10.04.2024 | 23:13
358
AYB KIMDA?

“Jadid” gazetasining 2-sonida e’lon qilingan Go‘zal Xalilovaning “Tiniq osmon, yashil makon” maqolasi ko‘pdan beri o‘ylab yurganlarimni qog‘ozga tushirishga turtki berdi.
Bilasiz, sayyoramizda Shvetsiya degan davlat bor. Bu davlat ko‘p yillardan buyon dunyodagi eng farovon mamlakatlar o‘ntaligidan joy olib keladi. Ayrim olimlar fikricha, bunga sabab mamlakat aholisining “Lagom”ga muvofiq yashashlari ekan.
Shvetsiyaliklarning odob-axloq normalari, turmush tarzini belgilab beruvchi asosiy odobnomasi, qo‘llanmasi “Lagom”, deb ataladi. “Lagom” falsafasi vikinglar davridan qolgan, deyishadi. So‘zning o‘zi ham “lagetom” – “aylana bo‘ylab uzatish” so‘zlari birikmasidan kelib chiqqan ekan. Qadim zamonlarda marosimlarda asal va mevalardan tayyorlangan sharbat idishi doira bo‘ylab uzatilar ekan. Bu idishdan har kim boshqalarga ham yetishini mo‘ljallab ichishi kerak bo‘ladi. Ya’ni bu dasturxon atrofida sendan boshqalar ham bor, o‘zingdan boshqalarni ham o‘yla, xudbinlik qilma, degan qat’iy tamoyilni o‘zida jamlagan bu odat keyinchalik paydo bo‘lgan shvedlar odobnomasi – “Lagom” uchun asos bo‘lib xizmat qilgan. “Lagom” so‘zi hozirda “yetarli”, “yetarlicha”, “muqobil”, “to‘g‘ri”, “mo‘tadil”, “muvozanat”, “optimal”, “mos”, “ko‘p ham emas, oz ham emas” kabi so‘z va iboralar orqali tarjima qilinadi. Bu ehtiyotkorlik, oqilonalik, to‘g‘rilik, mo‘tadillik kabi tushunchalarni o‘zida jamlaydi. Shvedlarda ijtimoiy hayotdagi salbiy o‘zgarishlar “Lagom” tamoyilidan chetga chiqish sifatida qaraladi. Ya’ni odamlar qilgan ishlari “Lagom”ga to‘g‘ri kelish-kelmasligiga qarab baholanadi. Ishi, tutumi o‘z odobnomalariga to‘g‘ri kelsa – yaxshi, to‘g‘ri kelmasa – yomon. Ushbu butun boshli falsafaning o‘zagi barcha narsada mo‘tadillik, ko‘p ham emas, oz ham emas, aynan keragicha miqdorga egalik va tasarruf qilishdir. “Lagom” usulidagi hayot esa, oddiy va ortiqcha hamda qalbaki buyumlarsiz turmush tarzi degani.
Ana shu milliy qoidalar majmui shvedlar hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Har bir sohada – xizmat, munosabatlar, interyer dizayn, uslubda shvedlar shunga muvofiq ish tutishadi.
Shvetsiyaliklar vaqtini tabiat qo‘ynida o‘tkazishni xush ko‘rishar ekan. Har bir kishi atrofdagilarning tinchligini buzmagan holda erkin sayr etishi, qo‘ziqorin va mevalar terishi, istalgan yerda chodirlar o‘rnatishi mumkin. Shuning uchun shvedlar har qanday ob-havoda ham shahar tashqarisiga chiqib, sayillar uyushtirishadi. Ta’tillarini ham ko‘proq o‘z yurtlarida o‘tkazadilar. Dala hovli yoki yozgi uylariga ketishadi, u yerda kun bo‘yi mutolaa qiladilar, cho‘miladilar, stol o‘yinlarini o‘ynaydilar va, eng asosiysi, hech qayerga shoshilmaydilar.
2016-yilda yovvoyi tabiat fondi tadqiqot o‘tkazib, doimiy ravishda tabiat qo‘ynida dam oladiganlar o‘zlarini baxtliroq va sog‘lom his etishlarini aniqladi. Boshqa tadqiqot ham bunday sayohatlar vaqtida odam xotirjam bo‘lib, ruhiy yuksalishi va ijod bilan shug‘ullanishga moyilligi ortishini ko‘rsatgan.
