Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


21.10.2024 | 15:57

img1003

OZODLIKKA O‘RNATILGAN HAYKAL

Biz buyuk shoir-u adiblarni yetishtirgan, jahon estetik tafakkuri takomilida alohida o‘rin tutuvchi adabiyoti bor millatmiz. Adabiyoti taraqqiy etgan xalq jamiyat hayotining boshqa barcha sohalarida ham yuksalmog‘i ayon. Ana shu buyuk adabiyotning benazir vakili, jadidlik harakati namoyandasi, milliy ozodlik uchun kurashga jon-u jahonini bag‘ishlagan ulug‘ ma’rifatparvar shoir Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqat ijodi bugun haqqoniy baholanayotgani ham yuqoridagi fikrlarimizning amaldagi tasdig‘idir.

Davlatimiz rahbari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida ezgu bir tashabbusni ilgari surgan edi: “Furqat 50 yillik qisqa umri davomida mohir publitsist, tadqiqotchi, jahongashta olim sifatida noyob iste’dodini namoyon etgan. Uning bundan keyingi fojiali hayoti, musofirlikda qolib, Vatanni sog‘inib yashagani ham sizlarga yaxshi ma’lum. Furqat – Farg‘ona jadidlarining ma’naviy otasi bo‘lgan. Mana, biz yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga harakat qilyapmiz. Hech shubhasiz, agar mustamlaka tuzumining qatag‘on siyosati bo‘lmaganida, ushbu Renessansni ma’rifatparvar jadid bobolarimiz yaratgan bo‘lar edi”.

Yurtboshimiz Zokirjon Furqatning Vatan va millat oldi­dagi buyuk xizmatlarini inobatga olib, uning ijodini yanada keng ommalashtirish, jumladan, Qo‘qon shahri markazidagi Furqat bog‘ida shoirning haykalini o‘rnatish taklifini bildirgandi. Ana shu ezgu tashabbus amalga oshib, tarixiy Xo‘qandi latif markazida ulug‘ shoir haykali qad rostlagani, Xitoyning Shinjon viloyati Yorkent shahridagi Furqat qabridan bir hovuch xok keltirilib, Shayxon qabristonida ramziy qabri barpo etilishini tarixiy voqea sifatida ta’kidlash mumkin.

O‘zbek milliy uyg‘onish adabiyotini Zokirjon Xolmu­ham­­mad o‘g‘li Furqat ijodiy merosidan ayri tasavvur etish mahol. Chunki milliy o‘zlikni anglash, Vatan va millatning istibdod iskanjasidan xalos bo‘lishi, erk va ozodlik g‘oyalari uning asarlari mohiyatini belgilagan. Faqat bugina emas, shoir o‘zi mansub xalqning zamona ahvolidan ogoh bo‘lmog‘ini, jaholat uyqusidan uyg‘onmog‘ini, ma’rifatdan bahra olmog‘ini orzu qildi. Rusiya gimnaziyasi haqida she’r yozar ekan, millat bolalarining shu singari za­monaviy ta’lim maskanlarida o‘qishini istadi. Vistavkani, teatrni vasf etar ekan, shunday madaniy hodisalarsiz taraq­qiy etish imkonsiz ekanini angladi va anglatmoqqa urindi. Aniqroq aytganda, har bir ishda Vatan va millat manfaatini ustuvor bildi.

Shoirning xorijga ketish va yurtga qayta olmaslik sabablari shu paytgacha turlicha talqin etilgan. Bu haqda hech qanday asossiz, hujjat-dalilsiz har xil taxmin-u gumonlar ham bildirilgan. Arxiv hujjatlari va mavjud manbalar tadqiqi Furqatning chet elga ketishining ikki sababi bo‘lganini ko‘rsatadi: birinchisi, shoirning o‘sha kezdagi mustamlaka siyosatini ochiqdan ochiq qoralab asarlar yozgani; ikkinchisi, Furqat ma’rifatparvarlik faoliyatining Vatan va millat manfaatlariga asoslangani.

