09.09.2024 | 16:56
669
MILLAT FIDOYILARI: MUHAMMADXON XO‘JAYEV
Qahramonimiz Muhammadxon Xo‘jayev 1898-yili Qo‘qon shahrida tikuvchi-hunarmand oilasida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. Dastlab, Qo‘qon shahridagi tatar maktabida, so‘ngra rus-tuzem maktabida tahsil olgan. Tojik, rus tillarida erkin so‘zlashgan. 1908–1912-yillarda jadid maktabida o‘qigan. Maktabni tamomlagach, xonadonida jadid maktabi ochib, qo‘shnilariga saboq bergan. 1916–1918-yillarda Andijonda Ahmadbek hoji Temirbekovning paxta tozalash zavodida tarjimonlik qilgan. 1920-yildan boshlab Turkiston ASSR Adliya xalq komissarligiga ishga o‘tgan. 1920-yildan 1923-yilga qadar Samarqand viloyati Xo‘jand uyezdida xalq sudi kotibi, 1923-yildan Farg‘ona oblast sudida xalq tergovchisi lavozimlarida ishlagan.

1927-yili katta tergovchi etib tayinlangan. 1928-1929-yillari Farg‘ona viloyat prokuraturasida tergovchi, 1930–1932-yillarda Qo‘qon trikotaj sanoati uyushmasi boshqaruv kotibi vazifasida xizmat qilgan.
1931-yili O‘zSSR Oliy sudi prokurori Shamsiddin Badriddinov va “Badriddinovchilik” guruhi, avvalroq esa, “Qosimovchilik”, “Og‘aliqovchilik” ishlari bo‘yicha o‘tkazilgan sud majlislarida ko‘plab adliya organlari xodimlari qatorida Muhammadxon Xo‘jayev ham aybdor deb topilib, qatag‘on domiga tortilgan. U dastlab, oliy jazo – otuvga hukm qilingan, ammo keyinroq otuv hukmi 10 yillik mehnat-tuzatuv lagerida qamoq jazosini o‘tashga o‘zgartirilgan. Qahramonimiz 1932-yil Ural o‘lkasining Krasnovishersk hududida joylashgan mehnat-tuzatuv lageriga jazoni o‘tash uchun etap qilingan.
1933-yil 17-iyunda og‘ir xastalik tufayli OGPU qaroriga binoan muddatidan avval ozod etilgan. 1935-yili Qo‘qon shahriga qaytib kelib, 1937-yilga qadar “Intrud” (Nogironlar mehnati) artelida g‘aznachi bo‘lib ishlagan. Oila a’zolari: otasi – Ubaydulloxo‘ja Xo‘jayev 1848-yilda tug‘ilgan, hunarmand. Onasi – Umriniso Ahmadjonova 1878-yilda tug‘ilgan, uy bekasi.
Qatag‘onning eng avjiga chiqqan “Katta terror”ida qo‘qonlik adliya va prokuratura tizimida xizmat qilgan Muhammadxon Xo‘jayev ikkinchi bor qatag‘on qilingan. U 1937-yil 21-avgustda O‘zSSR NKVD tomonidan aksilinqilobiy targ‘ibot olib borishda faol ishtirok etganlikda ayblanib hibsga olingan. O‘sha kunning o‘zidayoq NKVD xodimlari tomonidan uning uyida tintuv o‘tkazilgan. Tintuvda Xo‘jayevning 90 varaqli shaxsiy ishi, 10 varaqdan iborat mehnat daftarchasi, 1913-yilda nashr etilgan jadidlarning “Shalola” jurnali (Abdulhamid Cho‘lpon 1913-yil Ismoil Gʻaspraliga yozgan maktubida jadid gazeta va jurnallar qatorida “Shalola” jurnalini ham muntazam o‘qiyotganini aytgan), arab imlosida yozilgan varaq, lotin yozuvida bosilgan 8 ta gazeta parchalari, 3 ta fotosurat, pasport, 7 ta turli ma’lumotnoma, Visher lagerining №1989 raqamli ma’lumotnomasi olingan.
