Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


17.05.2024 | 17:23

img576

HALIMA HAM O‘TIB KETDI, BILMADIK…

 Hayot minglab-millionlab tasodiflarning bir nuqtada bizga mutlaq noayon qonuniyatlar asosi­dagi kesishuvlari jamlanmasidan iboratdek. Balki shu sabablidir, kechmish voqeliklariga nisbatan “agar” istilohini qo‘llash nojoizday tuyuladi.

Ammo…

“Mening Toshkentga kelib qolishimga jannatmakon ustoz, davlat arbobi Sharof Rashidov sabab bo‘lganlar. U kishi Sir­daryoga borganlarida “Sirdaryo haqiqati” gazetasida mening she’rlarimni o‘qib, o‘sha yillardagi viloyat hokimi (oblast partiya qo‘mitasining kotibi – A.Y.) Nosir Mahmudov va gazeta bosh muharriri Ismoil Sulaymonovga otam bilan gaplashib, maktabni tugatganimdan so‘ng meni (unda 9-sinfda o‘qirdim) Toshkentga o‘qishga yuborishlarini tayinlab ketgan ekanlar” (Halima Xudoyberdiyevaning xotiralaridan).

 

Baribir o‘ylanib qolasan. Ishi qalashib yotgan, tom ma’noda bosh qashishga vaqti yo‘q arbob, bir yurtning kattakoni erinmasdan viloyat gazetini o‘qimaganida, undagi qizaloqning she’riy mashqlariga e’tibor qaratmaganida, bu bitiklarda favqulodda iste’dod uchqunlarini ko‘rmaganida nima bo‘lardi? Onasining xotirlashicha, faqat kitob o‘qiydigan, o‘choq boshidayam bir narsalar­ni yozib o‘tiradigan qizaloq o‘z salohiyati bilan baribir bir kuni katta adabiyot osmonida yulduz bo‘lib porlay olarmidi yoinki qalamini ketmon-kosovga, tuyg‘ularini esa o‘zbekning to‘y-tomosha ko‘rinishidagi azaliy orzu-havaslariga almashib, tirikchilikning adoqsiz tashvishlariga g‘arq bo‘larmidi…

Har nechuk, aslini olganda ham adabiyotga, iqtidorga e’tibor – kelajakka e’tiborligi Halima opa misolida yana bir bor o‘z isbotini topdi. Illo, Halima Xudoyberdiyeva juda qisqa fursatda o‘zbekning eng taniqli, tilga tushgan, suyukli shoirasiga aylandi.

O‘tgan asrning yetmishinchi yillari. Biz Mirzacho‘lning qoq markazida joylashgan Oqoltin tumanidagi maktabda o‘qiymiz. Ku­­tub­­xonamiz anchagina katta edi, bi­roq baribir kitob yetishmasdi, yaxshilari esa qo‘lma-qo‘l o‘qilardi. Shunday kunlarning birida kutubxonamizga “o‘zimizning cho‘llik shoira”ning “Oq olmalar” kitobi kelib qoldi deng. Ana navbat-u, mana navbat!.. Tez orada o‘qilaverganidan titilib ketgan to‘p­lamdagi she’rlar yod bo‘lib ketsa hamki, o‘quvchilar uni qo‘ldan qo‘yishmasdi. Yaxshi kitobning ana shunday ohanrabosi bo‘larkan-da.

Shundan so‘ng opaning nashrdan chiqqan qay kitobiki bor, topib olib o‘qiyverdik: “Chaman”, “Suyanch tog‘larim”, “Bobo quyosh”, “Issiq qor”… Illo, yurak qoni bilan, o‘rtanib yozilgan asargina yuraklarni alg‘ov-dalg‘ov qilib tashlaydi, qayta-qayta o‘qishga ehtiyoj uyg‘otadi. Bu borada Halima opa­ning ijod tutumi ayon edi:

Shunchaki yozganga chidab bo‘lmaydi,

Shunchaki yozmoq bu – shoirga o‘lim. 

Yashirib nima qilay, biz sirdaryo­liklar shunday buyuk shoiramiz borligidan faxrlanardik, g‘ururlanardik. To dunyo­da o‘zbek de­gan xalq bor ekan, Halima Xudoy­berdiyeva­ning betakror asarlari qayta-qayta o‘qilaveradi, uqilaveradi, bu esa asl ijodkorimizning baxti, saodatidan, abadiyatidan shohidlik berib turadi deya qat’iy ishonardik ham. Biroq, salobati bosarmidi, opaning yaqiniga borishga haddimiz sig‘masdi, “nimani qoyillatib qo‘yib­mizki…” degan xijolat ara­lash andisha ham bor edi orada.  

