Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


18.12.2024 | 12:49

img659

OGOHLAR OGOHI

Adabiyot katta ma’noda olib qaraganda o‘z ishini bilib qiladi. Unga ko‘rsatma emas, unga madad kerak.

Ogahiy, kim topgay erdi sozi
nazmingdin navo,
Bahra gar yo‘qdir Navoiyning
navosidin sango.

Ba’zida o‘zini adabiyotga doxil sanaydigan davralarda ham bema’ni bahs-munozaralar bo‘lib turadi. Shulardan bittasi hazrat Ogahiyning buyuk merosidan bir qatragina totinganlarning uni Navoiyga qiyos eta boshlashidan kelib chiqadi. Ogahiyning merosini tadqiqotchilarimiz kamida qirq tomlik deyishadi.

Bu juda ulkan meros. Shuning qoshida hayajon bosganlar Navoiy buyukmi, Ogahiy buyukmi, deyishgacha borishadi. Holbuki, Ogahiy hazratlari o‘z taxallusini ham Navoiy bobomiz ijodiy merosidan kelib chiqib tanlagan. Alisher Navoiyning “Xamsa”sida mana bunday misralar mavjud:

Erursan shoh, agar ogohsen sen,
Agar ogohsen sen, shohsen sen.

Otam rahmatlik aytguvchi edilar: “Hamma narsaning jahlidan fahmi afzal”, deb. Yomon ishlarni aslo qilmaslik kerak, biroq ana shu gunoh ishlarning yo‘rig‘ini bilsang, ularga qarshi kurashmog‘ing oson kechadi. Shoh bo‘lish uchun esa taxtda o‘tirish, toj kiyishning o‘zi kifoya qilmaydi. Toj-taxt egasi bo‘lib, o‘z g‘ofilliklari oqibatida o‘ziga qo‘g‘irchoq bo‘lishi kerak bo‘lganlarning qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lganlar qadimda ko‘p bo‘lgan. Faqat, saltanat sohiblarini ogoh bo‘lishlari kerak, deb o‘ylasak, albatta, kaltabinlik bo‘lur edi. Haqiqiy OGOH Allohning o‘zidir. Biz o‘z fazilatlarimiz bilan, to‘g‘rirog‘i, o‘zimizda fazlni tarbiyalash bilan Allohga taqlid qiladigan bandalarimiz, xolos.

Navoiyning ham, Ogahiyning ham ruhini chirqiratadigan gap masalasida… Nima ham derdik… bir vaqtlari “Erkin Vohidov zo‘rmi, Abdulla Oripovmi?” degan bachkana savolga Omon Matjon “Gurlanda momolarimiz “Tarozi-tarozi o‘ynamanglar, yurt buziladi”, deguvchi edilar. Men ham shu javobni takrorlayman”, deb aytgan edilar.

Men ham bu borada Omon Matjon hazratlaridan o‘tkazib bir gap ayta olmayman. Biroq boshqa bir masalani o‘ylab ko‘rish kerak, deb o‘ylayman. Sho‘ro davrida ko‘pgina mumtoz shoirlarimizga yopishtirilgan “saroy shoiri” degan yorliq Ogahiy bobomizni ham chetlab o‘tmagan.

Har tuzum, har bir saltanat zamonasidagi ijodkorlarning o‘ziga xizmat qilishlarini istaydi va bu tabiiy istakning bir qarashda hech bir yomon tomoni yo‘qday. “Bir qarashda” deyishim boisi shundaki, gap istakning qandayligida. Hozirgi davrda kuzatilayotganidek, davlat hokimiyati ijodiy jarayonning tabiiy kechishini ta’minlashni o‘z vazifasi deb bilsa, nur ustiga nur, lekin sho‘rolar tuzumi adabiyotning, hatto mafkuraga ham emas, mafkurabozlikka xizmat qilishini istadi. Bu talab hatto mumtoz adabiyot oldiga ham qo‘yildi. Oqibat shu bo‘ldiki, oq qora deb talqin qilindi, musulmon kofir deb.

Bunday ishtutim, bunday soxtakorlik sho‘rolar tuzumini ichdan yemirib, uning tanazzulga yuz tutishiga olib kelgan asosiy sabablardan biri bo‘ldi. Adabiyotga “Uni yoz, buni yoz!” deb musht o‘qtalmaslik kerak edi, undan ham battari, bobolarimizning mumtoz asarlarini teskari talqin qilishga olimlarimizni majburlamaslik lozim edi. Adabiyot katta ma’noda olib qaraganda o‘z ishini bilib qiladi. Unga ko‘rsatma emas, unga madad kerak.

Ey ko‘ngil, odam xayol aylab dema
nodonga so‘z,
Chunki ul inson emas, topsang degil
insonga so‘z.

