Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


02.05.2024 | 17:47

img504

HAYLAM SHAHRISTONIDA KECHGAN SUHBATLAR

Tarix fanlari doktori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Ahmadali Asqarov bilan suhbatlashish maqsadida qo‘ng‘iroq qilganimda, domla Namangan viloyatidagi Uchtepa qadimiy yodgorligida ish olib borayotganini aytib, shu yerga taklif qildi. Men o‘ylab o‘tirmay yo‘lga chiqdim. Ustoz bilan ochiq osmon ostidagi muzey – qadimgi zardushtiylar ibodatxonasi xarobalarida uchrashdik. Tabiiyki, suhbatimiz so‘nggi yillarda milliy arxeologiya fanida yuz berayotgan o‘zgarishlar, shu­ningdek, bugun olim tadqiq etayotgan Haylam yodgorligi va uning topilishi tarixi haqida kechdi. – Ustoz, o‘zingiz mana shu Uchtepa qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgansiz. Biroq ushbu yodgorlikning endigina topilgani bizni ajablantirdi… – Men bu qadimiy arxeologik yodgorlikni maktabda o‘qib yurgan kezlarimda ham, talabaligimda ham, Samarqanddagi Arxeologiya institutida direktor bo‘lganimda ham yaxshi bilardim. Ammo biz kabi mahalliy xalqlarga past nazar bilan qaraydigan, imkon qadar o‘zligimizni anglash va shonli tarixi­mizni o‘rganishga to‘sqinlik qilgan sobiq sho‘rolar zamonida har qanday yangi arxeologik tadqiqotni boshlash katta muammo edi. Keyinchalik imkon topilganida esa, falonchi o‘zining qishlog‘idagi obyektni o‘rganish uchun davlat mablag‘ini sovuryapti, degan malomatlardan cho‘chib, bunga jur’at qilolmaganman. O‘sha paytda bu joylar ancha ovloq hudud hisoblanar edi. O‘tgan asrning 90-yillarida odamlarga uy-joy qurish uchun berilishi natijasida yodgorlikning katta qismi yo‘qolib ketdi. Nihoyat, nafaqaga chiqqanimdan keyin Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi loyihasi asosida Uchtepa arxeolo­giya obyektini o‘rganib, qadimgi Haylam shahridagi zardushtiy­lar ibodatxonasi qoldiqlarini tadqiq qilishga kirishdim. Haylam – hozirgi Uchtepa qish­log‘ining o‘rnida, Norin va Qoradaryo oralig‘idagi zardushtiylar makoni bo‘lgan. – Ibodatxona, umuman, Haylam shahrining o‘sha payt­lardagi ko‘rinishini topilmalar asosida tasavvur qilish mumkinmi? – Aniqlangan obyekt atrofidan yetmishta otashkada, yigirmadan ortiq haykalcha topildi. Bunday ko‘lamdagi topilma dunyo miqyosida hozirgacha uchramagan. Qo‘lga kiritilgan ashyolarning ilmiy qimmati va ahamiyati beqiyos bo‘lib, taxminan, miloddan oldingi III–II asrlarga oid topilmalar ham bor. Miyono‘rdah muzofotida joylashgan shahar hududi devor bilan o‘ralgan 38-40 gektar maydondan iborat. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, vodiyda sakkizta mana shunday muzofot joylashgan va Haylam shahri ulardan birining poytaxti bo‘lgan. Bugungacha uning maydoni, janubiy, g‘arbiy, shimoliy, sharqiy chegaralari aniqlandi. Uch qator mudofaa devori bilan mustahkamlangan shaharda hukmdor qarorgohi, zardushtiy­lar ibodatxonasi, shahriston bo‘lgan. Bu ibodatxona Qutayba boshliq arablar o‘lkamizga bostirib kelgunicha faoliyat yuritgan. Ibodatxonada olov yoquvchi rohibalarning qabrlari ham topildi. Bu yerda muzey tashkil qilishga 2019-yilda kirishganman. Loyiha ikki yilga belgilangan edi. Hali oxiriga yetkazilgani yo‘q. Oz-ozdan mablag‘ berib turishibdi. – Keyingi yillarda yurtimizda arxeologiyaga qay darajada e’tibor