Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


01.11.2024 | 19:21

img2787

“DUEL” MUSHOIRASI

“Duel” loyihasi yurtimiz bo‘ylab juda ko‘p yosh ijodkorlarning ustozlar nazariga tushishiga, el e’tiborini qozonishiga xizmat qildi. Loyiha Yoshlar ishlari agentligi va Yosh ijodkorlar Kengashi tomonidan tashkil etilgan. Bugun e’tiboringizga “Duel” loyihasining kattalar she’riyati yo‘nalishi bo‘yicha respublika bosqichi ishtirokchilari va ularning ijodiy ishlari bilan tanishtiramiz.

Sobir MUHAMMAD – 1998-yil Andijon viloyatida tug‘ilgan. She’rlaridan tashqari fotografiya sohasidagi chiqishlari bilan ham yaxshi tanilgan.

* * *
Enam Mo‘ydin So‘fi qizi Shirmonga

Ena,
bobom tuproq bo‘ldi,
tun qora ro‘moling misoli
yelkang uzra suzdi muallaq,
titilgan kechaning yamoqlaridan
oyning halol nurlari sizib
to‘plandi ko‘zlaring o‘rnida halqob.
Ena,
sen ham ketding,
kuzak kechalar
cho‘pchak tinglamadim,tushga sho‘ng‘idim,
har holda xotirjam tonglar otardi
tinglab sening soyang qiroatini.
Ena,
hali ham tunlar zulmatrang,
sening sochlaringdek chigal o‘y hokim,
men-ku yolg‘izlikka bordim ko‘nikib,
sen-chi, yolg‘iz qo‘rqmayapsanmi?
Ena,
yoding qoldi
yomg‘irli havolar og‘ushlarida,
rayhonbo‘y sayringga hamon mushtoqman.
Ma’yus suvratingga termulgan sari
evrilib bormoqda ruhim ushshoqqa.
Ena,
hali ham tunlar zulmatrang.

Muhammad HODIYEV – 2006-yil Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tug‘ilgan. Ayni damda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi.

KECHINMA

Bu ulkan shaharning chehrasi sovuq,
Nogoh o‘rnashadi yuragingga nam.
Junjikib,
Entikib,
Og‘ir silkinib,
Ko‘nikib qolasan bu shamolga ham.

Kengbag‘ir ko‘chalar yelkasi og‘ir,
Qaddingni sindirar namli tabassum,
Dengizning ko‘pirgan
botig‘i kabi,
Seni mahv etadi yomg‘irlar bir zum.

Bu shahar qo‘llari dag‘al va yakkash,
zeriktirib qo‘yar bu fonogramma.
Bir tosh hasratingga chiqmaydi sherik,
Yelkangga tashlanmas na birorta bosh,
Bu shahar ichida aktyor hamma.
(Kun ishga borishar, tun ishdan kelishar)

Issiqlik isini bahsh etolmaydi,
Har yerda muzlagan yoniq alanga.
Yoqilgan yulduzlar,
Yoqilgan osmon,
Umr chiroqlari –
tashlangan tanga.

Bu shahar yuzida qop-qora niqob,
Har qalbning ichiga to‘r yoygan nafrat.
Baxtsiz qo‘lberganlar,
Baxtsiz suyganlar,
Baxtsiz sevishganlar,
Majburlik, armonning niqobi basharasida,
Bu shahar ichida o‘lik muhabbat.

Yomg‘irlari hissiz,
qorlar bequvonch,
Quyosh bosh ko‘tarar charchab saharda.
Kapalak quvlagan bolalar qani?
Qishloqning mehri yo‘q bu keng shaharda.

Nilufar ERGASHEVA – 2005-yil Fargʻona viloyati Qoʻshtepa tumanida tugʻilgan. Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi bitiruvchisi. Adabiyot yoʻnalishida Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini qoʻlga kiritgan. Hozirda Oʻzbekiston Milliy universiteti oʻzbek filologiyasi fakulteti 2-bosqichida tahsil olmoqda.

