Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


08.06.2024 | 08:57

img515

KO‘NGILCHANLIK

Mirtemir domla o‘ta ko‘ngilchan inson edilar. Bir kuni nashriyotning uzun yo‘lagidan bir odam domlaga qarab: “E, bormisiz, sizni ham ko‘radigan kun bor ekan-ku”, deya quchoq ochib kela boshladi. Domla u bilan xush kayfiyatda qadrdonlarcha quchoqlashib ko‘rishdilar. Obdon chaqchaqlashib bo‘lishgach, yana quchoqlashib xayrlashdilar.

Eshikkacha kuzatib qaytgach, bizdan so‘ra­di­lar:

– U odam kim?

Hammamiz hayron bo‘ldik:

– Ajabo, o‘zingiz quchoqlashib ko‘rishdingiz, uzoq otamlashdingiz. Qadrdoningiz emasmi?

– Umrimda ko‘rgan bo‘lsam, o‘lay.

– Unda nega endi…

– Ay, bo‘talarim-a! Uzoqdan quchoq ochib kelgan odamga, kimsan, deb bo‘ladimi? Andisha bor-ku, o‘zbekmiz-ku! – deya biroz sukut qilgach, qo‘shib qo‘ydilar: – Bir elning bolalari tug‘ishgan bo‘ladilar. Og‘amdir, inimdir, bitta qadr­donim ko‘paysa ko‘payibdi-da!

Yetmishinchi yillarda she’riyat ham, ota­xon shoirimiz Gʻafur Gʻulom nomi bilan atalgan nashriyot ham gurkiragan, lekin ana shu nashriyotning ayni she’riyat bo‘limida ishlar pachava edi. Bo‘limda Mirtemir domla, Abdulla Orif va kamina ishlar edik. Domla shogirdlardan, Abdullajon muxlislardan, men shaxmatdan ortmas edik. Qo‘lyozmalar vaqtida topshirilmagan, korrekturalar o‘qilmagan, plan bajarilmagan, hamma ish o‘lda-jo‘lda. Nashriyot direktori bir majlisda zarda bilan “She’riyat bo‘limini yopish, tarqatish kerak”, degan. O‘shanda zo‘r javob aytilgan edi:

– Tarqatish uchun avval yig‘ish kerak. Uch xodimni to‘plab bo‘lmasa, qanday tarqatasiz?

– To‘playman, tarqataman, – dedi direktor va aytganini qildi. Ya’ni uchovimizni o‘z xonasida yig‘di.

Ajoyib inson edi direktorimiz To‘lqin Rus­tamov. Mirtemir domla bilan tengdosh, eski qadr­don, sensirashib gaplashadigan o‘rtoq edi.

Rahbar uzoq gapirdi. Partiya siyosati, davlat oldidagi mas’uliyat, nashriyot plani, intizom nima ekanini bizga yaxshilab uqtirdi. Mirtemir domla uning har gapiga bosh irg‘ab ma’qullab o‘tirdilar. Oxiri ma’lum bo‘ldiki, biror so‘z domlaning tom bitgan qulog‘iga kirmabdi. Direktor:

– Mirtemir, qani ayt, gaplarim to‘g‘rimi? – deganda ustoz:

– To‘g‘ri aytasan, To‘lqin, bibliotekani tartibga solmasa bo‘lmaydi, – dedilar.

Tashqariga chiqqach, domlani o‘rtaga oldik. Ustoz:

– O‘lay agar, bir og‘iz so‘zini ham eshitmadim, uyat bo‘ldi, juda uyat bo‘ldi, – derdilar.

– Qattiqroq gapir, desangiz bo‘lmasmidi, axir o‘z qadrdoningiz-ku!

– Oshnam bo‘lsa ham xo‘jayinim. Rahbarga indab bo‘ladimi! Kattakonning gapini bo‘lish odobdan emas, bo‘talarim.

Biz Mirtemir domlaga aytardik:

– Biz yoshlar davlat xizmatini qilishga majburmiz. Siz ulug‘ shoirsiz. Shu arzimas oylikning bahridan o‘tib, har yil bir kitob chiqarsangiz, ko‘nglingiz xotirjam, qulog‘ingiz tinch, cho‘nta­gingiz o‘n karra baquvvat bo‘ladi-ku.

Domla javob berar edilar:

– Shundaylikka shunday. Lekin men ketaman, desam direktoring xafa bo‘ladi-da. Do‘stimni ranjitsam bo‘lmas.

Biz ustozning bu so‘zini direktorga aytib, domlaga ruxsat bering, pensiya yoshidalar, charchaganlar, desak, direktor: “Domlang o‘zi so‘ramasa, ariza bermasa, men qanday qilib ket, deyman”, derdi.

Bu o‘zaro ko‘ngilchanlik yana bir yilcha davom etdi. So‘ng oldinma-keyin uchovlon ham “o‘z arizamizga ko‘ra” nashriyotni tark etdik. Manas, Dante, Gyote mushkulimizni oson qildi. Uch buyuk shoh asar tarjimasini zimmamizga olib, nashriyot bilan xayrlashdik.

Erkin VOHIDOV,

O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri


“Jadid” gazetasi | 2024-yil 7-iyun | 24-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600