13.10.2024 | 10:00
1503
KUZ ILHOMLARI

Yurtimiz bo‘ylab kuz manzaralari o‘z tarovatini kun sayin namoyon qilib bormoqda. Biz kuz kayfiyatidagi eng sara she’rlarni jamladik va e’tiboringizga havola etamiz.

Abdulhamid CHO‘LPON
KUZ
Ko‘m-ko‘k ekan, sarg‘aydilar yaproqlar
Og‘riq, mag‘lub, tutqun Sharqning yuzidek.
Bo‘ronlarning ko‘zlarikim o‘ynoqlar,
G‘olib G‘arbning qonga to‘lgan ko‘zidek.
Qora bulut to‘dasikim ko‘klarni
Sharqni yopgan parda yanglig‘ yopmushdir.
Kuz qo‘shini – og‘u to‘lug‘ o‘qlarni
Yoz bag‘riga hech sanoqsiz otmishdir.
Balo yanglig‘ qator-qator chizilib,
Ko‘k yuzidan qarg‘alar ham o‘talar.
Sharqdek ichdan yashiringina ezilib,
Ko‘p jonlilar so‘nggi tinni kutalar.
Butun borliq – chog‘lik o‘chish oldida,
Sovuq… qora qishga ko‘chish oldida.

Abdulla ORIPOV
KUZ MANZARALARI
Yana dalalarga boshlaydi havas,
Bog‘larda xazonlar yonadi lov-lov.
Do‘stlarim, bu kuzning barglari emas,
Mening yuragimdan to‘kilgan olov.
Shoxlarda mezonlar yaltirar xira,
Poyida shivirlar mening kuylarim.
Do‘stlarim, bular ham mezonmas sira,
Bu mening chuvalgan, so‘ngsiz o‘ylarim.
Quyosh ham falakda bamisli ro‘yo,
U endi yondirmas, yaltirar faqat.
Do‘stlar, u ham endi quyoshmas aslo,
U olis yoshlikda qolgan muhabbat.

Erkin VOHIDOV
ZANGORI SHU‘LALAR
Sokin kuz oylari shaharda
Naqadar so‘limdir kechalar.
Qandaydir sehr bor qamarda,
Ko‘k bilan so‘zlashar ko‘chalar.
Men o‘sha sehrni his etib,
Sukunat bag‘rida kezaman.
Yulduzlar ertagin eshitib,
O‘zimni ko‘klarda sezaman.
Hammayoq osuda, osuda,
Ko‘chada ko‘rinmas bir jonzot.
Go‘yoki odamlar uyquda,
Go‘yoki borliqda yo‘q hayot.
Holbuki, ko‘chalar charog‘on.
Holbuki, darchalar sochar nur.
Uyg‘oqdir har dil, har xonadon,
Bedordir xayolu tasavvur.
Oqadir odamlar ko‘ziga
«Zangori ekran»ning shu’lasi.
Barchani band etmish o‘ziga
Bo‘rining quyonni quvlashi.
Ko‘chada sukunat, sukunat,
Uylarda hayajon, hayajon.
O‘n olti qismli uqubat
Asabni arralar beomon.
Tugamas kattalar bardoshi,
Go‘daklar qaramas ovqatga.
O‘q tegib yiqilar qo‘rboshi,
Shtirlis chap berar ofatga.
Bir yigit o‘zganing bag‘ridan
Qaytgan yor labini so‘radi.
O‘tishib qo‘g‘irchoq bahridan,
Bu holni qizchalar ko‘radi.
Har kun shu,
Biz oqshom cho‘kkandan
Bu jodu qoshiga cho‘kamiz.
Tuyg‘ular oqadi ekrandan,
Kulamiz, ko‘zyoshlar to‘kamiz.
Men bugun dunyoning yuziga
Bir qarab qo‘ymoqni istadim.
Ariqlar, gullarning o‘ziga
Termulib to‘ymoqni istadim.
Yelkamga yulduzlar yog‘adir.
Borlikda bir ajib tarovat.
Falakdan ko‘ksimga oqadir
Bir salqin, bir totli halovat.
Men tanho kezaman ko‘chada,
Sukunat o‘ziga chorlaydi.
Borliq jim,
Har bitta darchada
Zangori shu’lalar porlaydi.

