24.09.2024 | 16:10
762
MA’RIFATPARVAR MUALLIMLAR: RAHIMIYLAR
Rahimiylar oilasi o‘z vaqtida dehqonchilik bilan shug‘ullandi. Biroq bu oila eng olijanob kasb – muallimlik bilan juda katta e’tibor qozondi. Oilaning otasi Mulla Rahimjon domla muallim sifatida yangilikka qiziquvchan, maktablarga kirib kelayotgan texnika vositalariga, ilg‘or o‘quv usullariga, yangi darsliklarga befarq qaramaydigan o‘qituvchi edi. Shunga ko‘ra uni “qadimchilar” toifasiga kiritib bo‘lmasdi.

Bu hol uning o‘g‘illari va qizlari faoliyatida ham o‘z ifodasini topdi. Ayniqsa, uning katta o‘g‘li Sobirjon Rahimiy jadid pedagogi sifatida samarali faoliyat olib bordi. Keyingi o‘g‘li Shokirjon Rahimiy jadidlik harakatining yirik namoyandasi, uchinchi o‘g‘li esa kelajakda texnika bo‘yicha yirik olim – akademik sifatida Texnika universitetida faoliyat ko‘rsatdi. Qizlari Adolatxon, Salomatxon, Xosiyatxon qizlar uchun ochilgan dastlabki jadid maktabida dars berishdi. Kelini Bekoy Rahimova esa Toshkentda qizlar uchun ochilgan birinchi jadid maktabining tashkilotchisi edi.
1907-yili Toshkentning Taxtapul mahallasida Mulla Rahimjon domla vafot etadi. Otasi tashkil qilgan maktabda o‘qigan, muallimlikda unga ko‘maklashib yurgan Sobirjonni mahalla faollari otasi o‘rniga muallim etib tayinlashadi. Bu haqda Sobirjon Rahimiyning o‘g‘li, marhum olim, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Hikmat Sobirov quyidagilarni yozib qoldirgan edi: “1907-yilda buvam Mulla Rahimjon vafot etganidan keyin Taxtapul mahallasi fuqarolari tavsiyasi bilan buvam ochgan maktabni davom ettirish otam Sobirjon Rahimiy zimmasiga yuklatilgan. Otam ham muallimlikka katta ixlos qo‘ygan odam edi. O‘zbekcha, tatarcha, ruscha ro‘znomalarni doim o‘qib, mutolaa qiladigan yosh o‘qituvchi otam bobomizdan qolgan maktabni jadid usulida yangi maktabga aylantirgan. Maktab “Sobir domla maktabi” nomi bilan mashhur bo‘la boshlagan. O‘qituvchilar yetishmaganidan onam Bekoy Rahimova, ammalarim Adolatxon, Salomatxon, Xosiyatxon, keyinroq amakim Shokirjon Rahimiy ham o‘qitishda otamga ko‘maklashib, ayrim fanlardan dars berganlar”.
Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Rustambek ibn Yusufbek hoji kabi Toshkentning yetakchi pedagoglari ta’sirida hamda o‘qitishda yangilanish tarafdori bo‘lgan Sobirjon otasining “Rahimiya” maktabini bir yil davomida butkul jadid maktabiga aylantirdi, iloji boricha maktab darsliklarini yig‘di. Endi jadid maktabi “Rahimiya”ning e’tibori o‘lka ziyolilari, maktabdorlari orasida oshib bordi. 1910-yillar boshida Hamza Hakimzoda Niyoziy Toshkentda Sobirjon Rahimiy xonadonida bir necha oy yashab, Beshog‘och dahasida jadid maktabi ochadi. Bu ishda katta tajribaga ega bo‘lgan do‘sti Sobirjon yaqindan yordam beradi.
Sobirjon Rahimiyning turmush qurish masalasi ham ayni shu jadid maktabini ancha yuksaltirgan davrga to‘g‘ri keldi. U 1910-yilda uzoqroq qarindoshlik robitalari bilan bog‘langan Abdurazzoq qizi, muallimlikka mehr qo‘ygan Bekoyga uylanadi.