Yana bir masala mumtoz she’riyatimizning turkiy va forsiyda baravar rivoj topgani haqida. Fors she’riyati azaldan ahli basharni o‘zining “ko‘lami” bilan hayratga solib keladi. Bunga Gyotening “Sharq-u Gʻarb devoni”yu, Sergey Yeseninning “Fors taronalari” dalil. Griboyedov forsiy tilda g‘azallar yozgan. Mirzo Abdulqodir Bedil ijodi esa forsiy she’riyat turkiy o‘lkalarni naqadar maftun qilganligiga dalil… Bu endi hududiy ko‘lam faqat jug‘rofiy bo‘lib qolmasdan, davrlar jihatidan ham “yangi va yangi, xilma-xil” bo‘lganligini ko‘rsatadi.

Shayx Najmiddin Kubro, Pahlavon Mahmud… va nihoyat, Shermuhammad Munis, Ogahiy, Rojiy, Komil Xorazmiy, Ahmad Tabibiy… Davrimizga yaqinlashgan sari adabiyotimizning forsiy qatlami tobora yupqa tortib keladi. O‘tgan asrning yigirmanchi yillariga kelib tamomila ko‘zdan yo‘qoladi. Hozir bu beqarorlikning ijtimoiy-siyosiy sabablari to‘g‘risida fikr yuritishning mavridi emas. Ma’naviy-ma’rifiy sabablardan biri esa Temur va temuriyzodalarning umumturkiy ildizlariga qattiqroq, tobora teranroq intilganliklarida bo‘ldi. Alisher Navoiy hazratlari esa bu jarayonning bayroqdori edi. Ul zoti sharifning bemisl katta merosi, “Muhokamat-ul lug‘atayn” singari ilmiy-nazariy risolasi…

Xorazm ham muttasil mana shu jarayon og‘ushida bo‘ldi. Mana shu quyunlarning girdobida charx urdi. Bu shamol bizga yaqin davrlarda, o‘tgan asrga kelib taqa-taq to‘xtab qoldi. Bu bizning qismatimizdir. Qismatning egasi esa Qassomi azaldir, ya’ni Allohdir. Biz bu yo‘nalishda “Tuxum oldin paydo bo‘lganmi, tovuqmi?” qabilidagi bema’ni bahslashuvdan o‘zimizni yiroq tutamiz.

Mazkur bobolarimiz qay darajada vatanparvar, to‘g‘rirog‘i, millatparvar bo‘lganliklarini yana bir sinoat orqali ta’kidlab o‘tay. Ushbu ijodkorlar mansub bo‘lgan tabaqa forsiydan tarjimalarga muhtoj emas edi. Ular u yoki bu darajada fors tilini bilar, forsiy asarlarni asliyatda o‘qir, shuning uchun tarjimalarga, takror aytaman, deyarli muhtoj emas edilar. Demak, forsiydan turkiyga bo‘lgan badiiy tarjimalarga oddiy xalq – turkiy tilli millatimizgina muhtoj edi. Bu azizlarning sa’yi-harakatlari o‘z xalqining, ya’ni forsiydan bexabar bo‘lgan o‘zbeklarning forsiy adabiyotdan bahramand bo‘lishlariga qaratilgan edi.

Ijodkor qaysi tilni yaxshi bilsa, shu tilda yaxshiroq yozadi. Shu tilni yaxshiroq tushunadi, shu tilni yaxshiroq ko‘radi, albatta. Ikki tilni ham barobar bilgani hollarida ijodkorlar o‘z ona tillarida ijod etganlar. Asarlar bitganlar. Zullisonaynlik, fikrimcha, bab-barobar bo‘lmaydi. Shoir albatta, dilga yaqinroq tili tomonga “og‘ib” ketadi. Menga, albatta, Shermuhammad Munisning ham, Ogahiyning ham, Rojiyning ham, Komil Xorazmiyning ham, avvalo, o‘zbek tilimizdagi manzumalari ma’qul. Ahmad Tabibiyning o‘zbekcha g‘azallarini qayta o‘qib taqqoslab ko‘rishim kerak. Ogahiynikidek tafakkur darajasi baland bo‘lmasa ham, Tabibiyning forsiysi birmuncha tabiiyroq. Ehtimol, forsiyzabon bo‘lganligi uchun, balkim menga shunday tuyulgandir…

Xiva xonligida forsiy tilning turkiy til bilan barobar davlat tili maqomida bo‘lishi ilk o‘rta asrlardagi madaniy harakatning so‘nib borayotgan davomi edi. Qolaversa, adabiy jarayon hamisha ham davlat tili maqomi bilan hisoblashavermaydi. Xalq hamisha o‘zining ko‘nglidagi tilda gaplashadi, ijod qiladi, adabiyot yaratadi. Hali yaqin o‘tmishda ham bizda rus tili davlat tili maqomida edi. Biz o‘zbek tilida ijod qilishni to‘xtatmadik. Taqdir taqozosi bilan dil tili rus tili bo‘lganlar shu tilda asarlar yaratishdi. Farq shundaki, bizda rus tili ishtirokidagi zullisonaynlik fors tili ishtirokidagi zullisonaynlik singari rivojlanmadi. Chunki rus tili o‘z tabiatiga, an’analariga ko‘ra, o‘zbek tiliga fors tili darajasida yaqin emas. Shundan kelib chiqib, dadil aytish mumkinki, forsiy til ham Ogahiyning ko‘ngil tillaridan bo‘lgan va bu tilda u ana shu ehtiyojdan kelib chiqib ijod etgan. Zero, fors adabiyoti, xususan, fors she’riyati buyuk adabiyot, buyuk she’riyat bo‘lib qolaveradi. Bu jarayonda Ogahiy, Ogahiyning salaflari va vorislarining munosib hissasi borligidan biz cheksiz iftixor tuyamiz.