Muhammad YUSUF
* * *
Kuzda go‘zal bizning Farg‘ona,
Qiyosi yo‘q jannat maskandir.
Uyimizni sog‘indim, ona,
Bog‘imizda behi pishgandir…
Yelar yeldek, qirda bearqon
Tuyoqlari chaqnoq qulunlar.
Soyda tanga sochardir hamon
O‘g‘il so‘rab suluv kelinlar.
Siz-chi, yuribsizmi g‘imirlab,
Ko‘nglingizda g‘aroyib hislar.
Oldingizdan o‘tsa qiqirlab
Sochiga qo‘l tegmagan qizlar.
Men ham o‘sha-o‘shaman, nodon,
Goh pand berib, gohida pand yeb.
Mashhur qil, deb so‘rab Xudodan,
Tilamabman baxtli bo‘lay deb…
Kuzda go‘zal bizning Farg‘ona,
Qiyosi yo‘q jannat Vatandir.
Xatim tamom.
Aytgandek, ona,
Zebi erga tegib ketgandir?!

Usmon AZIM
* * *
Qanday yozay she’rlarni “oh”siz?
Bu yil og‘ir kuzakning tarzi.
Boshim uzra zil-zambil – choksiz
Qo‘rg‘oshinday bulut gumbazi.
Yomg‘irlar ham dardda zalvorli.
Kuz qapishib – yerga singigan…
Xatlar yozsam, jur’ating bormi
Olmoqlikka kuzning ilkidan?
Bilmaysanmi yo xazonrezni,
O‘ylarmisan, bu ne, qayerdan?
Anglarmisan ruhsoz bu kezning
Yetganini sog‘inchli she’rdan?
Qismatingmi shunday beiqbol?
Befaslmi? Bulutsiz ko‘kmi?
Barqarormi faqat baxtli hol?
Unda hatto kuzak ham yo‘qmi?

Xurshid DAVRON
SO‘NGGI KUZ
Mezon oqshomlari quyilgach tunga,
qayg‘ular uyg‘onar ko‘ksimda nogoh.
Boqaman, daraxtlar singar osmonga,
anglayman: yashamoq oniy bir nigoh.
Kun kelar, qushlarning to‘dasi uzoq
aylanar osmonda va o‘char sasi –
bahor – tashna qushlar intilgan tuzoq,
kuzak – sindirilgan qushlar qafasi.
Ketarlar qushchalar parvoz bilan mast,
qaytarlar uvillab qora shamollar.
…Erkaklar qonida yig‘lar musallas,
yig‘lab kuzatadi qushlarni chollar.

FAXRIYOR
KUZGI ShЕ’R
Turnalar qo‘shig‘i — eng ma’yus qo‘shiq.
Undan-da mungliroq kuylashi mumkin
faqat shoirlar.
Xazonlar shitiri — eng so‘nggi tovush.
Navbat — shoirlarga!
“Eng…, eng…” imkoniyat chegarasidir,
uni faqat shoirlar buzar.

Iqbol MIRZO
KUZ
Uch kunda kuz keldi.
Dunyo qaridi.
Teraklar bosh chayqab qoldilar ma’yus.
Toshlar o‘rmalaydi anhor qa’rida,
Anhor qaylargadir shoshadi hanuz.
Ko‘pirib boradi qo‘ng‘ir bulutlar,
Hademay yomg‘irzor bo‘ladi paydo.
Yerga quloq bosib yotadi o‘tlar,
Yerdanmi keladi bu mungli navo?
Mana, ustunlarga o‘ralar shamol,
Mana, suv yuziga toshadi sepkil.
Zerikkan, asabiy qariqiz misol
Ko‘ylaklarin yirtib tashlar atirgul.
Peshayvonda namli patlarin tarab,
Zag‘chalar o‘ziga beradi oro.
Bulut kelayotgan tomonga qarab
Dunyo suzib borar ohista, dunyo…

