12.08.2024 | 14:37
434
SAMARQANDLIK ROJIYNING ARZI
O‘z davrida ko‘ngil ko‘zi ochiq, oydin fikrli ziyolilar bosqinchi siyosatdonlarning yurtini umrbod qullikda saqlashdek qora niyatini yaxshi anglagan edilar. Shu bois ular sho‘ro hukumatining adolat va tenglik, tinchlik va do‘stlik siyosati qog‘ozda emas, amalda bo‘lishini talab qilishdi; sira tap tortmay “odamlar ustida ot o‘ynatgan” bosqinchilarga “quturgan mustamlakachilar” (Cho‘lpon ta’biri) sifatini berishdi. Bosqinchining tenglik, “millatlarning o‘z huquqlarini o‘zlari belgilashi” haqidagi va’dalari quruq og‘izda bo‘lib, aslida mamlakatda shaytoniy vasvasa va yolg‘on hukmronlik qilar edi.
Samarqandlik jadid Faxriddin Rojiy millat ma’rifati yo‘lida jon kuydirgan shaxslardan biri edi. Bu imzo egasining maqola va she’rlari XX asr boshlari matbuotida tez-tez uchrab turardi. Xususan, Behbudiyning “Oyina”sida uning “Tabib hikoyati”, “Shogird ila ustod”, “E’tirof” kabi o‘ndan ortiq she’ri bosiladi. 1914-yili kuzida Rojiy ulkan alloma jadid Ismoil Gʻasprali vafoti munosabati bilan yozgan “Ismoilbek hazratlarig‘a” sarlavhali she’rida uni “millat qalbiga ziyo” olib kirgan ustoz, “millat g‘ami-la xasta o‘lan piri rahnamo” sifati bilan vasf etadi. Garchand Ismoilbekning jismi bu olamni tark etgan bo‘lsa ham, ishlari davom etajagiga urg‘u berib yozadi:
“Har kimig‘a ra’yi va fikri suyundurgan ustod
Jisming agarchi xoki nihon o‘ldi, yo‘q nihon”.
Tabiiyki, Rojiyning bunday she’rlarida jadidona kayfiyat yetakchi. Shoirning o‘zbek (turkiy) va fors (tojik) tilida yozilgan barcha she’rlarida ijtimoiy hayot bilan bog‘lanish, maktab, maorif targ‘ibi, ilm-fanga e’tibor berish kabi adabiy tushunchalar bayoni keladi.
Faxriddin Rojiy ijodda ham, maishiy hayotda ham yangilikka intiluvchi jadid ziyolilari safida turadi. Darhaqiqat, Rojiy o‘z davrida el ichida hurmat qozongan obro‘-e’tiborli inson bo‘lganiga shubha yo‘q. Sovet hukumati esa aynan ana shunday kimsalarni o‘zi uchun xavfli hisoblar edi. Shu bois 30-yillarning qatag‘onlari bu inson hayotini chetlab o‘tmadi. Arxiv hujjatlarida qayd etilishicha, Rojiy 1937-yil 12-sentyabrda hibsga olinib, 23-sentyabr kuni NKVD xodimi Komachiyev tomonidan tergov qilinadi.
Tergovchining: “Siz o‘zingizga qo‘yilgan “Milliy ittihod” nomli aksilinqilobiy tashkilotga a’zoligingiz xususidagi aybni tan olasizmi?”, degan savoliga Rojiy shunday javob beradi: “Men aksilinqilobiy “Milliy ittihod” tashkilotiga a’zo bo‘lganim, ularga aloqadorligim xususidagi aybni bo‘ynimga olmayman. Shuningdek, bosmachilarni ham qo‘llab-quvvatlagan emasman. Ittihodchi Qozi Haydarbek uyida bo‘lib o‘tgan majlislarda qatnashmaganman”.
“Sizning “Milliy ittihod”ga aloqadorligingiz to‘la-to‘kis isbotlangan. To‘g‘ri ko‘rsatma berishingizni tavsiya etaman”.
“Takror aytamanki, men hech qanday “Milliy ittihod”ga a’zo bo‘lmaganman. Ammo jadidlarga aloqadorligimni yashirmayman. Chor hukumati zamonida mashhur jadid Behbudiyning “Oyina” jurnalida ishladim. So‘ngra inqilobdan keyin 1919-21-yillarda Saidzoda Alizodaning “Shu’lai inqilob” jurnalida faoliyat ko‘rsatdim”.
