14.11.2024 | 12:02
416
Qulf ursin mangulik hayotning guli

SOZ
Shoirlarda har xil holat bo‘lar namoyon,
Ular gohi toshqin soyday quyilajaklar.
Gohi esa dardlarini etguncha bayon,
Tuyg‘ulari selgib-selgib tiyilajaklar,
Tiyilajaklar.
Xira tortib qoldim-u yo olam ranglari,
Soxtaroqdek saslanurmi bulbul aytgan roz,
Bilib bo‘lmas… Shoir o‘zin qiynagan sari
Na quyilar, natiyilar qo‘lidagi soz,
Qo‘lidagi soz…
O‘ylab ketar arazlarga borgan yorini,
Achchiq-tirsiq, gina-kudrat, noo‘rin zarda
Izg‘irinday junjiktirar dil gulzorini,
Azob chekar qalb ming turli ishtibohlarda,
Ishtibohlarda…
“Muhabbatning umri boqiy! – deb qo‘yadi u, –
Mish-mishlardan yuksakroqdir sevgi degan his!”
Shirin deydi, Zuhro deydi, u mangu tuyg‘u
Yuragiga to‘lqin-to‘lqin solar nurli iz,
Solar nurli iz!
O‘ylab ketar harbiy xizmat quchog‘idagi
Burchin ado etib yurgan ukasin shu on.
Yalang davron emas axir qishlog‘idagi,
Oti bilan xizmat derlar, batartib doston,
Batartib doston!
Vatan burchi mard o‘g‘longa mardona sharaf,
Umidini senga tikmish bu Ona o‘lka!
Buyuk xalqning avlodisan, bas, shunga qarab
Buyuk Vatan xizmatini o‘tagin, uka!
O‘tagin, uka!
O‘ylab ketar mash’um Qo‘qon fojiasini,
Qizil qonga botirilgan inson huquqin,
Erkning sinmas, so‘ndirilmas sayroq sasini,
Odamzotni lol etguvchi jadidlar ruhin,
Jadidlar ruhin!
Nelar uchun jon chekdingiz, aziz bobolar,
Ne naf, sarflab o‘z pulingiz maktab ochmoqdan?
Ha, Siz Millat deb etdingiz o‘zni fidolar,
Baxt topdingiz shaksiz ilm nurin sochmoqdan!
Nurin sochmoqdan!
Yuraklarga qadalganda zahri qotil o‘q,
Marsiyaga bormadi hech qalam tutgan qo‘l!
Jadid yo‘li erk yo‘lidir, unga o‘lim yo‘q,
Bu millatni olg‘a eltar shon-sharafli yo‘l!
Shon-sharafli yo‘l!
Mana, Yangi O‘zbekiston bog‘i – nurafshon!
Humo qushi… Buyuk zotlar… Gullar tutingiz!
Ta’zim ila, g‘ururdan mast, ko‘ngilda tug‘yon
Ulug‘larga bir-bir salom aylab o‘tingiz!
Aylab o‘tingiz!..
Hayhot!.. Oppoq qog‘oz uzra oqa boshlar she’r,
Kuydirguvsi, yondirguvsi ne nurli xayol,
O‘t ila suv, tuproq, havo, Osmon ila Yer,
Orzu-armon, qahr-u g‘azab, o‘tmish, istiqbol…
O‘tmish, istiqbol…
Birdan tiniq torta boshlar olam ranglari,
Sehrlardan tovlanadi bulbul aytgan roz.
Shoir hayron… O‘z-o‘zidan afsun singari
Ilhom oqar, selday oqar… Jaranglaydi soz,
Jaranglaydi soz!
EY ZAMIN, YOLG‘IZIM
Dunyo xaritasin chulg‘ar xayolim:
Olam mehvarini tutmish Gʻarb-u Sharq.
Ikki yarimsharni koptok misoli
Kimdir urishtirmoq orzusida g‘arq…
Oh, oh, oq kabutar momiq qanotin
Moviy havolarga nozik yozadi.
Raketa, dronlar sirli va botin
Qop-qora fazoda qabr qazadi!
Samovot qa’rida ming bitta falak,
Aqlni lol etar g‘ayri olamlar…
Bu g‘ayri olamlar ichra jonhalak
Ushoqdek Zamin bor, biling, odamlar!
Siz bilgan, biz bilgan olamtob Oftob
Koinot qo‘ynida kichik bir yulduz.
Siz-u biz sig‘ingan Zamin ham hisob
Bor-yo‘g‘i bir siqim tuproq degan so‘z!
Bir hovuch kul bo‘lib to‘zg‘iysan nahot
Dunyoda yolg‘izim, ey ona Zamin?
Do‘zaxga aylansa bu gardun, hayhot,
Kim unga kuyar-u kim chekar g‘amin?..