Bekoy (Abdurazzoq qizi) Rahimiy 1893-yilda tug‘ilgan. Olti yoshidan mahallada ochilgan diniy maktabda o‘qiydi. Onasi yordamida o‘qish va yozishni o‘rganadi. Qur’on sura va oyatlarini yod olib, “otinoyi” bo‘lib yetishadi. Tez orada Saidrasul Saidazizovning “Ustodi avval”, Munavvar qori Abdurashidxonovning “Adibi avval”, “Adibi soniy” darsliklarini mustaqil ravishda o‘rganib, xalifalik – muallimlarga yordamchi sifatida faoliyat ko‘rsata boshlaydi. O‘qitishda yangi usulning ikki tarafdori – Sobirjon va Bekoy hayoti va faoliyatida yangi davr boshlanadi. Bekoy bir yillik faoliyati davomida xalifalikdan “usuli savtiya”da mustaqil faoliyat ko‘rsatuvchi muallim darajasiga ko‘tarildi.
Bekoy Abdurazzoq qizi boshchiligida 1912-yilda Toshkentning Taxtapul mahallasida qiz bolalar uchun birinchi yangi usuldagi jadid maktabi ochiladi. Alohida ta’kidlash kerak, Bekoy Rahimova ilm-fanga, ta’lim-tarbiyaga qiziqishi, unga intilishi bilan boshqalardan ajralib turar edi. Ayniqsa, Sobirjon Rahimiyning bu ishda Bekoyga ko‘rsatgan yordami beqiyos katta bo‘ldi. Chunki Sobirjon Rahimiy o‘z davrining ulug‘ pedagog va metodistlari Avloniy, Munavvar qori bilan yaqin hamkorlik qilgan. Umuman, bu davrda ta’lim-tarbiya tizimida yuz berayotgan buyuk o‘zgarishlar, yaratilayotgan asarlar Sobirjon Rahimiy boshchiligida ular diqqat-e’tibori markazida turgan.
Toshkentning Eski shahar qismida ayollar uchun birinchi usuli jadid maktabining ochilishi katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Ushbu maktabning shuhrati tezda shahar bo‘ylab keng tarqaldi. “Sadoyi Turkiston” gazetasida, hatto Qo‘qonda chop etiladigan “Sadoyi Farg‘ona” gazetasida tabrik-maqola e’lon qilinadi. Maktabda imtihon tashkil etildi: o‘quvchi-qizlar imtihon ahli, ota-onalar oldida olgan bilimlarini namoyish etdilar. Imtihon ahli farzandlari bilimidan mamnun bo‘lishdi. Bu imtihondan keyin 1914-yilda Toshkentning Ko‘kcha dahasida qiz bolalar uchun yana bir jadid maktabi ochildi. Shu tariqa qiz bolalar uchun jadid maktablari tarmog‘i Vatanimiz bo‘ylab kengayib bordi.
1917-yil jadid mutafakkirlari, jumladan, jadid pedagoglari uchun quvonch va iztiroblarga to‘la yil bo‘ldi: Fevral inqilobining Romanovlar taxtini barbod qilishi ularda millat va Vatanning mustamlaka zulmidan ozod bo‘lishiga ishonchni kuchaytirdi. Jadid pedagoglari, xususan, Rahimiylar Turkiston Muxtoriyati e’lon qilingan 1917-yil 27-noyabr tunini zo‘r mamnuniyat bilan kutib oldilar. Ammo bu safar taqdir ularga kulib boqmadi, aksincha, yuz o‘girdi. Muvaqqat hukumat ag‘darilib, yurt bolsheviklar qo‘liga o‘tdi. Turkiston muxtoriyatini oyoqqa turishga ulgurmasdanoq yanchib tashladilar.
Qanday tuzum, qanday sharoit bo‘lmasin, jadid mutafakkirlarining asosiy vazifasi millatni o‘zligini tanitish, ilm-ma’rifatli qilish, jaholatga botgan hayotidan ogoh etish edi. 1918-yilning 25-noyabridan Maorif xalq komissarligining buyrug‘iga muvofiq an’anaviy mahalliy maktablar ham, rus-tuzem maktablari ham, usuli jadid maktablari ham rasman tugatildi. Ularning hammasi sovet maktablari tasarrufiga o‘tdi. Amalda o‘zbek va rus maktablari faoliyat ko‘rsata boshladi.
