Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


28.11.2024 | 10:24

img383

AJINIYOZ

Romandan parcha

* * *

Kun peshindan kechga qarab og‘di. Osmondagi daydi bulutlar kechga tomon shamol esishi bilan seng1day surinib ketdi. Hozirgina yarqirab turgan oq bulutlarning betiga tabiat qora pardasini yopganday osmon qovog‘ini uyib oldi. Qora bulutlar suzib yurib kunning yuzini to‘ssa, olamni zulmat qoplaydi. Goho quyosh nuri ko‘ksini qitiqlaganday qora bulut o‘ynab chiqib, chopqillab qolsa, chaqmoq chaqqandek olam yuzi yarq etib ketadi. Quyosh bilan bulut yerning husni jamolini ko‘rishga talashganday shu’la bilan ko‘lanka to‘qnashib, bahslashib o‘ynab, jonni qitiqlaydi, zavqni qo‘zg‘atadi.

Qora uy yonida aravaning o‘qini moylayotgan Qo‘siboy osmonga ilkis-ilkis qarab:

– Bu yilgi bahordan buyon oradan kun o‘tmay, osmon qovog‘ini uydi-da qo‘ydi-yay. Bugun ham bir to‘polondan xabar bormikin, har qalay? Tunov kungiday dovul uyingni ko‘tarib ketmasin. Beldov arqonlarini mahkamroq bog‘laysang-o! – deb tayinlab gapirgan edi, ichkaridan ayol kishining tovushi chiqdi:

– Qo‘limdagi piltani to‘ldirib olayin, hozir chiqaman…

Shu payt quyun ko‘tarilib, dovulning dastlabki jarchisiday ovul ustini supirib o‘tdi. Chang-to‘zonni aylantirib uchirib borayotgan quyun qo‘sh ho‘kizini qo‘ltig‘iga qisib olib ketadigandek Qo‘siboy qo‘raga qarab yugurdi. Qo‘siboy Ochamayli urug‘ining Saqiy tarmog‘idan. Moldan ikki sigiri bilan buzoq-tanalarini qo‘shganda besh-olti bosh qora moli, yilqidan bir g‘unon bilan qulunli biyasi, kuchli moldan ikki ho‘kizi bor, o‘rtamiyona xo‘jalik. Shu o‘rtaholdan ham pastga tushib ketaman degan hadikda yurgan Qo‘siboy bultur o‘n uyli saqiylarga bosh bo‘lib Bo‘zatovga chiqdi.

Qo‘siboyga otasidan qolgan davlat foyda bermadi. Otasi o‘limi oldidan to‘ng‘ich o‘g‘li To‘reboy bilan kenja o‘g‘li Qo‘siboyga moldan, yilqidan, uy-ro‘zg‘or buyumlaridan teng meros bo‘lib bergan bo‘lsa-da, buning qo‘rasi kamaysa-kamaydiki, lekin tuyoqqa tuyoq qo‘shilmadi.

Egizdan sakkiz qilib, mollarning boshini ko‘paytirishga yoshlikdan harakat qilmadi. Mehnatga layoqatsiz, ishyoqmas bo‘lib o‘sgan boy bolasi yo‘rg‘aning belida qaqqayib yurganida bir kuni qo‘radagi molning kamayganini bilib qoldi. Otasining rozi-rizochilik so‘rashayotganda aytgan vasiyati esga tushib, mol-holining kam-ko‘stini to‘ldirishga harakat qilgani bilan yo‘qning o‘rni bor bo‘lmadi.

Yoshlikda maktab mullasi yodlatgan kitoblarni oldiga yoyib, shariat ishlari bo‘yicha shug‘ullanib ko‘rdi. Mulla ko‘pligidanmi yoki “ruhi” yetmadimi, xullas, Qo‘siboyning bu ishi ham molni ko‘paytirishga foyda bermadi. Oxiri qo‘sh ho‘kizni boqib, dehqonchilikka unnadi.

“Shu o‘rta holimdan ham mahrum bo‘lib, boy eshigiga giriftor bo‘lamanmi?” deb to‘qson turli to‘lg‘onib yashardi…

Ob-havoning avzoyiga xavotir bilan qarab, tashvishlangan Qo‘siboyning esiga o‘g‘li tushib, uyda o‘tirgan ayoliga:

– Hoy, xotin! Anavi Ajiniyozing keldimi? – deb qichqirdi.

Nurjamolning qulog‘i qo‘ng‘iroqdek zingillab, pilta2sini tashlay sola turilgan eshik3dan quyoshga qarab edi, bolasining maktabdan keladigan vaqti o‘tib borayotgan ekan. Ayol nima deb javob qaytarishini bilmay shoshib qoldi.

