Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 16°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Iqbol MIRZO: ÖMONDAN TO NAMANGANGAÇA ✏️Halima XUDOYBERDIYEVA: DA’VAT ✏️Mirtemir QURBONOV: IZLANIŞDAN NATIJAGA ✏️Otabek ISROILOV: TAQDIRLAR ÖZGARMOQDA ✏️Yorqin INOĞOMOV: ŞAXMAT HAM, ŞE’R HAM ABADIY... ✏️Zulayho ALIMOVA: ULKAN XAZINA ✏️Jasmina ISROIL: ANRI BORIS KAGAN – ASRIY JUMBOQNI YEÇGAN NOBELÇI ✏️Bahodir KARIM: XARAKTER MUSAVVIRI ✏️Abdumutallib ÖKTAMOV: ZIYOLI MAS’ULIYATI ✏️Diyorbek SOATALIYEV: BARI BOLA BIRDAY ✏️Z.MAMATOV: BIR BAYROQ OSTIDA ✏️Valişer ABIROV, E’zoza MAMASIDDIQOVA: TILNI ASRAGAN JADIDLAR ✏️Jamoliddin BADALOV: TEATR KUNLARI ✏️Örolboy QOBIL: ABDULLA GULŞANIY KIM EDI? ✏️Muyassar IBROHIMOVA: SAN’AT VA SUN’IY ONG UÇRAŞUVI ✏️Abbos ŞOYIMOV: “ÖTKAN KUNLAR” BUGUNGI KUNIMIZDA ✏️Nigina ISKANDAROVA: TARIX PARÇALARI

TAVSIYA QILAMIZ


24.11.2026 | 12:25

img154

XARAKTER MUSAVVIRI

Yaqinda iste’dodli adib Şuhrat Matkarimning “Ijod Nashr” naşriyoti tomonidan ikki jildga jamlangan asarlari bosilib çiqdi. Kitoblar mundarijasiga nazar taşladim. Öqimaganimdan öqiganlarim köp. Birinçi jilddan ellikdan ortiq hikoya joy olibdi; ikkinçi jildga kiritilgan önga yaqin hikoya, bir neçta qissa va bitta drama – bularning bari Şuhrat Matkarimning keyingi davr ijod mahsuli.

Ikki jildlik kitob tarkibidan iste’dodli şoir Matnazar Abdulhakimga bağişlangan “Ustoz haqida söz” essesi ham örin olibdi. Muhtaşam ikki kitob – yozuvçi ijodining fazilatlarini tasavvur qilişiga yordam beradigan adabiy manba; köz tegmasin, adabiy xirmon yomon emas. Ança yilgi tanaffusdan keyin Şuhrat akaning bu tarzda sermahsul bölişiga adibni bezovta qilgan va yozişga undagan quvonçlar, iztiroblar, dardlar sababdir, nazarimda.

Talabalik davrimizda “Yoşlik” jurnalida Şuhrat Matkarimning “Öramda” hikoyasi bosilgan edi. Öqib eslab qolgandim. Biroq şu çiqişidan keyin yozuvçi ança vaqt körinmay ketdi. Hamma qatori tirikçilik ummoniga şönğidi, menimça. Hayotning, odamlarning, kundalik turmuş muammolarining içida yaşadi. TV muxbiri sifatida yurtni örgandi, odamlar dardini tingladi. Balki şuuriga muhrlanib, bugun qoğozga tuşayotgan voqea-hodisalardan hikoya, qissalar paydo bölişini öylamagandir ham. Baribir, ijodkor zotining xayol puçmoqlarida allaqanday bezovtalikka sababçi ta’sirli, qiziq voqealar qaçondir badiiy asarga aylanişini kutib yotgan böladi va mavridi kelganda qoğozga tuşadi.

Şoşmaslik degan bebaho saboqni yoş ijodkorlar Şuhrat Matkarimdan örganmoği lozim. Şuhrat akaning ilk kitobi yoşi oltmişga yaqinlaşganida bosildi va adabiy jamoatçilik orasida e’tiroflarga sazovor böldi. Bu e’tirof uçun yozuvçi kamida öttiz yil indamay yurdi, özini davralarga urmadi, minbarbozlik qilmadi, öyladi, yaşadi, zavqlandi, işladi, jimgina ijod qildi.

