Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


23.09.2024 | 15:14

img752

AFANDI KIMGA XIZMAT QILGAN?

Nasriddin Afandi haqidagi hikoya, rivoyat, multfilm yoki kinoni qo‘ya turing, hatto uning ismini eshitganimizda ham barchamizning yuzimizda tabassum, ruhiyatimizda iliqlik paydo bo‘ladi. Uning sarguzashtlari va ko‘rgan-kechirganlari haqidagi afsonalar xalqimizning qalbi to‘ridan joy olgan. Afandi obrazi nafaqat o‘zbeklar, balki qo‘shni va qardosh xalqlar, forslar, arablar folklorida ham uchraydi. Shu sababli Afandi haqidagi latifalar YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Afandi obrazi Markaziy Osiyo, O‘rta va Yaqin Sharq xalqlari folkloriga kirganidan to bugungi kungacha asosan u og‘ir vaziyatlardan oson chiqa oladigan aqlli, zukko kishi sifatida, oddiy xalq xizmatida yuruvchi, zulmdan qiynalgan xalqning dardiga darmon bo‘luvchi, yetimlarning haqi uchun kurashuvchi obrazlarda gavdalanadi.

Biz bu maqolamiz Afandi haqidagi latifalar bilan ulg‘aygan avlod va u haqida asar yaratgan ijodkorlarning dilini xira qilishini istamaymiz. Faqatgina Afandiniki deya iddao qilingan aksariyat latifalardan sho‘rolar davrida qay maqsadda foydalanishgani hamda ushbu holatning bugungi asoratlari haqida so‘z yuritmoqchimiz.

NASRIDDIN AFANDI TARIXIY SHAXSMI?

Nasriddin Afandi latifalari asosida uning tarixiy shaxs yoki to‘qima obraz ekanligini aniqlash yuzasidan olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari bir-birini inkor qiladi. Ayrim olimlar “Nasriddin Afandi to‘qima obraz”, de­yisha­di. Yana bir guruh olimlar esa “Nosi­rid­din Tusiy mazkur obrazning prototipidir”, degan fikrni ilgari surishadi. Boshqa kishi­lar esa obraz hayotdagi real shaxs – 1206–1284-yillarda Kichik Osiyo (Turkiya)da yashagan Nasriddin Xo‘ja ekanligini ta’kidlashadi. Shu o‘rinda ayni so‘nggi qarash haqiqatga yaqinroq ekanini aksariyat ilm ahli tasdiqlaganini qayd etmoq joiz. Ularning fikriga ko‘ra, Xo‘ja Nasriddin Ko‘niya Saljuqiylari davlati poytaxti bo‘lgan Aqshehir elida tug‘ilgan va madrasa ta’limini olgan. O‘z qishlog‘ida masjidda imom, keyinchalik bir necha shaharlarda qozi lavozimlarida ishlagan. Uning Mavlono Jaloliddin Rumiy bilan ham yaqin bo‘lgani va so‘fiy sifatida ko‘p­lab shaharlarga borgani to‘g‘risida ma’lumotlar bor.

SOXTA SARGUZASHTLAR

Nasriddin Afandi haqida Mojoris­tondan Sharqiy Turkistongacha, Janubiy Sibirdan Shimoliy Afrikagacha tarqalgan latifalarga ko‘ra, gohida u donishmand va hozirjavob, gohida aldoqchi va makkor, adolatli qozi yoki so‘fiy sifatida gavdalanadi. Afandi folklor namunalarida baxillar, mutaassiblar, munofiqlar, poraxo‘rlarni masxara qiladi. U so‘zamollik bilan og‘ir vaziyatlardan chiqib keta oladigan hozirjavob kishi sifatida tasvirlanadi.

Mazkur katta jug‘rofiy makonda Afandi latifalari, ayniqsa, bosma nashrlar rivoj­langanidan keyin yanada ko‘proq tarqaldi, ommalashdi. Sho‘ro mafkurachilari Afandi obrazi va uning latifalaridan o‘z maqsadi yo‘lida foydalanishga o‘tishdi. Maxsus ssenariylar asosida kinofilm va multfilmlar tayyorlab, ommaviy ravishda xalqqa taqdim qila boshlashdi. Bu orqali mustamlakachilar Turkistondagi xonliklar tuzumini yo‘q qilgani, boylar, yirik yer egalarining mol-mulki tortib olinib, o‘zlari “quloq” qilgani, olim-u ulamolarning qatliom etganini oqlashga harakat qilishdi.