Ikrom ISKANDAR
* * *
Kuzni kuzataman —
shamollar og‘ochlar barglarin yular
va
yurakka tutashgan yo‘lakka sochar.
Sochiq yaproqlarning tomirlarida
bir xotir yuz ochar,
ki unda yuz xotir qilmasdan ko‘klamgi gullar
mening telba holimdan kular:
“Qachon parvoyingga olasan…
yolg‘onchi umrdan o‘zib ket… irgan…
Bir fasl o‘tdiyu oshganingga yigirma birdan,
haliyam bolasan…”
Endi mana, sumbulada nargayday yoziq
yuho yo‘lak shoxlarga ta’ma
bilan boqqancha yotar… Men esa jim,
yigirma ikkiga kirgan odamday bosiq,
bandidan birma-bir uzilgan barglarga
boqqancha,
kuzni kuzataman.
Shamollar og‘ochlar barglarin yular.

Xoldor VULQON
XAZONLARGA KO‘MILDI YO‘LLAR
Lovullab yongancha kuzgi gulxanda,
Guvillar xayoli parishon bog‘lar.
O‘ychan kuz labida qahrabo xanda,
Telba girvatlarga termulgan chog‘lar.
Bodi izg‘irinda yalong‘och, yupun,
Yalang novdalari qolsa ham qaqshab,
Oppoq choyshab ichra uxlamoq uchun,
Bog‘lar yechinarkan ayolga o‘xshab.
Daryoning labida qamishlar nayi,
Xazonga ko‘milar yo‘laklar, tomlar,
Ko‘cha fonusiga tirab manglayin,
Yig‘lasa mo‘riday qoraygan shomlar.
Olis o‘lkalardan kelganday qaytib,
Darchangdan to‘lin oy mo‘ralagan payt,
Adashgan yo‘lovchi singari daydib,
Goho tushlaringa kiramanmi, ayt?

Xosiyat RUSTAMOVA
* * *
Yana quyuqlashdi qorong‘i osmon,
Ko‘rib bo‘lmay qoldi narigi betni.
Ko‘z oldimda butun dunyo zimiston,
Shu baland uying ham ko‘rinmay ketdi.
Shamol gandiraklar.
Tongga bor qancha,
Xazonlar o‘ziga kelolmas hanuz.
Daraxtlar yer chizar. Endi yozgacha –
Bog‘larda adashib qolib ketar kuz.
Oy chiqdi. Dosh berarmikan asabing,
Yop-yorug‘ kunlardan borday nom-nishon.
Qayga borishini unutgan kabi
Oy sening tomingda turar parishon.

Abdunabi BOYQO‘ZIYEV
KUY FASLI
Kuz –
Sening xayoling, mening uvolim,
Novdada yonar barg – iztiroblarim.
Xazonrez bog‘larda bo‘zlayotgan kim,
Shu menmi, o‘ychanim – umrihiyolim?
Yaproqlar azobi bunchalar sarin,
Bunchalar za’faron borliq bo‘ylari?
Shu senmi, bahorim – qirmiz nastarin,
Sarg‘ayib kezorim, bog‘da o‘ylarim?
O‘ylarim, qaribsiz, gulning ishqiday,
Biz bergan azoblar qipti ishini.
Men – visol hajrida yig‘lab yurgan nay,
Bir darvesh izlagan esu hushini.
Chalg‘il, ey mug‘anniy, chalg‘il bearmon,
Mayi mung ohimni sipqarsin ul oy.
Men – endi nolaman, men – endi afg‘on,
Ishq to‘la qalblarda oh bo‘lib qolay.
Kezay, ohanglarda bir darvesh misol,
Yashay yuraklarga bulbulday qo‘nib.
Bir kuni qalbingda, ey nasri uzzol,
Shoyadki, balqisam “Shashmaqom” bo‘lib.

