04.09.2024 | 13:37
988
MILLAT FIDOYILARI: ABDUQODIR QUSHBEGIYEV
Chinakam o‘tmishimizning mazmun-mohiyatini xolis va to‘la-to‘kis, bor bo‘y-basti bilan anglashda jadidlik harakati tadqiqoti muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, harakat yetakchilarining haligacha yetarlicha o‘rganilmagan Vatan ozodligi yo‘lidagi fidokorona kurashi, hayoti va achchiq qismatiga oid tarixiy hujjatlarni o‘rganish dolzarb ahamiyatga ega. Quyida farg‘onalik jadid Abduqodir Qushbegiyevning hozirgacha jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan hayoti va faoliyatiga oid tarixiy ma’lumotlarni e’tiboringizga havola qilmoqdamiz.
Yaqinda qo‘limizga qahramonimizning faoliyatiga oid uchta xat tushib qoldi. Bu hujjatlarning sovet rejimi va bolshevizimning O‘rta Osiyodagi mustamlakachilik siyosatiga kuchli zarba bo‘lganiga shak-shubha yo‘q. Uzoq Andijondan, andijonlik istiqlol kurashchilari tomonidan yuborilgan bu xatlar O‘rta Osiyo xalqlarining sovet hukmronligiga, bosqinchilik siyosati va amaliyotiga qarshi qaratilgan o‘ziga xos manifest, mazlum xalqlarning nidosi, noroziligi, mudhish mustamlaka, shovinist siyosat amaliyotiga qarshi qaratilgan norozilik, inqilobiy na’rasi edi.
Farg‘ona oblast Skobelev shahar dumasi va Jamoat tashkilotlari komitetining 1918-yil 7-fevraldagi yig‘ilish ma’ruzasidan ma’lum bo‘lishicha, Muxtor hukumat hamda Kengash a’zolari Mirali Mirahmedov, Abduqodir Qushbegiyev, musulmonlar sho‘rosi tashkiloti raisi Bo‘taboy Dadaboyev tomonidan Farg‘onadagi voqealar to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qilingan. Rezolyutsiya mualliflari Skobelev shahar dumasi va Jamoat tashkilotlari qo‘mitasi hokimiyatni zudlik bilan Turkiston muxtor hukumatiga topshirish zarur deb hisoblagan va hukumat organlari tuzilgunga qadar Muvaqqat viloyat jamoat kengashini tashkil etishni taklif qilishgan. Ushbu hujjat 1919-yil 8-dekabrda Toshkentdan RSFSR Butunrossiya markaziy ijroiya komiteti va Xalq komissarlari soveti huzuridagi Turkiston komissiyasiga yuborilgan. Xususan, unda quyidagi masalalar o‘z ifodasini topgan:
1. Turkiston Sovet Respublikasi mahalliy sharoitdan kelib chiqqan holda ba’zi bir istisnolardan tashqari Rossiya sovet federativ sotsialistik respublikasi konstitutsiyasi kabi konstitutsiya bilan boshqarilsa-da, u asosiy organ qonuni bo‘lganligi sababli, alohida sovet muassasalari va ular xodimlarining o‘zaro munosabatlarini tartibga sola olmaydi.
2. Hozirgi kunga qadar na alohida komissarliklar, na ular boshchiligidagi komissarlarning rasmiy munosabatlari to‘g‘risida umumiy tartib, na sovet korxonalari va muassasalarida ishchilar va xizmatchilarning intizomiy javobgarligi to‘g‘risidagi qoidalar mavjud emasligi, davlat amaldorlarining o‘zboshimchaliklariga mutlaqo cheklov o‘rnatilmagani, yaqin vaqtlargacha ko‘pchilik komissarliklar va boshqa markaziy muassasalar ruxsatsiz ochilib, hech qanday me’yoriy hujjatlarsiz, ko‘pincha esa biron-bir rejasiz faoliyat yuritgan. Natijada ayrim masalalar bo‘yicha vakolatlar to‘g‘risidagi nizolar odatiy hol bo‘lib qolgan. Muassasalarning samarasiz yozishmalari ko‘p vaqt olgan. Musulmonlar tegishli komissarlik, bo‘lim, seksiya va hokazolarni qidirib, shahar bo‘ylab yurish uchun uzoq vaqt va mablag‘ni behuda sarflashgan.
