29.10.2024 | 11:27
401
AKSILINQILOBCHI KARIM ZARIFOV
Qatag‘on qurboni bo‘lgan qahramonimiz Karim Zarifov 1897-yil 15-iyunda Namangan shahrida dehqonchilik va bog‘bonlik bilan shug‘ullanuvchi oilada tug‘ilgan. U Oktyabr inqilobidan so‘ng Namangan uyezd shahar bog‘boni bo‘lib xizmat qilgan. 1937-yil 11-mayda – Samarqand oblasti Yuqori Darg‘om rayon ijroiya komiteti raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlab turgan paytida yozgan tarjimayi holida otasi bilan 1915-yilgacha birga yashaganini, rus-tuzem maktabini 3-sinfini bitirganini, moddiy qiyinchilik sabab o‘qishni davom ettirish imkoni bo‘lmaganini, shu bois 1915-yildan boshlab bog‘dorchilik bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lganini, Namangan shahar bog‘boni yordamchisi bo‘lib ishlaganini, 1920-yildan esa shahar bog‘boni bo‘lib tayinlanganini qayd etgan.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, qahramonimiz 1922-yilgacha Qo‘qon shahrida yashagan. Bu vaqtda partiyaga kirgan va intiluvchanligi, ziyrakligi inobatga olinib, Qo‘qon shahar militsiyasi boshlig‘i vazifasiga tayinlangan. Faoliyati davomida Namangan uyezdi “Qo‘shchi” soyuzi tashkiliy bo‘lim mudiri vazifasida ham mehnat qilgan. Namangan uyezd-shahar partiya komitetida partiya tashkilotchisi bo‘lib 1923-yilgacha ishlagan.
Mehnatsevarligi bois xizmat pillapoyalaridan yuqorilab, 1924-yili Namangan oblast partiya komiteti tomonidan oblast jinoiy-qidiruv bo‘limining boshlig‘i etib tayinlangan. Bir yil ishlaganidan so‘ng maxfiy-operativ bo‘lim boshlig‘i vazifasiga o‘tkazilgan. Keyin yana avvalgi ishiga, ya’ni 1925-yili Namangan oblast jinoiy-qidiruv bo‘limi rahbarligiga qaytib, bu lavozimda 1926-1927-yillar davomida sidqidildan mehnat qilgan.
Qayta tashkil etish boshlanishi munosabati bilan u Andijon okrugi jinoiy-qidiruv boshlig‘i vazifasiga o‘tkaziladi. 1929-yil boshlaridan esa Qo‘qon okrug partiya komiteti va O‘zSSR NKVD roziligi bilan yana Qo‘qon okrugi ma’muriy bo‘limi militsiya va qidiruv bo‘limi boshlig‘i lavozimida ish boshlagan qahramonimiz mazkur vazifada 1929-yil oxirigacha faoliyat olib boradi.
“1929-yil dekabrda, – deb yozadi Karim Zarifov shaxsiy varaqani to‘ldira turib, – Samarqand shahriga kelishim bilan okrug partiya komiteti sekretari tomonidan 1-son zavod boshqarmasiga boshliq bo‘ldim. Olti oy ishladim. Samarqand okrug partiya komiteti qaroriga binoan men Ikromov rayoni yer bo‘limiga mudir etib, shundan so‘ng Samarqand okrug partiya komiteti va okrug ijroiya komiteti Ikromov rayoni rayijroqo‘m raisi o‘rinbosari qilib tayinlandim. Keyinroq yana o‘sha ko‘rsatilgan tashkilotlar qarori bilan Yuqori Darg‘om rayoni ijroiya komiteti raisi o‘rinbosari vazifasiga mas’ul bo‘ldim. Shu lavozimda hozirgi vaqtgacha ishlab kelmoqdaman”.
