21.06.2024 | 20:31
408
DABDABA VA DAHMAZA
Yaqinda instagram tarmog‘ida taniqli blogerning tug‘ilgan kuni nihoyatda dabdabali tarzda nishonlangani haqidagi videolavha tarqaldi. Uning hashamatli xonadoni atrofiga cho‘g‘dek qizil gilamlar to‘shalib, rango-rang chiroqlar bilan bezatilgan. Ajabtovur sahna ham barpo qilingan bo‘lib, mashhur san’atkor u yerda qutlov qo‘shiqlarini xonish qilib turibdi. Yuzdan ortiq odam yig‘ilgan, rang-barang pufaklar, mushakbozlik, kattagina tort va yana allambalo narsalar. Raqs, o‘yin-kulgi avjida…

So‘nggi paytlarda tug‘ilgan kunlarni shu tarzda beo‘xshov nishonlash va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘z-ko‘z qilish “urf”ga aylandi. Bunday xatti-harakatlar hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. O‘zini, boyligini o‘zgalarga namoyish qilishmi, maqtanishmi – tushunish qiyin. Eng yomoni, bunday “tadbir”lar tobora semirib-kengayib bormoqda. Tarmoqlardagi videolavhalarda (odatda ayollarni shunday tabriklashadi) yarim kechasi – soat o‘n ikkidan o‘tgach, tantana sababchisini qutlash uchun uning o‘n besh-yigirma chog‘li do‘stlari va yaqinlari yig‘ilganini ko‘rish mumkin. Har birining qo‘lida qimmatbaho sovg‘alar, gullar, tort, yumshoq o‘yinchoqlar, rangdor pufaklar. Baland ovozda musiqa yangrab turadi. Ko‘pincha bu vazifani ado etish uchun san’atkorlar taklif qilinadi.
Tungi kiyimda chiqib kelayotgan tug‘ilmish banda go‘yoki hech narsadan bexabar odamdek hayratdan lol bo‘lib qoladi. “Chaqirilmagan mehmonlar” esa uni qutlash bilan birga, o‘yin-kulgi qilib, baland ovozda gaplashib, xoxolab kulishadi. Osmonga otilayotgan mushaklarning shovqinini aytmaysizmi… Bunday beo‘xshov manzaralarni kuzata turib, madaniyat haqida jo‘shib gapiradigan ba’zi blogerlar yodimga tushadi. Axir, ular emasmi bu kabi “sermazmun marosimlar”ni odamlar orasida targ‘ib qilayotgan! Yarim tunda o‘zgalarning tinchini buzish qaysi madaniyatli insonning ishi? Internet tarmoqlarining asosiy kuzatuvchisi bo‘lgan yoshlar esa vaqt o‘tgan sayin bunday qiliqlarni ortiqcha dabdaba-yu dahmazalar bilan yanada boyitib, “haddi a’lo”siga yetkazmoqda.
Xo‘sh, bunaqa dahmazalar qanchaga tushar ekan? Karantin vaqtida o‘tkazilgan ixcham to‘ylarga qilingan xarajat ham uning oldida holva bo‘lib qolsa, ajabmas. Masalan, bir dasta gulning boshlang‘ich narxi 300-400 ming so‘mdan kam emas. Xorijiy chechaklardan yasatilgan guldastalar esa 2 million so‘mgacha baholanadi. Maxsus buyurtma qilinadigan tortlarning narxi ularning katta-kichikligiga qarab 200-300 ming so‘mdan to 1 million so‘mgacha boradi. Dekoratsiyaning eng arzoni 300-400 ming so‘m bo‘lsa, havo to‘ldirilgan rangdor pufaklarning donasini 10-12 ming so‘mdan hisoblayvering. San’atkorlarning “birrovlik xizmati” ularning mavqeyiga qarab 500-5000 dollargacha baholanadi. Yana biz bilmagan qanchadan-qancha xarajat va ovoragarchiliklar…
Shuncha mablag‘ bir insonning tug‘ilgan kunini nishonlash uchun sarf qilinishini aql bilan tushunish qiyin. Avvallari bunday marosimlar oila davrasida, ixchamgina ziyofat orqali nishonlanar edi. Bugunga kelib tug‘ilgan kunning uncha-muncha to‘ydan farqi qolmayapti. Nima bu? To‘qlikka sho‘xlikmi? Ma’naviy jihatdan tubanlashish oqibatimi?
Dabdabali to‘y-hashamlar uyushtirish orqali soxta obro‘ qozonishga urinayotgan shuhratparast va takabbur kimsalar havoga sovurayotgan mablag‘ining o‘ndan birini xayrli maqsadlar yo‘lida – beva-bechoralarga yordam berish, mahalla va qishloqlarni obodonlashtirish, yangi ish joylari tashkil etish, yoshlarni ilmli qilishdek ezgu ishlarga sarflaganida el-yurt orasida chinakam hurmat va e’tibor topgan bo‘lar edi.