Mahbus Muhammadxon Xo‘jayev 1937-yil 10, 19, 24-sentyabr, 1-oktyabr kunlari tergov qilingan. Guvoh Mirzahotam Alimov 1937-yil 19-sentyabrda o‘tkazilgan tergovda Xo‘jayevni 1917-yildan beri tanishini, inqilobdan avval Qo‘qonning eski shahar qismida ipak savdosi bilan shug‘ullanganini, Turkiston muxtoriyati faoliyatida faol ishtirok etganini, 1930-yilgacha “Milliy ittihod” tashkilotining a’zosi bo‘lganini aytgan. 1937-yil 8-oktyabrda guvoh sifatida tergov qilingan Ismoiljon Ismatullayev Muhammadxon Xo‘jayevning 1918-yil Turkiston muxtoriyati tor-mor qilinishidan oldin Qo‘qonning eski shahar qismidagi jome masjidida ko‘p marta nutq so‘zlab, aholini “Sho‘royi islom” tashkilotini qo‘llab-quvvatlashga va bolsheviklarga qarshi kurashga chaqirganini aytgan.
Muhammadxon Xo‘jayevning turmush o‘rtog‘i Rahbarxon Tojiyeva 1937-yil 8-oktyabrda guvoh sifatida so‘roq qilingan. Tergovchining Muhammadxon Xo‘jayevning aksilinqilobiy faoliyati haqida nimalarni bilasiz, degan savoliga u “Erimning hech qanday aksilinqilobiy faoliyati haqida ma’lumotga ega emasman, erimning do‘stlari qanday faoliyat bilan shug‘ullanishini bilmayman va ularni yaqindan tanimayman”, deb javob bergan.
Qo‘limizda 1937-yil 1-sentyabrda Qo‘qon shahrida NKVD va davlat xavfsizligi kichik leytenanti Solovyov tomonidan taqdim etilgan va NKVD davlat xavfsizligi komiteti 4-bo‘lim boshlig‘i, katta leytenant Fukin imzolagan, O‘zbekiston Ichki ishlar xalq komissarligi davlat xavfsizligi komiteti boshlig‘i katta leytenant Chernishev tasdiqlagan qarorda Muhammadxon Xo‘jayevning yoshi 43 da ekani, o‘zbek, Xo‘jand shahridan, Qo‘qonga kelib qolgani, o‘tmishda ipak savdosi bilan shug‘ullangani, so‘nggi vaqtda “Intrud” magazinida kassir bo‘lib ishlagani qayd etilgan. Muddatidan oldin qamoqdan ozod etilib, 1935-yili yashash joyi Qo‘qon shahriga kelganligi, Og‘alikov va boshqalar ishtirokidagi aksilinqilobchi, millatchi unsurlar bilan aloqasini tiklaganlikda ayblangan. Mavjud tuzumga tizimli ravishda dushmanlik kayfiyati bilan sovetlarga qarshi targ‘ibot olib borganlikda, partiya va hukumat dohiylari sha’niga aksilinqilobiy bo‘htonlar qilganlikda, shu bilan birga, xalq dushmanlari bo‘lmish trotskiychilarni maqtaganlikda va mahalliy xalq hayotini yaxshilash uchun kurash olib borayotganlikda (!) ayblanib, qaror qilingan: Muhammadxon Xo‘jayev O‘zSSR Jinoyat kodeksining 66-moddasi 1-bandi bilan jinoiy javobgarlikka tortilsin. Qo‘qon turmasida qamoqda saqlansin.
NKVD tergovchisi B.I.Solovyov 1937-yil 2-oktyabrda mahbus M.Xo‘jayevni tergov qilgan:
– Siz qachon “Milliy ittihod” millatchi tashkilotiga a’zo bo‘lgansiz?
– Men hech qanday millatchi aksilinqilobiy tashkilotlarga a’zo bo‘lmaganman.
– Qancha muddat “Milliy ittihod” tashkiloti kotibi Ahmadxonovning xonadonida o‘tkazilgan noqonuniy majlislarda ishtirok etgansiz?