Karim Zarifov 1931– 1935-yillarda Yangi Urganch shahrida Xorazm okrugi militsiya boshlig‘i, 1935–1937-yillarda Buxoro shahrida okrug militsiya sektori boshlig‘i bo‘lib xizmat qilgan.
Shaxsiy varaqada 1924, 1925, 1926, 1934-yillari jinoyatchilarga qarshi faol kurash olib borgani uchun faxriy yorliqlar, qurollar bilan taqdirlanganini, oilasida faqat ayoli borligi, yashash manzili Buxoro shahri, Guzor Ozod ko‘chasi, 385-uy ekanini qayd etgan.
Arxiv hujjatlari orasida O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissari, davlat xavfsizligi mayori Apresyan tomonidan berilgan 1937-yil 6-dekabrda O‘zSSR Jinoyat kodeksining 57-67-moddasi bilan ayblanuvchi Karim Zarifovning 7856-sonli tergov ishining tushuntirish xulosasi bor. Unda Buxoro shahri militsiya boshlig‘i Karim Zarifovning O‘rta Osiyoda mavjud bo‘lgan aksilinqilobchi, millatchi tashkilot ishi yuzasidan tergov ma’lumotlari keltirilgan. Qahramonimiz shu ma’lumotlar asosida 1937-yil 28-oktyabrda hibsga olinadi.
O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi tergov boshqarmasi bo‘limi operativ vakili Kuminov va davlat xavfsizligi kichik leytenanti Myasnikov tomonidan Karim Zarifov O‘zSSR Jinoyat kodeksining 60-, 67- va 57–2-moddalari bo‘yicha ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqidagi qaror O‘zSSR NKVD komissari o‘rinbosari Leonov tomonidan tasdiqlangan.
1937-yil aprel boshlarida Karim Zarifov partiya safidan o‘chiriladi. Uning partiyaviyligi bilan bog‘liq holatlar rasmiy sur’atda muhokama qilingan. Guvohlardan biri Yunus Azimov 1937-yil 24-apreldagi partiya yig‘ilishida qahramonimizga: “1934-yil kuzida Mo‘minovning uyidagi suhbatda Afg‘oniston konsulligi xodimi Gʻulom Ibrohimov ishtirok etgan. Ayting-chi Mo‘minov bilan Gʻulom Ibrohimov o‘rtasidagi aloqalar haqida sizga nimalar ma’lum?” deya savol bergan. Karim Zarifov savolga javoban: “Haqiqatdan 1934-yil oxirida boshqa mehmonlar qatori men ham Mo‘minovning uyidagi ovqatlanishda bo‘lganman. Mehmonlar qatori Afg‘oniston konsulligi xodimi Gʻulom (familiyasini bilmayman) ham bo‘lgan. Menga ma’lumki, Gʻulom Mo‘minov huzurida tez-tez bo‘lib turgan. Ular o‘rtasida aloqa bo‘lgan. Men Mo‘minov bilan Gʻulomning o‘rtasidagi munosabatni bilmayman”.
1937-yil 31-oktyabr kuni Toshkent shahrida O‘zSSR NKVD Maxsus inspeksiya katta inspektori, militsiya kichik leytenanti Gzikov Buxoro sektori sobiq boshlig‘i Karim Zarifov O‘zSSR Jinoyat kodeksining 60-, 67-moddalari bo‘yicha jinoiy javobgarlikda ayblanayotganini, O‘zSSR Ichki ishlar xalq vaziri Apresyan ayblanuvchi Karim Zarifov to‘g‘risidagi jamiki materiallarni O‘zSSR Maxsus vakiliga topshirishi kerakligini talab qilgan. Qabul qilingan qarorda Karim Zarifovga tegishli barcha materiallar NKVDning maxsus bo‘limiga topshirilishi belgilangan.
Karim Zarifov 1937-yil 14-noyabrda tergov qilingan. Tergovchi unga:
– Siz Buxoro shahrida aksilinqilobiy qo‘zg‘olonchi tashkilotning a’zosi bo‘lgansiz. Sizdan shu masalada ko‘rsatma berishingizni talab etamiz.
