Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.08.2024 | 16:03

img657

MILLAT FIDOYILARI: NIZOMIDDIN XO‘JAYEV

Yaqinda Nizomiddin Xo‘ja­yev­ning qatag‘on qilinishi to‘g‘risi­dagi noyob hujjat va materiallar bilan tanishishga imkon yaratildi.

Mudhish qatag‘on davrida o‘n yil mehnat-tuzatuv lagerlari azobini tortgan jadid Laziz Azizzoda bilan ilk tanishuvimiz o‘tgan asrning 70-yil­lari boshida “Guliston” jurnali tahririyatida yuz bergan. 1967-yili “Fan” nashriyotida domlaning “Inqilob kurashchisi” risolasi e’lon qilingan edi. Unda jadid, keyinchalik bolshevik, davlat va hukumat arbobi, qatag‘on qurboni Nizomiddin Xo‘jayev faoliyatining ayrim qirralari birinchi bor ochib berilgan. O‘sha zamonlarda yopiq arxivlardan qatag‘on qilinganlar to‘g‘risida ma’lumot olish juda mushkul bo‘lgani bois Xo‘jayevning qatag‘on qilinishi tafsilotlari batafsil yoritilmagan.

Jadidlik Turkistonda juda kat­­ta ta’sirchan ijtimoiy-siyosiy kuch­­ga ega edi. Turkistondagi ja­did­likdan sovetlar, bolsheviklar, hatto Xalq komissarlari soveti raisi V.Lenin va uning safdoshlari ham bo­xa­bar bo‘lgan va bu taraq­qiyparvar harakat ularni qattiq tashvishga solgan.

Nizomiddin Xo‘jayev 1920-yil­ning o‘zida ikki marta Lenin qabulida bo‘lgan. Birinchi suhbat mazmunidan kelib chiqib, “proletariat dohiysi” Nizomiddin Xo‘jayevdan Turkiston va uning taqdiri to‘g‘risi­da, ayniqsa, O‘rta Osiyodagi pa­nis­lomizm haqida umumiy ma’­lu­mot berishni iltimos qilgan. Nizomiddin Xo‘jayev Moskvadagi mehmonxonalardan birida ana shu hujjatni tayyorlab, Leninga taqdim etgan. Bu hujjat “Panislomizm haqida” deb nomlangan bo‘lsa-da, aslida islom manfaatlarini himoya qilib yozilganligi uchun uning mazmuni sovet davri tarixshunosligida umuman keltirilmagan va sharhlanmagan.

Moskvada sobiq Ittifoq Fanlar akademiyasi Tarix instituti doktoranturasida o‘qiyotganimizda o‘sha vaqtdagi KPSS Markaziy Komiteti huzuridagi arxivning o‘ta maxsus bo‘limida turkistonlik siyosiy arboblardan Dmitriy Simyonovich Uryupin, Usmonxon Eshonxo‘jayev va Nizomiddin Xo‘jayev ishi qattiq maxfiylashtirilgan edi. Tegishli hujjatlardan foydalanish, ko‘chirma olish mutlaqo taqiqlangandi. O‘shanda uch arbob haqidagi hujjatlarni faqat o‘qib chiqish uchungina ruxsat olishga muvaffaq bo‘lganmiz. Qayta-qayta o‘sha hujjatlarni o‘qib, xotiramda saqlashga urindim. Biroq Nizomiddin Xo‘jayevning Lenin taklifiga muvofiq yozgan “Pa­nis­lomizm haqida”gi xatini takror o‘qisam-da, to‘liq yod olishning imkoni bo‘lmadi. Oxiri bir kuni cho‘ntakda yashirincha ruchka va qog‘oz olib kirib, Nizomiddin Xo‘jayevning xatini tezlikda, hadik va xavotir ichra ko‘chirib olishga erishdim. Arxivdan chiqishda nihoyatda xavotirda edim. Chunki qo‘lga tushib qol­guday bo‘lsam, Moskvadagi arxivlarda ishlashdan butunlay mahrum qilishlari va o‘qiyotgan joyimga chora ko‘rish uchun maxsus ko‘rsatma yuborishlari mumkin edi. Qo‘rqqanimdan oyoq-qo‘lim qaltirab, bir amallab arxiv nazoratidan o‘tdim.