Dilmurod DO‘ST
* * *
Kirib kelgandayin yuraklarga kuz,
Dildagi tuyg‘ular xazonga do‘ndi.
Kecha dunyolarga alishmagandik,
Bugun ikki yurak hijronga ko‘ndi.
Kirib kelgandayin yuraklarga kuz,
Yo‘llar ayro tushdi.
Nur ketdi kundan.
Qolgan hayotimiz afsus bosh-oxir,
Endi umrimiz ham iborat tundan.
Kirib kelgandayin yuraklarga kuz,
Qalbdan ko‘zlarga oh quyilayotir.
Yozu qish orasi bo‘lgan bu fasl
Go‘yo, abadiydek tuyilayotir.
Kirib kelgandayin yuraklarga kuz…

Bek ALI
KUZNI YOMON KOʻRAMAN
Doʻstim, kuzni yomon koʻraman,
Onamday tikilar, koʻzlarida mung.
Onamday kuymanib ado boʻladi,
Onamday yigʻlaydi ibodatdan soʻng.
Onamday toʻkilar bogʻlarda xazon,
Hamda u bogʻlarni kezgim kelmaydi.
Toʻyu hashamlarda hammadan arzon
Koʻylak kiyganini sezgim kelmaydi.
Doʻstim, kuzni yomon koʻraman,
Otamga oʻxshar u, jiddiy va vazmin.
Amaldor boʻlishin istagandi u,
Koʻzin qorasiday yolgʻiz farzandin.
Men qoʻrqib ketaman, gʻazabli sellar
Bir kun loshimgacha borib yetadi.
Qoʻrqaman, bir kuni shu puchmoq sheʼrlar
Meni jahannamga olib ketadi.
Doʻstim, kuzni yomon koʻraman,
Bobomni eslatar imillagan kun.
Bobomday toʻshakka mixlanar tunlar,
Bobomday jon berar saharlar dilxun.
Keyin faryod chekar bir hovli odam,
Keyin tobut ketar yelkalar uzra.
Doʻstim, marhumlarni quchgim keladi,
Oʻlgunimcha ichgim keladi kuzda.
Doʻstim, kuzni yomon koʻraman,
Beva momom kabi injiq va oʻjar.
Gʻarib kulbadagi keksalik hidi
Tutqazgan turshaklar yodimga tushar.
Keyin u ham ketar oʻsha manzilga,
Cholining yoniga, tuproq bagʻriga.
Tezroq ulgʻayishni istagan xudbin –
Yolgʻiz men sababchi edim bariga.
Doʻstim, kuzni yomon koʻraman,
Ukam(Akam) yetolmagan shu kuzlar qursin.
Yigitlik chogʻida panaga tortib,
Ukam oʻpolmagan shu qizlar qursin.
Mening koʻnglim qabr, hammani koʻmdim,
Tiriklayin koʻmdim qancha dildorni.
Kuzdagi toʻylardan mayus tortaman,
Hayqirgim keladi, ichib, hayqirgim:
“Ukamga(Akamga) atalgan kelin ham bormi?”
Yana oʻsha manzil, yana koʻz yoshi,
Yana hamma har xil darddan kuyadi.
Doʻstim, koʻp yigʻlaydi kuzning quyoshi,
Doʻstim, kuz pichoqsiz soʻyib qoʻyadi.
Doʻstim, kuzni yomon koʻraman,
Oʻtmishimni yomon koʻraman, doʻstim.
Shu ogʻir kuzlarni ichimga solib
Yurishimni yomon koʻraman, doʻstim.
Qachondir, qaydadir yoʻliqib unga,
Qandaydir dil ketib, devona boʻlib.
Qadam bosishlarim oʻxshab Majnunga,
Va oxir-oqibat begona boʻlib.
U uchun bu dunyo doʻzaxdan battar,
Men uchun bu gardun gapxona boʻlib.
Men ham bir zamonlar afsona boʻlib,
Sevgan boʻlishimdan qoʻrqaman, doʻstim.
Doʻstim, kuzni yomon koʻraman,
Vijdon bilan kelib yuzma-yuz.
Oʻzimni gʻijilab ezaveraman,
Goh meni soʻroqqa tutaverar kuz.
Hammaga aylanib qargʻaydi meni,
Hammaga aylanib ustimdan kular.
Doʻstim, kuzda oʻlar barcha tiriklar,
Kuzda tirilganday boʻlar oʻliklar.
Doʻstim, kuzni yomon koʻraman!