Adibning “Xiyonat”, “Yöriqsiz tuşlar”, “Skripka kötargan qiz”, “Ota”, “Boljon”, “Ijodkorlar”, “Şoir”, “Mukofot”, “Bozor”, “Töra”  kabi röyxatni ança davom ettiriş mumkin bölgan hikoyalarining mavzusi xilma-xil. Aslida, har qanday yozuvçi özi yaxşi bilgan mavzularni maroq bilan badiiy talqin qiladi, maza qilib yozadi. Şuhrat Matkarimning yozganlarida oddiy qişloq odamlari, turli mansab-martaba egalari, oşiqlar qalbidagi pokiza tuyğular, ayniqsa, ijodga daxldor insonlarning hayot tarzi, ularning obrazi köproq qalamga olinadi.

“Maktub”ni öqidim. Xat kelganidan xabar bor. Ammo maktubning özidan darak yöq. Maktub oçilmaydi. Qahramon qalbi oçiladi. Maktub bois, Davlatboyning xayoli olislarga ketadi. Bitta xat assotsiatsiyasidan bitta hikoya bunyod böladi. Bunda qaynoq yoşlik davrining surur va alamlari, iztirobi, tazarrusi seziladi.

“Rais”ni öqidim. Kalondimoğ raislarni çöğdan olib olovga taşlaş, yomonotlik qiliş – bunday odatiy tamoyil kuzatilmaydi. Şuhrat Matkarim bitiklari voqeani boşqalar xayoliga kelmagan tomondan, odamning tuyğun könglini tasvirlaş jihatidan öziga xos. Ortiqça tafsilotlar, örinsiz bijirlaşlarga örin bermasdan, voqelikning özini va uning içida harakat qilayotgan, sözlayotgan odamni tasvirlaydi yozuvçi. “Rais”da raisning ismi yöq. Ammo unga Odil, Olim, Qudrat, Eşquvvat, Dilmurod kabi qator ismlar beriş mumkin, bemalol. Çunki  Rais odamlar dardini eşitadi. Adibning bu hikoyasini öqib, ba’zi asarlarda ismlar böladi, ammo ular xarakter xususiyatidan mosuvo böladi, degan fikr xayolimdan ketmadi. Şuhrat Matkarimda, aksinça, hikoya qahramonlariga gohida ismlar taqalmasligi mumkin, ammo ular öz fitratiga köra ismlarini özlari aytib turadi.

Şe’r uçun tuyğular muhim. Ammo hikoya ham his-tuyğular ortidan paydo bölsa, odamning köngli yorişadi. Deylik, “Boljon”da şunday bebaho pokizalik bor. “Qöqir bilan Yompiq” hikoyasida ikki xil tabiatli odam muhokama qilinadi. Bir olifta noşir haqida: “U hamişa oq-oppoq kostyum-şimda yurar, tuflilar ham oq, jörroplar ham oq-oppoq bölar edi. Salmoqlab, viqor bilan qadam taşlab kelaversa, bir parça oq bulut yerda yurib kelayotirmi, der edingiz”, deb yozadi muallif. Qöqir-oliftani aniq tasavvur qilasiz. Adib hikoyalarida biror adabiy detal içiga voqeani jamlaş usulidan unumli foydalanadi. “Közoynak”da şunday. Bunga öxşaş assotsiativ syujetdan foydalaniş uning qissalarida ham közga taşlanadi.