Chor istibdodi Turkiston xalqlari hayotining barcha – siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy jabhalarini birday iskanjaga olgani ma’lum. Tabiiyki, millatparvar ziyolilar, jumladan Furqat ham bunga befarq qaragan emas. Gʻafur Gʻulom nomidagi Qo‘qon adabiyot muzeyi fondida 7050-raqami bilan saqlanayotgan “Sharhi risolat ush-shamsiya” ­asari qo‘lyozmasining hoshiyasiga bitilgan “Munojoti musaddas” asari buning yorqin dalilidir. Haj­man salmoqli, 108 misradan iborat mazkur musaddasda shoir bunday yozgan edi:

Zulmatni girdbodi tegdi, quyunda qolduk,
To‘foni hayrat, eyki, g‘arqi jununda qolduk,
Gʻaflat ila o‘tub umr, kulgu-o‘yunda qolduk,
Kuffor bandi ichra sonsiz tugunda qolduk,
Rahm aylag‘il, Xudoyo, bechora, xastalarga,
Ranjur-u zor-u mahzun, ko‘ngli shikastalarga.

Furqat “Zulmat girdbodi, quyun, to‘foni hayrat, g‘arqi junun” kabi timsollar, “Kuffor bandi ichra sonsiz tugunda qolduk” obrazli tasviri vositasida mus­tamlaka siyosati­ning mohiyatini fosh etadi. Zero, bu istibdod siyo­sati millat hayotining barcha jabhalarini birday asoratga olgani, milliy istiqlolga, nurli istiqbolga eltadigan barcha yo‘llarning batamom to‘sib qo‘yilgani bugun hech kimga sir emas.

Istilochilarning mustabid siyosatini butun mohiyati bilan fosh qilish, millatni ogoh etishga bo‘lgan intilishi, jabr-u zulmga, adolatsizlikka bo‘lgan nafrat Furqatning boshqa asarlarida ham aks etgan. Jumladan, “Bo‘ldi” radifli muxam­masida shoir mana bunday yozadi:

Bahor ayyomi o‘tti, na gul-u sarv-u suman qoldi –
Ki, bulbul birla qumri o‘rniga zog‘-u zag‘an qoldi,
Na jomi marg ichmay lola-i xuning, kafan qoldi,
Chamanlardin nishon hech qolmadi, illo tikan qoldi,
Zimistoni ajalni bodidin bori xazon bo‘ldi.

Bahor – taraqqiyot ramzi. Shoirning yozishicha, u o‘tib bo‘lgan. Shuning uchun ham bulbul birla qumri o‘rnini zog‘-u zag‘an egallagan. Bu – yurt istibdod iskanjasida qolganiga ishora. Ajal zimistoni – istibdod timsoli. U bor  mavjudlikni xazonga aylantirgan. Binobarin, ajal zimistoni – is­tibdod siyosati bois milliy an’analar ­toptalib, millat boshiga qora kunlar tushgan, uning huquqi, erki poymol etilgan.

Yumub ko‘zni, qadamni mardlar sori adam qo‘ydi,
Vafosiz dahr alarni jonig‘a toki alam qo‘ydi,
Ajal farzandi odamni jahon mulkida kam qo‘ydi,
Ming-u uch yuz birinchig‘a sana tokim qadam qo‘ydi,
Hamani emdi ko‘z tutgoni bir Sohibqiron bo‘ldi.

Adam – yo‘qlik,  demakdir. Bu misrada mardlar, ya’ni  millat ziyolilarining qatag‘on girdobiga tashlanganiga ishora etyapti shoir. Natija shunday bo‘ldiki, “Ajal farzandi odamni jahon mulkida kam qo‘ydi”. Ya’ni, bu hol omma­viy tus oldi.