qaratilyapti? Sohada qanday yangilik­lar yuz bermoqda? – Mustaqillikning dastlabki yillarida akademik fan sohasiga e’tibor yaxshi edi, ilmiy tadqiqot institutlari xodimlariga davlat byudjetidan oylik maosh to‘lanardi. Ammo keyinchalik ilm ahli­ning ish haqini tadbirkorlardan buyurtma olib, kontrakt asosida ishlash orqali qop­lash tartibi joriy qilindi. Ya’ni, o‘z aravangni o‘zing tort, degan yo‘sinda ish tutildi. Shuningdek, akademik fanni rivojlantirish bilan bog‘liq moliyaviy homiylik ham to‘xtatildi. Ma’lumki, nazariy ilmiy ishlanmalar laboratoriya tajribalari va dala amaliyotlarisiz rivoj­lanmaydi. Natijada qo‘shimcha mablag‘ talab etadigan nazariy ishlanmalarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish tamoyili buzildi. Shu bois, davlatning e’tibori­dan chetda qolgan arxeologiya fanida ham ma’lum muddat turg‘unlik holati kuzatildi. Biz ilojsizlikdan eski aloqalarni ishga solib, xorijiy hamkasblarimiz bilan hamkorlikda bir necha ­ilmiy ekspeditsiyalar tashkil qilishga majbur bo‘ldik. Biroq ajnabiy muxbirlar har bir kashfiyotni chet ellik olimlarning yutug‘i sifatida talqin qilishdi va natijada o‘zbek arxeologlarining kashfiyotlari ularning soyasida qolib ketdi. Chunki ilmiy ekspe­ditsiyalarni ular moliyalashtirar edi. 1996-yilda arxeologlarga dala sharoitida to‘lanadigan eng kam ish haqi ham bekor qilindi. Shunga qaramay, mus­taqilligimizning dastlabki yillarida soha olimlarining sa’y-hara­katlari tufayli tarix va arxeologiya sohasida muayyan o‘zga­rishlar yuz berdi. Katta ilmiy salohiyatga ega olimlarning aksariyati fidoyi insonlar edi. Ular ish va boylik ilinjida Vatanni tashlab, xorijga ketmadilar. Ana shu vatanparvar ziyolilarning irodasi va matonati tufayli sohada bir qator salmoqli yutuqlarga erishildi. – Shu haqda batafsilroq to‘xtalib o‘tsangiz. – Birinchidan, sovetlar davrida O‘zbekiston janubida ochib o‘rganilgan Sopollitepa, Jarqo‘ton, Bo‘ston kabi qadimgi deh­qonchilik madaniyati yodgorliklari har tomonlama chuqur tadqiq etildi. Yangicha tahlillarga ko‘ra, ulardan topilgan noyob arxeologik artefaktlar yordamida bizning janubiy viloyatlarimiz bronza davridan e’tiboran qadimgi Sharqning birlamchi sivilizatsiyalari tarkibiga kirgani ilmiy jihatdan isbotlandi hamda Janubiy Turkmaniston, Shimoliy Afg‘oniston yodgorliklari bilan birga jahon tarixiga Oks sivilizatsiyasi nomi bilan kiritildi. Avval­lari tarixshunoslikda bunday g‘oyani aytish amrimahol edi, chunki ko‘pchilik o‘zbek deganda dashtda yashovchi turkiy tilli chorvadorni tushunardi. Avvalo, uzoq yillar tarixshunoslik fanida O‘zbekis­tonda bronza davrida tarkib topgan qadimgi shaharsozlik madaniyati va o‘zbek davlatchiligining asoslari dastlab Erondan kirib kelgan, degan g‘oya yetakchilik qilib keldi. Hatto, o‘sha davrda yurtimizda yuksak darajada rivojlangan kulolchilik mahsulotlari to‘g‘ridan to‘g‘ri “Ahamoniylar keramikasi” deb ataldi va bizga ana shunday mantiqqa zid qarashlar singdirildi. Lekin mustaqillik yillarida birlamchi arxeologik materiallarni g‘oyaviy tazyiqlardan xoli tarzda yangicha tahlil etish natijasida bu borada asl tarixiy haqiqatni yuzaga chiqarish imkoni tug‘ildi. Ya’ni, miloddan avvalgi VI asrda yuz bergan ahamoniylar bosqiniga qadar Markaziy Osiyoda bronza davri birlamchi sivilizatsiya yutuqlarining qayta