Bu hujjatni ancha yillar e’lon qilishga jur’at eta olmadim. Mustaqillikdan keyingina bu noyob ko‘chir­mani sharhlashga muvaffaq bo‘ldik. Xatda shunday deyilgan:

“…Taraqqiyparvar oqim 1905-1906-yillarda Turkis­ton­ning musulmon aholisi orasida ham paydo bo‘lib, bu yerdagi kishilar mullalarning johilligi va mutaassib­ligiga qarshi kurash olib borib, yevropacha tarzdagi, yangi usuldagi maktablarni ochdilar. Ayni vaqtda Niko­lay rejimini qulatish uchun maxfiy siyosiy ishlarni olib bordilar. Bu yosh oqim jadidlik nomini olgan edi. 1917-yil fevralida Nikolay rejimini ag‘darish chog‘ida Turkiston yosh taraqqiyparvarlari Turkiston o‘lkasiga muxtoriyat maqomini berish uchun intilganlar. Turkiston taraqqiyparvarlarining ikki vakili – Mustafo Cho‘qay bilan Ubaydulla Xo‘jayev bu harakatning boshida turishdi. Shahar dumalariga to‘rt bosqichli usul bilan o‘tkazilgan saylov kampaniyasi chog‘ida birinchi bor Toshkentdan reaksion mutaassib “ula­mo­lar” – ruhoniylar ko‘pchilikni tashkil etganlik­lari tufayli duma orqali “jadid”larning 25 ta yangi usuldagi maktab­larini yopishga muvaffaq bo‘ldilar. Bu maktablar Turkiston yosh taraqqiyparvarlari oqimi tomonidan Fevral inqilobigacha bo‘lgan davrda ochil­gan edi. Oqimlar o‘rtasidagi keskinlik shu darajaga borib yetdiki, Qo‘qonda o‘tkazilgan saylov vaqtida “ulamo”chilar bilan burjuaziya to‘qnashuvida yosh mehnatkashlar oqimi vakillaridan bir necha kishi halok bo‘ldi. Ruhoniylar va ularga qo‘shilgan qora guruhlar (gubernator Likoshin, Aromskiy, Bo‘latov hamda Pershin)ga qarshi kurashmoq uchun Oktyabr inqilobidan so‘ng siz tomondan e’lon qilingan millat­larning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi huquqiga muvofiq, 1917-yil 27-noyabrda Turkistondagi yosh inqilobiy-demok­ratik oqim – jadidlar Turkiston muxto­riyatini e’lon qildi. Qo‘qonda muxtoriyat hukumati tuzildi. Muxtoriyat demokratik hukumati tuzilgandan keyin ko‘p o‘tmay, Toshkentdagi ruhoniylar bu hukumatni tan olmay, norozilik bilan chiqishdi. Xuddi shu vaqtda Qo‘qonda bir to‘da kishilar Sovet hukumati nomidan qurolsiz kishilarga qarshi qurol ishlatdi va Qo‘qon shahrini vayron qilib, hukumatni tarqatib yubordi. Muxtoriyat hukumati tor-mor qilinganidan keyin asosiy inqilobiy oqim muxtoriyatchilar, so‘l eserlar va kommunistlarga bo‘linib ketdi. Mazkur oqimdagi kommunistlar “Ulamolar” – ruhoniylar tashkilotini tarqatib yubordilar, so‘l eserlar esa sakkiz oy ichida asta-sekin kommunistlar tomonidan yutib yuborildi. Muxtoriyatchi – millatchi hukumat a’zolarining bir qismi Turkiston hududidan chetga qochib yashirindi. Qolgan qismi esa asta-sekin sovetlar ishida qatnasha boshladi.

Dashnoqlar, Jalolobod rus dehqonlarining quloq­lari tomonidan qo‘llab-quvvatlangani va Turkis­ton mus­tam­lakachilarining “kommunistlari” tomonidan noto‘g‘ri siyosat olib borilganligi tufayli bir necha ming nayzali Farg‘ona fronti vujudga keldi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Farg‘ona fronti tugatilgan, ammo endi Qizil ordenli dushman yana bizga qarshi turmoqda va yana o‘sha mash’um Farg‘ona partizanlik fronti hamda bu dushman mahalliy kommunistlarni va sovet ishchilarini qirib tashlagan va yana qirg‘in qiladi. Qizil armiya askarlari va dashnoqlar tinch aholini qaroqchilar niqobi ostida yo‘q qilishdi, ayollarni zo‘rlashdi. 26 ta qishloqni vayron qilishdi. Masalan, O‘zgan shahrida 1500 kishi halok bo‘lgan, Farg‘onadagi ikki yillik urush davomida olingan harbiy o‘ljalar – pulemyot, miltiq va boshqalar haqida ma’lumot yo‘q.

