01.08.2024 | 16:01
417
AJRIMLAR AJRI
Raqamlar haqiqatni belgilovchi mezon. O‘sish-u pasayishlarni raqamlarni taqqoslash orqali bilamiz.
Endi ushbu ikki raqamga e’tibor qarating:
2022-yil – 2550…
2023-yil – 2694…
Ushbu ikki raqamga ko‘zi tushgan odam beixtiyor quvonishi aniq: “E, zo‘r-ku! Bir yilda shuncha o‘sishga erishilibdi. Bardavom bo‘laversin!”

So‘nggi tilakni aytishga shoshmay turing!
Ming bora afsuslar bo‘lsinkim, bu yerda keltirilgan raqamlar Xorazmda so‘nggi ikki yilda nikohdan ajralish bo‘yicha sudlarga kelib tushgan arizalar sonini ko‘rsatyapti.
Masala (aslida o‘ta o‘tkir muammo) zamiriga kirishdan oldin fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudidan olingan ma’lumotni ko‘zdan kechiraylik: 2023-yil davomida sudlarda nikohdan ajratish haqida jami 2694 ta ish ko‘rib chiqilib, tamomlangan ishlardan 2427 tasi bo‘yicha hal qiluv qarori chiqarilgan. 1663 tasi bo‘yicha da’vo qanoatlantirilgan, 764 tasi rad qilingan, 42 ta ish yuritish tugatilgan va 225 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan.
Xorazm viloyatida besh yuz o‘ttiz bir mahalla bor. (Uch shahardagi mahallalar ham shu hisobga kiradi). Har bir mahallada o‘rtacha 600-700 atrofidagi xonadon bo‘lib, ularning har birida o‘rtacha uch yarim ming odam yashaydi. Har bir xonadonda o‘rtacha ikki yarim oila bor. Demak, yuqoridagi ajrimlar sonini taqqoslasak… yoqamizni ushlashimiz aniq. Har yili o‘rtacha bir mahalla xonadoniga teng oilalar barbod bo‘lyapti ekan-da. Yoki har mahallada bir yilda o‘rta hisobda beshta oila ajralish haqida da’vo arizasi berganining o‘zi g‘oyatda achinarli holat emasmi?
Nahotki, deymiz!
Nimalar bo‘lmoqda, deb qo‘shib qo‘yamiz.
Yaqin-yaqinlargacha hozirgi uch-to‘rtta mahallani birlashtirgan qishloqda bir oila ajralishibdi degan xabar hammani larzaga solar, bu shumxabar oylab muhokamalarga sabab bo‘lardi. Qariyalar to‘y-ma’raka davralarida bosh chayqagancha “Falonchi ikki bolasini tirik yetim qilibdi – xotini bilan ajrashibdi. Elatida aql beradigan, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan oqsoqollar yo‘qmi? Axir buning so‘rovi bor”, deb afsuslanib o‘tirishardi. Hozir esa bu oddiy gapga aylanib qolgan. To‘g‘risi, hammamiz ko‘nikib ketganmiz…
Yana ajralish bo‘yicha da’vo arizalarini ko‘rib chiqayotgan sudlar (ularga ham oson tutmang) faoliyatiga qaytamiz.