NODIRA

Ho‘qand yondi!
Yog‘ildi ofat,
Yonib bitdi ulug‘ mamlakat.
Evoh!
Qarshi ummatga-ummat
Shaylandilar qonli hamlaga.

Samovotning kipriklari nam,
Ko‘zlarida nelar qalqidi?!
Buxoro ham, ko‘hna Ho‘qand ham
Bitta Vatan, bitta xalq edi!

Yiqitdilar ona yurt tug‘in,
Ko‘ngillarni tark etdi shodlik.
Nodira – bu abadiy yig‘i,
Nodira – bu ma’yus ozodlik!

Temurlarni tuqqan hur xalqim,
Qani, kim bor qalqon bo‘lishga?
Qani, kim bor xoinga qalqib
Millat deya yonib o‘lishga?

Siz yiqilmang, so‘nmasin uchqun
Hukmrondir toki tahlika.
Ho‘qand uchun,
Or-nomus uchun,
Vatan uchun yashang, malikam!

Eliga yov, shaytonga sherik,
O‘sha qassob, o‘sha kazzobi.
Nodira – bu qo‘ldan ketgan erk,
Nodira – bu qullik azobi!

Jonajonim!
Yur endi nari
Vatanfurush kas – “mullo”lardan.
Yangi asr Nodiralarin
Bugun asra Nasrullolardan!
Shunda baland hilpirar tug‘ing,
Ko‘ngillarga qaytadi shodlik.
Nodira – bu abadiy yig‘i,
Nodira – bu ma’yus ozodlik!

Umid QODIR – 2002-yil 18-yanvarda Jizzax viloyati Arnasoy tumanida tug‘ilgan. Adabiyot yo‘nalishida “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

DALLI RASSOM TILIDAN

Malikam, men osiy, jazoga loyiq,
Chizmoq istagandim suvratingizni.
Ko‘zingizga boqdim va ketdim boyib,
Kutib o‘tirmadim ruxsatingizni.

Chizdim – ismatingiz, chizdim – dilingiz.
Badkor kimsalardan qonadi boshim.
Go‘zallik nimadir – bilmas ilmsiz,
Mardaklar* yuribdi, lavozim oshib.

Malikam, har boqsam tavoze etdim,
Har boqsam borliqqa to‘ladim tovon.
Suvratda bir ajib siyratga yetdim,
Ay pari paykarim, ay Mohi tobon.

Yig‘lamang, hech qursa ayoq* bo‘larman,
Yo mato bo‘larman – yoshingiz artgan.
Siz uchun janglarda g‘olib o‘larman,
Siz uchun janglardan sog‘-omon qaytgan.

Lek bir g‘anim bordir, kemirar ichim,
Suzib bormoqdaman gumonlar aro.
Axir yashayapman ko‘zlarim ichib,
Shubhalar tirnamish, yuragim yaro.

Malikam, ishq istab keldim jahona,
Shundoq lab istadim – qaynoq, lolagun.
Yuragim sig‘magay – ul mahbusxona –
Ko‘ksimga betoqat urilar tugun.

Men sizni umrbod chizmoq xohlarman,
Ketarman saltanat – g‘avg‘odan badar.
Loyga qorishgan yo‘q, nomim oqlarman,
Olamni izlarman ko‘zingiz qadar.

Olamni istarman ko‘zingiz qadar!

Mardak – paskash
Ayoq – piyola, ko‘za

Samandar G‘ANIJONOV – 2003-yil 7-may kuni Farg‘ona viloyati Rishton tumanida tug‘ilgan. “Duel” loyihasiga Namangan viloyati nomidan ishtirok etmoqda.

* * *
Buzilgan argʻimchogʻim oʻrnida,
Bolaligim osilib turadi.
Sochlaringni boyla deganday opamning qiziga…
U esa menga qarab kuladi
Allaqachon tamom boʻlgan muzqaymoq qogʻozini tekkizib yuziga…

Xayol suraman!..
Daryolarday ulugʻ,
Duoday qutlugʻ,
Momomning koʻngliday pok –
Uzum donalari qarab turadi menga…
Ular bolaligimda ham shunday edi…
Dadamning bolaligida ham,
Bobomning bolaligida ham,
Isminida unitgan enamning nafis loladekligida ham,
Xuddi shunday boqardi ular.