Keyingi misrada shoir ta’rix san’atining sarih usulini qo‘llash orqali bu fojialar ro‘y bergan sanani ham ochiq yozadi: “Ming-u uch yuz birinchig‘a sana tokim qadam qo‘ydi”. Hijriy 1301-yil milodiy 1883-1884-yillarga to‘g‘ri keladi. Demak, bosqinning avj pallasi haqida gap ketyapti. Bu, o‘z navbatida, muxammas yozilgan sanani ham bildiradi. Beshinchi misrada yanada ahamiyatli fikr ifodalangan: “Hamani emdi ko‘z tutgoni  bir Sohibqiron bo‘ldi”. Darhaqiqat, millat bu paytda Sohibqiron Amir Temurdek yo‘lboshchiga muhtoj edi. Yurtni mo‘g‘ullar zulmidan ozod qilgan Sohibqiron – milliy ozodlik timsoli. Shuning uchun ham shoir millatga uningdek bir rahnamo kelishini orzu qiladi. Ko‘rinib turibdiki, she’rda ozodlikka, milliy istiqlolga intilish tuyg‘usi chuqur dard, betakror badiiyat bilan ifo­da­langan. Bu tuyg‘u ba’zan ochiqcha, ayrim hollarda esa misralar tagmatnida aks etgani kuzatiladi.

Keyingi izlanishlar natijasida aniqlaganimiz – shoirning shu paytgacha ma’lum bo‘lmagan “Begim” radifli dastxat she’ri ham bu jihatdan alohida ahamiyatga ega. Gʻazal matni bir varaq fabrika qog‘oziga binafsharang siyohda shikasta aralash nasta’liq xatida ko‘chirilgan. Varaqning o‘ng tomonida matnni o‘qishga xalal bermaydigan dog‘ bor. Ushbu 17 baytli she’r 1889–1891-yillarda, Furqat Toshkentda yashagan davrda yozilgan. Dastxat XIX asr xattotlik san’atining nodir namunasi sifatida ham ahamiyatlidir.

Gʻazaldan olingan quyidagi misralar shoirning mus­tamlaka siyosatiga bo‘lgan murosasiz munosabatiga dalil bo‘la oladi:

Shoʻbada izhor etib nogoh charxi hiylasoz,
Boshladi afsun ila makr-u dag‘osidin, begim.
Gʻuncha-i davlatni gul yanglig‘ parishon ayladi,
Tundbodi hodisoti mojarosidin, begim.
Oxirulamr hukumat gulshani bo‘ldi xazon,
Keldi zog‘-u qoldi bulbullar navosidin, begim.

Mazkur baytlarda yurtning taraqqiyot quyoshi so‘nib, tanazzul shomi boshlangani so‘ngsiz hasrat bilan ifodalangan. Charxi hiylasozning afsun ila makr-u dag‘osi – o‘sha kezlari mamlakatda kechgan fitna-fasodlar, inqiroz jarayoni timsoli. Natijada “…g‘uncha-i davlat gul yanglig‘ parishon bo‘lgan. Hukumat gulshani xazonga aylangan”. Zog‘lar kelishi bilan bulbullar navosi tingan. Binobarin, bulbul bog‘da sayraydi. Zog‘ning makoni esa – vayrona. Mustamlakadagi Turkistonning ayanchli ahvolini Furqatgacha hech qaysi shoir bunchalik ta’sirli ifodalay olgan emas.

Shoir millat dardini chuqur his qilgan, ko‘ngil iztirob­larini quyma misralar orqali bayon etgan. She’r duo mazmunida bitilgan quyidagi baytlar bilan yakunlanadi:

Jonsipor-u qadrdonlig‘din bejuz bir tuhfa yo‘q,
Hazratingg‘a Furqatiy xolis duosidin, begim:
Soya-i Tangri nasib etgay saning boshingga ham,
Zoyil o‘lmas bobaqo davlat humosidin, begim.

Ya’ni shoir she’rni xayrli duo bilan yakunlagan. Millat o‘sha kezda mahrum bo‘lgan Tangrining soyasi – davlatchilikning barham topishi vaqtinchalikdir. Uning boshiga davlatning humo qushi, albatta, qo‘najakdir. Furqat yashagan tarixiy vaziyatda, o‘sha ijtimoiy muhitda bunday fikrni ifodalash chinakam jasorat edi.