Da’vo arizalarini ko‘rib chiqqan sudlar qonunlarda belgilangan tartibda ikki tomonni yarashtirish maqsadida ularga ma’lum muddat berishgan, bundan tashqari Xorazm viloyat sudi va viloyat hokimligi o‘rtasida tasdiqlangan memorandum ijrosini ta’minlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish uchun viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, har bir shahar va tumanda oila va xotin-qizlar boshqarmasining quyi tuzilmalari ishtirokida bir qator chora-tadbirlar muntazam o‘tkazilyapti. Aynan shu memorandumda belgilangan tartibda 2023-yil davomida 1664 ta nikohdan ajratish haqidagi ishlar bo‘yicha muddat belgilanib, joylardagi yarashtirish komissiyalariga yuborilgan. Nikohdan ajratish uchun yetarli asoslar bo‘lmaganligi, kelgusida taraflarning oilani tiklash choralarini ko‘rish imkoniyati mavjudligi sababli 1031 ta da’vo ariza qanoatlantirilmasdan joylardagi yarashtirish komissiyalariga 60 ta xususiy ajrim ham chiqarilgan. Sudyalar tomonidan nikohdan ajratish haqidagi ishlarni ko‘rish jarayonida taraflarni yarashtirish bo‘yicha tushuntirishlar olib borilishi natijasida 35 ta oila saqlab qolingan…
Bosh Qomusimizda “Oila – jamiyatning bosh bo‘g‘ini”, deb e’tirof etilib, u jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lishi belgilangan. Davlat tomonidan oila muhofazasi uni saqlab qolishda amaldagi qonunlarni qo‘llashda namoyon bo‘ladi. Bu o‘rinda qonun va qonunosti hujjatlari ishga tushadi.
Jamiyat tomonidan muhofaza qilinishi esa… maslahat tariqasida bo‘ladi. Ya’ni yarashtirish komissiyalari a’zolari jamoatchilikni jalb qilgan holda yosh oilalarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, ajrashishlarga sabab bo‘lgan moddiy va ma’naviy (axloqiy) omillarni o‘rganib, imkonlari qadar ikki o‘rtada ko‘prik vazifasini o‘taydilar.
Kamina o‘n yilcha mazkur komissiya faoliyatida jamoat faoli sifatida qatnashganim uchun bu jarayonlardan yaxshi xabardorman va taassufki, odatda yosh oilalar buzilib ketishiga ko‘p hollarda ota-onalari sababchi ekaniga guvoh bo‘lganman.
Yarashtirish komissiyasiga taklif qilingan kelin va kuyov bir yoqda qolib, ota-onalari dardlarini dasturxon qilishadi: “Qizim bu xonadonga kelin bo‘lib tushganiga besh yil bo‘lyapti. Ikki farzandi tug‘ildi, ammo haliyam qaynona va qaynotasi xizmatidan bo‘shamayapti. Qachon o‘zlari mustaqil ro‘zg‘or tebratadi, degan shartni qo‘ysam qudam o‘g‘liga alohida imorat tiklash uchun mablag‘ yig‘ayotganini aytishdan charchamaydi. Bu ketishda qizimning umri birovning uyida o‘tib ketadi-ku!”. “Qizimni universitetda o‘qitdim. Farzandli bo‘lib, tug‘uruq ta’tilidan keyin qudam qizimni ishlatmayapti. Oladigan maoshiga zor emasmish”. “Qudam to‘yda qarz olgan ekan. Endi shu qarzini uzish uchun o‘g‘lini va qizimni xorijga ishlashga yubormoqchi. Qizim umrida begona yurt u yoqda tursin, o‘zimizda ham birovning eshigida ishlagan emas. Men, nima endi, qizimni birovlar eshigida cho‘ri qilaymi?”, “Kuyovimiz ichkilikka berilgan – ro‘zg‘orida tinchlik yo‘q. Qizim yetti yil oldin kelinlik vaqtidagi kiyimlarini kiyib yuribdi. Bu xonadonga tushganidan beri ustiga kiyim u yoqda tursin, dastro‘mol ham olgani yo‘q!”, “Mening qon bosim kasalim bor, kutilmaganda oshib ketadi. Shu vaqti menga qarov kerak bo‘ladi. Qudamiz esa qizimizni har ikki oyda bir marta yuboradi. Unda ham tunab qolishiga qo‘ymaydi”. “Men qizimni yaxshi kiyintirib, yaxshi ichirib-yedirib katta qilganman. Bu tushgan joyida haftasi bir marta tishiga go‘sht tegmaydi”. “Qizim qo‘lini sovuq suvga urmay o‘sgandi. Bu qudamiz esa har kuni sigir sog‘asan, tovuqlarga qaraysan, deb kun bermaydi…”
Yarashtirish komissiyasida quda tomonlarning bir-birlariga da’volari (to‘g‘rirog‘i, tosh otishlari)dan bir necha parchalar keltirdik, xolos. Sezdingizki, yarashtirish komissiyalarida so‘z oladiganlarning aksari ayollar – kelinning onasi yoki qaynonasi.
