30.09.2024 | 10:36
598
“MEDUZA” SOLI”
Parijda “Luvr” muzeyiga kirish uchun navbatda turarkanmiz, biz kabi boshqa minglab san’at shinavandalari ham o‘zlari havaslagan asarlar tomoshasiga orziqayotganini ko‘rib, “Muncha hamma bu joyga oshiqmasa!” deyman rafiqimga.

Muzey yetti iqlimdan kelgan sayyohlar bilan tirband ekaniga qaramay, barchani barobar bag‘riga sig‘dira olganidan taajjublanaman. Kirish zali judayam tiqilinch, biroq ichkariga oralaganingiz sari odamlar ham sanjoblasha boradi.
Anavi xitoylik kishi allaqanday bir kartinaga berilib tikiladi-da, u yog‘idan o‘tib, bu yog‘idan o‘tib rasmga oladi. Bir amallab men ham o‘sha yerga o‘tib oldim.
Bu o‘sha – “Meduza” soli” nomli mashhur suvrat edi. Uning nusxalarini avvallari ham ko‘p ko‘rganman, ammo bunisi chinakami edi. Nimasini aytsam, asl nusxasini ko‘rish boshqa narsa ekan, yurakdan o‘tkazish esa tag‘in bir bo‘lak hodisa. Ortimda yana qancha odamlar unga oshiqayotgan bo‘lsa? Kimlardir bu kartinaga shunchaki bir nazar tashlab o‘tyapti, kimdir esa mushohada qilyapti. Boshqasi anavi xitoylik sayyohga o‘xshab uni rasmga olyapti.
1816-yilning 2-iyulida Gʻarbiy Afrika sohillarida “Meduza” yelkanli kemasi halokatga uchraydi. Oradan yillar kechsa-da, biroq bo‘lib o‘tgan halokatli hodisa to‘g‘risidagi hikoyalar sira tinmaydi. Musavvir Teodor Jeriko “Meduza” fregatining halokati” to‘g‘risidagi kitobni o‘qib qoladi. Omon qolganlarning g‘ussali hikoyalarini eshitgan rassom nuqul hayajonga tushaveradi. Nihoyat, u aynan shu mavzuda suvrat chizishga kirishadi. Halokat Gʻarbiy Afrikaning Senegal qirg‘oqlarida ro‘y beradi. Kema olis safarga yetarlicha tayyor emasligi tufayli ana shunday fojiaga yuz tutib, suvga g‘arq bo‘ladi. Ittifoqo, “Meduza” cho‘kayotganidan xabar topganlar kemadagi odamlarni shoshilinch ravishda ko‘chirishga bel bog‘lab, sol yasashga kirishadi. Shunday qilib, 147 kishi jonini saqlash ilinjida bu qo‘lbola solga chiqadi. Dastlab solga chiqqanlar eng xavfsiz o‘rin, solning qoq o‘rtasi – markaziy joy uchun o‘rin talashadi. So‘ngra esa barcha barobar hayot-mamot uchun kurashadi…
Bu orada sillasi qurigan odamlar nafaqat to‘lqinlar bilan, balki ochlik bilan ham ayovsiz olishishiga to‘g‘ri keladi. Soldagi arzimagan yegulik ularga urpoq ham bo‘lmaydi. Ana shunda suvda omonat qalqib ketayotgan sol sahnida hali odam qulog‘i eshitmagan vahshiyliklar ro‘y bera boshlaydi. O‘z hayoti ko‘ziga shirin ko‘ringan odamlar orasida qotilliklar-u kanniballik ro‘y beradi. Natijada 147 kishidan faqat 15 nafarigina qirg‘oqqa omon yetib oladi. Shundan so‘ng ularni o‘tkinchi kema olib ketadi.
1818-yili yosh rassom Jeriko chizish uchun o‘ziga munosib mavzu izlayotgan chog‘ida birdan o‘sha, Gʻarbiy Afrika sohillarida ro‘y bergan fojia yodiga tushadi. Ikki yil ilgari u “Meduza” fregatining halokati” to‘g‘risidagi kitobni o‘qiganini tag‘in eslaydi. Rassom ishga kirishadi. Rasm 1819-yili Parijda ko‘rgazmaga qo‘yiladi va bu suvrat romantizm timsoliga aylanadi. O‘shanda Jeriko odamlarga eng jozibali va ayni paytda qo‘rqinch og‘riq bo‘lib tuyulgan odamxo‘rlik sahnasini tasvirlash niyatidan voz kechadi. Rassom o‘sha jarayonni, o‘sha hissiy taranglikni boshqa bir sahnada inkishof-u mahorat bilan tasvirlaydi.
U chizgani sari voqealar silsilasi oydinlasha boradi. Ittifoqo, ruhiyati ham tiniqlashib, o‘ziga eng kerakli nuqtani topishga muvaffaq bo‘ladi. Darvoqe, solda omon qolganlardan biri, “Sabohda ufq osha nur taralayotganiga ko‘zim tushdi, avvaliga buni payqamadim, keyin yarq etib ko‘zim ochilganday bo‘ldi”, deya xotirlaganini eslaydi. O‘sha nur sol yonidan sirg‘alib o‘tadi. Ana shunda Jeriko tabiiy va eng kerakli jarayonni ilg‘aydi va uni moybo‘yoqlarda namoyish etadi…
Osmon ravoqidagi rutubatni g‘ira-shirada bir nur yoritayotgani insoniyat oxir-oqibat omonlikka yetishayotganini anglatadi. Asarda bosh qahramon yo‘q. Har kim joy va jon qayg‘usiga tushgan. Kimdir najot topishidan oldin mashaqqatga dosh berolmay, jonsarak jonidan ayriladi. Kimdir jon talvasasida omonsiz to‘lg‘anadi… Boshqa birov oxirgi kuchini jamlab, o‘zganing joni badaliga hayotda qolishga tirishadi.
Rassom esa umid bilan umidsizlikni mushtarak bilib, timsollarning hissiy tarangligini qalamga oladi. Real voqea asosida olamshumul asarni, “Meduza” soli”ni yaratadi va bu san’at durdonasi ko‘plab boshqa asarlar dunyoga kelishiga turtki bo‘ladi.
Shahodat ULUGʻ,
Parij
“Jadid” gazetasining 2024-yil 27-sentyabrdagi 40-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605