tiklanish pallasi bo‘lgani ilmiy jihatdan isbotlandi. Shuningdek, sho‘rolar tarixshunosligida O‘zbekistonning qadimgi shaharsozlik madaniyati va davlatchilik ildizlari antik davrdagi Yunon-Rim sivilizatsiyasi bilan bog‘lab talqin qilinar edi. Holbuki, antik davrda an’anaviy mahalliy o‘zbek davlatchiligiga innovatsiya sifatida kirib kelgan ellinizm amaldagi me’moriy moddiy madaniyatda, tovar-pul munosabatlari shakllanishida, diniy qarashlarda, yozuv madaniyatida o‘z aksini topgan bo‘lsa-da, aslida ushbu buyuk yuksalish zamirida Qadimgi Sharq madaniyatiga xos bo‘lgan bronza davriga oid Sopolli madaniyatining an’ana va omillari yotar edi. Yana bir e’tiborli jihati, Kushon davlatining etnik jihatdan turkiylarga mansub bo‘lgan hukmdori Kanishka ellin mafkuraviy madaniyatidan voz kechib, o‘zining aso (davlat ramzi) tutgan surati va turkiy oriylarga xos samoviy ot ramzi tushirilgan tanga­larini zarb ettira bosh­ladi. U ellinlarning lotin tili va yozuvidan voz kechib, kushonlar davlati doirasida bohtariy tili va yozuvini joriy qildi. Din sohasida yunon ma’budlarini ilohiy­lashtirishni ham man etdi. Bronza, ilk temir va antik davrda yuz bergan yangilik­lar tufayli Markaziy Osiyo etnosiyosiy hayotida turkiy ruhiyat, madaniyat va ma’naviy taraqqiyot har jabhada yaqqol ko‘rina boshladi. Antik davrdan boshlab o‘zbek xalqining etnogenezi va davlatchiligi jadal rivojlanish bosqichiga ko‘tarildi. Bunday o‘ziga xos mustaqillik siyosati hatto, ilk o‘rta asrlarda ham, toki arablar istilosigacha davom etdi. Mazkur tarixiy jarayonlar arxeo­logik va antropologik materiallarda o‘z aksini topdi, uning qiyosiy lokalizatsiyasi kankiya va kangar, xu va rung, tiyek va g‘uz, xunnu va usun kabi turkiy etnik atamalarda ifodalandi. Bu haqda qadimgi Xitoy yozma manbalarida aniq ma’lumotlar bor. Aynan arxeologik va antropologik izlanishlar tufayli Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston odamzodning ilk bor paydo bo‘lgan hududiga kiritildi. U davrga tegish­li qadimgi tosh (paleolit) davri yodgorliklari Farg‘ona vodiysidagi Selung‘ur va Qapchig‘ay, Toshkent vodiysidagi Ko‘lbuloq va Obirahmat, Surxondaryo viloyatidagi Teshiktosh, Zarafshon vodiysidagi Omonqo‘ton va Qo‘tirbuloq, qadimgi Xorazm zaminidagi Qizilnura 1 kabi yodgorlik­lar misolida o‘rganildi. Jahonning nufuzli olimlarini Obirahmatga yig‘ib, eng qadimiy arxaik yodgorlik bo‘lgan Selung‘urga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar tashkil etildi. Istiqlol yillarida arxeologlarimiz to‘plangan materiallarni yangicha qarashlar asosida talqin va tahlil qilib, ko‘plab yangi xulosalarni ilgari surdilar. Masalan, qadimgi shaharlarning kelib chiqish ildizlari tadqiq qilinib, ularni xronologik ketma-ketlikda davrlashtirish va tarixiy bosqichlarga bo‘lish ishlari amalga oshirildi. Har bir tarixiy-madaniy markaz kesimida shaharlar genezisi, iqtisodiy-xo‘jalik asosi, tarixiy topografiyasi, suv ta’mi­noti, mudofaa tizimi o‘rganilib, o‘zbeklarning etnomadaniy qiyo­fasi, ijtimoiy, siyosiy, diniy ildizlari tahlil qilindi. Bu borada qadimgi shaharlarni yozma manbalar ma’lumotlari bilan lokalizatsiyalash masalalari jiddiy shug‘ullanishni talab etdi. Chunki shaharlar tarixini to‘la-to‘kis yoritish va umumlashtirish shu paytgacha yozma manbalarda o‘z aksini topmagan