– Aji-ni-yoz… Voy-voy, sho‘rim-ay! – Nurjamol qo‘lini tizzasiga urib, teskari qarab, labini tishladi. – Avliyoday qaynog‘amning otini aytib qo‘yibman-g‘o‘y, hah, anqov boshim-a! Odamni hovliqtirib o‘ldirasiz-ey, – deb “sizdan bo‘ldi” deganday tashqaridagi eriga4 gina qildi.

Kulgidan qurash5i  yalp-yalp etib silkinib o‘tirgan Qo‘siboy “bir utdimmi”6 deganday xotiniga hazillashdi.

– Nega meni ayblaysan. O‘zingning befahmligingni ko‘rmaysanmi? Erkaklarning otini kayvoni, yoshi bir joyga yetgan ayol aytganida kecha tushgan kelinlardan ne umid? Qo‘y endi, bolangni ayt!

– Oq jigitmi? “Maktabdan chiqqandan so‘ng Oxun yaznaning uyiga boraman” deb edi. Bolg‘ali ovuliga qayrilgandir. O‘tov egasi bo‘lishga yaqinlashib qolgan bola-ku, yuraversin-da…

– Sen shunday deb turganingdan so‘ng bola yugansiz toyday bevosh bo‘lib ketadi. Ona ham “qayt” deb turmasa, birgina otaning gapini olarmidi? Odobsiz bo‘lib o‘sadi. Tunov kuni mullaga yuborgan bir dasturxon nonni oldidan “Haq, suf!” deb qo‘lini ochib chiqqan qalandarlarga berib yuboribdi.

– Nima qilasiz endi tergayverib, og‘asi, – dedi Nurjamol erini chalg‘itishga urinib. – Katta o‘g‘lingiz Matniyozning ko‘ngliga xudoyim o‘qishga mehrni solmadi. “Mulla qilaman” deb shuncha urib-so‘kdingiz. Nima bo‘ldi? Mana bu o‘g‘lingizni yomon so‘zdan, yomon ko‘zdan saqlasin, bolalarning ilg‘origa o‘xshaydi

– Ey, qaydam… – deb Qo‘siboy ichidan bolasini yaxshi ko‘rib tursa ham ayolining oldida sir boy bergisi kelmay, ikki-uchli javob qaytardi.

Xuddi shu paytda maktab mullasi Yesbergen kelib, eshagidan tushdi. Qo‘siboy o‘rnida tura sola yugurib, ikki qo‘llab salomlashdi-da, eshakning chilviridan ushladi. Qo‘siboy eshakni qo‘raga joylashtirayotganda Yesbergen:

– Assalomu alaykum! – deb ming‘irlab uyga kirib ketdi.

Nurjamol qo‘l qovushtirib, mulla to‘rga chiqib o‘tirgunicha tik oyoqda ta’zim qilib turdi.

Omon-esonlik so‘rashgandan keyingina Nurjamol bir tizzasiga iyagini qo‘yib o‘tirib, yuzini lav7dan  ko‘ylagining hilpillagan uzun yengi bilan berkitib, mehmonga ko‘z qirini tashladi. Bir qaragandan tushunadigan ayol bir g‘alati gapni olib kelganini sezib, zimdan hadiksiradi. Sovuqqina kayfiyat bilan o‘rnidan turib, choy qo‘yishga unnadi. Ikki qulog‘ini Yesbergenning hangomasiga tutdi.

– Qo‘siboy, manov bolang noinsof bo‘libdi! – Yesbergen achchig‘idan bo‘g‘ilib, og‘iz-jag‘ining qat-qat ajinli, qonsiz etlari titrab, “Uh!” dedi. Boshidagi oq sallasini ko‘rpacha ustiga chalqancha qo‘yib, ichidagi terdan qorayib ketgan taqyasini olib boshiga kiydi. So‘ngra belidagi belbog‘ini yechib, ikki-uch qavat choponining orasidan yaproqday qog‘ozni olib, Qo‘siboyga uzatdi.

Qo‘siboy qog‘ozni qo‘liga olib, ozgina tikilib turdi-da “piq” etib kulib yubordi. Bu kulgidan Yesbergenning chaqchaygan ko‘zlari chatnab ketdi. Qo‘siboy ichidan: “Mulla ham bir jilmayar…” – deb edi, u qaytanga xafa, qalampirday qizargan iymak burnining ustidagi ko‘k ko‘zlari bilan ajabtovur qaradi. Qo‘siboy darhol kulgisini tiyib, ranjigan kishiga o‘xshab mullaga qaradi.

– Gap bunday… – dedi Yesbergen lablarini burishtirib, – qarg‘ayin deb edim, seni ayadim. Qamchilayin deb edim, kuchim yetmadi, qochib ketdi.