Nodira AFOQOVA
JIM KЕZARDI KUZ…
Yuksakdan boqardim, daraxtzor aro
Shajarlar bulutga yetguday, tig‘iz.
Buncha osudalik ko‘rmagan dunyo.
Xayol-da ko‘rmamish…
Jim kezardi kuz.
Daraxtlar, daryolar, fasllar, fursat…
Bari o‘sar edi izchil, bosabot.
Bari o‘sar edi… Negadir faqat
Darak bermas edi o‘zidan hayot.
Bulutlar ichidan boqdim muztarib.
Qalbim qaldirog‘i ko‘kni siltadi:
Daraxtlar poyida turding sen g‘arib,
Ulkan sukunatning bo‘lagi kabi.
“Sindiray ul shaffof qasrni, kuch ber.
Madad ber… ko‘rinmas kuchga yolbordim –
Madad ber, shunchalar yolg‘izman, axir,
Zulumot ko‘zimda yerlashdi, Robbim”…
Sovuq marvaridlar jismimni quchdi.
Ro‘yoday quyuldi qo‘rg‘oshin hayot.
Olov qamchi bo‘lib yulduzlar uchdi.
Ta’bir aytar edi ko‘ksimda bir Zot.
Qolib ketting tunning qarolig‘ida.
Tun nafasi qaro etti, oqqushim.
Tiz cho‘kdim, ikki subh arolig‘ida
Yomg‘irlar tovshiga to‘ldi tovushim.

Gulnoz MO‘MINOVA
OKTYABRNING SIYRAK XIYOBONIDA
Oktyabrning siyrak xiyobonida
Qunishib o‘ltirar kuzak parisi.
Sezdirmay boraman uning yoniga,
So‘ng duo qilaman: “Darding arisin”.
Za’faron ko‘zlari chuqur va munglig‘,
Qandog‘am yonidan ketardim nari.
Ertaga bu siyrak xiyobon ichra
O‘ltirar qunishib ikkita pari.

Go‘zal RO‘ZIYEVA
KUZ
Bog‘ entikar, jilmayar mayin,
Yo‘llaridan ololmas ko‘zni.
Balki, u ham intiq mendayin,
Balki, u ham sog‘ingan kuzni…
Yo‘lkalardan chopar xiyobon –
Kuzjamolning telba oshig‘i.
Eshitmaydi nega odamlar,
Sukunatning ma’yus qo‘shig‘in?
O‘rindiqqa jim cho‘kadi kuz,
Yig‘ishtirmas etaklarini.
U – parishon Shahrizoda qiz,
Aytar hayot ertaklarini.
Oshiq shamol ingranar, yig‘lar,
Kuzni quchar xiyobon – g‘olib.
Kuz – xayolchan farishta, yerga
Kelgan tangri salomin olib.
U – faslmas…
Bilmas odamlar.
U – sarson ruh, ezgin dardlari.
Kaftlarida titrar xazonbarg –
Xudoyimning bizga xatlari…
Kuz – xayolchan farishta, yerga
Kelgan tangri salomin olib…

Shavkat JO‘RABЕK
KUZ VA BAHOR ORALIG‘IDA
Yurak ishqdan tag‘in quvondi,
Kuygan edi avval dog‘ida.
Qalbda tanish hislar uyg‘ondi
Kuz va bahor oralig‘ida.
Shabbodalar behadik yeldi,
O‘zni toblab oftob tig‘ida.
Oq orzular qopladi yerni
Kuz va bahor oralig‘ida.
Zulmat yodi uyg‘onmas, karaxt,
Oymomoning pora dilida…
Kurtak otdi barg to‘kkan daraxt
Kuz va bahor oralig‘ida.
Armon o‘zin oshkor etgandi
Xotiralar qorachig‘ida.
Qalbda qorlar erib ketgandi
Kuz va bahor oralig‘ida.
Sog‘inch ezar ma’yus ko‘ngilni,
Qo‘shiq boshlab qushlar tilida.
Ko‘rganmisiz gullagan gulni
Kuz va bahor oralig‘ida?..

