05.11.2024 | 10:30
576
TARIXIY XOTIRA BARHAYOT
Prezidentimizning “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi jadid bobolarimiz va qatag‘on qurbonlarini xotirlash, ularning ilmiy-ma’rifiy merosini o‘rganish ishini yangi bosqichga olib chiqdi.

Mazkur qarorda siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyatini o‘rganish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish ishlarini muvofiqlashtirish, siyosiy qatag‘on qurbonlarini viloyat, tuman va shaharlar kesimida nomma-nom aniqlash, ularning hayoti va faoliyati, tarixiy xizmatlari haqidagi ma’lumotlarni, arxiv va muzeylarda saqlanayotgan hujjatlarni to‘plash, tegishli mahallalar va umumta’lim maktablarida xotira burchaklarini tashkil etish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Bunda Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda uning hududiy bo‘limlari ilmiy xodimlari uchun vazirlik va idoralarning idoraviy arxivlaridan foydalanish, muzey va uning hududiy bo‘limlari fondlarini muntazam boyitib borish, yangi ekspozitsiya va ko‘rgazmalar tashkil etish, bu borada zamonaviy axborot texnologiyalari, multimedia vositalaridan keng foydalanishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, mavzuga oid kitoblar, yo‘l ko‘rsatkichlar chop etish va tayyorlash bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida mahallalar, tumanlar, hududlar va respublika darajasida maxsus fondlar tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.
Hozirgi murakkab va tahlikali davr mustaqilligimizni har tomonlama mustahkamlash, ko‘p millatli xalqimizni Vatanimiz bayrog‘i ostida yanada jipsroq birlashtirishni taqozo etmoqda. Buning uchun asl tariximizni tiklash va ilmiy nuqtayi nazardan chuqur o‘rganish, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlodning Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usini, fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish lozim.
Qarorda har yili oktyabr oyining birinchi haftasini mamlakatimizda Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida nishonlash belgilangan. Shundan kelib chiqib, joriy yilda “Tarixiy xotira, ma’naviy va ruhiy tarbiya – Yangi O‘zbekiston poydevori” shiori ostida barcha tuman va shaharlarda, mahallalarda, tashkilot va muassasalarda ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tushuntirish tadbirlari hamda davra suhbatlari, uch avlod uchrashuvlari, xotira va qadrlash kechalari o‘tkazildi.
Ma’lumki, nafaqat jadid bobolarimiz, balki taniqli istiqlol kurashchilari ham mustamlaka azobini totgan barcha millatlarning manfaatini o‘ylagan holda kurashga kirgan. Kommunistik mafkura tarafdorlari esa o‘z siyosiy maqsadlarini amalga oshirish niyatida millatlarning haq-huquqlarini ayovsiz toptab, milliy qadriyatlarni oyoqosti qilgan holda jamiyatda o‘z g‘oyalarini qurol va kuch yordamida amalga oshirishga harakat qilishgan.
Shu ma’noda mamlakatimizda bugun qatag‘on siyosatiga nisbatan e’tiborning davlat darajasiga ko‘tarilishidan ko‘zlangan bosh maqsad – ko‘p millatli xalqimizning haq-huquqini birday himoya qilish, o‘zligini namoyon etishdan iboratdir. Bugun muzeyimiz ilmiy jamoasi tomonidan Sadriddinxon Sharifxo‘jayev, Ahmadbek Mavlonbekov, Sherimbet qozi Davlatmurod o‘g‘li, Yunusjon hoji Og‘aliqov kabi shu vaqtgacha faoliyati, millatimiz tarixidagi xizmatlari kam o‘rganilgan milliy qahramonlarimiz bilan bir qatorda, 1891-yil Ko‘hna Urganch shahrida tug‘ilgan, “Xorazm hikoyalari”, “Matyoqubov”, “Junaidxon” kabi asarlari bilan shuhrat qozongan yirik adib Boris Cheprunov, ukrain millatiga mansub tarixchi, professor Vasiliy Yakovlevich Yaroskiy, belorus professori Yaroshevich Nikonor Kazimirovichning ham mamlakatimiz taraqqiyotidagi tarixiy xizmatlari xolis o‘rganilmoqda. Ilmiy tadqiqotlar orqali ko‘p millatli xalqimiz manfaatlarini himoya qilgan qatag‘on qurbonlari nomini abadiylashtirish, ilmiy merosini o‘rganish muhim ahamiyatga molikdir.
Bahrom IRZAYEV,
Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi bosh ilmiy xodimi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 1-noyabrdagi 45-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