– Rostdan ham shuni yozibdimi? – deb Qo‘siboy qog‘ozga qarab ishonmayroq o‘tirdi.

– Shul, sening bolang yozib, bolalarga ko‘rsatib yurgan ekan. Qo‘lidan oldim. Aynigan mullaning oqibati poraxo‘r yo shoir bo‘ladi. Hamma hunarni quritib, endi qo‘shiq yozib yuribdi.

Qo‘siboy allaqancha vaqt o‘zini noqulay his qilib o‘tirdi. Qog‘ozga qarasa, kulgisi keladi, mullaga qarasa, ranjiydi.

– Yopirim-ay! Shu yozgan ekanmi? – deb qog‘ozni ochib, ifodali o‘qidi.

Ol, desa xush bo‘lar ko‘ngli mullaning,

Ber, desa tark etar amrin Olloning.

Quloq-burni butun kelsa kallaning Ixlos bilan duo o‘qishin ko‘ring.

– Taqsir, bu katta shoirning so‘ziga o‘xshaydi-ku…

– Sening bolang ham kichkina emas, – deb to‘nqillab Yesbergen yuzini teskari o‘girdi. – O‘n besh yoshida o‘tov egasi bo‘ladi. Endi uni qaytadan beshikka belaysanmi?! Bolalarning oldida qanday obro‘yim qoldi! Bugundan boshlab maktabga bormasin. Men qozi raisga arz qilaman.

– Qulluq, taqsir! – deb cho‘chib tushdi Qo‘siboy. – Bir marta jahldan tushing, kechiring endi, mulla aka! Men bolani sizga: “Suyagi meniki, eti sizniki, quravering, tanasida joni qolsa bo‘ldi”, deb berib edim. Siz ham, biz ham urib, to‘g‘ri yo‘lga solaylik. Qoziga borib aytsangiz, bizni tiriklay yerga ko‘masiz… – Hozirgina ichida: “Bu arzimagan bir hazil-ku”, deb o‘tirgan Qo‘siboy mullaning g‘azabini ko‘rib, ustiga ustak qozining nomini eshitgandan so‘ng yalinib qo‘yaverdi. – Qahringizdan keching… Taqsir!

Qo‘siboy qo‘lini cho‘ntagiga tiqib, ikki tillani mullaning oldiga qo‘ydi.

– Manavini choy puli qiling, taqsir! Bu gap shu uyda, ikkovimizning oramizda qolsin!

Mulla birpas ro‘yxushlik bermay o‘tirgach tangani yon cho‘ntagiga soldi.

– Yaxshi! Faqat sen uchun afv etdim. Biroq u endi maktabga bormay qo‘ya qolsin. Men endi uning yuzini ko‘rishni xohlamayman.

– Taqsir, o‘zim adabini beraman uning, unday qilmang!

– Yo‘q! “Izzai mo‘min – harom!”8 – deb Yesbergen o‘rnidan turdi.

Qo‘siboy uning ortidan tashqariga chiqqanda ham, xayrlashayotganda ham qayta-qayta yalindi, lekin mulla fikridan qaytmadi.

Ko‘zlarini yerga tikib uyga kirgan Qo‘siboyning ahvolini ko‘rib, Nurjamol kuyindi:

– Nega yalinaverasiz? Tag‘in bitta qo‘yingizni o‘zlashtirib olaman deb turibdi. Shum bo‘lmagan mulla bormi? Ertaga bir echki olib borib bering, bolangizni opichlab yurib o‘qitadi…

Karamatdin SULTONOV
Qoraqalpoq tilidan Rustam Musurmon tarjimasi

IZOHlar:

 1Seng – daryolar, ko‘llar, dengizlarda kuz va bahorlarda qotib, yana eriganda oqib yuruvchi bo‘lak-bo‘lak muzlar to‘dasi, muzning yorilib oqishi.
2Pilta – paxtadan yigirib tayyorlanadigan ingichka pilik, qorachiroq.
3Turilgan eshik – usti qamish yoki kigiz bilan yopilgan uyning eshigi qamish chiydan to‘qilib, xuddi ko‘ylak yengini shimargandek qayirib ko‘tarib qo‘yiladi.
4Urf-odat bo‘yicha, ayol o‘z bolasining, qaynog‘alarining ham ismini aytib, chaqirmaydi.
5Qurash – katta cho‘girma.
6Utdimmi – yutdimmi. Janubiy viloyatlar shevasida ham “yutdim” degan so‘z “utdim” deb aytiladi.
7Lavdan – yupqa ipak gazlamadan tikilgan ko‘ylak.
8Mo‘min odamni izza qilgan kishi gunohkordir.

“Jadid” gazetasining 2024-yil 22-noyabrdagi 48-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600