Bashorat OTAJONOVA
OLISLARDA JILMAYAR BAHOR
Tun. Sukunat. Sepkilli osmon.
Bir tilim oy. Bezovta xayol.
Sakson yoshli momodek mudrab,
Bog‘ko‘chada sudralar shamol.
Tashvishlardan charchagan qishloq,
Bir zumgina uyquga cho‘mar.
Sukunatdan zerikkan dala,
Keksa kuzni savolga ko‘mar…
…Olislarda jilmayar bahor,
Quyosh kular baxtga egizak.
Hozir esa… Izg‘iydi bedor,
Ko‘ylaklari yirtilgan kuzak…

Madina NORCHAYEVA
* * *
Kuz – yog‘mur shevasinda bitilgan maktub.
Hijjalab o‘qirkan har bitta baytni.
Qishloqdagi uylar homuza tortib
Yana mo‘rilarga yukingan payti.
Turnalar janubga yetib olgandir…
Daraxtlar parishon qizlar singari
Yecharkan sochidan bog‘ichlarni.
Uchurib yuborar gulgun faslga
Qovjirab to‘kilgan sog‘inchlarni.
Turnalar janubga yetib olgandir…
Soylarning labida tiniq kulgilar
Azaliy dardidan bo‘lganday forig‘.
Safdoshlarin qumsar ichimda bir qush
Bu gal ham ketmadi ko‘ksimni yorib.
Turnalar janubga yetib olgandir…

Zulxumor ORIFJONOVA
* * *
Tag‘in kuz…
Sen yo‘qsan
ma‘sum kunlarning
boshlanar qarshimda zavoli.
Kimlarni yetaklab qoshimdan
shamollar o‘tadi havoyi?
Qahvaga qarayman;
ko‘zlarim qahvarang
qarolik tunlarning nasibi.
Tinglayman sengacha necha ming
Xazonrez yillarning sasini?
Bilmayman…
Ko‘ksimga yiqilar
daraxtlar bog‘larni qoldirib.
O, kuzlar kechadi yuragim
tortinib…
tortinib…
tortinib…
Tushlarim to’kilar xazondek
manzilim topmasdan nihoya..
Qo’rqaman,
o, bu kuz umrimda
bo’lmasmi eng uzun hikoya…

Baxtiniso MAHMUDOVA
KO‘ZIMGA ILINIB O‘TDI YOMG‘IRLAR
Mayli, bo‘lganicha bo‘lsin hammasi,
Betartib ko‘nglimni o‘rganib oldim.
Ne bo‘bdi, quyoshga tik qarolmasam,
Dunyoni o‘zgartmay, o‘zgarib oldim.
Ko‘zimga ilinib o‘tdi yomg‘irlar,
Ko‘nglimga ko‘rinib o‘tdi yomg‘irlar.
Urilib, urinib o‘tdi yomg‘irlar,
Bulutlar turtmadi-seskanib oldim.
Ayni kuz. Poyimga yiqildi xazon-
Daraxtlar zaminga etdimi ehson?
Bari nomukammal va bari oson,
Yig‘imda tinglanib, to‘planib oldim.
Mayli, bo‘lganicha bo‘lsin hammasi,
Betartib ko‘nglimni o‘rganib oldim…

Islom QO‘CHQOROV
MUNOJOT
Yaproqlardan jon olgan kuzda edi xayolim,
Olamni «Yaral»tirgan so‘zda edi xayolim.
Hali bo‘z bo‘la turib, yuzda edi xayolim,
Ko‘nglimni jismimdan tez qaritmagin, Xudoyim.
Men bilgan bu dunyolar oppoq edi, nur edi,
Ko‘nglimdan joy olgan Ishq pok edi-yu, hur edi.
Dildagi har bir kalom bamisoli dur edi,
Bundan ortiq dunyoni tanitmagin, Xudoyim.
Samimiyat axtargan soxtalarga duch ekan,
Bilsang, do‘stim, bu dunyo shundaylarga o‘ch ekan.
Kengliklarni istasang, qanot chiqar, uch ekan,
Osmonimni ko‘nglimdan tor etmagin, Xudoyim.
Baxt qidirib chiqibman taqdirimning sayliga,
Goho yengilganim rost zamonaning zayliga.
Agarki shu azoblar baxt deyilsa, mayliga,
Dardlarimni umrbod aritmagin, Xudoyim.
Yaproqlardan jon olgan kuzda edi xayolim…