Abduqodir Qushbegiyev ayrim sovet institutlari o‘rtasidagi munosabatlarga to‘xtalganda, ayniqsa, Ichki ishlar komissarligining musulmonlarning uzoq yillar davomida qo‘pol ravishda buzilgan shaxsiy va mulkiy daxlsizligini himoya qilish masalasi bilan bog‘liq faoliyatiga alohida e’tibor qaratadi. U o‘z xatida aholiga qilingan cheksiz zulm, sun’iy ravishda vujudga keltirilgan ocharchilik va uning oqibatlari, dashnoqlar-u qizil armiya zobitlari tomonidan uyushtirilgan qotilliklar-u talon-torojliklar mohiyatini hayotiy misollar bilan yaqqol ochib beradi. Vaziyatni tubdan izga tushirish uchun quyidagilarni talab qiladi:
1. Barcha kichik va o‘rta musulmon dehqonlarga ulardan tortib olingan yerlar, bog‘lar, uzumzorlar, tegirmonlar, asbob-uskunalar hamda barcha mol-mulklar qaytarib berilsin. Bedarak yo‘qolganlar va talon-toroj qilinganlar, o‘rmonlari kesib tashlanganlar uchun adolatli tovon puli to‘lansin.
2. Musulmon qishloq xo‘jaligi mehnatkash ommasining murosasiz nafratini o‘z talon-torojliklari va zo‘ravonliklari bilan nom qozongan barcha Qishloq xo‘jaligi kommunalari va Kambag‘allar uyushmalari yo‘q qilinsin.
3. Sovet hukumati agentlari tomonidan tovlamachilik va poraxo‘rlikdan jabr ko‘rgan barcha musulmonlar taklif qilinib, poraxo‘rlar, tovlamachilar aniqlansin. Shikoyatchilarga tahdidlardan to‘liq himoyalanish va ulardan qasos olinmasligi kafolatlansin.
4. O‘rtahol musulmon uy egalariga ulardan olingan uy-joylarni, shuningdek, savdogarlar va jismoniy shaxslarga tegishli har qanday musodara yoki rekvizitsiya qilingan barcha mol-mulkning adolatli qiymati to‘lab berilsin. Bu ish kichik va o‘rta savdoni tiklash to‘g‘risidagi dekretning e’lon qilinishi bilan ayni muddao bo‘lardi.
5. Yer islohoti bilan shug‘ullanuvchi amaldorlarning 95 foizi musulmonlar bilan almashtirilishi lozim.
6. Musulmonlar uchun umumiy xalq sudining o‘rniga shariat va odatni tiklagan holda, umumiy saylov asosida Qozilar sudi bo‘lishi kerak. Tovlamachilar, poraxo‘rlar va zo‘ravonlarning ishini ko‘rib chiqish musulmon sudlariga o‘tkazilishi kerak.
7. Gʻalla monopoliyasi juda ahamiyatsiz natijalarni berganligi sababli, xalqni Sovet hokimiyatiga qarshi qaratdi. Shuning uchun g‘allani erkin narxda sotishga ruxsat berilishi kerak.
8. Xususiy kichik va o‘rta savdoga, shuningdek, barcha turdagi sanoat hamda hunarmandchilik ishlab chiqarishiga ruxsat berish kerak.
9. Qaroqchi deb atalgan shaxslarning Farg‘ona aholisiga nisbatan talon-toroj qilishlari natijasida hamda o‘sha qaroqchilarning ta’qibchilari va bostiruvchilari tomonidan sodir etilgan o‘g‘riliklardan ko‘rgan zararlarini qoplash lozim…
A.Qushbegiyev.
Xat muallifi Abduqodir Qushbegiyevning o‘zi kimligi va taqdiri ne kechgani o‘quvchini qiziqtirishi tabiiy. Hujjatlarga murojaat qilamiz. U 1882-yilda tug‘ilgan, millati o‘zbek, otasi Xudoyorxon davrida vazir-hokim bo‘lgan. 1889-yili otasi vafot etgach, u andijonlik qarindoshi Shermuhammad Alimqulovning uyiga ko‘chib kelib, musulmon va rus-tuzem maktablarida o‘qigan. 1905-yildan 1917-yilgacha Andijondagi Mirkomilboy Mirmo‘minboyevning paxta zavodida turli vazifalarda ishlagan.