Biz orzu-havasli xalq emasmizmi, dabdaba-yu as’asani yaxshi ko‘ramiz. Odamlar orasida serchiqim to‘ylar o‘tkazish orqali boyligi-yu saxovatini ko‘z-ko‘z qilish odat tusiga kirgan. Diniy ulamolarimiz bu kabi ortiqcha xarajatlarni, uvolni kamaytirish haqida ko‘p va xo‘p gapirishdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Senati Kengashining 2019-yilda qabul qilingan “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarorida bu borada bir qator muhim chora-tadbirlar belgilangan edi. Shuningdek, respublikamizdagi barcha shahar va tumanlar hokimliklarining qarorlari bilan joylarda to‘y va ma’rakalarni o‘tkazish bo‘yicha muayyan tartib-qoidalar joriy etilgan. Biroq ko‘pchilik odamlar ularga rioya qilishni xayoliga ham keltirmayapti.
O‘z davrida jadid bobolarimiz ham to‘y va marosimlarda ortiqcha dabdabaga berilishni millat ravnaqiga to‘sqinlik qilib, uni zalolatga yetaklayotgan muammolardan biri sifatida baholab, ularga chek qo‘yishga intilganlar. Ulug‘ ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Bizni kemiruvchi illatlar” nomli maqolasi ham aynan shu masalada. Behbudiy hazratlarining ta’biri bilan aytganda, to‘y va aza marosimlari “bizni shahri va qishloqi yoyinki yarim madaniy, yarim vahshiy sinflarimizg‘acha istilo etib, butun tirikligimizg‘a sorilgon va bizni inqirozg‘a va tahlikag‘a va jahannamg‘a yumalataturgon ikki qattol dushman”.
Ming afsus, oradan bir asr vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, bu muammo barham topmadi, aksincha yangi-yangi bid’at va xurofotlar bilan boyib, yanada chuqurroq ildiz otdi. Bizning ortiqcha hoy-u havaslarimiz battar hakalak otsa-otdiki, zarracha kamaymadi.
Keyingi vaqtlarda ma’raka-marosimlar safiga “Umra to‘yi”, “Gender party”, “Merry me” kabi kurakda turmaydigan dabdabalar ham qo‘shildi. Barchamiz “Erdan chiqsang ham, eldan chiqma” degan naqlga amal qilib, vujudimizni qurtdek kemirayotgan bu ma’naviy xastalikni bekitishga, kimo‘zarga o‘ynalayotgan marosimlar poygasida boshqalardan ortda qolmaslik uchun harsillab chopishga harakat qilamiz.
Bu boradagi ortiqcha dabdaba va isrofgarchilik haqidagi e’tirozlar, ta’na-dashnomlarga ich-ichimizdan qo‘shilsak-da, sirtimizga suv yuqtirmaymiz. Bu haqda gapirish – osmonga kesak otishdek foydasiz, deya qo‘l siltab yashayveramiz. Hayotimiz farovon, dasturxonimiz to‘kin bo‘lib borgani sayin ma’naviy qashshoqlashib ketayotganimizni tan olmaymiz. Bizning eng katta fojiamiz ham shu bo‘lsa, ajabmas.
Isrof haqida gapirganda, bu so‘zning “chegaradan chiqish”, “bir narsani qasddan unutish” singari lug‘aviy ma’nolarini bilib qo‘yish ham foydadan xoli emas. Bu atama hayotda ko‘proq moddiy sarf-xarajatlar bobida haddan oshishni anglatadi. Taniqli diniy ulamolardan biri Rog‘ib Asfihoniy: “Har qanday ishda chegaradan chiqish isrofdir”, deya ta’kidlagan. Muqaddas kitoblarimizdan ham odamlarni isrofgarchilikdan tiyilishga undaydigan ko‘plab hukmlar borligini ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz. Hamma balo shundaki, bila turib ularga amal qilmaymiz!
“To‘y va ta’ziyag‘a sarf qilinaturg‘on oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va din yo‘lig‘a sarf etsak, anqarib ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va o‘zimiz-da, dinimiz-da obro‘y va rivoj topar”…
Jadid bobolarimizning peshvosi Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlarining ushbu da’vatkor nidosi bugun har bir yurtdoshimizning ongiga yetib borib, ularning hayotiy shioriga aylanishi kerak. Ishonavering, ana shunda ko‘p narsalar o‘zgaradi, har birimizning oldimizda shu choqqacha tasavvurimizga ham sig‘magan yuksak maqsad va orzular paydo bo‘ladi.
Vasila HABIBULLAYEVA
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 21-iyun | 26-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600