Dunyoda dunyo talashib,
Bola talashib,
Bola tashlashib,
Yoqalashib,
Yoqlashib,
Oʻzlarini oqlashib,
Inson nomini dogʻlashib
Insonlar oʻzgardi…
Ammo ular uchun bular qiziq emas!
Yomonni ham,
Yaxshini ham toʻydiraveradi bu toklar…
Xuddi xoinni emizgan begunoh onaday!

Opamning qizi xayolimni buzadi –
– Togʻa, yana muzqaymoqqa pul bering!
Bajaraman.
– Rahmat! – deydi.
Iljayaman.
Eslayman…
Opam bilan
tandirxona tomida uzib yegan olmalarimizni,
Oʻn yettisida erlagan xolalarimizni,
Doimo kalaka qilgan bolalarimizni,
Daladan kelmaydigan onalarimizni…
Biz boqadigan qoʻylar soʻyiladigan ayyomlarni,
Uxlab qolgunimcha duo aytadigan ayollarni,
Tushlarimda mingan otimning yollarini…
Hamma-hammasini oʻsha ondagidek eslayman!
Mening havaslarimni gʻarbning kuylari,
Nigohlarimni qizlarning yengsiz koʻylaklari,
Badavlat odamlarning baland uylari,
Hayratli oʻqituvchimizning hayratli oʻylari oʻzgartirdi…

Ammo ular oʻzgarmagan!
Ular – hali ham orzu,
Ular – hali ham ezgudir!
Ular – mening mogʻorlagan yuragimda mangudir!

Bolaligim argʻimchogʻim oʻrnida osigʻliq turadi!..
Uning ruhi amakim buzgan uylarning,
Bobomning eski radiosidagi kuylarning,
Ayvonda yalangʻoch yotgan tunlarimning
Abadulabad boshida aylanib yuradi…

Bolaligimning ruhi meni poylab turadi,
Yoʻlimni toʻsadi,
Yuzlarimdan silaydi,
Beoʻxshov soqolimga imlaydi,
Ammo indamaydi…
Faqatgina yigʻlaydi…
Unsiz yigʻlaydi…
Oʻshanda – onamdan koʻkrak soʻrab yigʻlaganim kabi yigʻlaydi,
Bobomni koʻmishganda yigʻlaganim kabi yigʻlaydi…
Mendan yuz oʻgirib yigʻlaydi,
Argʻimchoq oʻrniga oʻgrilib yigʻlaydi.
Men ham qoʻshilib yigʻlay boshlayman…
Yirtiq koʻylaklariga boqib,
Kichik jussani quchoqlab,
Yuzma-yuz oʻtib,
Orqalab,
Oʻzimni oqlab yigʻlayman…
Mendan xafa bolaligim ruhini yupatib yigʻlayman…
Mendan xafa bolaligim ruhiga qoʻshilib yigʻlayman…

Opamning qizi muzqaymoq koʻtarib kirib keladi –
Meni koʻradi,
kuladi…
Uy ichida pechkaga oʻt yoqayotgan opamga yuguradi.
Meni koʻrsatib kuladi…
Opam meni koʻradi…
Opam – meni biladi…
Opam – arg‘imchoqni biladi…
Opam menga achinadi…
Opam argʻimchoqqa achinadi…
Keyin opam ham yigʻlaydi…

O‘lmas RAIMQULOV – 2000-yil Navoiy viloyati Nurota tumanida tug‘ilgan.

* * *
Men kim, devonaning to‘rvasi misol,
Berganingga rizo, berolmasang ol,
Ichimda toshdayin tebranar shamol,
Tashimda ko‘rganing xayoldir faqat.

Ko‘zlarim janubdir, nigohim shimol,
Ming labdan simirdim gunohi zilol,
Qaydasan ey meni yaratgan kulol,
Senga g‘amlaganim savoldir faqat.