Sobirjon Rahimiyning g‘ayrati, yangilikka chanqoqligi ukalari Shokirjon va Gʻofurjon Rahimiylarga ham o‘tgan edi. Shokirjon Rahimiy dastlab pedagogik mahoratini akasining uy maktabida namoyon qilishga muvaffaq bo‘ladi.
Sobirjon Rahimiy tashkil qilgan maktab 1918-yilda Toshkentdagi sovet maktablari ro‘yxatiga kiritilib, u namunali “Sobir domla maktabi”ga aylanadi.
Shu yili tashkil qilingan birinchi Musulmon dorilfununining darslar dasturini tuzish va talabalarni jalb qilish ishlarida Sobirjon Rahimiy beminnat yordam ko‘rsatadi.
Sobirjon Rahimiy 1918-yildan 1930-yilgacha Oktyabr rayonidagi sobiq 18-maktab, keyinroq 53-maktab direktori vazifasida ishlagan.
Qahramonimiz qo‘lida ta’lim olgan o‘quvchilar respublikamizda ko‘zga ko‘rinarli kadrlar bo‘lib yetishdi. Bular jumlasida general Sobir Rahimov, birinchi ayol vazirlardan Vosila Sodiqova, arxitektor Jahongirov, shoir Quddus Muhammadiy, professor Homil Yoqubov singari ziyolilar bor.
1920-yilda Sobirjon Rahimiyning turmush o‘rtog‘i Bekoyni Toshkent shahrida ochilgan 38-maktabga ishga taklif etishadi. U dastlab boshlang‘ich sinf muallimi, keyinchalik yuksak pedagogik qobiliyati e’tiborga olinib, maktab o‘quv bo‘limi mudiri lavozimiga tayinlanadi.
Shu bilan birga, ayollar o‘rtasida savodsizlikni tugatish kursida ham ishlaydi. U har qanday o‘quv jarayonida o‘zini yetuk pedagog sifatida namoyon qiladi. O‘qituvchilik faoliyatiga, xalq, Vatan ishiga bunday sidqidildan munosabati tufayli uni Toshkent shahar mehnatkashlari sovetiga deputat etib saylaydilar.
1926-yilda “Eski va yangi maktab” nomli kinofilm suratga olinadi. Sobirjon Rahimiy bu filmda yangi maktab o‘qituvchisi, taniqli aktyor Rahim Pirmuhamedov esa eski maktab domlasining rolini ijro etgan. Bu film orqali yangi maktablarning obro‘si va o‘qituvchining sharafli mehnati aholiga keng targ‘ib etilgan.
1930-yil Sobirjon Rahimiy o‘z ma’lumotini oshirish maqsadida ToshDUning pedagogika fakultetiga o‘qishga kirib, uni 1934-yilda tamomlaydi. O‘qish davrida hukumat topshirig‘iga asosan 1929-1930-yillarda Chinoz tumanida, 1931-yilda Xorazm viloyatining Mang‘it tumanida, 1932-yilda Tojikistonning Xovaling rayonida uzoq muddatli xizmat safarlarida bo‘lib, madaniy-oqartuv va o‘qituvchi kadrlar tayyorlash ishlariga yaqindan yordam beradi. Toshkentga qaytganida esa “Toshselmash” zavodi qoshidagi kurslarda, 1932-1933-yillarda kechki ishchilar universitetida til va adabiyotdan dars o‘tadi.
Qatag‘onning avj pallasida – 1938-yilda Rahimiylar xonadonining eng faol jadid mutafakkiri, pedagogi, 20 dan ortiq pedagogik asarlar muallifi Shokirjon Rahimiy otib o‘ldirildi. Jadid maktablari tashkilotchisi Sobirjon Rahimiy esa Sibirning Kolima lageriga surgun qilinadi.
Xotin-qizlar uchun jadid maktablarining birinchi tashkilotchisi, ilk jadid ayollarimizdan biri, tug‘ma o‘qituvchilik qobiliyati sohibasi Bekoy Rahimiyning muallimlik faoliyatiga ham 1938-yilda nuqta qo‘yiladi.
Nargiza SOBIROVA,
mustaqil tadqiqotchi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 20-sentyabrdagi 39-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604