Xullas, inson tabiat bag‘rida o‘zini baxtli sezadi. Zero, odamzod ham shu tabiatning bir qismidir. Muhimi, tabiat qo‘ynida boshqalarga ziyon yetkazmay sayr qilish, dam olish baxtli odamlar mamlakatining asosiy amal qiladigan qoidalari majmuida belgilab qo‘yilgani. Yuqoridagilarni yozishdan maqsad, shvedlar ona tabiatga ziyon yetkazmaslikni, suvni ifloslamaslikni odob-axloq me’yori sifatida bilishlarini aytish edi.
Esingizda bo‘lsa, uzoq o‘tmishda emas, yaqin-yaqinlargacha keksalar “Suvga tupurma!” deb nasihat qilishardi. Suv ichib bo‘lgach, Xudoga shukr deyish kerak, deb o‘rgatishardi. Balki hozir ham bunday nasihat beradigan keksalar bordir. Lekin bu gaplarga amal qilyapmizmi? Amaldagi holat esa, buning tom ma’noda teskarisini ko‘rsatib turibdi-ku. To‘g‘ri, sanoat korxonalari ishlayapti, mashinalar ko‘p. Axir, shularsiz ham yashab bo‘lmaydi-da. Biroq shahar oralagan ariq, daryo va kanallarning suvlari chiqindiga to‘lib ketganiga kim aybdor? Suv maishiy chiqindilarni, sigaret qoldiqlarini, baklashka-yu sellofan paketlarni tashlaydigan joymi? Suv ne’mat emasmi?! Bog‘lar, gulzor va maysazor maydonlarda dam olib bo‘lgach, hamma chiqindi-yu qoldiqlarni tashlab ketiladigan joymi? Biz bunday befarosatlikka qachon o‘rgandik, qachon ko‘nikib ulgurdik? Axir, biz tabiatga muhabbat bilan munosabatda bo‘lishni, uni sevishni, asrab-avaylashni birovdan o‘rganadigan xalq edikmi? “Bog‘i firdavs latif ast, valekin zinhor Tu g‘animat shumur in soyai bedu labi kisht” (Firdavs bog‘i, darhaqiqat, latifdir, lekin sen zinhor mana shu ekinzor bo‘yi va tol soyasini g‘animat tut) kabi baytlarni aytgan hazrat Hofiz sharqlik emasmidi?! Bunday baytlarni yod aytib yurganlar sharqliklar emasmidi?! Amir Temur birgina Samarqand atrofida qancha bog‘ tiklaganini yaxshi bilamiz-ku. Hazrat Navoiyning tabiatni vasf etgan misralari-yu tiklagan bog‘-rog‘lari ibrat emasmi?!
Bilgichlar aytadiki, qonni tozalasa, tanadagi dardlar arirkan. Tabiatni, atrof-muhitni bir vujud deb qaraydigan bo‘lsak, uning ham qonini tozalash orqali dardlarini aritsa bo‘lar. Zero, tabiatning tomirlari jilg‘a, ariq, daryo va dengizlar bo‘lsa, bu tomirlardagi qon esa shu o‘zanlarda oqib kelib, barcha mavjudot tirikligini ta’minlaydigan suvdir. Demak, suv toza bo‘lsa, ifloslanmasa, havo ham tozalanadi, ifloslanmaydi.
Suvni ifloslamasak, atrofni chiqindi maydonga aylantirmasak, to‘rt enlik yaydoq yerimiz bo‘lsa ham, ekin eksak, ko‘chat o‘tqazsak, havo ham tozalanib, osmonimiz g‘ubor-changlardan xoli bo‘larmidi. Biz ham o‘zimizga nasib etgan shunday jannatmonand yurtda yashab turib, musaffo tabiatimiz bag‘rida o‘zimizni baxtiyor sezarmidik. Axir, inson baxtiyorligining, farovonligining bosh omili tabiat bilan bevosita bog‘liq ekan-ku.
Biz hammamiz bir dasturxon atrofida o‘tirgan vikinglardekmiz. Unutmang, bu “dasturxon” atrofida sizdan boshqalar ham bor, bu “dasturxon”da bizdan keyingi avlodlarning ham haqqi bor!
Mansur JUMAYEV
2024-yil 26-yanvar 5-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599