Mazkur asarlar yozilgan sanalar (“Munojoti musad­das” 1879-yili, “Bo‘ldi” radifli muxammas 1885-yili, “Begim” radifli g‘azali 1890-yili yozilgan) ko‘rsatib turibdiki, shoir­ning mustamlaka siyosatiga bo‘lgan munosabati yillar o‘tishi bilan ham o‘zgarmagan. Faqat istibdodni qora­lash ruhi dastlabki asarlarda ochiqroq aks etgan bo‘lsa, keyingilari­da ko‘proq obraz va timsollar zamirida ifodalangan. ­Tabiiyki, mustabid siyosatni qoralovchi, fosh etuvchi bunday asarlar mustamlaka ma’muriyati manfaatlariga zid edi. Bu esa mazkur hukumat shoirdan qutulish uchun uni mamlakat hududidan chiqarib yuborishning barcha choralarini ko‘rgan, bir so‘z bilan ayt­ganda, Furqatning xorijga ketishi va ona yurtga qaytmasligi masalasi general-gubernatorlik tomonidan rejali asosda maxsus uyushtirilgan, deb hisoblash uchun yetarli asos beradi.

Furqat murakkab va ziddiyatli davrda yashab ijod qildi. O‘z asarlari orqali ilmning, ma’rifatning beqiyos ahami­yatini alohida ta’kidladi, ilm-u ma’rifatga millatni muqarrar tanazzul­dan qutqaruvchi yagona vosita, “ko‘ngullarni sururi, ko‘rar ko‘zlarni nuri” deb qaradi. Shoir chor istib­dodi­ning fojiaviy oqibatlarini fosh etish barobarida millat farzandlarini o‘sha paytda nisbatan ilg‘or bo‘lgan rus madaniyatini o‘rga­nishga, undan o‘z manfaatimiz yo‘lida foydalanishga chaqirdi. Shoirning Vatan va millat manfaatiga asoslangan ma’rifatparvarlik faoliyati mustamlaka ma’muriyati­ga ma’qul kelmagani aniq. Furqatning xorijga chiqarib yuborilishiga ikkinchi sabab shu. Mustamlaka siyosatiga bo‘lgan murosasiz munosabati xorijda yozilgan she’rlari tagmatnida ifodalandi. Shuning uchun ham yurtga qaytish yo‘llari berkitib qo‘yildi.

Furqat hayoti va ijodining eng samarali o‘n sakkiz yili jonidan ham ortiq sevgan ona Vatanidan ayriliqda kechdi. U chet ellarda yashagan kezlarida ham she’rlarida ona Vataniga bo‘lgan muhabbati va sog‘inchini yurak qo‘ri bilan ifodaladi.

Vatanning ishtiyoqin tortaram g‘urbat g‘ami birlan,
Turubdurman qutulmay g‘ussa-yu ranj-u inolardin,

– deya ko‘ngil hasratini yoniq misralarda ifodaladi. Istanbulda ekan, noyob asarlaridan biri “Sabog‘a maktub” dunyo yuzini ko‘rdi. “Sayding qo‘yaber sayyod” musaddasi Hindistonda ekanida yaratildi. Haj ibodatini ado etar ekan, adabiyotimiz tarixida yagona hisoblangan nodir asari – “Hajnoma”ni bitdi.

Shu o‘rinda muhim bir masalaga to‘xtalish zarurati seziladi. Bu – Furqat qarashlari milliy uyg‘onish harakati namoyandalari, millatparvar jadidlar tomonidan davom ettirilgani masalasi. Binobarin, Furqat va jadidlar qarashlarida muayyan izchillik, davomiylik mavjudki, bu ko‘pdan tadqiqotchilar e’tiborini tortmoqda. Biroq, afsuski, adabiyotshunoslikda bu masala shu paytgacha o‘rganilmay keldi.