Qolaversa, ular Afandi obrazi oddiy xalqning mahalliy ziyolilarga nisbatan mu­no­sa­batini sovuqlashtirish, ularni zolim, johil, ikkiyuz­lamachi, tovlamachi, poraxo‘r qilib ko‘rsatish va sho‘rolar jamiyatining “ado­lati”ga urg‘u berish­da samarali targ‘ibot quroli bo‘lishini yaxshi anglaganlar. Mafkura targ‘ibotchilari Afandi obrazini Turkistonning zolim xon va amirlari, adolatsiz qozi va vazirlari, muttaham hokim va askarlari, laqma va dangasa yer egalari hamda boylaridan aziyat chekkan yo‘qsillarning vakili, ular­ning himoyachisiga aylantirishga intildi­lar.

Afandi sarguzashtlari asosida tayyorlangan bir nechta kino va multfilm 1943-yildan boshlab to sobiq Ittifoq tanazzulga yuz tutgunicha uning hududidagi kinoteatrlarda, tele­kanallarda mun­tazam namoyish qilingan. Shu tariqa o‘t­­mish­da xalq xizmatida bo‘lgan davlat amal­dor­larning “adolatsiz, johil, xotinboz, laqma, mutaassib, ochko‘z”, bo‘lganligi haqi­dagi soxta qarashlar zimdan xalq ongiga singdirildi. Natijada millatga xizmat qilgan xon-u amirlarga, vazir-u ulamolarga, umuman nisbatan salbiy munosabat shakllandi. Albatta, biz ularning barchasi oppoq bo‘lgan, degan fikrdan yiroqmiz. Lekin aynan mana shunday vizual targ‘ibot vositalari orqali yurtdoshlarimiz ko‘nglida ajdodlarimizga, tariximizga va eng achinarli­si, o‘zimizga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘ldi.

NEMISLARNING AFANDISI

Nemis adabiyotida Baron Myunxauzen Nasriddin Afandining analogi hisob­lanadi. Qator kino va multiplikatsion filmlardan ­yaxshi bilamizki, u zodagonlar qatlamiga mansub bo‘lgan. Uning hayoti va sarguzashtlari asosida tayyorlangan ssenariylarda sho‘rolardan farqli ravishda mulkiy tengsizlikka urg‘u beril­magan. U kambag‘allar vakili emas, harbiy, katta yer-mulk egasi sifatida namoyon bo‘ladi. Yoki zamonaviy inglizlar­ning haqiqiy Afandisiga aylanib ulgurgan Mister Binni olsak, u ham yo davlat agenti yoki yana boshqa vazifalarda ishlash asnosida o‘zining beo‘xshov xatti-hara­katlari va kulgili sarguzashtlari orqali jamiyatdagi ayrim illatlarni fosh etadi.

XULOSA O‘RNIDA

Agar Afandi obrazining prototipi Nasriddin Xo‘ja ekanligiga ishonadigan bo‘lsak, uning sho‘rolar yaratgan filmlarda tasvirlanganidek kinodagidek ateist emas, balki Jaloliddin Rumiy, Hoji Bektosh Vali, Yunus Emro singari allomalar ta’limotini o‘ziga singdirgan tasavvuf tariqati vakili ekanligiga guvoh bo‘la­miz. Shu ma’noda, Afandi timsolidan diniy va milliy qadriyatlarimizga bepisand qaraydigan sun’iy qahramon yasash­ga bo‘lgan urinishlar hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Ustiga ustak, mazkur obraz vositasida o‘g‘rilik kabi illatlar oddiy holat sifatida tasvirlangani ham achinarlidir. Bunday talqin birovlar­ning molini o‘zlash­tirib olish u yoqda tursin, o‘zganing narsasiga beruxsat qo‘l tekizishni-da ayb sanaydigan xalqimizning pokiza tabiatiga ham mos kelmaydi.

Bekzod ABDIRIMOV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Xorazm viloyati bo‘limi rahbari

“Jadid” gazetasining 2024-yil 13-sentyabrdagi 38-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604