edi. Sodda qilib aytganda, har bir arxeologik artefaktni “gapirtirish” kerak bo‘ldi. Qo‘lga kiritilgan arxeologik manbalar tahliliga ko‘ra, O‘zbe­kiston xronologik ketma-ketlikda uchta hududiy zonaga bo‘lindi. Birinchi zonaga Janubiy O‘zbekiston hududlari; ikkinchi zonaga Janubiy So‘g‘d (Qashqadaryo viloyati), Markaziy So‘g‘d (Samarqand viloyati), Gʻarbiy So‘g‘d (Navoiy va Buxoro viloyatlari), qadimgi Xorazm hududlari; uchinchi zonaga Sirdaryoning o‘rta havzasi hisoblangan Toshkent viloyati, Janubiy Qozog‘iston, qadimgi Farg‘ona va Ustrushona hududlari kiritildi. O‘zbekistonning mahalliy xalqi, o‘zbek millati va uning davlatchiligi ana shu hududlar etnik birliklarining uzoq vaqtlar davom etgan o‘zaro ijtimoiy-iqtisodiy, etnomadaniy aloqalari, siyosiy boshqaruvi va tarixiy mafkurasi bazasida, murakkab etnoslararo qorishuvlar asosida shakllangan. Xalq va millat tarixi o‘rtasidagi farqlar birinchi bor kitobda o‘z aksini topib, Eron va Turonda o‘tgan tarixiy jarayonlar xronologik ketma-ketlikda obyektiv bayon etildi. O‘zbek xalqining so‘g‘diy, xorazmiy, boxtariy va sak-skif asos­lari, turkiy tilli ajdodlarimizning iqtisodiy-xo‘jalik hayoti, etnomadaniy qiyofasi, uning ko‘p etnik komponentligi asoslandi. Yillar davomida olimlar tomonidan yurtimizda ko‘chmanchi chorvachilikning kelib chiqishi ilk temir davri tarixiy jarayonlari bilan bog‘lab talqin etib kelindi. Biroq ke­yingi yillarda ushbu tub o‘zgarishlar bundan ming yil avval sodir bo‘lgani aniqlandi. Bunday o‘zgarishlar zamirida uy hayvonlaridan ulov sifatida foydalanishga o‘tish jarayoni yotadi. O‘tmishda zodagon chorvadorlar yil sayin ko‘payib borayot­gan chorva mollarini boqish uchun yangi yaylovlar qidirib, bir joydan ikkinchi joyga ko‘chishga majbur bo‘ladilar. Bu esa bir tomondan qabilalarning unumdor o‘tloqlarga ega chiqish ilinjida o‘zaro nizolashishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan kundalik hayot uchun kurash jarayonida ikki xil xo‘jalik sohiblarining iqtisodiy jihatdan o‘zaro bog‘lanib qo­lishi­ga sabab bo‘ldi. Dastlab natural mol ayirboshlash shaklida namoyon bo‘lgan bunday iqtisodiy, madaniy va siyosiy aloqalar ke­yinroq tovar-pul munosabatlariga asoslangan bozorning paydo bo‘lishiga olib keldi. Ibtidoiy urug‘chilik jamoalarining yemirilishi va ilk temir davrining qaror topishi haqida gapirganda, bu davr­da Markaziy Osiyoning qadimgi sug‘orma dehqonchilik mintaqalari­dagi dastlabki davlat konfederatsiyalari (qadimgi Baqtriya podsholigi, Katta Xorazm, Dayuan podsholigi) yuzaga kelib, ularni rasman kavi (bir necha viloyat hukmdori, podshosi)lar boshqargan. Ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi chorvachilik mintaqalariga (Qang‘ davlat konfederatsiyasi, Hunnu davlat konfederatsiyasi) esa jabg‘ular boshchilik qilgan. Arxeologlarimizning tinimsiz izlanishlari natijasida ana shunday ilk davlat boshqaruv tizimlari, ular o‘rtasidagi iqtisodiy va etnomadaniy aloqalarning tub mazmun-mohiyatiga aniqliklar kiritildi. – Shubhasiz, arxeologiya – murakkab soha. Shu bois, bu borada kamchilik va muammolar ham bo‘lishi tabiiy. Xo‘sh, bugun arxeologlarimizni qaysi masalalar ko‘proq o‘ylantirmoqda?  – Mustaqillik davrida akademik ilm-fan, jumladan, arxeo­logiyaga e’tiborni ham ikki bosqichga bo‘lish mumkin. Dast­labki bosqichda mamlakatimizdagi iqtisodiy qiyinchiliklar va boshqa sabablar tufayli akademik ilm-fan inqirozli davrni boshidan kechirdi. Quvonarlisi, keyingi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ilm-fan sohalarini rivoj­lantirishga katta e’tibor qaratishi natijasida milliy arxeologiya sohasida ham butunlay yangi davr boshlandi. Qisqa vaqt ichida katta muammolar bartaraf etilib, sohada xayrli o‘zgarish­lar amalga oshirilmoqda. Avvalo, ilmiy-tadqiqot ins­titutlari xodimlariga davlat byudjetidan oylik maosh to‘lash tartibi joriy qilindi. Mavjud laboratoriyalarni zamonaviy ilmiy-texnika vositalari bilan jihozlashga kirishildi. E’tibor va rag‘bat sustligi tufayli boshqa sohalarga o‘tib ketgan malakali arxeologlar qaytadan ishga jalb etilib, hatto Toshkent shahrida Milliy arxeologiya markazi tashkil etilgani ayni muddao bo‘ldi. Olimlarimiz arxeo­logik izlanishlar olib borish uchun birlamchi ilmiy-texnika asbob-uskanalari bilan ta’minlanganini ham alohida ta’kidlashim kerak. Soha bo‘yicha maxsus himoya kengashlari tashkil etilib, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda Milliy arxeologiya markazi akademik Yahyo Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti bilan birgalikda 2030-yilgacha ilmiy sohada amalga oshiriladigan ishlar rejasini tuzib, hal etilishi zarur bo‘lgan masalalar ustida bosh qotirilmoqda. Muammolar haqida gapiradigan bo‘lsam, birinchi galda mamlakatimizdagi mavjud barcha arxeologik yodgorliklarni o‘rganib chiqib, sho‘rolar davrida chala qolgan ko‘p jildlik “Arxeologik yodgorliklar ro‘yxati”ni tuzish ishlarini oxiriga yetkazishimiz kerak. Bu yo‘nalishda qator tumanlar va viloyatlar bo‘yicha bir necha jilddan iborat ro‘yxat (svod) tayyorlangan bo‘lib, 1990-yilgacha O‘zbekistonda 15 mingdan ortiq arxeo­logik yodgorlik aniqlangan. Mustaqillikning ilk yillarida Arxeo­logiya institutining rahbariyati olti marta o‘zgardi. Ular mahalliy hokimiyatning dastyoriga aylantirildi. Ro‘yxat tuzish va uni chop etish masalasida moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga keldi. Tarixiy obidalarning qonuniy egasi bo‘lgan Madaniyat vazirligi mutasaddilari esa bu masalaga sovuqqonlik bilan qaradi. Ko‘plab fermer xo‘jaliklari esa ekin maydonlarini kengaytirish ilinjida amalda tarixiy obyektlarni yo‘qotish bilan shug‘ullandi. Buning oqibatida hozirgi kungacha yuqorida tilga olingan yod­gorliklarning atigi uchdan bir qismi saqlanib qolgan. Ularni muhofaza qilishga mo‘ljallangan qonun va me’yo­riy hujjatlar qabul qilingan bo‘lsa-da, ko‘pchilik amal qilmayapti. Yurtimizdagi har bir viloyat va tarixiy-madaniy o‘lkaning Afrosiyob va Axsikent kabi ulkan etalon poytaxt yodgorliklari mavjud. Shu bois respublikamizning arxeologik salohiyatini teng taqsimlab, ularda uch fasl davomida to‘xtovsiz ishlab tura­digan kompleks ekspeditsiyalar tashkil etish lozim. Shu orqali etalon yodgorliklarni chuqur o‘rganish, hududlardagi noyob yodgorliklarning ro‘yxatini qat’iy tartibga keltirish va kelgusida sayyohlikni rivojlantirish choralarini belgilash mumkin. Bu borada bizning tajribamiz bor. O‘tgan asrning yetmi­shin­chi-saksoninchi yillarida Arxeologiya institutini boshqargan kezla­rimda shunday yo‘l tutganmiz. Afsuski, bunday ilmiy ishlanmalar keyinchalik davom ettirilmadi. Muhtaram