Bu haqda dastlab xorijlik tadqiqotchilar ishlarida fikr yuritilgan. Jumladan, boshqird olimi Zaki ­Validiy “Bugungi turk eli: Turkiston va yaqin  tarixi” kitobining maxsus bobini “Yangi  o‘zbek  adabiyoti” deb nomlaydi. Olim yangi o‘zbek adabiyoti tadqiqini Furqat asarlari tahlilidan boshlaydi. “O‘zbeklarning Ovrupa va rus madaniyati ta’sirida inkishof etgan yangi adabiyoti hanuz juda yosh” ekanini ta’kidlagan muallif o‘z xulosalarida Furqat asarlariga tayanadi. Shoirning ushbu yangi adabiyotning tamal toshini qo‘yganlardan ekanini alohida qayd etadi.

Major olimi Yanosh Ekman “Xorazm, qipchoq va chig‘atoy turkchasiga oid tadqiqotlar” nomli yirik asarida Turkis­ton jadidlik harakatiga Furqat, Muqimiy, Zavqiy, Avaz O‘tar, Zoriy kabi shoirlarning ma’rifiy qarashlari asos bo‘lgani xususidagi muhim bir masalani o‘rtaga qo‘yadi. U bunday yozadi: “…Xivali shoir Avaz O‘tardan boshqa jadid  adabiyotining dastlabki namoyandalari Muqimiy, Furqat, Zavqiy va Zoriy kabi ho‘qandli shoirlardir”.

Xorijlik tadqiqotchilardan yana biri Adib Xolidning fikricha, jadidlikni muayyan sana bilan cheklash to‘g‘ri emas. Uning ta’kidlashicha, musulmon jamiyatini zamonaviy aloqa vositalari va muloqotning yangi shakllaridan foydalanish orqali isloh qilishga urinuvchi shaxslar “jadidlar” deb ataladi. Binobarin, Furqat va uning zamondoshlari xuddi shunga intilgani mutaxassislarga yaxshi ayon.

Ta’kidlash kerakki, Furqat va uning davradoshlari jadidlik deb atalgan va XX asr boshida millatimiz hayotining barcha – ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarini isloh etishga bo‘lgan intilishlarni mujassam etgan ulkan harakatga zamin hozirlagan edi.

Bizningcha, Furqat va jadidlar qarashlaridagi mushtaraklik quyidagi masalalarda nisbatan aniqroq ko‘zga tashlanadi:

1. Mustamlaka siyosatiga nisbatan murosasizlik. Fur­qat­ning yuqorida tahlil etilgan “Munojoti musaddas”i, “Bo‘ldi” radifli muxammasi, “Begim” g‘azali va xorijda yozgan bir qancha asarlari, jadidlarning esa bu borada nainki ijodiy, hatto amaliy faoliyat bilan shug‘ullangani ushbu fikrni quvvatlaydi.

2. Zamonaviy ilmlarni egallashga targ‘ib etish, Ovrupa ta’lim tizimini joriy qilish orqali xalqimizning rivojlangan millatlar darajasida yuksalishi orzusi.

3. Matbuot, teatr kabi hodisalardan millatni uyg‘otishda minbar sifatida foydalanish. Furqatning “Turkiston viloyatining gazeti”da bosilgan asarlari, “Tarjimon”, “Sho‘ro” kabi jadid matbuotining nufuzli nashrlarida shoir asarlarining e’lon qilinishi, keyinchalik jadidlar tomonidan nashr etilgan milliy matbuot nashrlari buning yorqin dalilidir.

4. Millatning taraqqiy etishiga to‘siq bo‘layotgan illatlarni keskin tanqid etish. Bunday illatlar – o‘zaro nifoq va nizolar, ilm-ma’rifatga e’tiborsizlik, jaholat, ilm-fan taraqqiyotidan ortda qolish va hokazo…

Bu mulohazalar Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqatning milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotining yirik namoyandasi, o‘zidan keyingi avlodlarga ham kuchli ta’sir ko‘rsata olgan ulug‘ ijodkor, butun salohiyatini, iqtidorini Vatan va millat ravnaqi yo‘liga tikkan buyuk siymo ekani haqidagi haqqoniy ilmiy xulosa uchun asos bo‘la oladi.

Nurboy JABBOROV,
filologiya fanlari doktori,
professor

“Jadid” gazetasining 2024-yil 18-oktyabrdagi 43-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604