Ko‘rinib turganidek, “Oyina”, “Shu’lai inqilob” xususida tergovchi so‘ramasa ham gap ochib Rojiy noqulay vaziyatda qoladi. Bunday dalillar “qo‘y terisini yopingan bo‘rilar” uchun ayni muddao edi. Qatag‘on mashinasi allaqachon ishga tushgan bu qaltis zamonda xas-cho‘pdan madad kutish foydasiz edi. Rojiy 1937-yil 21-noyabrda o‘n yil muddatga qamaladi.
Besh nafar farzandi bilan qolgan yesir xotini tomonidan mas’ul xodimlarga murojaatlar, iltimos xatlari yoziladi. Biroq bu arizago‘ylikning foydasi bo‘lmaydi.
1939-yil 14-iyulda Rojiyning o‘zi ham Respublika prokuroriga ariza bilan murojaat qiladi: “Men arizachi 1878nchi yilinda bir kambag‘al oilasida dunyoga kelganman. Otamning asosiy kasbi chitgarlik ham muallimlik bo‘lib, kambag‘allik bilan umr kechirgan. Vafotidan keyin menga meros qoldirgan asarlari, xat va savod chiqarishga tegishli qog‘ozlardan iborat bo‘lgan…”
Faxriddin Rojiy shu zaylda ahvolini, hayotiy faoliyatini, tergovdagi savol-javob jarayonini va nohaq qo‘yilgan aybni bayon qiladi. Og‘zi qon, niyati qora mustabid tuzumdan Rojiy haqiqatni, adolatni umid etadi. O‘ziga nisbatan uyushtirilgan “tuhmat va yolg‘on”lar isloh bo‘lishini istaydi. “Toki haqiqatsizlik bo‘lib jabr bo‘lmasin”, deydi. Chiqmagan jondan umid, degandek, Rojiy muallim bir inson hayot-mamoti bilan bog‘liq bu masalaning tekshirilishi, allaqanday chaqimchilar bilan yuzma-yuz muhokama bo‘lishini kutadi. Arizago‘y bekordan bekor orzu va xayolga berilgan edi. Qo‘liga tushgan har qanday insonni bir siqim quruq xasdek yoqish bilan mashg‘ul mustabid tuzum korchalonlari Rojiyga omonlik hadya qilishmaydi. “Zarafshon lagerida qamalib, 10 yillik “troyka” e’lonini eshitib yotmoqdaman, – deb yozadi Rojiy. – Endilikda siz – Oliy organ boshlig‘i bo‘lg‘on prokuror kambag‘alparvar, haqiqatshunos, adolatlik sovet vakillaridan so‘raymanki, ishimni nazoratingizga olib, tekshirish olib, tekshirish natijasida ayolmand, kambag‘al, xizmatchi va qariligimni nazarga olib ozodlikka chiqarsangiz edi, deb Faxriddin Rojiy Nazriddinovich. 14.VII.39…” Hech narsa tekshirilmaydi, adolat oyoqosti bo‘lib, haqiqat qoidasiga rioya qilinmaydi.
Davr an’anasiga ko‘ra, Rojiyning arizasi butunlay javobsiz qoladi. Yolg‘izgina ozod va erkin turmush ilinjida yozilgan qator bezakli sinonimli iliq so‘zlardan ham, sadoqatli xizmat va’dasidan ham aslo foyda chiqmaydi. Oqibat keksa shoir va muallim Faxriddin Rojiy 1941-yil 24-yanvarda Toshkentdagi qamoqxonalarning birida vafot etadi.
Xullas, 30-yillar oxirida minglab begunoh insonlar qamoqqa olindi, qiynoqlarga solindi, bo‘yniga tuhmat toshlari osildi; azob berildi, otib tashlandi. Shuningdek, hibsga olingan xat-savodli ziyolilar adolat va haqiqat ilinjida rasmiy idoralarga minglab arizalar yozishdi. Taassufki, bu murojaatlarni, jabrdiydalarning nolishlarini eshitib, adolat o‘rnatadigan odam topilmadi. Zotan qatag‘on mashinasining murvatlari bo‘lgan stol ortidagi bu kimsalar odam emas, borib turgan allaqanday manqurt jo‘lamonlar edi. Adolatdan umidlanib ariza berguvchi minglab rojiylarning yagona orzusi ozodlik, shaxs hurligi, yurt obodligi edi, albatta. Rojiylar jismi tuproq bo‘ldi, ruhi – tirik.
Bahodir KARIM,
professor
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
88
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
602
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600

