04.11.2024 | 17:05
1036
“Duel” mushoirasi
“Duel” loyihasining kattalar she’riyati yo‘nalishi bo‘yicha hududiy bosqich g‘oliblari ijodi bilan tanishtirgan edik. Bugun loyihaning bolalar she’riyati yo‘nalishida respublika bosqichiga saralab olingan yosh ijodkorlarning ijodiy ishlarini havola etamiz.

Dilshoda ABDUMUTALLIBOVA – 2004-yil Andijon viloyati Paxtaobod tumanida tugʻilgan. Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi. Hozirda Andijon davlat chet tillar institutining 2-bosqich talabasi.
UKAM
Ukam tomdan yiqilib tushib,
Oyoq qoʻli ketibdi shishib.
Yirtilibdi, qarang, yangi shim,
Koʻzidan yosh oqadi tim-tim.
Bir hafta boʻldi tuzaldi ham,
Xursandlikdan quvnaydi koʻzi.
Tuzaldim deb sakradi: “Ur-ra!”
Yana boʻldi peshona gʻurra.

Shamshoda HAMDAMOVA – 1996-yil Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida tug‘ilgan. Buxoro shahridagi 24-sonli maktab-internatining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi.
SICHQONNING MUSHUKKA MAKTUBI
Qadrli janob mushuk,
Sizga yozay bir noma –
Kecha tuzganim kabi
Qopqon bilan shartnoma.
Shaffof, odil, bezarda
Sulhimiz qoidasi.
Tutiladi nazarda
Ikki tomon foydasi.
Bilmadim-ku, qaytarmi
Yo‘qmi arslon izidan.
Rostdir so‘zimning yarmi,
Sichqon qaytmas so‘zidan.
Moddalar daftar-daftar,
Sal chinroqdir yolg‘ondan.
Ishonmasangiz agar,
Surishtiring qopqondan.
Qopqon rostgo‘y, qopqon mard,
Yo‘q qasamning keragi.
Chindan rost chiqar albat
Har so‘zining choragi.
Janobi oliy mushuk,
Xatim biroz cho‘zildi.
Maktub bir yog‘i teshik,
Bir yog‘i sal chizildi.
O‘ylamang yana: “Sulhning
Mag‘zini kemirgan”, deb.
“Mening ulushimni yeb,
Yorilgur, semirgan”, deb.
Go‘lmassiz, fahm qilmay
Mening foydam neligin.
Biroz hayronsiz bilmay
O‘zingiznikin lekin.
Netay, shirin ekan-da
Shu kichkina jon bizga.
Olib berish yelkamda,
Qopqondagi non sizga.

Dilobarxon ABDULFATTOHOVA – 2008-yil Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida tug‘ilgan. Hozirda Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabida tahsil olmoqda.
CHUVALCHANGGA MASLAHAT
Kichik do‘stim chuvalchang
Senga bir zo‘r maslahat.
Gaplarimni eshitib,
Xafa bo‘lmagin faqat.
Hayratdaman, nahot sen
Yerni hazm qilasan?
Agar topsang loy, tuproq –
Shunda bazm qilasan.
Lekin shuni unutma,
Ko‘p chiqmagin sovuqqa.
Gar ehtiyot bo‘lmasang,
Yem bo‘lasan tovuqqa.

Zuhra YO‘LCHIYEVA – 1999-yil Jizzax viloyati Zomin tumanida tugʻilgan. Zulfiya nomidagi davlat mukofoti hamda Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi. Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi. Hozirda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti magistraturasida tahsil olmoqda.
USTA
– Qarang, qanday ustaman,
Bejizgamas suronim.
Bugun ham sozlab qo‘ydim
Soat, qulf va javonni.
Buzilgan nimangiz bor?
Tuzataman bir zumda.
Shartta sozlab, mana deb,
Uzataman bir zumda.
– Unday bo‘lsa, qani tez
Bajargin talabimni.
Eplasang, tuzatib ber
Buzilgan asabimni.

Zarnigor SANOYEVA – 2006-yil Navoiy viloyati Karmana tumanida tugʻilgan. Hozirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi.
TANBEH
Qandlarga qorong‘uda
Tanbeh beradi Azim:
“Mazalisizlar juda,
Lek bordir sizda arzim.
Qachon kelsalar oyim,
Shiqirlaysizlar doim.
Ochganda qog‘ozingiz,
Chiqarmang ovozingiz!
Jahlim chiqdi rosa ham,
To‘ldi sabr kosa ham.
Yeb qo‘yaman barchangiz,
Qolmas hatto parchangiz!”

Mushtariy HAYDAROVA – 2001-yil Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida tug‘ilgan. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi.
ARINING O‘G‘LIGA NASIHATI
Farqini bilsin deya
O‘g‘liga so‘zlar ari:
“Dangasa-yu quloqsiz
Bizga dushmandir bari.
Ozor bermagin, o‘g‘lim,
Chaqib go‘zal lolani.
Faqat chaqishing mumkin
O‘qimagan bolani!”