Şuhrat Matkarimning qissalaridagi har bir obrazning öz qiyofasi, keçmişi bor. Ular xarakterli odamlar. Deylik, “Salav” qissasi markazida şunday xarakterli Şerzod turibdi. Unga yondoş boşqa obrazlar özaro teng kuçli. Şerzodning otasi Qiliçboy, onasi Şarpa momo, uçar sinfdoşi Poqqi mapiy (Farhod), benavo Oybodoq, yana Islom buva, Qöldoş buva kabi bir neça kimsalar şu markaziy obraz tegrasida, uning hayot tarzi va “salav”ligi atrofida birlaşadi. Bu obrazlarni öziga xos qiyofasi bilan tasavvur qiliş qiyin emas. Aslida, tobora unutilib borayotgan badiiy adabiyotning ramzli tili şunday bölmoği, ya’ni, inson tabiatining xolis tasviri uçun tasavvurga yöl oçib bermoği lozim. Yozuvçi obrazlar tabiatini yonidagi unga hamroh qahramonlar zimmasiga yuklaydi. Muallif öz nuqtayi nazarini köp ham oşkora qilavermaydi. Aksinça, gohida özaro jang-u jadallarga kirişib ketgan qahramonlarini bir-birdan himoya qiladi. Gohida ularning ojiz, beçora banda ekaniga e’tibor qaratadi. Şunday örinlarda Şuhrat Matkarim nasriga xos umumiy bir pafos – insonni e’zozlaş ğoyasi yuzaga qalqib çiqadi. Aziz-u mukarram qilib yaratilgan inson hamma zamonlarda öz hayotini şu martabaga munosib yaşamoği lozim.

Muallif qahramonlari hayotini öz qalamini zöriqtirmasdan  tasvirlaydi. Söz izidan söz keladi, voqealar zinjirining ulangan joylarini öquvçi sezmay ham qoladi. Buning nomi – badiiy mahorat. Yozuvçi qahramonlarini ortiqça böyab-bejamasdan sözlatadi. Ularning qilmişlari, boşidan keçirmişlari haqida esda qoladigan qilib yozadi. Deylik, qalamkaş Qiliçboy aka holi haqida: “Ruçka yengil yuritilsa uzuq-yuluq iz qoldirar, qattiqroq bosilsa qoğoz teşilib ketar edi. Hozir ham  botqoqda it yörtganday etib yozilgan bir neça varaq stol ustida soçilib yotardi”, deb yozadi. Şu kimsaning beçoravaşligini “yomğirdan qoçgan musiçaday egnini qisib, juda önğaysiz bir alpozda” mudrayotgan tarzda körsatadi. Bunday vaziyatni anglaş, tasavvur qiliş qiyin emas. Qöldoş buva ötib ketgan otasi haqida kitob yozdiriş dardida yuribdi. Uning notinç oilasini, xotini va unga uylanişini muallif: “Ammo qiz xudoning ğazabi çiqdi. Oğzidan söz emas, öt bilan olov purkar ekan. Tezda böşgina Qöldoşni örab-çirmadi, nöxtaladi, egarlab minib oldi”, deya tagdor qilib yozadi. Bir örinda mubolağa bilan: “Tipratikonni ters yutganday közlari ola-kula bölib ketdi”, desa, gözallik bilan tubanlikning nomutanosib bir manzarasini: “Gilam göng ustida ungan lolaga mengzardi”, deb öxşatadi. Adib asarlarida bunday xalqona ta’birlar, topildiq iboralar, frazeologik birliklar köp topiladi.

Monoton bayonni özgartiriş uçun yozuvçi zaruratga köra tabiat unsurlariga murojaat etadi; ularga insonga xos sifatlarni köçiradi, ya’ni,  personifikatsiyani qöllaydi: “Birdan köçada şamol kuçaydi – yölakda yelvizak paydo böldi. Çaqirilmagan mehmon koridor böylab şuvillab ötdi-da, özini podyezdga urdi. Kuydirilgan piyoz va göştning iştahani qözğovçi qorişiq hidini köçaga yoya boşladi. Yelvizak bu işi bilan qanoatlanmay, ajib şöxlik va tegajoğlik bilan dahlizdagi darpardaning etagini goh kötarib, goh tuşirib, u bilan öynaşa ketdi”. Yelvizakning bu qiliği, darparda bilan öynaşib turişlari ham bejiz emas, öşa makonda uçraşib, suhbatlaşib ötirgan ikki kimsaga qaysidir ma’noda aloqador ham.

Şuhrat Matkarim nasrining badiiyati, asarlarining poetik qiymati samimiylik, tabiiylik, hayotiylik, diologik va monologik nutq orqali namoyon böladi. Yozuvçi ezmalik qilmaydi. Ohangjamo ajnabiy  kalimalardan köra şeva sözlarini qöllab, zarur bölsa, ularning  ma’nosini havolada izohlaydi. Özbek tili şu zaylda boyitiladi ham.

