani esa “qora sedana” deb odamni xit qiladi. Axir… sedana qora bo‘lgani uchun sedana (siyoh dona) deb atalgan!

Til buzish ko‘p, buning ustiga, ular shu qadar xilma-xilki, biron tizimga solish ham mahol. Eng yomoni, ular tobora ko‘payib borayotibdi. Hamma sohada, tilning har bir yarusida til buzishga duch kelamiz. Hatto til haqida kuyinib yozilgan maqolalarning o‘zida ham til buzilishi hollari uchraydi. Goho katta-katta yozuvchilar ham til buzayotganidan xabari yo‘q, asarini yozib ketaberadi. Biz ham shunga o‘rganib qolgandaymiz.

“Bundan oldin Elyig‘mish O‘g‘lonning tazyiqi ostida shu qarorga kelib qo‘ygan Yusuf So‘fi oraga nizo urug‘ini sochayotganlarning gaplariga ham kirdi-yu, Amir Temur bilan quda bo‘lmoqchi emasligini endi butun el-yurt oldida oshkor qildi. Holbuki, kuzning baxmal mavsumida to‘y bo‘ladi, Xorazmdan kelin tushiriladi, degan kelishuvga binoan Samarqandda bo‘lajak to‘yga tayyorgarlik boshlab yuborilgan edi” (Amir Temur siymosi, 144-b.).

Shu ikki jumlada ikki xato bor: avvalo, “tazyiqi ostida” degani o‘zbekcha emas, u ruscha “под давлением”ni so‘zma-so‘z tarjima qilish oqibati (“под редакцией – tahriri ostida”, “под руководством – rahbarligi ostida” kabi xatolar adabiy tilimizni chirmovuqday o‘rab oldi), “tazyiqi bilan” deyilsa, olam guliston-ku! Keyingi jumladagi “kuzning baxmal mavsumi” – “бархатный сезон”ning hijjaviy o‘girmasi. Bizda “бархатний голос”, “бархатная травка”, “бархатние глаза” idiomalari yo‘q, “mayin ovoz”, “barra maysa”, “muloyim ko‘z” deymiz. Amir Temur zamoniga-ku, “baxmal mavsum”ni kavsharlab ham yopishtirib bo‘lmaydi.

Ruschadan beso‘naqay o‘girishdan qutulmay turib, turkcha ohanjamalar chiqib kelayotganiga nima deysiz? Aftidan, ayrimlar o‘z ona tilining xossalarini unutish evaziga turk tilini o‘rganayotgan ko‘rinadi. Yoyinlamoq, oydinlar kabi g‘alati-g‘alati so‘zlar paydo bo‘lyapti, ko‘payib boryapti.

Albatta, hamma aybni tarjimaga to‘nkash ham to‘g‘ri emas. O‘z tilida yozadigan mualliflar orasida ham tilni taxtaga tortadiganlar bor. Bunga ham ko‘p misol aytishimiz mumkin. Ammo jonli, tippa-tirik ona tilimizni o‘ldirib, qora yer tagiga tiqayotgan ikkitagina so‘z bilan cheklansak. 

Buning biri “…moqda” qo‘shimchasi. Hech kim “moqda” deb gapirmaydi, biron shevada ham bunaqa qo‘shimcha yo‘q. Faqat o‘lik adabiy tilda bor. Kimdir “bo‘lmoqda, bajarmoqda” deyayotgan bo‘lsa, bilingki, u o‘zbek emas.

Ikkinchisi esa “va” degan bog‘lovchi so‘z. Biron chol yo kampirning – tili buzilmagan o‘zbekning nutqida “va”ni uchratganmisiz? Yo‘q, albatta. Shuning uchun jonli so‘zlashuv tugul, gazeta xabarida ham “va” deb yozsangiz, tilingizning ravish-raftori quruq, o‘ta rasmiy, o‘lik bo‘lib qoladi.