Mahbus tergovchiga javoban shunday degan:
– Tan olamanki va tasdiqlaymanki, hibsga olinganim vaqtidan beri men o‘zimni Buxoro shahridagi aksilinqilobiy tashkilotning a’zosi bo‘lganimni aytib kelmoqdaman.
– Qanday maqsad va vazifa qo‘ygansiz?
– Men a’zo bo‘lgan aksilinqilobiy tashkilot o‘z oldiga qo‘zg‘olon tayyorlab, Sovet hokimiyatini ag‘darib, O‘rta Osiyo hududida burjua demokratik milliy davlatni o‘rnatish vazifasini qo‘ygan.
– Kim tomonidan va qachon siz aksilinqilobiy tashkilotga tortilgansiz?
– Men aksilinqilobiy isyonchi tashkilotga 1935-yil iyun oyida Buxoro shahridagi partiya faollari uyida Buxoro shahar partiya komitetining sobiq sekretari Hakim Karimov bilan uning kabinetida uzoq so‘zlashganimdan so‘ng a’zo bo‘lganman. Karimov mening kelib chiqishim, qayerdanligim, o‘tmishdagi ish faoliyatim va mening shaxsiy hayotimga oid boshqa savollar bergan. Suhbat oxirida Karimov menga shahar partiya komiteti dam olish uyiga ega ekanini, mening ham keksa partiya a’zosi, mas’ul xodim sifatida u yerga kelib turishimni tayinladi. Qolaversa, Karimov meni ogohlantirib, partiya faollari dam olish uyiga faqat bir o‘zim, ayolimsiz kelishimni aytdi. Dam olish kunining o‘zidayoq Karimov menga yengil avtomashina yuborgan va men o‘shanda dam olish uyiga birinchi marta bordim. Shu kuni dam olish uyida shahar partiya komitetining sobiq kotibi Hakim Karimov, shahar sovetining sobiq raisi Rajab Qurbonov, 1-“MTS” direktori Umar Yunusov, shahar soveti raisi sobiq o‘rinbosari Ramazonov, rayon ijroiya komiteti raisi Hamid Yunusov bo‘lgan.
Hujjatda qayd etilishicha, Karim Zarifov o‘sha dam olish uyiga birinchi bor kirganida Karimovning ishonchini qozongan, mavzuga qiziqqan.
“Partiya komiteti dam olish uyiga birinchi bor kelganimda Hakim Karimov menga ishonch bilan qaragan va ayni vaqtda mavzuga qiziqib ushbu manzilga har dam olish kunida kelib turganman.
Karimovning topshiriqlarini har xil vaqtda taxminan 1935-yil sentyabr oyidan bajarishga kirishdik. Topshiriqqa ko‘ra, aksilinqilobiy isyonchi tashkilotimizga militsionerlarni jalb eta boshladim. Ular quyidagilar edi: Karim Rahimov, Egamberdiyev, Karamatov, Husayn Sharipov va uchastka inspektori Ibrohimov. Yuqoridagi shaxslarning har biri bilan alohida-alohida suhbat o‘tkazdim. Ularning har birini ruslar bilan kurashishga tayyor turishlarini, qurolli qo‘zg‘olon yo‘li bilan ruslarni O‘zbekiston hududidan chiqarib yuborishni, shundagina butun o‘zbek xalqi e’tirof etilishiga erishish mumkinligini aytdim. Bir vaqtning o‘zida men ularning har birini alohida jalb etib, ularga o‘z o‘rtoqlarini tashkilotga jalb etishi haqida topshiriq berdim”.
– Tergovga ma’lumki, aksilinqilobiy tashkilotga militsionerlarni tortishdan tashqari siz Karimov topshirig‘i bo‘yicha aksilinqilobiy tashkilotni qurol bilan ta’minlagansiz. Qancha miqdorda qurolni aksilinqilobiy tashkilotga va aynan kimga topshirgansiz?