Zamin ona yanglig‘ tanho dunyoda,
Onadek mehribon, mag‘rur-u munglug‘,
Tubsiz-u besarhad boqiy samoda
Farzandidan o‘zga bir ilinji yo‘q.
Agarkim, bir gulni sindirsa shamol,
Barglarin to‘zg‘itsa turfa tomonga,
Dilbandim deydi-yu dilida malol,
Hasrati sig‘maydi yorug‘ jahonga!
Kim ko‘z-ko‘z aylagan kuch-qudratini,
Kim Yerga qo‘l sunmoq aylaydi xohish?
Betavfiq Gerostrat shon-shuhratini –
Istab qolgan kim ul, qay fe’li noxush?
Bilsun: qora qolur tarix qatida
Noshud farzandlarning tavqi-la’nati,
Onani o‘ldirib, qabri ustida
“Evoh!”, deb yig‘lagan o‘g‘il qismati!
Dunyo xaritasi notinch, beqaror…
Olam mehvarini tutmish Gʻarb-u Sharq…
Ey Zamin, yolg‘izim, axir Xudo bor,
O‘zi asrar shaksiz, O‘zi! Analhaq!
“Sohibqiron” kitobidan
AMIR TEMUR VATANI
O‘ziga jahonni tamom qaratdi,
Dovruqli shaharlar ayladi barpo.
Bog‘lari dunyoga bo‘ylar taratdi,
Hech biriga nomin qo‘ymadi ammo.
Yasama maqtovga muhtojmas zinhor,
Ismin o‘zi shondan, shuhratdan baland.
Axir nomidaydi ulug‘ bir diyor…
Aziz nomidaydi bus-butun Vatan!
QUR’A MOʻJIZASI
Yetti yillik safar oldinda kutar…
Qo‘shin titratadi olam-zaminni.
Malikalar ko‘nglin bezovta etar:
“Kimni olib ketar Temurbek, kimni?..”
Adolat Temurbek hashmatiga zeb,
Ha, ha, adolatni ul tutar mahkam!
Xonimlar ko‘nglini avaylayin deb,
Qur’a tashlab tanlar safardoshin ham.
Xontaxtada naqshin to‘rt quticha jam,
Faqat bittasida bor tilla uzuk…
O, taqdir, qay yorga aylarkin karam,
Qay baxtli toparkin, qay ko‘zi suzuk?
Go‘zal Bibixonim boqadi mag‘rur,
Uning nigohida salobat, viqor,
Balqir Tuman oqa, Cho‘lpon Mulkday hur…
Bu yoqda o‘n sakkiz yoshli To‘kal bor…
Go‘zallar… Ko‘z emas, qora chashmalar,
Har biri umidvor, safarga rozi –
Qarashlarda chaqnar sir, karashmalar,
Sehrlarning sehri, nozlarning nozi…
Mana, qo‘l uzatar Saroymulkxonim…
U shaksiz topdim, deb ko‘ngli to‘q edi.
Qutichani ochib, tinib qolar jim…
Qutichada tilla uzuk yo‘q edi…
So‘ngra navbat yetdi Tuman oqaga,
Cho‘lpon Mulk oqaga… Taqdir, ajabo,
(Hayronlikdan qo‘ling borar yoqaga!)
Hech kimga uzukni ko‘rmadi ravo!..
Kenja malikani tole siyladi,
Uzuk taqqan qo‘li sochar edi nur.
Temurbek ichida mamnun o‘yladi:
“O‘zim ham kenjasin tilovdim, shukr!..”
DO‘STIM BOR
Bir marta ko‘rishdik,
Bir ko‘rgan – tanish.
Begona “tanish” deb
O‘rtanish, yonish.
Ikki bor ko‘rishdik,
Bu endi ayni,
Tanishdan yaqinroq,
Ya’ni – “og‘ayni”.
Yana bir uchrashib
Qoldik aroda…
Endi og‘aynimas,
Bizlar – “Birodar”!
To‘rtinchi galda-chi,
Vaqtimiz ham chog‘.
Quchoq ochib keldi:
“O‘rtoq, – deb – O‘rtoq!”
Menga-chi, do‘st kerak…
Do‘st kerak menga!
Shunda oson bo‘lur
Ona Yer, senga!..
Do‘stim bor, do‘st bilan
Baxtiyordurman.
Do‘stim bor, jahonda
Men ham bordurman!
SHOIR VA OLIM
Shoir mehmon bo‘ldi olimga bir kun,
Olimni she’rlardan bahramand etdi.
Olim gerbisidni ta’riflab butun:
“Ilmiy mujdalarning so‘ngisi!” – dedi…
Fermer dalasiga borib ko‘rsalar…
Shoir hayratlardan yoqa tutdi lol!
Gerbisid sepilgan yerda g‘o‘zalar
Yashnarli qo‘l bilan terilgan misol!