1917-yil 17-mayda Andijon soveti raisi, menshevik M.Brizgaylov ma’ruzasiga muvofiq, Andijon jadidlarining homiysi Mirkomilboy Mirmo‘minboyev Turkiston sarhadidan butunlay badarg‘a qilinadi. Toshkentda turgan Mirkomilboy Mirmo‘minboyevni yashayotgan joyida uy hibsida saqlab turishlikka qaror qilingan. Bu asossiz qarorni Turkiston qo‘mitasi ham ma’qullagan. Keyinroq u Toshkentda qamoqqa olingach, bu hodisa “Sho‘royi islomiya”chilarning, ayniqsa, Andijon musulmon aholisining kuchli noroziligini keltirib chiqargan. Bu haqda “Sho‘royi islomiya”ning musulmon deputatlari nomidan Andijon soveti hay’ati a’zosi Abduqodir Qushbegiyev 1917-yil 30-iyunda Turkiston qo‘mitasiga yozma ma’ruza topshirgan. Unda, jumladan, shunday deyilgan: “Jamoatchilik xavfsizligi qo‘mitasi o‘z faoliyatining dastlabki qadamlaridanoq musulmon aholisi va musulmon deputatlari sho‘rosiga nodo‘stona munosabatda bo‘lib, musulmonlarni, ularning tashkilotlarini nazar-pisand qilmay va musulmonlarga ochiqdan-ochiq qarshi borib, ularni siyosiy g‘o‘rlik va hatto, eski tuzumga tarafdorlikda aybladi. Qo‘mitaning bunday tuhmatona chiqishlari, shuningdek, musulmon deputatlari sho‘rosining faol arboblarini qamoqqa olinishini musulmon aholisi o‘zlariga nisbatan tazyiq sifatida tushunishdi…”
Uning murojaatidan so‘ng keng jamoatchilik talabi bilan Mirkomilboy Mirmo‘minboyev hibsdan ozod qilinib, Andijonga keltiriladi.
O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi tomonidan Abduqodir Qushbegiyev 1937-yil avgust oyining boshida qamoqqa olingan. Tergovda u otasining Qo‘qon xonligi davrida Toshkent shahrida xazinabon, Chernyayevga qarshi janglarda sarkarda bo‘lganini, xizmatlari evaziga Xudoyorxon tomonidan oltmish ming tanob yer bilan mukofotlanganini aytgan. Uning otasi ushbu yerdan keladigan daromadning 1/40 foizini o‘ziga olib, qolganini davlatga va vaqf mulklariga topshirgan.
Abduqodir Qushbegiyevga 1916-yili aholini mardikorlikka olish voqealari munosabati bilan ko‘tarilgan qo‘zg‘olonda ishtirok etganlik aybi qo‘yilgan. Ammo tergov qilinmagan. Shundan so‘ng u tarjimon lavozimida xizmat qilgan. 1917-yili Andijonda sovetlarga saylov o‘tkazilganda, u Andijon uyezdi musulmonlar sovetiga, keyinchalik Farg‘ona oblast soveti deputatligiga saylangan.
Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng u turli sovet muassasa va tashkilotlarida xodim bo‘lib ishlaydi. 1917-yil noyabrda Qo‘qon shahrida jadidlarning sa’y-harakati bilan Turkiston muxtoriyati tashkil etilganini A.Qushbegiyev xayrixohlik bilan qarshi oladi.
U 1919-yili Turkiston yer-suv ishlari xalq komissari, keyinchalik Buxoro sovet xalq respublikasida yer-suv xo‘jaligi vaziri bo‘lib faoliyat yuritgan. 1921-yil 24-oktyabrdan to 9-noyabrgacha bo‘lgan vaqt mobaynida A.Qushbegiyev Turkiston paxtachilik komiteti raisi va rais o‘rinbosari vazifalarida ishlagan.

Abduqodir Qushbegiyev 1918–1925-yillari bolsheviklar partiyasi a’zosi bo‘lgan. 1925-yili OGPU kollegiyasi tomonidan davlat shartnomalarini bajarmagani uchun 10 yil qamoq jazosiga hukm etilgan va partiyadan o‘chirilgan.
Unga inqilobning birinchi kunlaridanoq sovetlarga qarshi kayfiyatda bo‘lgan, partiya siyosati bilan kelisha olmagan, mulkdor burjuaziyaning mulkini milliylashtirish, musodara qilishga qarshi chiqqan, aksilinqilobiy, millatchilik harakatida ishtirok etgan, aksilinqilobchilar Abduqodir Muxitdinov, Fayzulla Xo‘jayev va boshqalar bilan kengashlarda qatnashgan va shu aksilinqilobiy tashkilot topshirig‘i bilan Turkiston Ichki ishlar xalq komissari M.Oripovga qarshi 1921-yili tashkil etilgan terror ijrochilaridan biri degan ayb qo‘yilgan.
Jadidlik harakati to‘g‘risida so‘z ketganda, 1917-yili Toshkentda Gʻulomhasan Orifjonov bosmaxonasida litografiya usulida risola holida chop etilgan “Turk odami markaziyat (federalist) partiyasining nizomnomasi va maromnomasi” alohida ahamiyatga molik. Bu har ikki hujjat 1917-yil sentyabrida Toshkentda Turkiston o‘lka musulmonlari III qurultoyida qabul qilingan. Ular bo‘lajak mustaqil Turkiston xalq jumhuriyatining butun bir maqomi, tuzilmasi ifodasini topgan konstitutsiyasi edi. Bu maromnoma va nizomnoma qonunlarini yozgan o‘n to‘rt muallifdan biri Abduqodir Qushbegiyev bo‘lgan.