– Karimovning to‘g‘ridan-to‘g‘ri topshirig‘i bo‘yicha bizning aksilinqilobiy tashkilotimiz a’zolarini qurol bilan ta’minladim. Qurbonovni “Nagan” tizimli va qo‘lbola revolver bilan, Yo‘ldoshevni “braun” 7,65 kalibrli “Nagan” bilan ta’minladim.
Arxivdagi 8567-sonli Karim Zarifovning shaxsiy ishida Xosiyatxon Zarifova uning onasiligi qayd etilgan. Biroq hujjatda qahramonimizning onasi yashagan manzil ko‘rsatilmagan. Karim Zarifovning ayoli 1904-yilda tug‘ilgan Kolyayeva Anna Kuzminichnaning ham tug‘ilgan joyi arxiv hujjatlarida qayd etilmagan. Qahramonimiz hibsga olingan vaqtda Samarqand shahrida yashayotgani ko‘rsatilgan, ammo yashayotgan ko‘chasi, uy raqami, qarindoshlari nomlari keltirilmagan. Karim Zarifov 1937-yil Buxoro oblasti Ichki ishlar boshqarmasi operativ sektor boshlig‘i ekani ham qayd etilmagan.
1938-yil 8-oktyabrda SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining tayyorlovchi yig‘ilishi Toshkentda o‘tkazilgan. Uning tafsilotlari aks etgan 4-sonli bayonnomada yig‘ilishda Alekseyev (rais), harbiy yurist Zaysev (a’zo), 1-rangdagi harbiy yurist Bolderev (a’zo), harbiy yurist Vatner (kotib) va prokuror yordamchisi Shuls qatnashgani qayd etilgan.
Yig‘ilishda mahbus Karim Zarifov ishi SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasiga taqdim etilib, sudlanuvchi O‘zSSR Jinoyat kodeksining 57–1, 64- va 67-moddalari bo‘yicha ayblangan.
1938-yil 9-oktyabrda Toshkent shahrida SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining ko‘chma sessiyasida yopiq sud yig‘ilishi o‘tkaziladi. Sud yig‘ilishi soat 13:35 da ochilgan. Raislik qiluvchi tomonidan Karim Zarifov O‘zSSR Jinoyat kodeksining 57–1, 64- va 67-moddalari bilan ayblangani qayd etilgan. Sud kotibi sudlanuvchi sud zalida borligi va sudga guvohlar chaqirilmaganini keltirib o‘tgan. Sudlanuvchi hech qanday arizaga ega emasligi va sud tarkibiga nisbatan qarshiligi yo‘qligini bildirgan.
SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasining 1938-yil 9-oktyabrdagi yig‘ilishida 1897-yili Namangan shahrida tug‘ilgan Karim Zarifov otuvga hukm etilgan. Hukm o‘sha kuni ijro qilingan.
Oradan 19 yil o‘tib, 1957-yil 3-aprelda SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasida O‘zSSR Jinoyat kodeksining 58-, 64- va 67-moddalari bilan otuvga hukm etilgan Karim Zarifov harakati tarkibida jinoyat alomatlari yo‘qligi aniqlangan.
Prokuror qo‘shimcha tekshiruvlar natijasida Zarifovning aybsizligidan guvohlik beruvchi yangi holat topilgani munosabati bilan hukmni bekor qilishni so‘raydi. Shunga binoan ish materiallarini ko‘rib chiqib va xulosadagi dalil va sabablarni e’tiborga olib SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi 1938-yil 9-oktyabrdagi Karim Zarifovga nisbatan hukmni bekor etgan. Jinoyat tarkibi yo‘qligi bois ishni to‘xtatishga qaror qilingan.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2024-yil 25-oktyabrdagi 44-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