Huquqiy jihatdan ular “uchinchi tomon” deyiladi. Aynan shu “uchinchi tomon” aksar oilalarning barvaqt zavol topishida ko‘proq aybdor.
Xonqa tumani hokimligi matbuot xizmati rahbari bo‘lib ishlagan kezlarimda – uch yil oldin – bir sayyor qabulda navbat kutib o‘tirgan ayolning yonidagi kishiga maqtanayotgani nogoh qulog‘imga chalindi: “Qarasam, qizim bu yaqinda qaynotasidan bo‘laklanib o‘z uyiga ega bo‘ladigan emas. Yolg‘iz ayollarga turar joy berilishi, yana subsidiya degani ajratilishini eshitib, qizimni eridan ajratib oldim. Shunga hokimdan qizimga uy olishda subsidiya so‘ramoqchiman. Bermay ko‘rsin, Prezidentimizning qarori bor!”
Bu gapga yoqa ushlaysiz xolos. Ikki xonali uy orzusida qizini erdan ajratib, nevarasini tirik yetim qilish qaysi insoniylik mezonlariga sig‘adi? Nahotki, oiladek muqaddas qo‘rg‘on arzimas moddiyat uchun zavol topayotir? Oila tinchligi, farzandlar kamoli asl baxt emasmi? O‘zidan zurriyot qoldirayotgan banda o‘tkinchi hoy-u havaslarga shu qadar mukkasidan ketgan bo‘lsa?
Alohida yashashni bosh sabab qilayotganlarga qarata yarashtirish komissiyasida mahalla imom-xatibi bildirgan fikrda jon bor: “Prezidentimizga rahmat. Farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan onalarga subsidiya asosida turar joy bermoqdalar. Yetimning boshini silash – dinimizda ham eng savobli amal hisoblanadi. Ammo aynan subsidiya asosida turar joy olish uchun qizining oilasini buzib, eridan ajratib olayotganlar ham bor. Aslida imtiyozlar otasi yoki onasi vafot etgan g‘irt yetimlarga berilishi kerak! Tirik yetim, ya’ni ota-onasi ajrashib, ulardan biri qo‘lida qolgan bolaning onasiga bu tarzda imtiyoz berilishi kelgusida ko‘plab oilalar ajralib ketishlariga turtki bo‘lishi mumkin!”
Imom-xatibning fikrini fuqarolik ishlarida qatnashadigan advokat tanishim ham tasdiqlaydi: “Men advokatlik qilgan aksar ishlarda aynan “imtiyoz egasi” bo‘lish uchun ota-onasi arzimagan bahona bilan qizlarini turmushdan ajratayotganlariga guvoh bo‘ldim. Hatto, birisi uyalmasdan o‘z “rejasi”ni aytgan: “Qizimni ajratib oldim. Subsidiya orqali uy olgach yana eri bilan yashayveradi…”
Kuyovi qo‘pol, ichib kelib kaltaklashlaridan bezor bo‘lganidan sudga murojaat qilgan ayollarni tushunish mumkin. Hamma ham oilasi tinch, bolalari sog‘lom, hayoti osoyishta bo‘lishini istaydi. Lekin, arzimas nizo – oiladagi vaqtinchalik qiyinchiliklar sabab sud eshigida yuguradiganlarni oqlab bo‘lmaydi. Bu jarayonda ikki yosh tajribasizlik qilibdi deylik, ammo hayotning achchiq-chuchugini totgan ota-ona nega befarq? Befarq emas, aksincha, shu mayda nizoni ko‘pirtirib, qo‘llashayotganlariga nima deysiz?
