Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.06.2024 | 21:22

img305

SO‘NGGI QO‘NG‘IROG‘I CHALINMAGAN MAKTAB

Taraqqiyotning asosini avvalo ilm-ma’rifat, so‘ngra ishtiyoq va harakat tashkil qiladi. Jamiyat va davlatning rivoji, uning ertangi kuni ta’lim-tarbiya sifatiga bog‘liq.

Prezidentimizning yaqinda maktab bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigida katta hayot ostonasida turgan o‘g‘il-qizlarimizga yuksak ishonch bildirilib, quyidagi fikrga alohida e’tibor qaratilgan: “Jonajon Vatanimizning kelajagi, uning taqdiri va taraqqiyoti bugun shinam sinfxona va auditoriyalarda qunt bilan ta’lim olayotgan yoshlarning qo‘lida. Ular ertaga O‘zbekistonni yanada kuchli, rivojlangan va baxtli davlatga aylantirish uchun o‘zlarining bor bilimi, iqtidori va kuch-g‘ayratini safarbar qilsa, ko‘zlagan maqsadlarimizga, albatta, erishamiz”. Bu so‘zlar nafaqat yosh avlod uchun, balki ularning ustoz-o‘qituvchilari uchun ham g‘oyat ahamiyatlidir.

 

XXI asr axborot va texnologiyalar davri sifatida baholanmoqda. Istaymizmi-yo‘qmi, bugun zamondan orqada qolmaslik uchun har jabhada shijoatli bo‘lishga majburmiz. Xususan, ilm olish va ilm berishda ham. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi qoshidagi “Ziyo-zukko” umumta’lim maktabi direktori Nargiza Qamariddinova bilan bu borada fikrlarimiz bir joydan chiqdi.

Biz maktablar faoliyatiga oid hikoyalari­miz­­ni davom ettirish maqsadida bu gal ana shu maskanga yo‘l oldik. 650 nafardan oshiq o‘quvchiga nafaqat o‘rta ta’lim, balki o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtida tahsilni davom ettirishi uchun yuqori darajada bilim berish yo‘lga qo‘yilgan ushbu nufuzli maktabda yozgi imtihonlar qizg‘in davom etayotgan ekan.

Avvalo, bu yerda barcha ustoz va murab­biy­lar kishi ruhiyatiga ko‘tarinkilik bag‘ishlovchi och binafsharang tusli maxsus engil-boshda ekan­li­gi e’tiborimizni tortdi. Shuning o‘ziyoq maktab­da o‘ziga xos yangilanish muhiti borligidan dalolat beradi.

“Ziyo-zukko” umumta’lim maktabi rivojlangan mamlakatlarda keng tarqalgan kampus, ya’ni ta’limning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash tizimida tashkil etilgan bo‘lib, bolani maktabdan litseyga va undan oliy ta’limga tayyorlab borishi bilan ham boshqa nodavlat ta’lim muassasalaridan ajralib turadi. Bu yerda ta’lim milliy qadriyatlarimiz asosiga qurilgan bo‘lib, o‘quvchilar­ning bilim darajasi maktab muassisi hisoblangan Xalqaro islom akademiyasi olimlari tomonidan muntazam kuzatib boriladi.

Maktabda o‘quvchilarning kun tartibi qat’iy nazoratga olingan. Kunning birinchi yarmida davlat ta’lim standartlari va dasturlarda belgilangan talablar asosida o‘quv fanlaridan mashg‘ulotlar olib boriladi. Keyingi bosqich to‘garaklar va o‘quvchilar qiziqqan fanlar bo‘yicha qo‘shimcha darslarni o‘z ichiga oladi. Ustozlarning aytishicha, o‘quvchilar to‘garaklarning hammasiga qat­­nashishga harakat qiladi. Shuningdek, ular­ni sport turlariga qamrab olish masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratiladi. Jumladan, aql gimnastikasi bo‘lmish shaxmat mashg‘ulotlari kun tartibidan doimiy o‘rin egallagan.

Bundan tashqari, mahoratli ustozlar rahbar­ligidagi adabiyot, tasviriy san’at, musiqa, xattotlik, tikuvchilik, texnologiya, pazandalik to‘garak­lari ham doimiy ishlab turibdi. O‘quvchilarda ilm olish bilan birga kasb-hunarga ham ishtiyoq uyg‘otishga alohida e’tibor qaratiladi. Rus, ingliz, arab tillarining chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitilishi bolalarning xorijiy tillarga oid bilimlarini yanada mustahkamlash imkonini bermoqda.