Charos RAHIMQULOVA – 1998-yil Samarqand viloyati Narpay tumanida tug‘ilgan. Hozirda tumandagi 54-umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi.
NЕGA YOLG‘ON AYTASIZ?
Qozonning “qulog‘i” yo‘q,
Stolning “oyog‘i” yo‘q.
Echkining tuyog‘idek
Musaning “tuyog‘i” yo‘q.
Nega yolg‘on aytasiz?!
Tandirning “og‘zi” bo‘lsa,
Nega unda tishi yo‘q?
“Beshiktebratar” deysiz,
Beshik bilan ishi yo‘q.
Xonning qizi ataysiz,
“Xonqizi”ning yo‘q toji.
“Oyoqni qo‘lga olish”
Topilarmi iloji?
Derazaning “ko‘zi” yo‘q,
Gapning ham hech “tuzi” yo‘q.
“Ana, ajina”, deysiz,
Ajinaning o‘zi yo‘q.
Nega yolg‘on aytasiz?
Nega yolg‘on aytasiz?!

E’zoza ALIMOVA – 1997-yil Sirdaryo viloyatida tugʻilgan. Hozirda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti magistraturasida tahsil olmoqda.
“NOZIK” MЕHMONLAR
Dadam nonushta payti
Kutilmagan gap aytdi:
“Keladi bugun mehmon,
So‘zlarim eshit, Omon –
Bozor tomon tez chopgin,
O‘nta shirmoy non topgin.
Olma, anor va uzum…
Esdan chiqmasin tuxum.
Ona qizim Sarvinoz,
Barcha ishni qilgin soz.
Toza bo‘lsin hamma joy,
Uyalmasmiz hoynahoy.
Nozik mehmondir ular,
Oyingiz oshni qilar”.
Tezda yeng shimarishdik,
Barchamiz terlab, pishdik.
Xullas, keldi mehmonlar,
Xizmatda biz – mezbonlar.
Uyga kirishdi sekin,
Nozik emasdir lekin –
Keldi mening “havasim”,
Semiz ekan hammasi.

Munisa A’ZAMOVA – 1998-yil Navoiy viloyatida tug‘ilgan. “Andoza” nomli she’riy to‘plami nashr etilgan.
RASSOM
Quyosh chizdim, oy chizdim,
Togʻ ichidan soy chizdim.
Qolmadi gul, daraxt ham,
Turfa rangga boy chizdim.
Maqtadilar soʻng dadam:
“Rasming oʻxshar xo‘p sozga,
Lek ish chatoq birozga.
Chizaqolgin, oppogʻim,
Keyingi gal qogʻozga”.

Sardor SA’DULLAYEV – 2001-yil Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida tug‘ilgan. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlagan.
TARJIMON
“Pen” degani – qalamdir,
“Book”ning ma’nosi – kitob.
“Miss” desa xonim bo‘lar,
“Ser” tarjimasi – janob.
Ayni damda qalbimda
Paydo bo‘ldi bir istak –
Bo‘lmasmi, serquyoshni
“Janob quyosh” atasak?!

Allayar DARMENOV – 1997-yil Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanida tug‘ilgan. Hozirda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti talabasi.
ГҮБЕЛЕК
Есиңде ме, гүбелек?
Сени қуўып жүрер ек,
Гүл жүзине қондырмай,
Тынбай азап берер ек.
Есиңде ме биз барда,
Жоламадың гүлзарға?
Жеткермеўди сендеги,
Көрип жүрмен қызларда.
Услатпасаң гийне қып,
Қуўып кетсек ийнелик,
Келер едиң бираздан,
Қасымызға сүйкелип.
Ҳәрре ушса пал алып,
Сен шығар ең доланып,
Түсинбей енди тилиңе,
Қумсатады балалық.
Мени кешир, гүбелек,
Көзде жасым дөңгелек,
Үлкеймеймиз деп сирә,
Өзимизше жүрер ек.
Кешир демей не дейин,
Кеширмесең ешейин,
Қанатыңа толтырып,
Қосық жазып берейин.

Naima ANVAROVA – 1998-yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida “Makka va hakka” nomli she’riy to‘plami chop etilgan.
XO‘ROZQAND
Besh-olti chaqa
Berib ukamga:
“Aslo sezdirma”,
Dedim akamga.
Yo‘qsa ikkimiz
Yeb qolamiz pand.
Olib kel bunga
Shirin xo‘rozqand.
Ukam do‘konga
Borib keldi tez.
Men ham ichimdan
Quvondim shu kez.
“Qand oldim!” deydi,
Hovliqib biroz.
“Lekin bu pulga
Kelmadi xo‘roz”.
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