Sizga tavsiflash uchun Farg‘onadagi dashnoqlar haqida ma’lumot beraman: bir Abram (Arman Qizil armiyasi askari) 87 qurolsiz musulmonni qilich bilan o‘ldirdi. Quva hududida, o‘rtoq Martin 47 kishini o‘ldirdi, umuman, Dashnoqlar haqida hech kimda ma’lumot yo‘q. Farg‘onadagi vaziyatni hisobga olib, Turkiston Markaziy Ijroiya Komiteti raisining e’tiroziga qaramasdan, siyosiy sabablarga ko‘ra kommunist “armani” Sakov Farg‘ona diviziya harbiy komissari etib tayinlangan. Bu, birinchidan, Turkiston komissiyasining mas­’ul xodimlarga – mahalliy aholiga faqatgina tarjimon sifatida munosabatda bo‘lishi bilan isbotlangan; ikkinchidan, bundan butun Turkiston voqeligini tushunish hamda mas’ul xodimlarning joylarda tutgan mavqeyini anglash mumkin.

Sharq kommunistlari mustamlakachilar orqali Sharqda kommunizm g‘oyalarini amalga oshirish bo‘­yicha noto‘g‘ri siyosat olib borayotganligi, ularga ishonmasligi, Sharq mehnatkashlari ommasi hayoti­ga g‘oyalarni singdirishda ularni to‘g‘ri faoliyat may­donidan mahrum etayotganini kommunizm va johil aqidaparastlikni yo‘q qilish va Sharqdagi kom­munistlarsiz boshqa nokommunistik harakatlarni yo‘q qilishda, hatto fanatizm darajasiga qadar kurasha olmayotganini ko‘rmasligi mumkin emas. Shunday ekan, agar Sharq kommunistlari keng siyosiy maydonga ega bo‘lmasalar, Sharqda ijtimoiy inqilobning o‘z vaqtida rivojlanishi uchun tarix va jahon proletariati oldida javobgarlikni o‘z zimmasiga ololmaydi.

Zo‘ravonlikning oxiri bor, sabr kosasining chega­rasi bor.

Sizga bu haqida ma’lumot berib, faktlarni keltirib, Sharq, xususan, Turkiston mehnatkash ommasiga nisbatan siyosatni to‘g‘ri olib borishga e’tibor qara­ti­shingizni so‘rayman.

Turkiston respublika o‘lka komiteti bo‘yicha mas’ul xodim, Turkiston Markaziy Ijroiya Komiteti raisi va Turkiston Muxtor delegatsiyasining vakili: N.N.Xo‘jayev”.

Ko‘rib turibsizki, “dohiy”ning panislomizm tah­li­liga yo‘naltirilgan talabiga ko‘ra bildirilgan nuqtai nazar aslida Turkiston xalqining boshiga tushgan kulfatlar, Sovet hukumatining vahshiyligi oqibatlari haqida bo‘lib, bu Nizomiddin Xo‘jayevning naqadar millatparvar va jasur shaxs bo‘lganligining dalilidir.

Yaqinda kamina maxsus arxivda saqlanayotgan Nizomiddin Xo‘jayev haqidagi huj­jat va materiallar bilan tanishib chiq­dim. Quyida uning qisqacha izohini e’ti­boringizga havola qilmoqchiman:

“Toshkent shahar. 1935-yil 4-noyabr. O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissarligi Davlat xavfsizligi Maxsus 3-bo‘limi mas’uli Gaynetdinov mahbus Nizomiddin Xo‘jayev haqidagi materiallarni ko‘rib chiqib, ularni inobatga olgan holda quyidagilarni bayon qilaman:

birinchidan, N.Xo‘jayev ilgari “Milliy ittihod” aksilinqilobiy millatchi tashkilotning faol a’zosi va bu tashkilotning Markaziy Komiteti raisi sifatida Qo‘qon Muxtor Hukumati (bu ibora Turkiston muxtoriyati bo‘lishi kerak – R.Sh.) tarkibida bo‘lgan va uning qarori bilan ushbu hukumat uchun qo‘shinlar tuzish bo‘yicha komissar etib tayinlangan;

ikkinchidan, 1918-yil boshida Turkis­ton Muxtoriyati hukumati a’zosi sifatida Toshkentda sovetlarga qarshi namoyish uyushtirgan va uning yordami bilan hibsga olingan oq gvardiyachilarni Toshkent qamoqxonasidan ozod qilgan;

uchinchidan, 1919-yilda Toshkentda bo‘lgan ­Osi­pov qo‘zg‘olonini bostirishda faol ishtirok etgan;

to‘rtinchidan, o‘zining aksilinqilobiy o‘tmishini yashirgan holda VKP(b) safiga kirgan va keyinchalik milliy aksilinqilobiy faoliyatini milliy ziyolilar orasida davom ettirgan. Partiya safidan chiqarib yuborilgach, o‘ziga yaqin odamlar orasidan partiya va sovetlar tomonidan olib borilayotgan hukumat tadbirlariga putur yetkazishga urinib, sovetlarga qarshi tashviqot olib borgan.

