Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


04.09.2024 | 10:15

img239

SABOT SINOVI

Kecha Yozuvchilar uyushmasida taniqli shoira, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Sharifa Salimovaning “Qabohat saltanati yoxud qor qo‘ynida lolalar” nomli she’riy romani taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Asar o‘tgan asrning mudhish qata­g‘oni qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan. Unda beayb jazoga tortilgan, tuhmatga uchragan yurtdoshlarimizning fojiali qismati tasvirlangan.

Tadbirda taniqli yozuvchi-shoirlar, adabiyotshunos olimlar, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirok etib, asar haqida fikrlarini bildirishdi. Quyida O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurovning mazkur roman to‘g‘risidagi mulohazalarini e’tibo­ringizga havola etamiz.

TAHRIRIYAT

XX asr 20-30-yillarida xalqimizning asil farzand­lari bo­shi­dan kechirgan o‘ta og‘ir fojia­lar haqida she’r bilan yozil­gan katta hajmdagi asarni o‘qir­kan, har qanday asabi mustahkam, irodasi ­metin odamning ham bu voqea­lar ta’sirida bitgan-bitmagan jarohatlari qaytadan yangilanadi.

Bu yirik roman uchun qunt bilan izlanib, materiallar yig‘ib, kutubxonalar, arxivlarda ishlab, olti-yetti yil mashaqqat ­che­kib, asar bun­yod qilib, zamonlarning eng azob-uqubatlarga to‘la yuklarini yelkasiga ortgan muallifning bardosh-matonati, yuragining mushfiq mehri­bon quvvatiga lol qolib tasanno aytmay ilojing yo‘q.

Gap zamondoshimiz, shoira, jamoatchi, jurnalist Sharifa Sali­mo­vaning “Qabohat saltanati yoxud qor qo‘ynida lolalar” deb atalgan she’riy asari ustida boryapti. U asarini “she’riy roman” deb janrini aniq belgilagan. Muallif XX asrning 20–30-yillarida siyo­siy zulmlar qurboni bo‘lgan bir qancha xotin-qizlarning qismati va insoniy siymolarini yoritishni o‘z oldi­ga adabiy-badiiy maqsad qilib qo‘ygan. Ha, shoiraning yuragi qanday chidadi ekan zamonlar kechib bu mash’um voqealarni qayta tiriltirishga?!

Muallifga bunda kuch-quvvat, bardosh matonat-chidam bergan hodisa – bu uning zulm qurbonlariga o‘zini singilday, jigarday, qondosh-qarindosh­day tutishi va his qilishidir. U nohaq jabrdiydalarning holi-ahvoli, kechinmalari, muhab­bat-sadoqatlarini teran tushunadi, dard-alamlarini o‘z jonida sezadi. Ularga eng og‘ir damlarda iroda-matonat qayerdan kelganligini uqadi, anglaydi. Asar shunday milliy negizlardan kelib chiqayotgan noyob darddoshlikdan tug‘ilgan. Bunday asarni sovuq qalam, sovuq nigoh, sovuq yurak bilan aslo yozib bo‘lmaydi. Men xalqi, farzandlari ayovsiz nobud bo‘lganda Nodira qanday ahvolga tushganligi, otashin Hamid Olimjon avtohalokatga uchraganda, qon­dosh aka-ukalari siyo­siy qirg‘inga giriftor bo‘lganda o‘k­tam shoira Zulfiya nimalarni boshi­dan kechirganligi, bu­larga chidash uchun qanday kuch top­ganligini ko‘z o‘ngimga kel­tir­dim. Haqiqatan, ayollar insoniyatning, tamomila tabiat­ning nozik uzilmas rishtalari­dan bino bo‘lgan ­noyob qatlamlaridir. Ular bosh­dan oyoq mehr-oqibat, mu­hab­bat, munislik kalavalarini o‘z jonlarida saqlab yuradilar. Sharifa Salimova ayol siyosiy qurbonlar haqidagi yozganlari­da ayolga tabiat tomo­nidan mo‘l-ko‘l ato etilgan shu mislsiz ne’matlarni shoirona tahqiq qilib boradi.