Abduqodir Qushbegiyev o‘lka soveti va Turkiston qo‘mitasining olib borayotgan munofiqona siyosatiga shama qilib shunday yozgan: “Rus proletariati qanday oliy g‘oyalar, qanday chiroyli so‘zlarni aytdi, lekin haqiqiy hayot har holda bu oliy g‘oyalar va chiroyli so‘zlardan uzoq. Tintuvlar, tergovsiz sud va muayyan bir aybnomalar qo‘ymasdan qamoqqa olishlar, turarjoy erkinligining buzilishi – bularning hammasi inqilob erishgan erkinliklarni saqlab qolish nomidan qilinmoqda! Butkul qarama-qarshi tushunchalarni qanday bayon qilish mumkin, shior bilan dalillar o‘rtasidagi ziddiyatlarni qanday tushuntirsa bo‘ladi? Kelajakdagi huquqlar nomidan ochiqdan-ochiq qonunsizlik yuz bermoqda”.
1916-yil 22-noyabrdagi Turkiston rayon muhofaza bo‘limi ishlari bo‘yicha so‘roq bayonnomasida Abduqodir Qushbegiyevning Andijondagi “Taraqqiyparvar” partiyasiga mansubligi aytilgan. Uning tushuntirish xatida yashirin partiyaning dasturi, faoliyati va mahalliy aholining “Taraqqiyparvar”ga munosabati aks ettirilgan.
Shu arxivning 121-fondi, 1-ro‘yxati, 99-ishidagi materiallar orasida Abduqodir Qushbegiyevning aksilinqilobiy “Qo‘qon Muxtor davlati” a’zolari qatorida bo‘lganini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud. U Turkistondagi og‘ir ahvol va uni bartaraf qilishda boshqaruv tizimidan unumli foydalanish kabi o‘ta muhim va dolzarb vazifalarni sovetlarning eng yuqori organlari oldiga qo‘ygan mahalliy arbob hamdir.
1957-yil 6-fevralda Abduqodir Qushbegiyevning nabirasi Sharofat Usmonovna Eshonxo‘jayeva (mashhur jadid, partiya, sovet va matbuot tizimida uzoq yillar ishlagan va qatag‘on qurboni bo‘lgan yana bir jabrdiyda Usmonxon Eshonxo‘jayevning qizi) O‘zbekiston SSR davlat xavfsizligi qo‘mitasi raisiga ariza bilan murojaat qilgan. Unda, jumladan, shunday deyiladi:
“Ichki ishlar vazirligi tomonidan mening bobom Qushbegiyev Abduqodir (1882-yilda tug‘ilgan, o‘zbek, Toshkent shahridan) 10 yil qamoq jazosiga hukm etilgan, oilasi bilan yozishma olib borish huquqisiz, Nagayev buxtasiga etap qilingan. Mana oradan 20 yil o‘tib, Sizning tasarrufingizdagi organ tomonidan bizga uning 1941-yil 4-avgustda yurak kasalidan vafot etgani haqida xabar qildi.
Men va bizning oilamizga:
1. Qachon va qaysi sabablarga ko‘ra qamoqqa olingani haqida xabarni yetkazish;
2. Abduqodir Qushbegiyevning o‘limidan keyin to‘lasincha reabilitatsiya qilinganligi to‘g‘risida bizga, oilasiga nohaqdan berilgan “xalq dushmani oilasi” degan nomni olib tashlash haqida ma’lumot berishingizni so‘raymiz. Javobni quyidagi manzilga yuborishingizni so‘raymiz: Toshkent shahri, O‘rmon kichik ko‘chasi, 34-uy. Eshonxo‘jayeva Sharofat Usmonovna. 6-fevral 1957-yil. Toshkent shahri.”
Sharofat Eshonxo‘jayeva O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti huzuridagi partiya arxiviga hamda O‘zSSR Ministrlar Soveti huzuridagi Davlat xavfsizligi qo‘mitasi arxiviga 1958-yil 17-fevralda murojaat qilib, bobosi Abduqodir Qushbegiyev haqida ma’lumot berishini talab qilgan.
Taassufki, nohaqlik qurboni bo‘lgan minglab taqdir egalari kabi Abduqodir Qushbegiyevning keyingi qismati haqida jabrdiyda oilaga biror jumla ham asosli javob xati yuborilmagan.
Bizningcha, istiqlol kurashchisi va qatag‘on qurboni Abduqodir Qushbegiyevning nomi Andijon va Toshkentda abadiylashtirilishi tarixiy adolat tantanasi bo‘libgina qolmay, millat va Vatan uchun jonini tikkan ajdodlarning oldidagi farzandlik burchimizdir.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
Azizbek MAHKAMOV,
Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi
Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi xodimlari
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



