28.11.2024 | 10:48
494
YANGICHA DUNYOGA O‘ZGACHA NAZAR
Yaqinda “Akademnashr” nashriyoti tomonidan o‘n besh nafar yosh ijodkorning sara asarlari “Izlam” turkumida chop etildi. Undan sakkizta she’riy, beshta nasriy va bittadan publitsistik va adabiy-tanqidiy maqolalar guldastasi o‘rin olgan.

Biz turkumga kirgan sakkiz nafar iqtidorli shoir ijodini tahlil etishga jazm qildik. Ularning ijodini tutashtiruvchi nuqtalar umumiy fikr, motiv va mavzular bo‘lsa-da, uslubda bir-biridan farq qiladi. To‘plamlarning umumiy jihati shundan iboratki, ularning barchasi bugunning shoirlari, bugunning muammosini, jamiyatimizning og‘riqlarini, yurtdoshlarimizning ichki sezimlari, quvonch-u tashvishlarini birdek his etadi.
Shu ma’noda, XXI asrning birinchi choragidagi O‘zbekistonning poetik manzarasini mana shu sakkiz kitob orqali ko‘rish mumkin.
Shoirning tavallosi
Mansur Jumayevning (oxirati obod bo‘lsin) fergantrop odamiga savollari, “bir yurak yurtiga” izhorlari, tavba-yu tazarrularga burkangan misralari – nafaqat shoirning, balki har birimizning ko‘nglimizdan kechishi mumkin bo‘lgan tuyg‘ular. Hammamiz ham ilk muhabbatga duch kelganimizda sevgining aqlga sig‘masligini tan olganimiz sir emas. Onamizga bag‘ishlangan “Oq maktub”imiz ham qalbimizda yashirin. Ammo qani bu tuyg‘ularni shoirdek ifoda etolsak. Shuning uchun ham Mansurning she’rlari yurak-yuraklarga yetib boradi. Aytmoqchi bo‘lganlarimizni tilimizga chiqaradi: quvontiradi, qayg‘uga ko‘madi, kerak bo‘lsa, yig‘latadi…
Shoir she’rlarida ilohiy ishq vasfi, tasavvufiy ifodalar ustunlik qiladi. Uning “aqlga sig‘magan” sevgisi Yaratganning yaratig‘iga emas, balki uning O‘ziga ekani sezilib turadi. “Tangriga maktublar” turkumida esa bu holat yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.
Betakror ruhiyat
Najmiddin Ermatov ham bugun haqida yozadi, shoirona nigohi bilan biz yashab turgan jamiyatni kuzatadi, idrok etadi va o‘zining poetik tafakkuri mahsulini qog‘ozga to‘kadi. Ammo uning bu to‘kimlari turli ramz va ishoralarga to‘la, ma’nolar ko‘lami keng, o‘tmish va kelajakni ham o‘zida birlashtiradi.
Kitob bejiz “Turon sog‘inchi” deb nomlanib, “Jon”, “Qon” va “Shon” kabi turkumlarga ajratilmagan. Undagi ishoralarni anglash uchun to‘plamni to‘liq o‘qib chiqish talab etiladi. Kitobning ort muqovasida berilgan yomg‘ir haqidagi she’r esa shoirning badiiy mahorati mahsuli, xolos. Shoirning bir qator asarlaridagi ruh, kayfiyat, g‘oya va keskin fikrlar kitobning tom ma’nodagi yukini belgilab beradi.
Hamnafas she’riyat
Adabiyotda ijodkor juftliklar ko‘p bo‘lmasa-da, uchrab turadi. Hamid Olimjon va Zulfiya, Said Ahmad va Saida Zunnunova, Abdulla Qahhor va Kibriyo Qahhorova… Bugungi zamonimizning ham ana shunday baxtli juftliklari – Shahriyor Shavkat va Nozima Habibullayeva shular jumlasidandir. “Izlam”da ikkala ijodkorning kitobi bir butun holda nomi ham, shakli ham monand chop etilgan. Chunki ikki ijodkor hayotda ham, ijodda ham hamnafas. Bir-birini to‘ldiradi, boyitadi. Ajabmaski, o‘zbek adabiyotini ham birgalikda abadiy boyitsa… Ularning she’rlarini navbat bilan o‘qisangiz, lirik qahramonlar xuddi lapar aytishayotgandek bo‘ladi. Bir-biriga aytgan izhorlarini, aytimlarini kitobga jam aylagandek…
SHAHRIYOR: Siz yomg‘irni yaxshi ko‘rasiz,
Men Betxoven emasman, afsus,
Ko‘zingizda notalar suzar,
So‘z oqadi tomirimda, So‘z!