Ushbulardan kelib chiqib, O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissari Nikolay Zagvozdin shunday qaror qabul qilgan: “Fuqaro Nizomiddin Xo‘jayev 1886-yilda tug‘ilgan, asli toshkentlik, o‘zbek. Jahon Obidova nomidagi artelda rais o‘rinbosari bo‘lib xizmat qilgan, partiya safidan chiqarilgan. Toshkent shahri, Oktyabr tumani, Orqako‘cha mahallasi 4/6-uyda istiqomat qilgan. O‘zSSR Jinoyat kodeksining 66-moddasi 1-bandi va 67-moddasi bilan javobgarlikka tortilsin. Ehtiyot chorasi sifatida u hibsga olinsin va O‘zSSR NKVD DPZda qamoqda saqlansin”.

Nizomiddin Xo‘jayevning qayerda, qachon, kim tomonidan va qanday sharoitda aksil­inqilobiy tash­ki­lotga kirgani va uning amaliy antisovet faoliyati nima­larda ifodalanganligi aniq va ravshan ko‘rsatib berilmagan.

Hibsdagi Mannon Ramziy 1930-yildagi so‘roq paytida Nizomiddin Xo‘jayev Turkis­ton ASSR­ni RSFSR tarkibidan chiqarib, Turkiya bilan birlash­tirishga intilayotgan o‘zbek millatchi tashki­lotiga a’zo bo‘lganligini da’vo qilgan. Ammo u SSSR Oliy sud harbiy kollegiyasining sud majlisida guvohlik berganida bu ko‘rsatmalarini rad etgan.

Bu kabi noaniq guvohliklar 1917-yildan bolsheviklar safiga o‘tgan taniqli yurtdoshimiz, Favqulodda komis­siya (CHK) xodimi, Lenin huzurida bo‘lib, u bi­lan suhbatlashgan andijonlik Haqqul Husanboyev tomo­nidan ham aytilgan.

Arxiv ma’lumotnomasidan ko‘rinib turibdiki, Nizo­middin Xo‘jayevning Qo‘qon muxtoriyat huku­matida ishtirok etgani ha­qida hech qanday dalil kel­tiril­magan. Tergov jarayonida Nizomiddin Xo‘jayev o‘zi­ga qo‘yil­gan ayblovlarni tan olmagan.

Yuqorida aytilganlarga asoslanib, O‘zbekiston SSR Oliy sudi jinoiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’­ati tomonidan Nizomiddin Xo‘jayevga qo‘yilgan aksil­inqilobiy faoliyatga oid ayblov isbotlanmagan deb topil­gan. Xullas, gunohi isbotlanmagan Nizomiddin Xo‘­jayev 1936-yil 15-martda SSSR NKVDning qarori bilan RSFSR Jinoyat kodeksining 58-10-moddalari 1-qismi bilan aybdor deb topilib, 3 yilga mehnat-tuzatuv lageriga hukm qilinadi. Ajablanarli tomoni shundaki, mahbus 6 yildan keyin – 1942-yilda qa­moq­­da vafot etgan.

O‘zbekiston SSR Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati 1957-yil 7-oktyabrdagi yopiq majlisida sobiq Ittifoq NKVD maxsus bo‘limining 1936-yil 15-martdagi Nizomiddin Xo‘jayevga nis­ba­­­tan chiqa­ril­gan qarorini bekor qilgan va to‘p­lan­­gan dalillarning yetarli emasligi tufayli tegishli huj­­sjat­larni rasmiylashtirish to‘xtatilgan. Oqibatda Nizo­middin Xo‘jayev reabilitatsiya qilingan. Lekin So­vet hukumatining ikkiyuzlama siyo­sati andazasiga ko‘ra, ko‘plab “oqlangan” shaxslar qatori Nizomiddin Xo‘jayev nomi ham uzoq yillar norasmiy taqiq ostida qolaverdi.

Hozirda Toshkent shahridagi katta ko‘chalardan biri Nizomiddin Xo‘jayev nomi bilan ataladi. Bizning fikrimizcha, bu fidoyi insonning hayoti va faoliyatini chuqurroq tadqiq qilib, ilmiy izlanishlar olib borish, badiiy va publitsistik asarlar, film yaratish bugungi kunning talabidir. Zero, millat ozodligi yo‘lida o‘z jonini fido qilgan ajdodlarni yod etish, ularning hayotidan saboq olish va xulosa chiqarish bugungi avlod uchun ham qarz, ham farzdir.

Rustambek SHAMSUTDINOV,

tarix fanlari doktori,

professor


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605