Shukr, asrimiz boshlarida ulug‘ shoira bilan bir gazetada ishlash imkoniyati nasib etdi. Bu yillar mobaynida opani kuzatdim. Va shu paytgacha Halima opani ulug‘ shoira sifatida tanib kelgan bo‘lsam, endi cho‘ng irodali, hayot sinovlariga matonat bilan bardosh bera oladigan, uqubatli sitamlarini ichiga yutib, alamli hissiyotlarini birovga ko‘rsatmay yashashga qodir Shaxs sifatida kashf etdim. O‘, o‘sha kunlardagi gurunglarimiz… Ayniqsa, “O‘sh-O‘zgan faryodi” daftari” haqida gaplashganimiz… Shoira bemisl iztirob bilan, ko‘z yoshlari aralash “Unutganning kuysin ikki dunyosi” she’ri haqida so‘zlaganda men atoqli sinchimiz Qozoqboy Yo‘ldoshev nima uchun Halima opani “Turonning ona yo‘lbarsi” deb ataganini ilg‘aganday bo‘l­dim.

Shunday shoira-ya… Vatanni, ko‘hna Turonni Halima opaday sevadigan, boshiga ko‘taradigan yana biron shoir bormikan o‘zi, deya o‘ylanib qolardim ba’zan. Mana bunday o‘tli misralarni eslaylik-a:

Qon aslan yorug‘lik. Yorug‘lan, tiz cho‘k,

Asl mard Vatanga tiz cho‘kib o‘tar.

Qancha qoning bo‘lsa, Vatan uchun to‘k,

Qancha shoning bo‘lsa – Vatanni ko‘tar!

Shunday shoirani…

“Qora ro‘yxatlardan ijodkorlarning o‘chi­rilganligini qo‘llayman, albatta. O‘zim o‘sha qora ro‘yxatda edim. 22 yil istalmagan shaxs bo‘ldim. 22 yil radio va televideniyedan uzoq tutildim. 22 yillik tanaffusdan keyin o‘t­gan yilning dekabri­dagina televi­deniyeda ­yuzim ko‘rindi”. (Halima Xudoyberdiyeva­ning 2017-yilgi intervyusidan).

Shoiraning o‘sha yillari yozilgan she’rlari­ni o‘qing, yuragingiz orqaga tortib ketadi:

Oyog‘ingizgacha yalab yotdi bo‘rilar,

Yedirdingiz, bo‘g‘zigacha botdi bo‘rilar.

Qaltis kunlar kelganining

     hidin oldi-yu,

Kuni uchun tag‘in Sizni sotdi bo‘rilar…

Yoki:

Kitoblarim yoqildi…

Qiziq,

Shon kelganimi bu,

Yo ketganimi shon?

Bu yutuqmi yoki yutqiziq,

Bu holga tushunmay

O‘zim ham hayron…

Biz ham hayron qolamiz, biz ham hayratga tushamiz. Ishongimiz kelmaydi. Lekin bu haqiqat. Bizga ko‘p saboqlar bera oladigan haqiqat.

Aloha haq qaror topdi. Halima opa uchun haqiqiy dorilamon kunlar keldi.

“El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlanganida ko‘rganman: shoira birdan yasharib ketdi. Ko‘zlar chaqnagan, lablarda masrur tabas­sum, qadamlar yengil… Hayrat­lan­ganim­dan, “Haliyam yosh, haliyam go‘zal” degan hikoya yozgandim.

Vaholanki:

Charsillagan bir o‘t yonar ichimda,

Men she’r aytsam, aytmadim til uchinda.

Bu taloto‘p, quv-quv, chop-chop ichinda

Halima ham o‘tib borar, bilmaslar…

Ha, shunday shoira o‘tdi, biz bilmay ham qoldik.

Bugun viloyat markazi Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi Ijod maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Maktab yonida shoiraning muhtasham haykali qad rostlagan.

Elini suyib o‘tgan shoira hamisha el ardog‘ida bo‘lishi ham joiz-da. O‘zbekiston xalq shoiri, Davlat mukofoti laureati, “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi Halima Xudoyberdiyeva butun O‘zbekiston ahlining suyumli ijodkoridir. Abdulla Qahhorning bir gapi bor: “Gurjistonda madaniyat tarixiga oid bo‘lsa, o‘lgan otning taqasini ham baxmalga qadab osib qo‘yishar ekan”. Halima opa esa katta adabiyotimizning katta ehtiromga munosib ajralmas, zalvorli bo‘lagi. Halima opa ijodi – tubsiz ummon. Ijodkor­ning asarlarini qan­chalik ko‘p o‘qisak, shuurimiz shunchalik yuksaladi, qalbimiz uyg‘oqlashadi.

Abduqayum YO‘LDOSHEV, yozuvchi

“Jadid” gazetasi 2024-yil 17-may 21-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600