(“Siz yomg‘irni yaxshi ko‘rasiz…”
she’ridan)
NOZIMA: Sukunatga tortilgan taroq,
Tun yoyilar sochlarimdek tim.
Derazamning ostida nogoh
Serenada kuylayotgan kim?
(“Sukunatga tortilgan taroq…”
she’ridan)
Ammo kitoblar faqatgina izhordan iborat emas. Ularda Shahriyorning og‘riqli savollari, yuragingizga to‘g‘ridan to‘g‘ri yetib boradigan o‘tli satrlari, Nozimaning professional musiqachi sifatida tovush ohangdorligini, jilvasini teran his etarak qog‘ozga to‘kilgan inja tuyg‘ulari, falsafiy kechinmalari, goh isyonkor, goh muztar holatdagi sirli sezimlari mujassam.
Shahriyorning mumtoz adabiyotdan sug‘orilgan, xalq og‘zaki ijodidan ta’sirlangan go‘zal lirikasi bilan birga, ijtimoiy mavzudagi she’rlari ham ko‘p. Ularda bugungi davr muammolaridan tortib, zamonamiz qahramonlarigacha aks etadi.
Tanish uslubdagi yangi bitiklar
Rahmat Bobojonning she’rlarini o‘qiy turib Abduvali Qutbiddinga “Ro‘baro‘” kelgandek bo‘ldim. Shoirga bag‘ishlangan “Yig‘layotgan Osima” turkumi esa aynan o‘sha ohang, o‘sha tuyg‘ular va o‘sha og‘riqlarni o‘zida aks ettiradi. Ammo dard yangi, uni his qilayotgan lirik qahramon boshqa. Shu sababli ham “bir tishlam iztirob, bir bo‘lak qayg‘u”ni o‘ziga nasiba qilgan shoirning ming-ming she’rlar orasidan saralab to‘plagan bu guldasta to‘plamida uning o‘zigagina xos ovozi sezilib turadi.
Shoir dunyoni o‘zgacha ko‘radi, o‘zining dunyosi ichra yashaydi. Bu uning tashbehlarida, tazod va mubolag‘alarida namoyon bo‘ladi. “Ishq – ruhimga tutilgan maydir”, “Dil – uzilgan bir parcha mato”, “Oy – osmonning kulgichi”, “O‘zimga alvidom – senga salomim”, “Ko‘ksimda qiqirlar yuragim”. Bunday quyma satrlar o‘z-o‘zidan yaralmaydi. Yuksak iste’dod va iqtidorning, qolaversa, chuqur izlanishlar hosilasi o‘laroq paydo bo‘ladi.
Daryodagi yelkanlar
Suhrob Ziyoning “Ko‘ngil yelkani”ni o‘qib, hali hayratlarim bosilgani yo‘q edi. Bu yelkan hilpirab borayotgan “Daryo” esa yanada hayratlarga to‘la, ajoyib hissiyotlar va toshqin mavjlar bilan limmo-lim.
She’r mutlaq muzaffar zamon oldida,
she’r makon izniga bo‘ysunmas.
Bir asr ilgari yotlar belgilab
ketgan sarhadlarni tap tortmay buzib,
u dadil hayqirar “Turkistonman”, deb.
U she’r haqida shunday o‘ylaydi. “Shoir – bir kishilik millat” sifatida xalq qiyofasini o‘zida aks ettirishi lozimligini idrok etadi. Shuning uchun ham Suhrobning she’rlarida odamlar faqat baxtiyor ko‘rsin deb yomg‘ir yog‘ganda yig‘laydigan, bu dardsiz dunyoda yuragini asrab qolishga urinayotgan, el kelajagi haqida xayol surayotgan qahramonlar gavdalanadi.