Sarkorlar safoning lahjasin tuysa,
Sirtlonlar to‘ng‘izning zavjasin suysa…
Yelkamga bir arslon panjasin qo‘ysa,
Bu yurtda qolgani shoqolmi faqat?

Nahot to‘rt tomonim bo‘lgandir tamom,
Alplar yor axtarar etagi omon,
Siynasin quyoshdan qizg‘ongan momom,
Qoldirganing o‘lan, maqolmi faqat?

Men jasorat nuri toblagan o‘g‘lon,
Ol, boshim sen oqqan tarixga to‘g‘on,
To‘lg‘on ey Turkiston, uyg‘on ey Turon,
Ongingda misqollik kor-holmi faqat?

Qanot yoz, zarbidan zil ketsin qafas,
Yelkan bo‘l, dengizdan simirgin nafas,
Er yigit erkini qizg‘onar va, bas,
Biz uchun ozodlik haloldir faqat!

Biz uchun ozodlik haloldir faqat!

Madina NORCHAYEVA – 1995-yil Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida tug‘ilgan. “Qumaru” she’riy to‘plami nashr etilgan. “Zulfiya” mukofoti sovrindori.

* * *
Kechir,
Taqdir tulporlari izmimdan chiqdi,
Yo‘llarda chalkashdi umr – aroba.
Quyosh har saharda yangi kun tug‘di,
Kunlarki, asrga barobar.

Baliqlar tushidan loyqalandi suv,
Vaqt bo‘m-bo‘sh ko‘nglimni qilarkan xatm.
O‘zimdan ichkari xilvat topdim-u,
“As’hobi Kahf” kabi uzoq uxladim.

Qaytsam,
O‘ngirlarda chechaklar to‘lgan,
Eskirib bitgandek qayg‘uning bari.
Tegramda vijirlab ishq lug‘atidan
Charx urar ko‘klamning qaldirg‘ochlari.

Kechir,
Taqdir tulporlari izmimdan chiqdi,
Lek keldim, bormisan dunyoda omon?
Chorlay desam noming aqlimdan o‘chdi,
Ketay desam yoding tirikdir hamon.
Kechir…

Gulhayo ANOROVA – 1998-yil Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida tugʻilgan. “Avron” sheʼriy toʻplami chop etilgan.

* * *
Men jim kuzataman onam umrini,
Bir yodgorlik kabi turar mung‘ayib.
Lavhiga qirtishlab bitilgan yoziq
Rangsiz fasllarda bo‘ldilar g‘oyib.

Men jim kuzataman onam umrini.
Uyqusi adashgan qushlarday behol,
Ko‘zlari kirtaygan,
Rangi uniqqan
Gullardek iforin bilmas ehtimol.

Men onam umrini kuzataman jim…
Yomg‘irga jom bo‘lar chumoli ini.
Har oqshom bokira hislar qatidan
Ko‘zlaring izladi qanday afsunni?

Men jim kuzataman onam umrini,
Anhorday shovullar olomon besar.
Sening-chi, ko‘ksingda urayotir bong
Inson anglashi man etilgan hislar.

Men jim kuzataman onam umrini.
Bolangman yupanchga jur’at etmagan.
Ro‘moling chetidan sirg‘algan g‘arib
Sochlaring o‘tmishdir qo‘lim yetmagan.
Men jim kuzataman onam umrini…

Sevinch ABDAZOVA – 2005-yil Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida tug‘ilgan. Hozirda Guliston davlat universiteti talabasi.

* * *
Aka, ko‘pkarini qo‘ymading-a hech,
Men esa kitobni –
Bir umrga zeb.
Nega shahar borsam, kulishar ular
“U cho‘pon qizi”, – deb,
“Dehqon qizi”, – deb?
Shamollar esmaydi u tomonlarda,
Faqat xayollarim yuradi daydi.
Manov qayrag‘ochga suyangan ko‘nglim
Bir yozilib yana yig‘lab olsaydi.
Sen uloq talashding keng adirlarda
Mening tor ko‘ksimga sig‘madi olam.
Bilaman…
Bilaman,
mushkul aslida
Bir umr maydonda kurashmoqlik ham.
Otamning choponin chang bosdi, netay,
Tulporlar bostirib keldi daf’atan.
Viqori ulkan bu qirlar ortidan
Menga ko‘zin tikar ulug‘ bir Vatan.
Sen ista, bu tog‘lar bag‘rini yorib
Ketaman eng go‘zal hislardan nari.
Sen esa uloqmas,
Erkim talashgin,
Mana senga ko‘nglim,
Umrim – ko‘pkari!