Prezidentimiz yurtimizdagi jahon turistlari e’tiborini o‘ziga tortuvchi noyob arxeologik obyektlarni ochiq osmon ostidagi muzeylarga aylantirish tashabbusini ilgari surib, bu borada tegishli farmon va qarorlarni qabul qildi. Biz, arxeo­loglar ham ushbu muhim tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda barcha viloyatlar hududida kamida uch-to‘rttadan noyob arxeologik yodgorlik­ni turizm obyektiga aylantirish borasida izlanishlar olib borishimiz kerak edi. Afsuski, bu masala yechimida ham jiddiy muammolar bor. Avvalo, Madaniy meros agentligida barcha turdagi arxeo­logik yodgorlik­larni ochiq muzeyga aylantirish uchun zarur bo‘lgan malakali mutaxassislar yetishmaydi. Buning ustiga, keyingi 15-20 yil davomida aksariyat talabalar arxeologiya sohasi bo‘yicha bilimli bo‘lish uchun emas, balki diplom olish uchun o‘qidi. Bunday noto‘g‘ri yondashuv umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ham ildiz otgan… – Keyingi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez arxeologik obyektlarning qarovsizligi yoki bila turib ularga ziyon yetkazish bilan bog‘liq noxush xabarlarga duch kel­yapmiz. Bu masalada kim aybdor? – Bu nihoyatda jiddiy muammo. Men ushbu mavzuda dalillarga asoslangan bir nechta maqolalar bilan matbuotda chiqishlar qildim, telekanallar orqali tanqidiy mulohazalarimni bildirdim. Lekin qani ularga munosabat? Bu haqda gapiraverib charchadim. Namangan viloyatining Norin tumanida joylashgan qadimgi Haylam shahristoni bosh ibodatxonasini ochib o‘rganib, ushbu noyob arxeologik yodgorlikni ochiq osmon osti­dagi muzeyga aylantirish haqidagi tashabbusimiz ham mutasaddilarni qiziqtirmayapti. Hozir to‘qson yoshdaman, lekin zimmamdagi mas’uliyat tufayli ushbu obyektni tashlab ketolmayman. Bot-bot va’dabozlik, sovuqqonlik va mas’uliyatsizlik kabi holatlarga duch kelib afsuslanib ketaman. Mahalliy rahbarlar ko‘pincha noyob arxeologik obyekt­la­ri­mizning barbod qilinishiga panja orasidan qarashmoqda. Nega joylarda hanuzgacha fermer xo‘jaliklariga arxeologik obyektlarni o‘zlashtirish huquqini beradigan qarorlar chiqarib berilyapti? Jamoatchilik qayoqqa qarayapti? Biz nima uchun shonli tariximizga, ajdodlarimizdan meros qolgan tabarruk qadamjolarga bunchalik befarqmiz? Bebaho yodgorlik­larni ko‘z o‘ngimizda ayovsiz toptayotgan, tomorqasiga qo‘shib olayotgan, molxonaga aylantirayotgan qo‘ni-qo‘shnimizga tanbeh berish, ularni insofga chaqirish shunchalik qiyinmi?.. Shular haqida o‘ylaganimda o‘zimni qo‘yarga joy topolmayman. Bunday odamlarga ham xudo insof bersin, deyman. Nafsilamrini aytganda, bunday noxush holatlarga qarshi kura­shish faqatgina davlatning ishi emas, birinchi galda siz, men, O‘zbekistonning har bir fuqarosi tarixiy, madaniy merosimiz namunalarini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashni o‘zining burchi deb bilishi kerak. Ana shundagina bunday muammolarga butunlay barham berish mumkin deb o‘ylayman. – Muhtaram domla, siz juda muhim masalalarni tilga oldingiz. Nasib etsa, bu mavzudagi muloqotlarimizni yana davom ettiramiz. Fursatdan foydalanib, qimmatli fikrla­ringiz uchun sizga minnatdorlik bildiramiz.

Humoyun AKBAROV suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasi 2024-yil 26-aprel 18-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605