Shoirdagi ruhiy erkinlik, hech kimga bo‘ysunmaslik uning she’rlariga ham ko‘chgan: turli vazn va usulda yoza oladi. So‘zni marjondek terib, goh go‘zal shakl yaratsa, goh ulardan “daryo to‘lqinlari”ni hosil qiladi. Eng muhimi, qofiya va vaznning turli yo‘sinda tovlanishlari ma’noni yanada kuchaytiradi. “Nisbiylik” she’ridagi shaklga e’tibor bering:
Qush ham bizdan hotamroq,
chumoli ham bardamroq,
itlar do‘stga hamdamroq,
bular bizdan odamroq –
qanot yolg‘on, dum yolg‘on.
Vujud – zindon,
jon – tutqun,
yurak – o‘pqon,
qon – tutqun,
bir ruhi nolon tutqun,
tan – suyakustun – yolg‘on.
She’r boshdan-oxir mana shunday shiddatli ohangga qurilgan. Na qofiya, na ma’noga zaxa yetgan. Quyma satrlar, quyma she’r mana shunday bo‘ladi, aslida. Kitobga kirgan she’rlarning deyarli hammasining o‘z ohangi borligi sizni hayratda qoldiradi. Tig‘iz tashbehlar, qator she’riy san’atlarga yo‘g‘rilgan tushunarli, sodda ifodalar o‘quvchini o‘ziga maftun qiladi-qo‘yadi.
Adabiyotning vazifasi
Jaloliddin Sayyid juda sinchkov ijodkor. Oddiy hayotiy voqeliklardan, biz kundalik hayotimizda ming marta ko‘rib, e’tibor qilmagan jihatlarimizdan o‘ziga xos falsafa topa oladi.
Shoirning “Cho‘pon bobo o‘giti”, “Gʻazab”, “Yechim”, “Javobgarlik” kabi qator she’rlarida hayotiy saboqlar, didaktik uslub mujassam.
Joningni ayama,
(necha jon berdik)
Zamin kaftin yoyar, magar yiqilsang…
Haq uchun, or uchun, jang qilib, erdek
O‘lmoq ham bir bo‘lak mazali, bilsang.
Ko‘ngildan toshgan hislar
Bugun o‘zbek ayollar she’riyati bir qadar yuksalganini, poetik tafakkuri oshganini “Izlam” to‘plami misolida ko‘rishimiz mumkin. Ayollarning dardlari, og‘riqlari, his-tuyg‘ulari, kechinmalari she’rga solinib, o‘ziga xos uslubda taqdim etilmoqdaki, dunyo adabiyotiga bo‘ylagulik she’riyat maydonga keldi, deb bemalol aytsak bo‘ladi. Gulhayo Anorova ijodini kuzatib ana shunday xulosaga kelish mumkin. She’riyatni tuyg‘ular ifodasi sifatida qaraydigan bo‘lsak, shoira bu ishni qoyilmaqom qilib bajarmoqda. O‘z uslubini yaratish va manziliga yetish ishtiyoqida dadil odimlamoqda:
…Otam yelkasiga minib o‘tkazgan
Umrini tushida ko‘radi ketmon.
Kitob nomining ma’nosini topish uchun ham lug‘at titishingizga to‘g‘ri keladi. “Avron” o‘zbek tilining izohli lug‘atida “toshqin” degan ma’noni anglatishi aytiladi. Bu so‘z eski o‘zbek tiliga forscha “avaron”dan o‘zlashgan bo‘lib, hozir deyarli ishlatilmaydi. Shoirning yozilmagan vazifalaridan biri ana shunday unut so‘zlarni qayta jonlantirish, muomalaga kiritish ham hisoblanadi. Shoira yuragiga sig‘magan, undan toshib chiqqan satrlarni qog‘ozga to‘kadi va bu toshqin boshqa qalblarga hayot suvini yetkazadi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu sakkiz to‘plam misolida o‘zbek she’riyatida iste’dodli yangi avlod yetishib kelayotganini ko‘rish mumkin. Albatta, “Izlam”ning birinchi faslida ham shunday ijodkorlar jamlangan edi. Ularning ijodi hali qanchadan-qancha ilmiy tadqiqotlarga mavzu bo‘lishiga ishonamiz.
Bekzod IBRAGIMOV,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti mustaqil tadqiqotchisi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 22-noyabrdagi 48-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
84
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
599
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
597