Asar fasllarga bo‘lingan. U uch qism, o‘n uch fasldan ibo­rat. Fasllarning har birida siyosiy mustabid zulm qurbonlari – Xayrinisa Majidxonova, Maryam Sultonmurodova, Sobira Xoldorova, Tojixon Shodiyeva singari o‘zbekning o‘sha davrdagi peshqadam ayollar­ning taqdiri – boshlariga tushgan mislsiz azob ko‘rgilik­lari yori­til­gan. Nisba­tan XX asr­ning 70-yillaridan ke­yin xalqimiz o‘zi­ning bu kabi farzandlarini ta­nidi. Fayzulla Xo‘jayev, Akmal Ikromov kabi ozodlik uchun jon kuydirgan yo‘lboshchilarining qutlug‘ xonadonlari vayrona­lar­ga aylantirilganli­gi­ni es-es bildi. Sherali Turdiyev, Naim Karimov, Sirojiddin Ahmedov va yana qanchadan qan­cha ulkan tarixchi allomalar yo‘qotilgan izlar izidan borib, haqiqatlarni ochishga intildilar. O‘qib-o‘rganib yuradigan xalqimizning ziyoli vakil­lari bu unutilmas ishlardan xabardor. Lekin o‘sha zulm haddan oshgan zamon­larda nega bular beayb zin­donlarga tashlandi, gulday-gulday xotin-qizlar otildi, nega inson boshdan oyoq himoyasiz, bechora, benavo maxluqqa aylantirildi? Hech kim qiziqqan emas! Hech kim! Millatning asil ozodlikka yetaklagan vakillari otib tashlanavergan, surgunlarda azob chekavergan, barcha insoniy huquqlaridan mahrum, mosuvo bo‘lib qolavergan. Mana endigi zamonlarga kelib ­Sher­ali Turdiyevlarning adolat­ni tik­lashga uringan kitoblari o‘qi­lib, o‘rganilib, istibdodning butun dahshati odamlar ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lmoqda. Romanlar yozilmoqda, tadqiqot o‘tkazilmoqda, haqiqat ro‘y-rost ochilmoqda. O‘zbe­kis­ton Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 19-iyulda qabul qilingan “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘l­gan yurtdoshlari­miz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib ­etish hamda ular­ning xotira­sini aba­diy­­lashtirish borasidagi ish­larni kengaytirish to‘g‘risi­da”gi qarori adolatni tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi. Zotan, unda katta miqyosdagi tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.

O‘rganish, targ‘ib etish va xoti­rani abadiylashtirish borasida juda zarur ishlar ustida so‘z borarkan, ijodkorlar, olimlar, san’atkor­lar, tadqiqotchilar, jur­na­list­lar – ­ijtimoiy jabhalarda ijtimoiy-siyo­siy adolatning tik­la­nishi, qaror topishiga hech qachon befarq qaragan emaslar. Bu ular­ning ijodiy rejalarida hamisha aktual, urg‘uli o‘rinda turgan. Bu qanchalar muhim ekanligini Shari­fa Salimovaning yangi asari ham baralla ko‘rsa­tib turibdi. To‘qqiz she’riy faslda to‘qqiz nohaq ayb­langan ayol qismati. Har bir fasl alohida bir doston kabi o‘qiladi. Fasllar birlashib jam bo‘lib, “o‘ta og‘riq mavzu”ning yaxlit “daryosi” yuzaga chiqadi. Fasllarning ma’yus navolari har satrda: “Uvol! Uvol!” deb faryod cheka­di. Uvol bo‘lgan umrlar! Esiz umrlar! Bu yaxlit qay­g‘uli daryo “Majidxonova ruhi”, “Maryamxon ruhi”, “Toji­xon­lar ruhi” degan ulug‘ to‘lqinlarni guldiratib harakatga solib boradi. Muallif yig‘lay-yig‘lay bu o‘lim dostonini tugatdi. Va oxirida zolimning manhus basharasiga tik boqib: “Ey, palid! Qachongacha odam o‘ldirib kun ko‘rasan!” deb, bobosi fitratona “dod” dedi. Va “dod” dostoniga nuqta qo‘ydi. Balki uning she’riy satr­lari andak toliqqandir. Kurash maydonlari chetiga chiqib, biror dam nafas rostlaganda o‘zi shunday bo‘ladi.

Ibrohim GʻAFUROV,

O‘zbekiston Qahramoni


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600