– Men hech qachon Ahmadxonovning uyiga bormaganman, o‘zi bilan shaxsan tanish emasman.
– Tergovga ma’lumki, siz oblast sudining 27 nafar tergovchisi bilan birgalikda sobiq quloq va bosmachilarni himoya qilib, ularning jinoiy ishlarini atayin cho‘zib ushlab turgansiz.
– Men jinoyat ishlarini atayin cho‘zmaganman va to‘xtatmaganman. 1927-yili tergovchi sifatida prokurordan Qo‘qonning Gumer qishlog‘idagi faol Chinorbibi va uning turmush o‘rtog‘i Qalandarovning o‘ldirilishi haqidagi materiallarni olganman. Bu ish bilan taxminan 2 oy shug‘ullanganman. Biroq aybdorni topish imkoni bo‘lmagach, ishni to‘xtatish uchun prokurorga so‘rov yuborganman. Ammo keyinchalik jinoyat qidiruv ishlarida aniqlanishicha, qotillikni Abdujalil Bo‘taboyev va uning sheriklari sodir etgan. Ularning 2 nafari oliy jazoga, qolgan 4 nafari turli muddatga qamoq jazosiga hukm etilgan.
– 1931-yilda nima sababdan sudlangansiz va qanday jazoga hukm etilgansiz?
– Respublika prokurori yordamchisi Badriddinov ishi doirasida sudlanganman, yuqorida nomlari qayd etilgan ikki shaxsning jinoiy ishi yuzasidan ayblanganman va 10 yil ozodlikdan mahrum qilinganman. Biroq kasalligim tufayli 1933-yilda muddatidan avval qamoqdan ozod qilinganman.
– Qamoqdan qaytgach, qaysi mahalliy millatchilar bilan aloqada bo‘lgansiz?
– Qamoqdan qaytgach, hech qanday millatchilar bilan aloqada bo‘lmaganman.
– Tergovga ma’lumki, siz jazoni o‘tash muassasasidan qaytganingizdan boshlab Ashurali Zohiriy, Olim Xo‘jayev, Akramxon Mahmudov, Abdullajon Juvonmardiyev, Gʻaffor Muhammadiyev bilan aloqalaringizni tiklagansiz. To‘g‘ri guvohlik bergan holatda qachon va qanchalik tez-tez uchrashganingiz haqida ma’lumot bering.
– Ashurali Zohiriy va Olim Xo‘jayev bilan umuman tanish emasman. Akramxon Mahmudov (notarius), Abdullajon Juvanmardiyev (sobiq xalq sudi va advokatlar kollegiyasi a’zosi), Gʻaffor Muhammadiyev (sobiq Farg‘ona okrugi sudi a’zosi)ni 1922-1923-yillardagi adliya organlarida mehnat faoliyatim davridan beri bilaman. Ular bilan qamoqqacha va qamoqdan so‘ng ko‘chada oddiy tanish sifatida uchrashib turganman. Boshqa hech qanday aloqam bo‘lmagan.
Yuqoridagi tergov jarayonlari va bir qancha boshqa shaxslarning ko‘rsatmalariga asoslangan holda Muhammadxon Xo‘jayev 1918-yilda Turkiston muxtoriyati tuzilishida faol ishtirok etganlikda, Qo‘qondagi jome masjidida “Sho‘royi islom” millatchi tashkiloti foydasiga targ‘ibot yuritib, aholi orasida bolsheviklarga qarshi kurashni targ‘ib qilganlikda, 1930-yilga qadar “Milliy ittihod” millatchi aksilinqilobiy tashkilotining a’zosi bo‘lganlikda, o‘sha tashkilotning kotibi Muhammadxon Ahmadxonovning xonadonidagi noqonuniy yig‘ilishlarda ishtirok etganlikda, “Qosimovchilik” va “Badriddinovchilik” aksilinqilobiy tashkilotlariga qo‘shilganlikda, mahalliy aksilinqilobchilar Ashurali Zohiriy, Abdullajon Juvonmardiyev, Gʻaffor Muhammadiyev va boshqalar bilan aloqa o‘rnatganlikda ayblangan.