Gulmira ABDIRAIMOVA – 1999-yil Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti magistranti.

MUNOJOT

Uzoqlardan ovoz beradi tog‘lar,
Yiqilsang, biz bormiz, cho‘ksang, tuproq bor.
Men uchun kuzakning ko‘ylaklariga
To‘kilmoqchi bo‘lar yam-yashil bahor.
Barchasi borligin, garchi bilaman,
Sensiz… men ularni nima qilaman?!

Jonimga qutqular sololmaydi qish,
Qahraton poyiga olovlar yoqdim.
O‘zi imkon bo‘lib keldi har tashvish,
Men chigal dunyodan to‘g‘ri yo‘l topdim.
Barchasi borligin, garchi bilaman,
Sensiz… men bularni nima qilaman?!

Suhbatdoshim bo‘ldi donish sukunat,
Kechaning ming bitta rangini ko‘rdim.
Tongning oynasiga qaratib qo‘yib,
Quyoshning to‘lqinli sochlarin o‘rdim.
Barchasi borligin, garchi bilaman,
Sensiz… men ularni nima qilaman?!

Yursam, qadamimda ochiladi gul,
Ortimdan ergashib kelar axtarlar.
Kunma-kun nur bilan yozilayotir
Toleyim bitilgan ko‘hna daftarlar.
Barchasi borligin, garchi bilaman,
Sensiz… men ularni nima qilaman?!

Boshimdagi tojmi yo mudragan mor,
Yelkamdagi ko‘kmi yo eski qanor,
Qo‘limdan sirg‘alib borar bir anor,
Xudojon, qayg‘uyim bo‘lmasdan minor,
Bir bora eshitgin! Borsan! Bilaman!
Sensiz… men bularni nima qilaman?!

Rahmat BOBOJON – 1998-yil Xorazm viloyati Shovot tumanida tug‘ilgan. “Ro‘baro‘” she’riy to‘plami chop etilgan. “Mard o‘g‘lon” mukofoti sovrindori.

VIDONING SO‘NGGI SO‘ZI

Sen mag‘rursan! Meni qiynagan
kiyib libos mahzun ranglardan.
Ayt, uchmading qaysi hiylaga,
omon qolding qaysi janglardan?

Adadi yo‘q so‘roqlarimga
arziydigan javob izladim.
Hech tap tortmas gunohlarimga
qasdlashishdan to‘ydi qismatim.

Va hajringda yuksaldi qalbim,
Nadomatni sipqordi tashna.
Kechagidek yonib, hapqirib,
Oshig‘ingga bir nigoh tashla.

Anduhlarga qo‘yib tamom chek,
Bo‘lib go‘yo bizni siylagan,
qo‘llaringdan umrimni guldek
yulqib oldi
qismat – hiylagar…

Muhammaddiyin AYTJANOV – 1997-yil 6-dekabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qanliko‘l tumanida tug‘ilgan. Ayni paytda maktabda musiqa fani o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritadi.

* * *
Jaw jawa ber qattı.
Gúldirlegen sestińnen álem ketsin seskenip,
Juwıp ketkil barlıǵın otırmaǵıl eskerip,
Keleseńdee keteseń qara jawın kesh kelip,
Qay mánzilge jawsań dep otırmaǵıl tekserip.

Jaw jawa ber qattı.
Bálent tawlar qorıqsın sıldırlatıp tawǵa jaw,
Shóller suwǵa qanǵansha shól mánzilge qırǵa jaw.
Dárya tegis tolısın dep ılaylatıp suwǵa jaw,
Bolmaysań ba, mendeyin qırsıq minez dım asaw.