Ey, shoh, karam aylar chog‘i
teng tut yamon-u yaxshini,
Kim mehr nuri teng tushar
vayron-u obod ustina.

Navoiyxonlik, ogahiyxonlik tadbirlarida ishtirok etib turishimga to‘g‘ri keladi. Ba’zi bir masalalarda Navoiy yoki Ogahiy davri liboslarini boplab joyiga qo‘yishadi-yu, Alisher Navoiy yoki Muhammad Rizo Ogahiy davrining tafakkurini o‘zlashtirishga kelganda ish keskin chatoqlashib ketadi. Bu… kechirasiz, nima deyishni bilmayman, bu… deylik, skafandr kiyvolib kosmonavtlik da’vo qilishdek bir gap. Gap sallada emas, kallada ekanligini anglash vaqti yetdi allaqachonlar.

“Yaxshi yoza olmayotganligingni kechirish mumkin, biroq yaxshi yozishni istamaganingni kechirib bo‘lmaydi!” deb yozgan edi Abdulla Qahhor “Yoshlar bilan suhbat” kitobida. Shu iborani sal o‘zgartirib “Mumtoz adabiyotni tushunmayotganingni kechirish mumkin, biroq tushunishni istamayotganingni mutlaqo tushunib bo‘lmaydi”, deb bemalol aytsa bo‘ladi. Chunki u yoki bu buyuk siymoni tushunmaslik, ular yashab o‘tgan vaqtdan beri qancha asr o‘tgan bo‘lsa, shuncha asrni tushunmay qolish degan gap. Bunchalik bahaybat g‘aflatni ortmoqlab yashash ma’naviy jihatdan qattiq bukchayib yurish bilan barobar.

Raso bo‘lishimiz uchun tinimsiz, iloji boricha uzluksiz mutolaa qilishimiz kerak. Xalqimizning qancha foizi Ogahiy hazratlarini biladi-yu, qanchasi bilmaydi, bunaqa hisob-kitob statistikaga bo‘ysunmaydi. Ma’naviy jihatdan hayotiy muhim zaruratga aylanmasa, bu muammoning bartaraf bo‘lishi qiyin.

Har yili Ogahiy hazratlari tavallud sanasida u zoti oliy tavallud topgan qadim Xivaga vohada yashab ijod qilayotgan shoir, yozuvchilar bir kunlik ziyoratga borishi an’anaga aylangan. Ya’ni, biz yilda bir bora Ogahiyni yodga olamiz, xolos. Undayam shoshib, ko‘pincha rasmiyatchilik uchungina. Biroq har yili adiblarning ziyoratga borishi Ogahiyning ruhini xalqimizdan umidvor qilib turadi. Shu ham katta gap. Ogahiyning qabrini yo‘qotib qo‘yayozishdek fojiani boshdan kechirgan xalqimizning jillaqursa  yozuvchilari, hech bo‘lmasa, yilda bir marta ziyorat qila boshlabdimi, demak, ertaga barcha ziyolilar,  indinga yetti yashardan yetmish yashargacha butun xalq oqib keladigan bo‘ladi. Bu ziyoratlar umumxalq mutolaa ziyoratiga aylanadi, inshoolloh. YUNESKO istiqomatgoh shaharlargagina “muzey shahar” maqomini berar ekan. Illo, inson qadam qo‘ymagan har qanday ma’vo,  har qanday obida, inson ko‘zi tushmagan har qanday kitob huvillab qoladi.

Tahririyatdan:

Ushbu maqola matbuotda ilk bor chop etilmoqda. Gazetamizning doimiy hamkorlaridan biri Ro‘zimboy Hasan o‘z arxividan ushbu maqolani topib, Ogahiy hazratlarining tavallud kuni munosabati bilan bizga taqdim etdi. Qandaydir sabablar bilan hech bir nashrda bosilmay qolib ketgan bu qo‘lyozma siz-u bizning ko‘z o‘ngimizda sokin-vazmin yashab, ijod qilib o‘tgan iste’dodli shoir Matnazar Abdulhakimning buyuk ustozlar ijodiga o‘ziga xos nuqtayi nazaridan o‘quvchilarni bahramand etishi bilan ahamiyatlidir.

Matnazar ABDULHAKIM

“Jadid” gazetasining 2024-yil 13-dekabrdagi 51-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img88

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img602

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600