“Maqar” qissasini birinçi öqiganimdayoq, uni yaxşi asar degan qat’iy fikrga kelgan edim. “Maqar” bugungi adabiy hayotda öz yölini topib, katta adabiy ummonga qöşilib bormoqda. Asar nomi uning boş qahramoni tarixiga oid. Asli ismi Hösinboy bölgan Maqarning qiyofasi, pokiza qalbi, odamiylik rutbasi, kitobga oşno odam ekani qissani içdan yoritib turadi. Asarda içki nutq kuçli. Içki nutq esa har qanday qahramonning ruhiy-psixologik kayfiyatini oçiş kaliti sanaladi. Maqar iddaolarsiz, ammo köngli samimiyatga limmo-lim tölgan obraz. Öquvçi uni beixtiyor yaxşi körib qoladi va öz hayotida körgan qaysi bir yaqinlariga öxşatadi ham. Obrazning umumlaşma xususiyati, kuç-quvvati ham şunda.

Xorazmda laqabi bilan çaqiriş, laqab taqiş urfi keng yoyilgan. Odamlarning tabiatiga, avlod-ajdodlari, yaşaş şaroiti, körinişi, qiliği, kasb-koriga qarab turli laqablar töqiladi. Şuhrat Matkarim “Maqar”da şunga diqqat qaratadi: “Maqar bolalarini yaxşi körib, ularga ajib-antiqa laqablar qöyardi. Maqsat Moqqi edi. Normamat Mamat, Maşirip Maşşiq, Ahmad Akki, Sa’dulla Saşka, Gulruh Tönqi, enasining ismi qöyilgan Guljonga Kampir der edi. Nilufarga Lilli, eng kenjasi Zuhraga Jöqqi, katta qizi Gulbahorga Didoq, Oydinning nevarasiga Oyyi, Quvonçga Qöyyi, Marhaboga Vorroq. Hammaning laqabi bor edi. Maqar jilmayib qöydi”. Bu bir oila doirasida töqilgan ism-laqablar. Ularda erkalaş ham bor.  Yozuvçining bundan boşqa asarlaridagi obrazlarga taqalgan laqablar ham qaysidir ma’noda adabiy-estetik vazifani bajaradi. Qisqargan ismlar, taqalgan, töqilgan laqablar, ularning negizi, paydo böliş sabablarini, menimça, Şuhrat Matkarim ijodi bahonasida maxsus örganiş mumkin.

 “Maqar” qissasining umumbayoni va qahramonlari nutqini individuallaştirişda yozuvçi xos şeva sözlarini köp işlatadi. Ijodining avvalgi davrida yozilgan hikoyalariga nisbatan “Maqar”da bu tendensiya kuçaygani seziladi. Şuhrat Matkarim ijodi şu jihati bilan ham qadrli va qiziqarli. Haligaça birorta özbek adibi qöllamagan, özbek tili luğatlaridan örin olişi lozim bölgan ayrim sözlarni muomalaga kiritiş juda muhim, albatta.

Şuhrat aka zörma-zöraki yozmaydi. Tabiiy, samimiy, erkin ijod qiladi. Özini turli qoliplarga solib qiynamaydi. Ayni damda, şeva sözlarini örinli-örinsiz qatorlaştirmaydi ham. Bu asarlarni öqigan öquvçi voqelikning tabiiy bir oqimiga tuşadi. Yozuvçining öquvçi diqqatini tutib turadigan adabiy usullari bor. U epizoddan epizodga ötadi va zarur örinda ipning boşlanğiç uçini tortib, barça voqeani bir doira içiga jamlab oladi. Şunday syujet yöli va kompozitsion quriliş manzarasining, qaysidir ma’noda, koordinatalar tekisligida çizmasini çiziş mumkinga öxşab körinadi. “Salav”da jinoyat haqida gap bor. Ammo jinoyatçini topiş maqsad qilinmaydi. Oxiri bilan boşini şu ma’lumot bilan jamlab beradi. Yoki “Tayoqtomda töy” hajviy qissasida ham şunday usuldan unumli foydalanadi. Töy haqida xabar bor, ammo odamlarni yozuvçi töyxona içkarisiga kiritmaydi. Töyxonaga odamlar yiğilişi kerak. Asarda qatnaşayotgan obrazlar öz qilmişlaridan özlari kuladi va uyaladi, özlari mamnun böladi va maqtanadi. Çopqir boltasi ham, sopi ham özlari. Yozuvçi xolis tasvirçi. U qahramonlarining qilmişlariga aralaşmaydi, yaxşi-yomonga ajratib, ortiqça muhokama qilmaydi. Qahramonlarning xarakteri gapiradi. Yozuvçi bu oşna-oğayni, taniş-bilişlarni bir joyga jamlab, köngillarida yiğilib qolgan dardlarini sözlaşga, özaro gurung qilib dillarini yozişga imkon beradi.