Jaw jamǵırım qattı jaw.
Quwrap turǵan kewlimdey qawjiraǵan talǵa jaw,
Hesh tınbastan úzilmey sózlerdimdi, tolǵa… jaw,
Eger meni túsinseń men haqqımda jırla jaw,
Yarım menen ushırasqan baǵlarga jaw jolǵa jaw.

Jaw jawa ber qattı.
Ózgeshe jaw biraq ta ótken kúndi esletpey,
Ashıw menen ernimdi tislerime tisletpey,
Otırayın bir maydan seni jırlap es ketpey,
Jamǵırım jaw dawıllap minezińdi túsletpey.

Jaw jawa ber qattı.
Kewilime muxabbat jamǵırıńdi quyıp ket,
Ótken kúndi esletpe ket arı dep quwıp ket,
Sezimnende sharshadım bárin óshir juwıp ket,
Sol biyopa yardayın sen de mennen suwıp ket.

Jaw jawa ber qattı.
Kelgenińde quwandım keldi mınaw dep qaydan,
Ketkenińde jubandım keledi-aw dep bir jaydan,
Derezeden ser salıp otırayın bir maydan,
Jamǵırım jaw ketir bárin esletpesten tez oydan.

Jaw jawa ber qattı.
Sen arqalı dárt penen ketsin meniń gúnayim,
Sen dep jańa sózlerdi kewlim menen qurayın,
Ne sebepten quwanbayın ne sebepten jılayın,
Jaw jawa ber. Júzlerimdi hár bir tamshıń suwlarına juwayın.

Jaw jawa ber qattı, sennen sonı sorayın.

Iroda RAHMONALIYEVA – 2001-yil 1-noyabrda Toshkent viloyati Chinoz tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetini tamomlagan. Hozirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Yosh ijodkorlar bilan ishlash bo‘limi xodimi.

* * *
Agar nurman, agar oftob,
Va yo yog‘du va yo mohtob,
Na bo‘lsam ham manim yakto
Madorim bo‘l…

Agar gulgun, agar durkun,
Va yo so‘lg‘in va yo surgun,
Na bo‘lsam ham, sen ey ko‘rkim,
Harorim bo‘l…

Agar qushman, agar xushman,
Va yo o‘ngman va yo tushman,
Na bo‘lsam ham dilim xushlar
Qarorim bo‘l…

Agar tergar, agar sergap,
Va yo ko‘ksing tilar mergan…
Na bo‘lsam ham faqat senga
Bororim bo‘l…

Nozima HABIBULLAYEVA – 1996-yil 4-noyabrda Farg‘ona shahrida tug‘ilgan.
Adabiyot yo‘nalishida “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sovrindori.
“Madaniyat va ma’rifat” telekanali muharriri. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Moviy qo‘shiq”, “Nafas” nomli kitoblari chop etilgan. “Duel” loyihasiga Toshkent shahri nomidan qatnashmoqda.


* * *
Yarim tun.
Zil zambil zimiston.
Deraza – shu’lalar doyasi.
Eng zaif nurlarni devorda
Allalar yaproqlar soyasi…
…men – zimman.

Zo‘rlarning xivchini – uzun til,
Zanjiri tilida qullarning.
Nima deb ovutay guldonda
Oyog‘in tush ko‘rgan gullarni?..
Men jimman.

Sukunat eng qadim xumchadir,
Sadosi ming yillar narida.
Chang bosgan eng toza tilaklar,
Chirog‘im dunyoning qa’rida.
Men – jinman.

Qanotim ostida edi ko‘k,
Mardlarga yor edim qachondir.
Izlarim yo‘qolgan zaminda
Qachondir bor edim, qachondir…
Men – chinman!

Sochilib boryapman ochunga,
Cho‘kmoqda ming bitta bo‘lagim.
Bor bo‘lsa qayerda, ko‘rsating,
Qanday yashayapti yuragim?
Men kimman?


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img98

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img610

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img607