“Biz o‘qigan davrlarda ham maktabda shuna­qa imkoniyatlar bo‘lganida qaniydi”, degan gapni katta avlod vakillaridan ko‘p eshitamiz. To‘g‘ri, bugungi yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlarga kishining havasi keladi. Ammo har davrning o‘z talabi bor. Bugunning odami kechagidan ko‘ra ko‘proq bilim olishi, o‘z ustida tinimsiz ishlashi shart. Maktab o‘quvchiga fundamental bilim beradi, hayotda esa ana shu bilim bilan kifoyalanib bo‘lmaydi. Oddiy misol, kechagi harf teradigan mashinkalarga bugun ehtiyoj yo‘q. O‘z-o‘zidan, “mashinistka” kasbi ham barham topdi. Shiddatli asrimiz ustozlardan o‘quvchini hech qachon bilim olishdan to‘xtamaslikka o‘rgatishni ham talab etmoqda. Boz ustiga, bolalarda mafkuraviy immunitetni shakllantirish maj­buriyati ham kundan-kunga oshmoqda. Qay­si ma’nodaki, kerakli ma’lumot qidirib kompyu­ter klavishini bosar ekan, u o‘zi uchun mutlaqo keraksiz, mentalitetimizga zid ma’lumotlar bilan ham to‘qnash keladi. Bola bunday xatardan xalos bo‘lishi uchun unda aynan mafkuraviy immunitet rivojlangan bo‘lishi zarur. “Ziyo-zukko” o‘qituvchilar jamoasining bosh maqsadi esa o‘z o‘quvchilarini “halollik va ma’rifat vaksinasi bilan emlash” orqali har tomonlama komil shaxslarni tarbiyalashdan iboratdir.

– O‘quvchilarimiz ongiga singdirishimiz lozim bo‘lgan eng dolzarb masala bu – ularda ilmga ishtiyoq hissini kuchaytirishdan iborat, – deydi maktab direktori Nargiza Qamariddinova. – Ilmli odam hamisha halol yashashga intiladi. Hozirgi kunda tarbiya asosiy masala bo‘lib qoldi. Men bolalarimiz dunyo sahnida nafaqat intellektual salohiyati, balki axloqi, odobi bilan ham dong taratishini xohlayman. Bu yo‘lda biz ota-onalar va O‘zbekiston islom akademiyasi bilan hamkor­likda faoliyat olib boryapmiz. O‘quvchining qaysi fanga layoqati kuchli ekaniga qarab, ular bilan induvidual tarzda ishlayapmiz.

“Ziyo-zukko” maktabida “Kichik akademiklar” klubi ham tashkil qilingan. Klub a’zolari o‘zlarini qiziqtirgan biror mavzu yuzasidan ilmiy izlanishlar olib borib, to‘plagan ma’lumotlari yoki ixtirolariga oid taqdimotlar o‘tkazishadi. Boshlang‘ich ilmiy ishlarini 10-12 daqiqa davomida himoya qilishadi. Akademiyaning ilmiy xodimlari ekspert sifatida o‘quvchilarning tadqiqotlarini muhokama qiladi. Taqdimotlar, avvalo, o‘quvchining nutq madaniyatini yaxshi o‘zlashtirishi, fikrini bemalol bayon etish ko‘nikmasini rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir. Kichik akademiklarga, albatta, diplomlar topshiriladi va “Yilning eng yaxshi o‘quvchisi” nominatsiyasiga nomzod ham aynan ularning orasidan tanlab oli­nadi va mukofotlar bilan rag‘batlantiriladi.

– Hozirgi yoshlarning intellektual salohiyati baland, – deydi suhbatimizga kelib qo‘shilgan Xalqaro islom akademiyasining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov. – Ayniqsa, “Ziyo-zukko” maktabi o‘quvchilarining ilmga ishtiyoqi o‘zgacha. Ular orasida futbol o‘ynaydigan robot yasagan kashfiyotchilar bor. Kechagi taqdimotda 7-sinf o‘quvchisi yurtimizda turistik madaniyatni rivoj­lantirishga oid ishini himoya qildi. Uning fikrlari olim sifatida meni juda hayratlantirdi. U faqat ilmiy asarlar va darsliklar orqali emas, o‘zining shaxsiy kuzatuvlaridan ham unumli foydalangan, taqdimot davomida katta-katta olimlarimiz kabi mulohaza yurityapti. Bir narsaga xursand bo‘laman, maktabning har bir o‘quvchisi “ilm xastaligi”ga chalingan. Bu maktabning yurtimizda ta’limga berilayotgan e’tibor ortidan malakali mutaxassislar tayyorlash jarayonida o‘z o‘rni, o‘z mavqei bor.

