Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


07.05.2024 | 20:51

img298

URUSHNI KO‘RMA, BOLAM!

Bundan 75 yil oldin Parij va Praga shaharlarida bo‘lib o‘tgan butun dunyo tinchlik tarafdorlari kongressining ramzini yaratish mashhur rassom Pablo Pikassoga topshirilgan edi. Musavvir emblemaga buyuk to‘fon voqeasida Nuh alayhissalom tomonidan yer yuzi­da ­hayot nafasi borligini bilish uchun uchirilgan va tumshug‘ida yam-yashil zay­tun daraxtining shoxi bilan qayt­gan kabutarni tasvirlaydi. Keyinroq u o‘zining bu ishlanmasi haqida shunday deydi: “Men o‘limga qarshi hayot uchun, urushga qarshi tinch­lik uchun ovoz beraman!”

Har yili Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan g‘alaba qozonilgan tarixiy sana yurtimizda munosib nishonlanib, qahramon ota-bobolarimizning pok ruhlari yodga olinadi. Yaqindagina Prezidentimizning “9-may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, bu borada amalga oshiriladigan vazifalar belgilab berildi. Albatta, bu bejiz emas. Chunki o‘shanda yurtimizdan 1 million 951 ming odam frontga yo‘l olgan. Bu paytda O‘zbekistonda 6,5 million kishi istiqomat qilganini inobatga olsak, respublika aholisi­ning qariyb uchdan bir qismi urushga bevosita jalb qilingani ma’lum bo‘ladi. Ular orasida to‘y kechasidayoq kuyov­lik to‘niga qo‘shib o‘zining baxtini yechib ketganlar ham bor… Qirg‘inbarot janglarda qanchadan qancha taqdirlar be­vaqt zavolga yuz tutgan, ne-ne muhabbatlar tuproqqa ko‘milgan…

Samarqandlik Aziza Narzullayeva hikoya qiladi:

– Bobomizning uylanganiga uch kun o‘tgach urushga ketgan ekan. Uni kuzatgach xonasiga kirib ketgan kelin bir necha kungacha tashqariga chiqmabdi. Qaynona-qaynotasi, o‘g‘limiz ketganiga ko‘nikolmayotgandir, mayli, yuragini bo‘shatib olsin, deb indamabdi. Ke­yin ma’lum bo‘lishicha, qiz boyaqish ayriliqqa dosh berolmay, o‘lib qolgan ekan…

Azizaning hikoyasini tinglay­man-u, ko‘z o‘ngimda bobom Yo‘ldosh Qilichevning hayo­ti gavdalanadi. U ham o‘n to‘qqiz yoshida o‘n to‘qqiz kunlik kelinchagini qol­dirib, ikki akasi bilan urushga yo‘l olgan. Ayovsiz janglarda ishtirok etgan. Stalingrad mudofaasi, Kiyev, Leningrad, Sevastopol va Berlindagi qirg‘inbarotlarda jonini garovga qo‘ygan. Yetti yil deganda uyga qaytganida esa ikki akasi bedarak ketgani, ota-onasi farzand dog‘iga bardosh bera olmay qazo qilganidan xabar topadi. O‘shanda bobom bunday kulfatga chidolmay, hovli bo‘ylab zir yugurib, daraxtlarni quchoqlab yig‘lagan ekan.

Rahmatli bobom televizorda urush haqidagi filmlarni tomosha qilishimizga izn bermasdi. “Urushni ko‘rma, bolam. U haqida bilging kelsa, mening tanam va jonimdagi jarohatlarga qara”, derdi. Darhaqiqat, bobom­ning oyoqlarida to‘qqiz jarohat chandig‘i bor edi. Bobomning mungli hikoyalari xotiramga qo‘rg‘oshinday quyilib qolgan.

– Men ham begona ellarda o‘lib keti­shimga bir bahya qolgan, qizim. Bir gal og‘ir yaralanib, shinelimning bir uchi tuproq tagidan chiqib qolgan, askarlar shuni tortib ko‘rib, meni qutqarib olishgan.

– Tuproqning tagiga qanday ko‘milib qolgansiz, bobo? – deya savol berganman hech narsaga tushunmay.

– O‘q-dori tashiydigan mashina haydardim. Fashistlar havodan bomba yog‘dirganida ulovim portlab ketgan…

O‘sha voqeaning kasriga uning quloq­lari og‘irlashib qolgan edi. Yo‘ldosh bobom­ning ko‘ksini umrining oxirigacha obro‘li mukofotlar, qizil yulduz va… abadiy armonlar beza­di. Keyingi vaqtlarda yurtimizda chop etilgan 35 jildli xotira kitobini quchoqlab yotardi doim. Chunki bu kitobda bedarak ketgan ikki akasi­ning ismi-sharifi bitilgan edi…

Bobom haqida juda qisqa yozyapman. Aslida urush tufayli uning yuragiga sanchilgan tig‘ning jarohati chuqur, og‘riqlari ulkan edi. Bugun farzandlarim bilan o‘z uyimda xotirjam choy ichar ekanman, osuda va tinch hayotimizning qadrini o‘ylayman.

Tinchlik – beg‘ubor kabutar tumshug‘i­dagi zaytun bargidek laziz bir ne’mat. Tinch­lik – yaqinlarimiz bilan birgaligimiz, qu­vonch va shodligimiz. Bir-birimizga muhabbatimiz, mehr-oqibatimiz tinchlikdir. Mayda-chuyda tashvishlar tufayli oqayotgan ko‘z yoshlari­miz, arzimas muammolar girdobida chekayotgan fig‘onlarimiz ham tinchlik, aslida. Italiyalik mashhur yozuvchi Janni Rodari: “Xo‘rozqand uchun xarxasha qilayotgan bolaning ko‘z yoshi shabadadan ham yengil. Ammo otasidan, onasidan judo bo‘lgan go‘dak ko‘zidan tomgan yoshning zalvori butun yer kurrasidan ham og‘irroq”, deganida ming karra haq edi.

Urush girdobiga tushib qolgan o‘lkalarda otalar faryodi, onalar dodi, yetimlar nolasi ko‘kka o‘rlamoqda. Bunday oh-u zorlar bizning maishiy xarxashalarimizdan ming chandon zalvorli, azobi million karra og‘riqli. Har tong bizni o‘q ovozi, snaryadlar tovushi emas, qushlar sayrog‘i uyg‘otayotgan ekan, buning qadriga yetib, xotirjamligimizning har lahzasi uchun mas’ul bo‘lmog‘imiz zarur. Qonli jang­gohlarda bevaqt nobud bo‘lgan minglab bobolarimiz, front ortida mislsiz azob-uqubatlarga giriftor etilgan momolari­miz haqqi-hurmati, bugungi bebaho tinchligimizning qadriga yetishimiz kerak. Bir vaqtlar bobom menga aytgan edi, men ham bolamga aytaman: – Urushni ko‘rma, bolam!

Muhayyo RUSTAM qizi

“Jadid” gazetasi 2024-yil 3-may 19-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599