Shuningdek, ayblov xulosasida uning omma oldida kolxozlashtirish siyosatiga qarshi chiqqanligi, “O‘zbekiston mustamlaka edi va mustamlaka bo‘yicha qolmoqda”, “Sovet davlati bizning davlat emas” deb aytganligi ko‘rsatib o‘tilgan edi. U tergovda ishchilar maoshining yarmi zayom, soliqlarga ushlab qolinayotganligi natijasida aholi kambag‘allashayotgani, yashash qiyinlashayotganligini aytganlikda ayblangan. Sovet hokimiyati xufiyalari uning “oldinlari bir oilada bir kishi ishlar, hamma to‘q edi, Sovet hokimiyati davrida esa oilada hamma ishlayapti, lekin hamma och”, “Sovet hokimiyati kambag‘allarni so‘nggi bir qarich yeriga ham paxta ekishga majburlayotgani, agar ular paxta topshirig‘ini bajara olmasalar, javobgarlikka tortilayotgani haqida gapirganini qayd qilganlar. Muhammadxon Xo‘jayev kechki pedagogika texnikumining SSSR xalqlari tarixi bo‘yicha o‘qituvchisini tarix fanini bilmaslikda ayblagan, o‘rniga tarixdan dars o‘tish taklif qilinganda “men faqatgina Sovet hokimiyati ag‘darilgandagina o‘qituvchilik qilaman” deb aytgan. U o‘zaro suhbatlarda “Mahalliy millat vakillari do‘konlarda navbatda turgan holatda yevropalik aholi mahsulotlarni navbatda turmasdan sotib olmoqdalar. Sovet hokimiyati mahalliy aholini arzimagan maosh uchun kecha-yu kunduz ishlashga majbur qilmoqda. Ishchilarning moddiy sharoitini yaxshilashni o‘ylamayapti, o‘zining huquqlarini talab qilgan ishchilar ishdan bo‘shatilmoqda” deb aytgan. Oqibatda uning ayblov ishini O‘zbekiston SSR NKVDsining “Uchligi”ga yuborishga qaror qilingan, o‘zini esa Qo‘qon turmasiga qamashgan.
1937-yil 19-oktyabrda O‘zbekiston SSR NKVD “Uchligi”ning qaroriga ko‘ra, Muhammadxon Xo‘jayev otuvga hukm qilingan. Hukm 1937-yil 7-noyabrda ijro etilgan. Oila a’zolariga uning ayanchli taqdiri haqida 80-yillar oxiriga qadar hech qanday ma’lumot berilmagan.
Oradan 51 yil o‘tgach, sobiq Ittifoq Oliy Soveti prezidiumining 1988-yil 16-yanvardagi “1930-40-50-yillarda qatag‘on qurbonlariga doir adolatni tiklash qo‘shimcha chora-tadbirlari haqida”gi qaroriga asosan, Muhammadxon Xo‘jayev 1988-yil 15-avgustda O‘zbekiston SSR prokurori birinchi o‘rinbosarining bergan xulosasiga asosan aybsiz deb topilib, vafotidan so‘ng reabilitatsiya qilindi.
Har yili mamlakatimizda 31-avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida keng nishonlanmoqda. O‘zbekona an’anaga ko‘ra, shu kuni tongda el-u yurtga osh tortilib, ularning ruhlariga bag‘ishlab Qur’on tilovat qilinadi. O‘ylaymizki, keyingi yillarda juvonmarg bobolarning xotirasini abadiylashtirish borasida qilinayotgan amaliy ishlar, qator qaror va farmonlar, avvalo, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘lida muhim saboq bo‘lsa, qolaversa, tarixiy adolatning uzoq kutilgan tantanasi hisoblanadi.
R. SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor,
O‘.UBAYDULLAYEV,
dotsent,
J.IMINOV,
tarix fanlari nomzodi
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