 Darhaqiqat, bugun o‘quvchiga chuqur va sifatli bilim berish bilan birga ularga qonunlar, odob-axloq normalari, din-u diyonat va ma’naviyatni maktabdan boshlab puxta o‘rga­tish niho­yat­da muhim masaladir. Ziyoli, o‘qimishli va tarbiyali insonlardan yomonlik chiqmaydi. Bilimsiz kishining ko‘ngli esa buzuq ishlarga, xurofotga moyil bo‘lishi sir emas. “Ziyo-zukko” maktabining yana bir e’tiborga molik tomoni, bu yerda ta’lim va tarbiya ishlariga xuddi “siam egizaklari” kabi chambarchas bog‘liq masala sifatida qaraladi. 

E’tiborli jihati, maktab moliyaviy jihatdan o‘zini o‘zi to‘liq ta’minlaydi. Bu yerda boshqa umumta’lim maktablariga nisbatan bolalar bilan individual ishlash uchun ko‘proq imkoniyat mavjud. O‘quvchi “Ziyo-zukko” maktabida nafaqat o‘qiydi, balki yashaydi ham. Chunki ular ertalab darsga kelib, oqshomda uyiga boradi, bu orada uch mahal ovqatlanadi, uy vazifalarini tayyorlaydi. Boshqacharoq aytganda, maktab uning ikkinchi uyiga aylanadi. Shu bois ustozlar o‘quvchilariga deyarli ularning ota-onasi darajasida munosabatda bo‘ladi. Bola ham ustozni o‘ziga yaqin tutadi. Biz “Ziyo-zukko” ta’lim maskanida ana shu yaqinlikni his etdik. Maktab rahbarining loyi­hasini himoya qilayotgan o‘quvchini savolga tutganida “Fikrimni oxirigacha aytib olishimga izn bering, so‘ng, albatta, savolingizga javob beraman”, degan gapidan xursand bo‘lishi, “O‘quvchim o‘z fikriga ega, birovning bir og‘iz tanbehi bilan sinib, mahzun tortib qolmaydi”, deya holatni ijobiy qabul qilishi ham maktabda hur fikrli yoshlar tarbiyalanayotganidan darak berdi.

Suhbatni o‘quv yili yakunida imtihonlar bilan bog‘liq masalalarga burar ekanman, ba’zi maktablarda hamon davom etayotgan ota-ona­lardan “pul yig‘ish” muammolari to‘g‘risida so‘radim.

–  Bu kabi masalalar bekorga mamlakat miq­yosida ko‘tarilmadi, – deydi Nargiza Qamariddinova. – Haqiqatan ham, imtihon oldi­dan mayda-chuydalarni ro‘kach qilib ota-onalardan pul so‘rash hollari hamon uchrab turibdi. Bu borada haddan oshayotganlar ham yo‘q emas. Men rahbarlik qilayotgan maktabda buna­qa gap yo‘q deb bemalol ayta olaman. Chunki bizda ta’lim pullik va to‘qqiz oy uchun to‘lovni amalga oshirgan ota-onalar qo‘liga shartnoma nusxasi beriladi. Shartnomada bu mablag‘ nimalarga sarflanishi aniq ko‘rsatilgan va boshqa biror vaj bilan ulardan pul talab qila olmaymiz. Imtihonlar – ko‘ngilochar tadbir emas. Bu jara­yon uchun o‘quvchilar jiddiy tayyorgarlik ko‘rishlari kerak. O‘quvchilarimiz ham, ota-ona­larimiz ham bilim olishdan boshqa narsalar haqida bosh qotirishlarini istamayman.

“Ziyo-zukko” maktabidan chiqa turib, gazeta­mizga surat olish bahonasida binoni aylandik. Zinalarga matematik qoidalar, ko‘paytiruv jadvali, harflarning boshqa tillarda o‘qilishi tasvirlari tushirilgani zavqimizni oshirdi. Bu tasvirlarga ko‘zi tushgan odam beixtiyor ularni ichida takrorlay boshlaydi. Bu ham har qadamda o‘quvchi bilimini mustahkamlash yo‘lidagi bir tajriba, asli­da.

O‘quvchilar bilan ishlayotgan ilg‘or ustozlar, shavq bilan shaxmat surayotgan o‘g‘il-qizlar… Umuman olganda, kechagina bu yerda o‘quv yilining so‘nggi qo‘ng‘irog‘i jaranglaganiga ishon­gisi kelmaydi kishining. Chunki maktabda hayot qaynayapti, o‘g‘il-qizlar ko‘zida esa ilmga tashnalik, jonajon maktabiga mehr mujassam. Ularni kuzata turib, bu bolalar ta’til paytida uylarida ham shu maromda o‘qish-o‘rganishda davom etadi, degan komil ishonch tuyasan kishi. Zero, fransuz adibi Emil Zolya aytganiday, umrning butun ma’nosi mavhumlikni to‘xtovsiz zabt etish, tobora va ko‘proq bilishga intilishdan iboratdir.

Muhayyo PIRNAFASOVA
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 7-iyun | 24-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605