…Yopiq tarzda o‘tgan sud majlisida ko‘rib chiqilgan da’vo arizasi mazmuni – kelinning xiyonati. Uni qo‘shnisi bilan ushlab olishgan. Eri esa uch yilki, chet elda ishlayotgan ekan.
Bu o‘rinda yarashtirish komissiyasi ojiz. Tomonlarga yarashish haqida taklif berishga til bormaydi. Hayotning achchiq sinovi degancha sukut saqlaysiz.
Ajralish uchun sudlarga berilgan arizalarni ko‘rib chiqish vaqtida duch kelinadigan yana bir holat bor. Kelin eri yoki qaynonasi bilan kelishmay, besh oy oldin ikki farzandini olib onasinikiga ketib qolgan. Bu yoqda yigit yangidan kuyov libosini kiygan – uylanib olishga ulgurgan. Sud majlisiga shu xotini bilan yetaklashib keladi. Yangi kelinning homilasi sezilib turadi. Sudya bu holatda nima qilishini bilmaydi. Yarashish uchun muddat berish mantiqsiz.
…Aholi adadi ikki millionga yaqinlashgan bir viloyatdagi holat haqida fikr yuritdik. Oilaviy ajralishlar yil-yildan ko‘payib borayotgani sabablarini o‘zimizcha taxmin va tahlil qildik. Balki mahalla faollari, mas’ul tashkilotlar reja asosida olib borayotgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari ta’sirida ajralishlar amaldagi yilda kamaygandir degan yaxshi gumonga borib, yilning o‘tgan davri – olti oyida bu boradagi holatni ifodalovchi raqamlar bilan qiziqdik. Afsus, yaxshi gumonimiz o‘zini oqlamadi…
Aslida bu boradagi vaziyat butun mamlakatimizda yaxshi emas. Ijtimoiy tarmoqlarda yoyinlangan rasmiy ma’lumotlarda respublikamizda oilaviy ajrimlar yil-yildan ko‘payib borayotgani qayd qilingan.
Oila barbod bo‘ladi. Ikki o‘rtada bolalar tirik yetim bo‘lib qolishadi. Javobgar tomondan jabrdiyda foydasiga aliment ham undiriladi. Go‘yo shu bilan muammo faqat ikki shaxs – ajrashgan er-xotinga taalluqlidek bo‘lib tuyuladi. Aslida esa ajrimlar ajrini butun jamiyat – siz-u biz ham tortamiz. Eridan ajralgan ayol ehtiyojmand sifatida “Ayollar daftari”ga kiritiladi. Ehtiyojmand oilaga davlat tomonidan moddiy yordam ajratiladi va hatto, vaqti kelib farzandlari oliygohlarga o‘qishga kirganida kontrakt to‘lovlari ham to‘lab beriladi.
Kim tomonidan? Davlat tomonidan, albatta! Davlatimiz shu mablag‘larni boshqa maqsadlarda ishlatishi mumkin edi-ku! Minglab shunday oilalarga ajratilayotgan moddiy yordam pullari milliardlarni tashkil qiladi, axir. Bu pullarga qanchadan qancha korxona qurib, minglab yoshlarni ish bilan ta’minlash mumkin. Bu o‘rinda kattagina mablag‘ havoga sovurilyapti – arzimas bahonalar bilan barbod bo‘lgan va bo‘layotgan oilalar jamiyatda beqarorlikni keltirib chiqarish bilan bir vaqtda taraqqiyotimizga ma’lum ma’noda tushov ham bo‘lmoqda. Maqolamiz tagsarlavhasida boshida iddao qilganimizdek ajrimlar ajrini hammamiz teng tortmoqdamiz. Bu bizlarga – katta yoshli insonlarga jazo, aslida. Negaki, yosh oilalar ajralib ketishiga shunchaki tomoshabinlikdan boshqasiga yaramay qoldik…
Ro‘zimboy HASAN, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600