Rashid XO‘JAMOV
KUZ MANZUMASI
Yomg‘irdan erk,
Yaproqdan visol
ayrilarkan beunu behol,
G‘am rangida, motam rangida
Topganlaring topadi zavol.
(Kuz xushlamas baxtiyorlarni)
Kimdir ontdan,
kimdir subutdan
Voz kecharkan nigohlari muz.
Bosh ko‘tarmay mangu sukutda
Hammasini kuzatadi kuz.
So‘ng tortinmay,
iymanmay,
qo‘rqmay
fosh etajak yo‘llarga sochib
sirlaringni
sharros yomg‘irday…
Ketolmassan o‘zingdan qochib!
Qatl etar kulgingni kunlar
bitta-bitta,
dona-donalab…
Tinolmaysan,
loyqa kuzakka
Asablaring qo‘yilgan atab.
Yon-veringda majnun shamollar,
Zabun holing etadi doston.
Baxtga qarshi, bahor hayallar,
Bexos o‘lim kelmas bexosdan!
Kuz xushlamas baxtiyorlarni!

Rahmat BOBOJON
* * *
Yam-yashil hislardan ancha narida,
Kuz keldi…
yuzida g‘amgin tabassum.
– Sevaman!
bir so‘zning otashlarida,
baxt-u dardim yonar birdayin, ma’sum…
Ma’sum qarashlaring hamon yodimda,
Xoling nuqta qo‘yar taqdirimga shan.
Kuz bilan sirlashdim har bir odimda:
«Kuzni sevadigan qizni sevaman!»
– Sevaman…
daraxtlar so‘lishni boshlar,
ketasan, xazonlar uchadi yig‘lab.
Kim uchun to‘kilar ko‘zimdan yoshlar
Yashayman to‘rt fasl kuz kabi titrab…
Titrab jon beradi, sevging, dard-kuzdek,
Yurakka azobing mangu quyilar.
Yendi Xudosizlar go‘yo kuzsizdek,
Kuzsizlar Xudosiz kabi tuyilar…

Erkin HOJIMUHAMMAD
KUZ
Osig‘liq turadi uzum yog‘ochga,
chorbog‘da xazonrez boshlagan ko‘rik.
Yov kelsa, vatandan eng avval qochgan
qo‘rqoqday barglarin to‘kadi o‘rik.
Go‘yo aybi borday, o‘zgarar tusi,
bog‘ ichdan zil ketar, qismatdan lolman.
Gunoh qilib qo‘ygan kishiday yuzi
qizarib ketadi shoxdagi olma.
Bu holni yuragim qiladi talqin,
xazin manzaradan izlaydi baxtlar.
Eski to‘ningni yech, o‘zgar, deb balki
barglarini bejiz to‘kmas daraxtlar?!
Taqdir ola mushuk yo‘lingga otgan,
umring borayotir anhorda oqib.
Sendan ketgan inson tushadi yodga,
janub sari uchgan qushlarga boqib…

Humoyun FATTOH
* * *
Sevgilim,
bog‘larni tark etayapti kuz,
Uch oyda zerikib, haydadi shamol.
Kulgular o‘lmadi yuzingda hanuz,
Qaragin, zaminga pufladi samo…
Hali yo‘lga chiqmay
qaytdikmi yo‘ldan,
Kechdikmi, yo bizdan
kechdimi ahdlar?!
Tunov kun yolg‘iz, tul qolgan ayoldan
Yolvorib paranji so‘rar daraxtlar.
Nahotki, biz surgan xayol chiqindi,
Yetamizmi, yo‘qmi, o‘sha onlarga?!
Turonda tug‘ilgan qushlar chekindi
Go‘zal lek begona xiyobonlarga…
Ayt, yana nelarni etsinlar nisor,
Haliyam parishon bo‘lmading hanuz.
Yoki sen bahorni sog‘inganmisan,
Sevgilim, bog‘larni
tark etyapti kuz…
Oqil Abdubarnoyev tayyorladi.
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599