Aytiş mumkinki, bugungi adabiy jarayonda Şuhrat Matkarim ijodiga qiziqiş kuçaydi, yozuvçining muxlislari, asarlarining tadqiqotçilari paydo böldi. Tadqiqotçilardan ayrimlari dissertatsiya himoya qildi. Adibning kitobxon qahramonlaridan biri: “Özi yaxşi kitob bölsa, qölingga “şappa” yopişadi. Öqib bölmaguningça qölingdan yozdirmaysan”, degan haq gapni aytadi. Şuhrat aka yozgan asarlar şunday sifatga ega. Öziga xos xarakterlar musavviri, iste’dodli adib Şuhrat Matkarim öz asarlari bilan özbek adabiyoti tarixida munosib qadr topişiga işonçimiz komil.

Sözim tugançida yana bir zarur gapim bor. Şuhrat Matkarimning uşbu ikki jildlik kitobiga Ozod hoji Abdullayev homiylik qilibdi. Ma’naviyat zahmatkaşlarining bunday xayrli işlari boşqalar uçun ham ibratdir.

Bahodir KARIM,
professor

“Jadid” gazetasining 2026-yil 20-noyabrdagi 47-sonida


SAN’AT VA SUN’IY ONG UÇRAŞUVI

Joriy haftada poytaxtimizdagi “Akademiya” galereyasida Özbekiston xalq rassomi, “Fidokorona xizmatlari uçun” ordeni sohibi, Özbekiston Badiiy akademiyasi akademigi Javlon Umarbekovning “Absurdlar” nomli körgazmasi bölib ötdi. San’at arbobi tavalludining 80 yilligi munosabati bilan taqdim etilgan asarlar muallifning zamonaviy dunyoga munosabati va inson tafakkuridagi evrilişlar xususidagi muşohadalarini aks ettirgani bilan e’tiborlidir. AKSDAGI ASL KIM? Bugun inson hayotiga kirib […]

25.11.2026 | 16:02

img85

ANRI BORIS KAGAN – ASRIY JUMBOQNI YEÇGAN NOBELÇI

HAYOTI 1930-yil 15-dekabrda Fransiyaning Bulon-Biyankur şahrida tavallud topgan. Milliy kimyo oliy maktabi va Sorbonna universitetini bitirgan. 1954-yildan 1962-yilgaça Milliy ilmiy tadqiqotlar markazida (CNRS) işlagan. 1960-yilda doktorlik darajasini oldi. Bir neça yil Alen Oro qöl ostida ilmiy xodim bölib işladi va Fransiya kollejida laboratoriya direktorining örinbosari böldi. 1967-yilda Orse şahridagi Parij-Sud universitetining Fanlar fakultetida tadqiqot guruhini […]

25.11.2026 | 09:24

img121

SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI

Hayoti Syukuro Manabe 1931-yil 21-sentyabrda Yaponiyada tuğilgan. Tokio universitetida tahsil olgan. 1958-yilda doktorlik işini muvaffaqiyatli himoya qilgaç, AQŞga köçib ötgan. Avval Milliy okeanografiya va atmosfera tadqiqotlari boşqarmasida işlagan, bir muddat Yaponiyada yaşagaç, yana Prinston universitetiga qaytib kelgan. Hozirda şu universitetda faxriy meteorolog. 2007–2014-yillarda Nagoya universitetida maxsus taklif qilingan professor sifatida işlagan. Kaşfiyoti Insoniyat uçun hayotiy […]

19.11.2026 | 09:08

img791