Holbuki, bugun har bir so‘zimiz nafaqat milliy, balki xalqaro ahamiyatga ham molik. Buning dalili uchun bir misol aytay. Davlatlararo shartnomalar o‘zbek tiliga o‘girilayotganda “экстрадиция” degan so‘z uchraydi. U jinoyat qilib, boshqa davlatga qochib ketgan, yashirinib yurgan odamni o‘sha davlat organlari ushlab, jinoyat qilgan yeriga qaytarishi degani. Xalqaro atama bo‘lgani uchun “ekstraditsiya” aslicha qoldiriladi, ammo ruscha sinonimi – “выдача”ni “ushlab berish” deb tarjima qilishadi. Bu g‘aliz va kulgili ifoda. Uni “tutib topshirish” deb o‘girgan ma’qul. Biroq almashtirish ilojsiz – avvalgi matnlarda shunday o‘tgan, ular ratifikatsiya qilingan.

Demak, endi xato qilishga haqqimiz yo‘q. Davlat tili – davlat ishi. U bilan hazillashib bo‘lmaydi. Istalgan so‘zni, estetik ma’nosi chiqsa bo‘ldi, deb o‘giradigan badiiy tarjima davridan o‘tibmiz. Endi har bir so‘zning yuki juda og‘ir, shoir Shavkat Rahmonning “Har bir so‘z ming bitta jonimga arzir”, degani tagida ma’no ko‘p. Mas’uliyatsiz so‘z aytadigan, yozadigan odamning amalida ham mas’uliyat bo‘lmaydi.

So‘z millat taqdirini hal qiladi. Davrning avzoyi shundayki, dunyodagi katta millatlar so‘z aytyapti, boshqalar uni eshityapti. “Tinglovchi” millatlar yo‘q bo‘lib ketishga mahkum. Negaki, so‘zi yo‘qning o‘zi yo‘q. Xo‘sh, biz o‘zbeklar bu dunyo ayvonida so‘z aytuvchi xalq bo‘lamizmi, yo eshituvchi?

Kimdir ruscha so‘z qo‘shib gapirsa, sazoyi qilgudek bo‘lamiz. Aslida, u oson bartaraf bo‘ladigan illat. Tilimiz tomirida no‘noq mutarjimlar quygan boshqa guruh qonlar ham aylanyapti hozir. Sog‘aytiraylik, dardiga davo topaylik.

Ot biyadan, alp enadan, deydilar. Bizning ona tilimiz o‘zi alp. Boshidan ne kunlar, ne sinoatlar o‘tmagan. Yana qad rostlashi aniq. Ana shu kunlar tezroq kelsa ekan, degan niyatda yozdik-da bu gaplarni.

To‘qqiz buloqdan suv ichgan, o‘ttiz asr bilan quvishgan, ne shahr-u ne yobondan, qadim Oltoy tomondan enib kelgan tilimsan. Bir tutab, bir lovullab yonib kelgan tilimsan. Barchinoyning qarog‘i ham, Alpomishning yarog‘i ham, elimning manglayiga bitgan, qora tundagi chirog‘i ham sen. Goh toshib, goh o‘zanida qurib, tor-u kengish yo‘llardan yurib kelayotibsan, o‘zbekning o‘ziday bag‘ring keng, tor ko‘ngullik ne beklarni surib kelayotibsan. Rabg‘uziy, Temur kabi, Bobur, Mirtemir kabi ming alpni bag‘ringda ulg‘aytirgan beshiksan, kulli o‘zbek yurtiga bu jahon ayvonini ochar oltin eshiksan. Sening bir chirpinishingga mushtoqmiz – shiddating cho‘yan zanjirlarni uzadi, bu tilda nash’-u namo topgan elim esa, inshaolloh, dunyo ko‘pkarisida hammadan o‘zadi.

Zuhriddin ISOMIDDINOV,
filologiya fanlari nomzodi

“Jadid” gazetasining 2026-yil 16-oktyabrdagi 42-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604