O‘zgacha manzara qo‘shni paykalda,
Chirmovuq, o‘t bosgan g‘o‘zani butkul.
Bu yerga gerbisid sepilmagan-da,
Begona o‘tlarga ochiq edi yo‘l…
Bundayin to hanuz ko‘rmagan xilqat,
Gerbisid hikmati shundayin sodda:
Gʻo‘zalar ustiga sepsangiz, faqat –
Begona o‘tlarni quritar satta.
Noyob moʻjizaga tan bermoq-ku kam,
Ammoki talabim o‘zgacha bugun:
Odamlar qalbiga sepadigan ham
Biror modda o‘ylab chiqmaysiz nechun?
Kulmang, latifaga toqat yo‘q aslo!
Shunday modda bo‘lsin hayotday zarur:
Sepganda yashnasin orzu-havaslar,
Bitsin manmanlig-u kiboriy g‘urur!
Tinib tura olmas shiddatli zamon,
Bariga qodirdir inson idroki!
Ezgu xislatlarni qoldirib omon,
Badbin illatlarni yitirsin toki!
Pora balosi-yu xiyonat – ko‘pdir
Elni g‘orat aylab topganlar foyda –
Jamiyat bog‘ida begona o‘tdir,
Barin quritmakka “gerbisid” qayda?..
Badnafs, och poraxo‘r, misli ko‘mir ul,
Qorasi yuqadi, kuydirmasa ham.
Moddaning sehrli kuchidan butkul
Nopok tuyg‘ulardan arisin olam!
Fitna tuxumini el aro sochib,
Oqibat neligin unutgan nodon
Moddaning hayotbaxsh sehridan qochib,
Ketsin yiroqlarga, yurak-bag‘ri qon!
Ta’ma-yu xushomad yovdir beomon,
Badnom etguvsidir insonni oxir.
Shira – o‘simlikni etadi xazon,
Zang yeydi metinday temirni axir!
Nafratga nishondir qo‘rqoq shuuri,
Xatardir hamisha jur’atsiz ko‘ngil.
Qo‘rqoqning qalbida baxtga o‘rin yo‘q,
Bugun qo‘rqoq esa – erta xoin ul!
Hasadchi yurakni eta olsin sof,
Baxilning bog‘ini tubdan ko‘chirsin.
E’tiqodi yo‘qni, bas, aylab insof
Inson hisobidan mutloq o‘chirsin!
Noyob moʻjizaga tan bermoq-ku – kam,
O‘zgacha talabim ayturman takror:
Odamlar qalbiga sepadigan ham
Shundoq shifo o‘ylab chiqmoqlik darkor!
Shunday shifo bo‘lsin hayotday zarur,
Toza ko‘ngillarga baxsh etsin ilhom.
Qabohat, razolat – barin bir umr
Ildizin quritsin, poklasin tamom!
Bas! Qaro dillarning kesilsin yo‘li,
Oppoq xayollarga to‘lsin bu samo.
Qulf ursin mangulik hayotning guli,
Bizga quchoq ochsin musaffo dunyo!
BAXT
Narigi sohilda yuribdi bir qiz,
Gilam do‘ppi uzra turmaklangan soch.
Suykalib kelar-u poyiga sassiz
To‘lqin olislarga otadi quloch.
Ayqirib oqadi toshqinli daryo,
Bosib ketmoqchiday butun Yer yuzin.
Nogahon ilg‘ayman to‘lqinlar aro
Qizning yongan qop-qora ko‘zin!
Bu – sen-ku, yo‘qotib qo‘ygan xayolim!
Qayig‘imni shartta daryoga burdim.
Ikkita eshkakni qilich misoli
Hissiz to‘lqinlarning qa’riga urdim!
Sen – o‘sha dunyoga bergisiz orzu,
Sen – omol, umrga toj bo‘lsang arzir!
Sen – erksan, sen – dilda farovon tuyg‘u,
Sen – ishqsan, sen – ohsan, sen – mangulik sir!
Birdan ro‘baro‘mda ko‘rindi girdob,
Qa’riga tortardi meni beayov.
Qo‘l silkib, holimga kuyinib shu tob
O‘tli ko‘zlariga yosh oldi darrov!
Bir tomchi ko‘z yoshi, bir bor xo‘rsiniq,
Bir bora orziqish, bir chimdim mehr!..
Oh, daryo musaffo, osmon ham tiniq,
Eh, qanday moʻtabar, bu Zamin, bu Yer!
Boshimga baxt, kulfat kelgani onda
Bir tomchi ko‘z yoshing ko‘p ko‘rma, dildor!
Toki men maqtanay mag‘rur jahonga:
“Bebadal baxtim bor, do‘stlar, baxtim bor!..”
Muhammad ALI
O‘zbekiston xalq yozuvchisi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 8-noyabrdagi 46-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



